www.ziyouz.com kutubxonasi
118
«o‘shalardan biri shu emasmi?» degan shubha uyg‘ondi. Hozir deraza yonida turgan
paytida o‘sha shubhani esladi.
Mayor Solihov Yo‘lchivoyning xonadonida haqiqatni oydinlashtirish maqsadida so‘roq
so‘rayotganida Jahongir oham o‘ziga kerakli haqiqat yuzini ochish uchun o‘zini o‘zi
so‘roqqa tutar edi.
Daydidara voqeasiga aloqador odamlar uchun bu kecha behalovat kechdi.
Ertasiga Yo‘lchivoy «Otam sizni boshqa birovga o‘xshatibdilar, men kimligingizni
aytdim», deb izoh berib Murodillani yana shifoxonaga boshlab keldi. Murodilla yigitning
bu gapiga unchalik ishonmadi. «Jahongir meni yaxshi taniydi, boshqa odamga
o‘xshatishi mumkin emas. Yo‘lchivoy meni laqillatmoqchimi yo u chindan ham meni
yo‘qlaganmi?» degan ikkilanish bilan yo‘lga chiqdi. U fitnadan bexabar, ko‘nglida hali
gumon uyg‘onmagan edi. U dahlizga kiraverishda, ostonaga nima uchun ho‘l latta
tashlanganu ostonaning u tomoniga qalin qog‘oz to‘shalganiga e’tibor bermadi. Jahongir
yotgan xonaga kirgach, oyog‘i iz qolgan qalin qog‘oz darrov olinganini ham bilmadi.
Jahongirning tomirini ushlab, yurakning bejo tepayotganini aytib shifoxona bosh
tabibining tashxisini isbotladi. «Agar ijozat bersangiz, igna bilan davolayman», deb taklif
qildi.
— Biz bugun bemorga ruxsat beramiz. Uylarida davolay qoling. Bu yerda ishlasangiz,
bizga gap tegadi, — dedi bosh tabib.
Bu taklif Murodilla uchun muddaoning o‘zi edi. Dahlizga qaytib chiqishgach, u bosh
tabibni chetga tortib:
— Ahvoli unchalik umidbaxsh emas, lekin urinib ko‘raman, — dedi.
Murodilla ketgach, bosh tabib xonasiga qaytib, Solihovga u aytgan gapni ma’lum qildi.
— Ehtiyot bo‘linglar, bemor u aytganchalik og‘ir kasal emas. Uning ogohlantirishida
bir sir borga o‘xshaydi, — dedi.
— Buni bilamiz, rahmat sizga, — dedi Solihov. — Bemorga ruxsat bering.
Solihov aytganiday, Jahongirga oqshomda ruxsat tegdi.
Kecha qor uchqunlarini o‘ynab yurgan shamol tingan, havo ochiq, joyimni
bo‘shatmayman, deb o‘jarlik qilayotgan kuz bilan «Boshqa ilojing yo‘q, hademay qor
bo‘ronlarim bilan bostirib boraman», deb po‘pisa qilayotgan qish o‘rtasida osoyishta
muzokara boshlangan edi.
Bir necha kun qamoqda zax, sassiq aralash havoda, so‘ng shifoxonada dori isini
hidlay-hidlay o‘pkasi kirlangan Jahongir ko‘chaga chiqdi-yu, chuqur-chuqur nafas oldi.
May lazzatini mast bilur, hushyorlarga mundan nima bahra bor, deganlaridek, ozodlikda
bir martagina bo‘lsin chuqur nafas olish lazzatini Jahongirdan so‘rash kerak. Ayniqsa,
endi ozodlikdan bebahraman deb, o‘limni bo‘yniga olib qamoqqa kirgan odam uchun
toza havodan nafas olish onadan qayta tug‘ilganday gap edi.
Uning shoshiladigan yeri yo‘q edi. Eski shahar dehqon bozori biqinidagi hammomga
kirib, rohatlandi. Undan choyxonaga o‘tib, choy ichdi. Nazarida Xudo uni «so‘nggi marta
erkinlik nash’asidan, hammom, choyxona degan mo‘’jizalardan bahra ol, so‘ng joningni
achinmay topshirasan», degan shart bilan qamoqdan chiqargan edi.
Jahongir yo‘lda ketayotganida, ayniqsa hammomga kirayotganida izidan odam
tushganiga ishonch hosil qildi. Hozir ham eshik yonidagi so‘ridan joy olgan ikki yigitning
ko‘zlari bejo edi. «Nomiga ozod etishgan. Mendan tuzoqqa qo‘yiladigan yolg‘on xo‘rak
o‘rnida foydalanishmoqchi. Men ularga tutib beramanmi? Yo‘-o‘q, yanglishasiz
taqsirlarim. O‘zim pishirgan oshni o‘zim ichaman...» — Jahongir shunday fikrga kelib
choyxonadan chiqdi.
Uyiga borib, Daminni ko‘rdi-yu, «mayorning gapi chin ekan-da», deb o‘yladi.
— Senam milisaga yollanganmisan? — dedi oshnasi bilan salomlashgach.