www.ziyouz.com kutubxonasi
110
— Hozir qaerda u?
— O‘sha paytda chetga o‘tib ketgan.
— Biron belgisi bormidi?
— Qanaqa belgi?
— Masalan, chandig‘imi, xolimi? Olamgir akani oqsar edi, devdingiz, esingizdami?
Damin o‘ylanib turib dedi:
— Belgisini bilmayman... Olamgir akani topdilaringizmi?
— Topdik. Daydidarada shu odamni o‘ldirib ketishgan. Oshnangiz akasi ekanini
yashirib, «Men o‘ldirdim», deb turib olibdi. Shunisiga hayronmiz. Aka-uka orasida biron
gap o‘tganmidi?
Damin ko‘zoynagini qo‘liga olib, deraza osha tashqariga qarab o‘yga toldi.
— Jahongir akasi haqida yomon so‘z aytmagan sira.
— Peshonasidagi yozuv-chi?
— «Alqasosu minal Haq»mi? Akasiga tegishli deb o‘ylayapsizlarmi? Men buni
xayolimga keltirmagan ekanman. Nohaq qamaganlarga atalgan gap, deb yurarkanman.
— Bizni bir narsa ajablantiryapti. Harholda aka-uka Daydidaraga bekorga
borishmagan.
— Jahongir har kelganida Daydidaraga bir borardi. Qamalmasidan burun o‘sha yerga
uy qurib chiqaman, shu yerlarni bog‘ qilaman, derdi. Oxirgi qamoqdan chiqib kelib ham
shunaqa degan. «Uyimizni kolxoz endi omborxona qilibdi, o‘ligim ko‘chada qolmasin.
Menam ajdarqoyaning panohida yotay», devdi.
— Daydidara chetroqda-ku? Nima uchun aynan o‘sha yerda uy qurmoqchi bo‘lgan?
— Bir so‘raganimda «bahavo joy», degan. Bahavolikka bahavo. Otasi rahmatli o‘sha
yerda sayl qilib, mehmon kutardilar. Jahongir uy quraman, deganida otasi tirik edi. Uy
qurib chiqqanida, o‘sha yerlar ham obod bo‘lib ketarmidi...
— Daydidarada o‘sha kuni biror kishi ovga chiqishi mumkinmidi?
— Be, u yerda nimani ovlaydi? Ov qiladigan odam bu yerdan uchta tog‘ni oshib o‘tishi
kerak. Ilgari kaklik ovi bo‘lib turardi. Endi u ham yo‘q.
— Siz savolimga javob bermadingiz, biroz chalg‘ib ketdik. Aka-uka nima uchun
Daydidarada uchrashishgan? Bu uchrashuv tasodifiy bo‘lmagan. Jahongir
Muhammadrizaev siz bilan xayrlashish uchun atayin uyingizga kelgan.
— Ha, gapingiz to‘g‘ri. Ko‘ngli g‘ash edi, mening ko‘nglim ham bir nimani sezuvdi.
Savolingizga javob bera olmayman. Sababini Jahongirning o‘zi aytishi mumkin. Lekin u
o‘jar odam, lozim topmasa aytmaydi. Otib yuborsangiz ham aytmaydi.
— Agar qotilni topmasak, otilishi mumkin.
— Nega endi otarkansiz? Bekordan bekorga-ya?!
— Qotil topilmasa...
— Nega topilmas ekan, toping!
— Qidiryapmiz. Siz achchiqlanmang. Bekor o‘tirganimiz yo‘q. Oshnangizni qo‘yib
yubordik. Hozir tobi yo‘q, shifoxonada yotibdi.
— Unga nima bo‘ldi?
— Yuragi charchagan shekilli, Xullas, biz unga xotini, o‘g‘lini topib berdik.
— Xadicha tirik ekanmi? Jahonning o‘g‘li yo‘q edi-ku?
— O‘g‘li yo‘lda tug‘ilgan. Olamgir Xadichaga uylangan. Bolani katta qilgan...
— Yo, Parvardigor!.. — Damin shunday deb yoqa ushladi. — Yo qudratingdan, o‘zi
biladimi shuni, ko‘rdimi ularni?
— O‘g‘lini ko‘rdi. Xadichani orqasidan taloq qilganman, debdi.