Zulhijja oyining dastlabki o‘n kuni fazilati bobi hadislari
466-hadis. Sahih. Buxoriy, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan.
467-hadis. Hasan. Ibn Hibbon, Bazzor rivoyat qilgan.
468-hadis. Munkar. Ibn Adiy rivoyat qilgan. Uchta illati bor.
469-hadis. Sahih. Muslim, Abu Dovud rivoyat qilgan.
470-hadis. Izohi yo‘q.
471-hadis. Isnodida zaiflik bor. Ahmad Bayhaqiy rivoyat qilgan.
472-hadis. Munkar. "Tanzihush shari’at"ga qarang.
473-hadis. Tabaroniy, Hokim Bayhaqiy rivyat qilgan.
474-hadis. Daylamiy rivoyat qilgan.
QIRQINCHI BOB
ASHURO KUNINING FAZILATI
475. Faqih Abu Lays Samarqandiy (r.a.) Abdulloh ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qiladilar. Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: "Kim muharramning ashuro (o‘ninchi) kuni ro‘za tutsa, Alloh taolo mingta farishta va yuzta shahidning savobini beradi. Kim muharramning o‘ninchi kuni ro‘za tutsa, Alloh unga o‘n ming haj va umra qilganning
hamda o‘n ming shahidning savobini beradi. Kim ashuro kunida yetimning boshini silasa, Alloh taolo har bir soch tolasi uchun uning darajasini ko‘taradi. Kim ashuro kunida ro‘zador mo‘minga iftor bersa, guyoki Muhammad alayhissalomning hamma
ummatlariga iftor qilib bergandek bo‘ladi". "Ey Allohning elchisi, Alloh taolo ashuro kunini boshqa kunlardan afzal qilganmi?" deb so‘rashdi odamlar. U zot aytdilar: "Ha, Alloh taolo osmon va yerlarni ashuro kunida yaratdi, tog‘larni, yulduzlarni, lavhni, qalamni, Odamni, Havoni va jannatni ashuro kunida yaratdi va ularni ashuro kunida jannatga kirgizdi. Ibrohim (a.s.) ashuro kunida tug‘ildi va uni o‘tdan ashuro kunida qutqardi, unga qurbonlik qilishni ashuro kunida buyurdi. O‘g‘lining o‘rniga qo‘chqorni so‘ygan kun ashuro kunidir. Fir’avnni ashuro kunida dengizga cho‘ktirdi. Ayyubdan (a.s.) balolarni ashuro kuni daf qildi. Odamning (a.s.) tavbasini ashuro kuni qabul qildi. Dovud alayhissalomning gunohini ashuro kuni kechirdi va Sulaymonga (a.s.) ashuro kuni mulki qaytarildi va Iso alayhissalom ashuro kuni tug‘ildi va osmonga ashuro kunida ko‘tarildi. Payg‘ambar alayhissalom ashuro kunida tug‘ildilar. Qiyomat ashuro kunida bo‘ladi".
Faqih aytadilar: Ikrima (r.a.) deydiki: "Ashuro kuni Odam alayhissalom tavbasi qabul qilingan kun, u shunday kunki, Nuh kemadan tushirildi va shukriga ro‘za tutdi, u kun Fir’avn dengizga cho‘ktirildi, Bani Isroil qavmiga dengiz yo‘l berdi va uning shukri uchun ro‘za tutdilar. Agar qodir bo‘lsang, u kunda sen ham ro‘za tut".
476. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Kim ashuro kunida ahli ayollariga kengchilik qilsa, Alloh taolo unga yilning boshqa kunlarini ham keng qilib qo‘yadi".
Sufyon aytadi: "Biz tajriba qilib, xuddi shunday ekanini topdik".
477. Said ibn Jubayr ibn Abbosdan (r.a.) naql etadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelib, yahudlar ashuro kunida ro‘za tutayotganlarini ko‘rdilar va u haqda so‘radilar. "Bu kunda Alloh taolo Musoni va Bani Isroilni Fir’avn ustidan g‘olib qilgan va biz uni ulug‘lab ro‘za tutyapmiz", deyishdi ular. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Bizlar Musoga sizlardan ko‘ra haqliroqmiz", dedilar va ro‘za tutmoqqa buyurdilar".
