www.ziyouz.com kutubxonasi
81
— Nima derdi, Grigorich nima desa, shu bo‘ladi-da, — chol bu gapni mag‘rur bir
ohangda aytdi. Choyini ichib bo‘lgach, Jahongirga qaradi: — Jenya, men rais bilan
gaplashdim. Sen Grigorich oilasining a’zosi sifatida kolxozda ishlaysan. Cho‘chqa boqish
qo‘lingdan keladimi?
— Grigorich, qo‘limdan kelmaydi. Meni bunaqa ishga ro‘para qilmang.
— Boshqa ish yo‘q kolxozda. Molga qaraydigan odam tayin. Cho‘chqaboqarga
yordamchi kerak. Bilaman, cho‘chqani harom deysan. Lekin sen cho‘chqa go‘shtini
yemaysan-ku, ovqat berasan, tagini tozalaysan, vassalom! Ishlab turmasang bo‘lmaydi.
Jahongir chindan ham noiloj edi. U pastak bostirmada, sassig‘i bir chaqirim nariga
yetib boradigan cho‘chqaxonada ishlashga majbur bo‘ldi. Bir hafta mobaynida rais ikki
marta kelib, cho‘chqaboqar bilan gaplashib ketdi. Aftidan, noma’lum odamga
cho‘chqalarni topshirishga topshirib qo‘yib, ko‘ngli tinchimayotgan edi.
Jahongir bir kuni ishga otlanayotganida eshik qattiq taqilldi. Eshikni ochmoqchi bo‘lib
yugurgan Samariddin yarim yo‘lda to‘xtadi. Xonaga uzun shinel kiyib, yoniga to‘pponcha
taqqan malla odam kirib keldi. Uni ko‘rib Oynisaning esxonasi chiqib ketdi. Kenjasini
bag‘riga mahkam bosib oldi.
— Muhammadrizaev kim? — dedi militsioner qo‘pollik bilan.
— Men, — dedi Jahongir.
— Hujjatlaringizni ko‘rsating!
Militsioner xona o‘rtasida tik turganicha hujjatlarni ko‘zdan kechirdi.
— Ishlayapsanmi?
— Ishlayapman.
— Yaxshi, ishlayver. Bu yerdan bizning ruxsatimizsiz bir qadam ham jilmaysan.
— Men bu yerga o‘z xohishim bilan keldim. Men quloq qilinmaganman.
— Men bitta gapni ikki marta qaytarmayman. Grigorich, mehmoningga ko‘z-quloq
bo‘lib tur. Sen ham javobgarsan.
— Hech qayoqqa ketmaydi, xotirjam bo‘l, — dedi chol, — mabodo tomog‘ingni ho‘llab
olmaysanmi?
— Quy, Grigorich, sovuqning zahrini oladi.
U bir krujka qo‘lbola aroqni ichib olib, indamay chiqib ketdi.
Kunlar o‘taverdi. Qish bu qishloqda ham hukmini o‘tkaza boshladi. Raisning tekshiruvi
kamaydi, militsionerning esa dam-badam kirib hujjat tekshirish bahonasida Grigorich
quyib bergan aroqqa nafsini qondirib ketishi odat tusiga kirdi. Samariddin Jahongirning
ishdan qaytishini kutadi. Jahongir ovqatlanib olgach, ikkovi tashqariga chiqadi.
Samariddin chol yasab bergan qo‘pol chanaga o‘tiradi. Jahongir otga o‘xshab pishqirib
uni uchiradi. U har pishqirganida, kishnaganida bola qiyqirib kuladi. Oynisa ularning
o‘yiniga derazadan boqib turadi. Jahongir uning nigohini tuyadi, shu sababli uy tomonga
qaramaydi. So‘ng Jahongir opasining yarim yerto‘lasiga kiradi, boshqa vaqt shu
yerto‘lada umr o‘tkazadi. Samaraddin unga ovunchoq, ba’zan ishlayotganida ham bolani
qo‘msab qoladi.
Bir kuni chol o‘rmondan bo‘y barobar archa kesib kelib uy o‘rtasiga o‘rnatdi.
— Bizning bayramimiz, — deb tushuntirdi u Jahongirga, — payg‘ambarimiz tug‘ilgan
kun.
Jahongir bu bayramni bilardi. O‘sha muzliklar orasida nasroniylar gapirishardi.
Ma’muriyat esa bayram qilishga yo‘l bermasdi.
Chol bilan kampir dasturxon tuzab bo‘lgach, uy burchagidagi Iso Masih surati oldida
tiz cho‘kib, uzoq ibodat qilishdi. So‘ng chol-kampir bir necha qultumdan ichishib,
o‘pishishdi.