www.ziyouz.com kutubxonasi
77
— Qarindoshlaring shu yerda, — dedi u botqoqlikka imo qilib.
Jahongir botqoqlikni endi ko‘rishi edi: sassiq ko‘lmakka o‘xshagan joy, ayrim yerlari
quyuq atalaga o‘xshaydi, ayrim yerlarini po‘panak bosgan.
— Bu botqoq ko‘p odamlarni yutgan. Qabriston desang ham bo‘ladi. Xohlasang ibodat
qilib ol.
Grigorich «xalal bermay», deb nari ketdi. Jahongir tiz cho‘kib, tilovat qildi. Yuziga
fotiha tortayotgan pallada botqoq biqirlab qaynadi. Uning nazarida opasi, jiyanlari qaytib
chiqayotganday tuyulib, qo‘rqqanidan yuragi orqasiga tortib ketdi. Anchagacha baqrayib
o‘tirdi. Chol uning qo‘rqqanini sezdimi yo kutish joniga tegdimi, tomoq qirib:
— Jenya, bo‘ldi, ketdik, — dedi.
Ular o‘rmon oralab yurib, yalanglikka chiqishdi. Tizza bo‘yi keladigan o‘t gullarga
belanib, epkinda chayqalib yotibdi.
Jahongir yigirma ikkinchi yildan beri qo‘liga chalg‘i olmagan edi. Bu qo‘llar o‘n bir yil
cho‘kich urishga ko‘nikib qolgan ekan, chalg‘i dastlab unga bo‘ysinmadi. Biron soatlardan
so‘ng ishi yurishib ketdi.
Yalanglikdagi o‘tning yarmini o‘rib, oqshomda uyga qaytdilar. Yog‘och uy zinasida
o‘tirgan bola ularni ko‘rgach, yuguraymi, boraymi-bormaymi, deb ikkilanib turib qoldi.
Ertalab begonasiraganini unutib, bir-ikki qadam qo‘ydi. Shunda chol chalg‘ini pichanga
sanchdi-da, bolaga quchoq ochdi.
— Sashenka, nimaga qarab turibsan, qani, chop!
Bola yugurib, kelib, Grigorichni quchoqlab oldi. Jahongir uning boshini silab, erkalab
qo‘ydi. U quduqdan chelakda suv tortib yuvinmoqchi edi, bola yaqinlashdi.
— Suv quyib beraymi? — dedi burro qilib. Keyin ruxsat kutmay, yog‘och cho‘michda
suv oldi. — Siz Nurini tog‘asimisiz? — dedi Jahongirga tik boqib.
— Ha, — dedi Jahongir.
— Nuri endi o‘rmonda turadi. Ayasi ham, adasi ham o‘sha yerda. Men uni sog‘indim.
O‘ynagani kelmayapti.
Jahongir bolaga nima deb javob berishni bilmay «Oting nima?» deb so‘radi.
— Samariddin, ertalab aytuvdim-ku? — dedi bola ajablanib.
Darvoqe... ertalab so‘ragan edi-ya...
— Siz Nurilarni olib ketasizmi? — deb so‘radi bola.
— Ha, — dedi Jahongir noiloj.
— Dadam o‘rmondan kelsalar bizni ham olib ketadilar. Dadam chiqqunlaricha
poylasangiz, birga ketardik.
— Xo‘p, kutaman.
Bola buni eshitib, cho‘michni chelakka tashladiyu bu xushxabarni onasiga yetkazish
uchun uyga yugurdi.
Kechki ovqatdan keyin Samariddin Jahongirga yaqinlashib, peshonasiga
barmoqchalarini tekkizdi-da:
— Bu nima? — dedi.
— Samarxon, unaqa dema, qoch.
Jahongir qo‘yavering, deganday Oynisaga jilmayib qaradi. Keyin:
— Bu shaytonning izi, — dedi-da, bolani tizzasiga o‘tqazdi.
— Qanaqa shayton? — dedi bola.
— Muzlarning ichida yashaydi, — dedi Jahongir.
— Oppoq bo‘ladimi?
— Ha.
— Unda nimaga izi ko‘k?
— Oyog‘i siyohga tushib ketgan ekan.