www.ziyouz.com kutubxonasi
124
U to‘pponcha olganida Solihov sergaklandi. O‘qlarni chiqarib tashlaganda esa
«shunchaki qo‘rqitmoqchi shekilli» deb o‘yladi.
Choshgohda Jahongirning qorda qoldirgan izlari yonida yana bir iz paydo bo‘ldi:
Muroddila asta chinor tomon ko‘tarila boshladi.
Jahongir o‘ng qo‘lini qo‘yniga tiqqan ko‘yi qilt etmay turardi. Murodilla undan ko‘zini
uzmagan holda bir-bir qadam tashlab unga yaqinlashaverdi. Uning o‘ng qo‘li paltosining
cho‘ntagida, Jahongir sal nojo‘ya harakat qilsa bas — to‘pponchani chiqarib otib
tashlashga shay edi.
Oradagi masofa uch qadam qolganida Jahongir orqaga chekindi-da, qo‘ynidan pichoq
chiqarib yerga tashladi.
— Xazina shu yerda, — dedi u Murodillaga tikilib.
Murodilla bir pichoqqa, bir Jahongirga qarab, nima qilishini bilmay ikkilanib turdi-da:
— O‘zing kavla, — deb buyurdi.
— Men qul emasman. Birovga xizmat qilib o‘rganmaganman.
— Qazi deyman! — Murodilla shunday deb to‘pponchani chiqardi.
— Qo‘rqitmang meni. Men shartni bajardim. Xazinani ko‘rsatdim.
— Qazimasang, ayab o‘tirmayman. Akangning izidan jo‘naysan. U yoqda...
nevaralaring bor-a?
Jahongir qorni oyog‘i bilan surib yerni qaziy boshladi.
«Bu akasidan ko‘ra aqlliroq ekan, — deb o‘yladi Murodilla, uning chaqqon harakatini
kuzatib, — akasi ahmoq edi, shu ahmoqligi tufayli o‘lib ketdi».
Jahongir yerni pichoq bilan kavlay turib, dambadam Murodillaga qarab qo‘yardi.
«Olamgir ham taxminan shu yerda turgan edi, — deb o‘yladi Murodilla. — Demak,
bilar ekan-da, bila turib aytmagan ekan-da?»
Murodilla tepadan aylanib tushib kelganida Olamgir chindan ham shu yerda turgan
edi. Murodillani ko‘rib cho‘chib tushdi.
— Murod, nimaga kelding? — dedi.
— Seni himoya qilgani, — dedi Murodilla kulimsirab.
— Kelganing chakki bo‘libdi, qayt. Jahon ko‘rmasin.
— Ko‘rsa ko‘raversin.
— Murod, bizning ishimizga sen aralashma.
— Gap bunday, Olamgir: sen shoxida yursang, men bargida yuraman. Mojarolaringni
bilaman. Lekin men ham quruq qolmasligim kerak. Ulushimni berasan. To‘rtdan uchi
meniki. Bo‘lmasa, men ukangga xotining kim, o‘g‘ling kim — aytaman.
— Aytmaysan!
— Aytaman, bunaqa ishlar qo‘limdan keladi.
— Shunaqami... unda qishloqqa kim o‘t qo‘yganini, faollarni kim otganini men ham
aytaman.
— Sen odam emas, to‘ng‘izsan, Olamgir. Eskini kavlash to‘ng‘izning ishi.
— Sen esa iblissan...
Shu zaylda boshlangan mashmasha so‘nggida Olamgir cho‘ntagidan pichoq, Murodilla
to‘pponcha chiqardi. Tayin gapki, to‘pponcha oldida pichoq ojiz...
«O‘shanda nima uchun qo‘rqib qochib ketdim, o‘sha kuniyoq hammasi hal bo‘lar
ediku?» — Murodilla shu savolni avval ham o‘ziga-o‘zi ko‘p bergan, hozir ham takrorladi.
Jahongir qaddini ko‘tarib, Murodillaga qaradi.
— Bo‘ldi.
— Xurjunni chiqar.
— Kerak bo‘lsa, chiqaring, men ketdim.
— To‘xta, chiqar deyapman.