Faqih aytadilar: Bu kunning tafsirida ulamolar ixtilof qiladi. Ba’zilar: "Ashuro deb nomlanishi muharramning o‘ninchi kuniga to‘g‘ri kelgani uchundir", deydi. (Arabcha "ashara" – o‘n, degani – tarj.) Ba’zilar aytadi: "Alloh taolo bu kunda o‘nta payg‘ambarni
o‘nta karomat bilan ikrom qildi: Odamning (a.s.) tavbasini qabul etdi. Idrisni (a.s.) yuqori maqomga ko‘tardi; Nuhning (a.s.) kemasi Juda tog‘iga tushdi; Ibrohim (a.s.) tavallud topdi; Alloh uni o‘ziga do‘st tutdi va unga o‘tdan najot berdi; Dovudning (a.s.) tavbasini qabul qildi; Isoni (a.s.) osmonga ko‘tardi; Musoni (a.s.) dengizdan qutqazdi va Fir’avnni cho‘ktirdi; Yunusni (a.s.) baliqning qornidan chiqardi; Sulaymonga (a.s.) mulkini qaytarib berdi; Payg‘ambar (s.a.v) tavallud topdilar".
Ba’zilar bunday deydi: "Ashuro deb nomlanishi Alloh taolo bu ummatni o‘nta karomat bilan ikrom qilgani sabablidir.
1. Rajab oyi. U Allohning oyi, unda urush qilinmaydi. Uni ummat uchun karomat qilib berdi. Uning boshqa oylardan ortiqligi bu ummatning boshqa ummatdan ortiqligi kabi.
2. Sha’bon oyi. Boshqa oylardan ustunligi Payg‘ambarning sollallohu alayhi vasallam boshqa payg‘ambarlardan ustunligi kabi.
3. Ramazon oyi. Uning boshqa oylardan ortiqligi Alloh taoloning o‘zi yaratgan xalqdan ortiqligi kabidir.
4. Laylatul qadr. U ming oydan yaxshi.
5. Fitr kuni (Ramazon hayiti). U mukofot kuni.
6. Ashr kunlari. Ular Allohni zikr qilish kunlari.
7. Arafa kuni. U kunning ro‘zasi ikki yilga kafforatdir.
8. Qurbonlik kuni. U – Allohga yaqinlik kuni.
9. Jum’a kuni. U – kunlarning sayyidi.
10. Ashuro kuni. Uning ro‘zasi bir yilga kafforat.
Bu kunlarning hammasida o‘ziga xos karomatlari bordir. Alloh taolo ummatga bu kunlarni gunohlariga kafforat bo‘lishi, xatolardan tozalanishi uchun berdi".
478. Oyisha onamiz (r.a.) aytadilar: "Johiliyatda ashuro kunida qurayshiylar ro‘za tutardi, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham Makkada ekanida tutardilar. Madinaga kelganlaridan keyin Alloh taolo ramazon oyi ro‘zasini farz qildi. So‘ngra Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Men ashuro kuni ro‘za tutishga buyurilgan edim, endi kim xohlasa, ro‘za tutsin, kim xohlasa, tark qilsin".
Oyisha onamiz ashuro kunini to‘qqizinchi kun, deganlar. Ba’zilar o‘n birinchi kuni, deydi. Ko‘pchilik ashuro kunini o‘ninchi kun, deb aytgan. Alloh bilguvchiroqdir.
Ashuro kunining fazilati bobi hadislari
475-hadis. Mavzu’. Sanadidagi Hubayb ibn Hubayb Abu Muhammadni Imom Abu Dovud yolg‘onchi degan.
476-hadis. Unda ixtilof bor.
477-hadis. Muttafaqun alayh.
478-hadis. Muttafaqun alayh.
