www.ziyouz.com kutubxonasi
30
Damin bu gaplarni eshitib, boshini egib oldi. U vujudida uyg‘ongan g‘azabni bosib
o‘tirardi. Uzoq yo‘l bosib kelgan oshnasiga qattiq gap aytib, ko‘nglini xira qilishni
istamadi. Tizgin bo‘shab ketsa «Olloh, Olloh, deb yurib ko‘rgan kunlaring shu bo‘ldimi»,
deb ko‘p gaplarni aytib yuborishi, oshnasining yuragidagi yaralarni tirnab qo‘yishi
mumkin.
— Endi menga ijozat ber, — dedi Jahongir. — Safsata sotib jig‘ingga tegmay. Dunyo
sening ko‘zingga boshqacha ko‘rinadi, menikiga boshqa. Aytishganimizning foydasi yo‘q.
Men senga bir gapni aytgani atayin keldim: qolgan umringni toat-ibodatda o‘tkaz.
Shuncha kitob o‘qiganing yetar.
— Menga xat o‘rgatgan odamning gapimi bu! — Damin endi jahlini yashira olmadi. —
Men kecha-kunduz uxlamay kitob o‘qishim mumkin, lekin sen yozib bergan oyatlarni
yodlayman, desam uxlab qolaman.
— Yosh bola emassan, esingni yig‘. O‘ligim tanchada qarovsiz yotmasin, desang, toat-
ibodat qil.
Jahongir yuziga fotiha tortib, o‘rnidan turdi.
— Shu ketishda shaharga jo‘naysanmi?
— Yo‘q, hozir Daydidaraga borama. Oqshomda yoningga qaytaman. Bir dardlashib
yotamiz. Balki qishloqda butunlay qolarman.
— E, bormisan, oshnam. Qo‘y, o‘sha shaharingni. Qariganda bir-birimizga suyanib
yashaylik.
Jahongir qaytgach, Damin guzarga tushib go‘sht olib chiqdi. Qozon osdi. Sabzi-piyozni
qovurib, do‘stini kutdi.
Jahongir quyosh botmay turib qaytdi. Yo‘lda yiqilganmi, o‘ng yengi loy. Rangi
oqargan. Ertalabki bosiqligi, xotirjamligi yo‘qolgan. Lablari uchadi.
— Nima balo, bezgak tutdimi? — dedi Damin, uni qarshi olib.
— Shunaqaga o‘xshaydi, etim uvishyapti, — dedi Jahongir.
Damin uni tanchaga o‘tqazib choy uzatdi. Jahongir bir qultum ichib piyolani patnis
ustiga qo‘ydi. Boshini egib ancha vaqt jim o‘tirdi. So‘ng «Olloh, gunohimni o‘zing
kechir», deb pichirlab do‘stiga qaradi. Endi lablari uchmadi. Biroq ko‘zlaridan nur
qochgan, qarashlarida ma’no yo‘q edi.
— Olloh yuz o‘girdi yana mendan, — dedi bo‘g‘iq ovozda. U bor dardini ana shu
so‘zlard ifoda etdi.
— Dardingni menga ayt, malham bo‘larman, balki, — dedi Damin.
— Dardim... bu mening dardim... hech kimni sherik qilmayman. O‘zim bilan birga
ketadi.
Jahongir shunday deb yana boshini egdi. Damin uning xatti-harakatida bir sir
yashiringanini sezsa ham so‘rashga jur’at etmadi. Bu sir birovga aytiladigan bo‘lsa,
Jahongir aytardi. Indamayaptimi, demak, so‘rashning foydasi yo‘q.
— Men guruch solay, — dedi Damin vazmin ohangda.
— To‘xta, o‘tir... men ketaman.
— Nasibangni tashlab ketma.
— Nasibam... nasibam qirqilganga o‘xshaydi. Endi, oshnam, boshqa ko‘rishmasak
kerak. Yaxshi-yomon gaplarim uchun, bergan osh-tuzing uchun rozi bo‘l. Men sendan
roziman.
— Bu nim deganing? O‘limni bo‘yningga olmoqchimisan?
— Bilmayman... men o‘lmayman o‘lmasligim kerak, deb yashadim. Xudoyim dilimga
bir niyat solgan edi. Shu niyat ushalmaguncha Olloh jonimni olmaydi, derdim. Niyatim
ushalmadi. Umr bo‘yi Ollohim bergan barcha azoblarga shukr qilib don yetishtirdim.