QIRQ BIRINCHI BOB
NAFL RO‘ZASI, OYNING 13-, 14-, 15-KUNLARI RO‘ZASI VA RAJAB OYI RO‘ZASINING FAZILATI
479. Faqih Abu Lays Samarqandiy aytadilar: Zayd ibn Aslam Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Amallar yettitadir. Misli beriladigan amal, ikki mislicha beriladigan amal, vojib qiluvchi (amal), o‘n barobar savob beriladigan amal,
yetti yuz barobar savob beriladigan amal, yana shunday amal borki, uni qiluvchining savobini faqat Alloh biladi.
Savobi o‘zi barobaricha beriladigan amal; kishi gunoh qilsa, unga bitta gunoh yoziladi va yaxshilikni qasd etsayu, uni qila olmasa, bitta yaxshilik yoziladi. Ikki mislicha beriladigan amal; kishi bir yaxshilikni qilsa, unga ziyodasi bilan savob yoziladi. Vojib qiluvchi amal; kim Allohning o‘zigagina ibodat qilsa, unga jannat vojib bo‘ladi. Kim Allohga Undan o‘zgaga ibodat etgan holda yo‘liqsa, unga do‘zax vojib bo‘ladi. O‘n barobar savob beriladigan amal; kishi bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar ajr beriladi. Yetti yuz
barobar savob beriladigan amal: Kim Alloh yo‘lida biron amal qilsa yoki infoq-ehson bersa, amaliga yetti yuz barobarida ajr beriladi. Ajru savobini Allohdan o‘zga bilmaydigan amal esa, ro‘zadir".
480. Abu Cadaqa Yamoniy aytadilar: Hazrati Bilol Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oldilariga kirganlarida u kishi ovqatlanayotgan edilar. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: "Ey Bilol, ovqatga, ovqatga", dedilar. Bilol (r.a.): "Ey Allohning elchisi, men ro‘zadorman", deb javob qildilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Bizlar rizqimizni yeyapmiz. Bilol esa, jannatda rizqlanadi. Agar ro‘za tutgan kishi ovqatlanayotgan kishilar oldida o‘tirsa, uning a’zolari unga tasbeh aytadi. Maloikalar unga duo qiladi va: "Ey Parvardigor, uni kechirgin, ey Parvardigor, unga shu o‘tirishida rahm qilgin", deydi".
Abu Muso Ash’ariy (r.a.) aytadilar: "Dengizda ketayotib, to‘lqinlarga duch keldik, keyin yelkanlarni ko‘tardik. Biror orol yo jonzotni ko‘rmas edik, shu vaqt bir nido keldi: "Ey kema ahli, to‘xtanglar, sizlarga xabar beraman", dedi. Biz yurishda davom etdik, lekin hech narsani ko‘rmasdik. Yetti marta shunday nido keldi. Yettinchi martasida o‘rnimdan turib: "Ey sen, bizning holatimizni ko‘rib turibsan, to‘xtashga qodir bo‘la olmayapmiz. Bizlarga xabar bermoqchi bo‘lgan narsangning xabarini beraver", dedim. U aytdi: "Ogoh bo‘linglar, sizlarga Allohning hukmi haqida xabar beraman. Alloh taolo o‘zini nafsiga hukm qildiki, issiq kunda chanqagan (ro‘za tutgan) bandani Alloh taolo qiyomat kunida suvga qondiradi".
Ibn Muborak ham Abu Muso Asha’riydan shunga o‘xshash rivoyatni keltirganlar va unga ushbu so‘zlarni qo‘shimcha etganlar: "Abu Muso qattiq issiq kunlar kelishini kutib turardilar, qachon issiq kuchaysa, ro‘za tutardilar".
481. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Olti xislat yaxshilikdir: Allohning dushmaniga qilich bilan harakat qilmoq, yoz oyida ro‘za tutmoq, musibat vaqtida chiroyli sabr qilmoq, haq bo‘lsa-da, tortishishni tark etmoq, bulutli kunda namozni vaqtli
o‘qimoq, (yoki yoz kunida, dedilar), qish kunlarida tahoratni komil qilmoq".
Abu Dardodan (r.a.) naql qilinadi: "Uch narsa bo‘lmasa edi, o‘lishimga parvo etmasdim.
1. Allohga sajda qilganda tuproqdan yuzimda belgilar qolishi.
2. Uzun kunda ro‘za tutish.
3. Yaxshi xurmoni tanlab yeganlari kabi, yaxshi so‘zlarni ham tanlab gapiradigan qavm bilan o‘tirish".
482. Abu Hurayra (r.a.) aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uch xislatni o‘rgatdilar. Ularni o‘lgunimcha tashlamayman. Hamisha tahoratli yurish, har oyda uch kun ro‘za tutish, choshgoh namozini qoldirmaslik".
483. Hafsa onamizdan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam to‘rt narsani tark qilmas edilar. Ashuro kunida, ashr kunlarida va oyda uch kun ro‘za tutishni hamda bomdoddan oldin ikki rak’at namoz o‘qishni".
484. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Sabr oyida (ya’ni, ramazonda) ro‘za tutinglar va har oyda uch kun ro‘za tutinglar, u bir dahrlik ro‘za o‘rnidadir. U qalbdagi adovatni ketqazadi".
Abdulloh ibn Shaqiq Uqayliy aytadilar: "Madinaga kelib, Abu Zarr Fiforiyni (r.a.) uchratdim. Unga: "Bugun qaysi holda ekaningizni bilayin", dedim. Xullas, undan "Ro‘zamisiz?" deb so‘radim. "Ha", dedilar u kishi. Umar ibn Xattobning (r.a.) oldilariga kirishga izn so‘rab kutib turardilar. Huzurlariga kirganimizdan keyin bir tovoq ovqat olib kelishdi. Abu Zarr ham yeya boshladilar. Men qo‘lim bilan imo qilib, u kishiga eslatdim. U zot: "Men senga nima deganimni unutganim yo‘q, men ro‘zaman. Har oyda uch kun
ro‘za tutaman, demak, abadiy ro‘zadorman", dedilar".
485. Abdulloh ibn Amr ibn Os (r.a.) aytadilar: "Men mujtahid bir kishi edim. Otam meni uylantirdi. Bir kuni otam uyimga kelib meni ko‘rmabdi. Xotinimdan: "Ering qanday?" deb so‘rabdi. Xotinim: "Juda yaxshi odam. Uxlamaydi, og‘iz ochmaydi, doim ro‘za", debdi. Otam mendan gumon qilib keyin aytdiki: "Men seni musulmon ayolga uylantirdim, uning haqqini ado et". Men otamning so‘zlariga parvo qilmadim. Quvvatim, ijtihodim bor edi. Bu gap Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga yetib, u kishi meni chaqirtirdilar. Va
aytdilarki: "Men namoz o‘qiyman, ro‘za tutaman va og‘iz ochaman. Sen ham namoz o‘qi, uxla, har oyda uch kun ro‘za tut". Men aytdim: "Ey Allohning elchisi, men bundan ko‘ra quvvatliman". Aytdilar: "Bir kuni ro‘za tutib, bir kuni tutma. Bu Dovudning (a.s.) ro‘zalari". Keyin so‘radilar: "Qur’onni qanchada o‘qib bo‘lasan?" "Ikki kecha-kunduzda", dedim. "Har o‘n besh kunda o‘qi", dedilar. "Ey Allohning elchisi, men bundan ko‘ra quvvatliroqman", dedim. "Yetti kunda o‘qi", deb, so‘ng qo‘shimcha qildilar: "Har bir amalning ochko‘zligi bor va har bir ochko‘zlikda ozgina vaqt hirs bo‘ladi. Kimning o‘sha vaqti mening sunnatimda bo‘lsa, u hidoyat topadi. Kimniki boshqa narsada bo‘lsa, halok bo‘ladi".
Ablulloh ibn Amr (r.a.) aytadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ruxsatlarini qabul qilganimda edi, ahlim va molimning yana shuncha bo‘lishidan yaxshiroq edi.
Bugun qariganman, kuchim ketdi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurganlarini tark qilganimni yomon ko‘rib turibman".
Ibn Abbosning (r.a.) huzurlarida bir kishi kelib, ro‘za haqida so‘radi. "Men xazinamda bor so‘zlarimni senga gapirib beraman, – dedilar u kishi. – Agar Sulaymon alayhissalomning ro‘zasini xohlasang, u zot oyning avvalida uch kun, o‘rtasida uch kun va oxirida ham uch kun ro‘za tutardilar. Agar Dovud alayhissalomning ro‘zasini xohlasang, u zot bir kun
ro‘za tutib, bir kun og‘izlari ochiq bo‘lardi. Agar Iso alayhissalomning ro‘zasini xohlasang, u zot yil bo‘yi ro‘za tutardilar. Arpa yer edilar. Qattiq jundan kiyim kiyardilar. Kechasi bo‘lsa, oyoqlarini namozga saflar edilar, bomdod namozining alomati kelguncha turardilar. U kishi qaerda tursalar, ikki rak’at namoz o‘qirdilar. Agar u kishining
onalarining ro‘zasini xohlasang, u ayol ikki kun tutib, ikki kun tutmas edi. Agar sen butun olamlar sarvari Muhammadning sollallohu alayhi vasallam ro‘zalarini xohlasang, u zot har oyda uch kun ro‘za tutardilar". Ya’ni, oyning oydin kunlarida – 13-, 14-, 15- kunlarda.
486. "U kunlar bir yillik ro‘zadir".
487. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. «Kim ramazon ro‘zasini tutsa, keyin unga shavvoldan olti kunni qo‘shsa, guyoki yilning hammasida ro‘za tutgandek bo‘ladi».
Abu Hurayra (r.a.) aytadilar: «Men sizlarga buni hisoblab beraman. Ramazon oyi ro‘zasi uch yuz kun va olti kun oltmish kun bo‘ladi. Chunki Alloh taolo:
«Kim biron chiroyli amal qilsa, unga o‘n barobar qilib (qaytarilur)» (An’om,
160), deb aytgan. Har bir kun o‘n kunga tengdir».
Faqih aytadilar: Ba’zi kishilar shanba kunida ro‘za tutishni karih ko‘rishgan. Aytishadiki:
«U ishda nasorolarga o‘xshashlik bor».
Ibrohim Naxa’iydan shanba kuni ro‘za tutish to‘g‘risida so‘rashdi. «U ro‘za xotinlar ro‘zasidir», deb javob qildilar.
Ba’zilar: «Nasorolarga o‘xshab qolmaslik uchun ro‘zani har xil vaqtlarda tutish kerak. Men uchun ketma-ket yoki aralashtirib tutmoqlikning zarari yo‘q. Chunki og‘iz ochiqlik ular ikkovining orasini ajratib turadi», deyishgan.
Nafl ro‘zasi, oyning 13,14,15-kunlari ro‘zasi va rajab oyi ro‘zasining fazilati bobi hadislari
479-hadis. Sanadida uzilish bor. Bayhaqiy rivoyat qilgan.
480-hadis. Mavzu’. Bayhaqiy rivoyat qilgan.
481-hadis. Zaif. Ikkita illati bor.
482-hadis. Muttafaqun alayh.
483-hadis. Zaif, Ahmad, Nasoiy rivoyat qilgan.
484-hadis. Sahih. «Sahihul»
485-hadis. Muttafaqun alayh.
486-hadis.Hasan, Nasoiy, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
487-hadis. Sahih. Bazzor rivoyat qilgan.
QIRQ IKKINCHI BOB
AHLI AYOLGA NAFAQA QILISH
488. Faqih Abu Lays Samarqandiy (rahmatullohi alayh) Ayyubdan rivoyat qiladilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalari bir uyda o‘tirishgan edi. Shunda bir kishi ko‘rindi. U kishining yigitlik quvvati hammalarini lol qoldirdi. Ular: "Qani endi bu yigit yigitligini va quvvatini Alloh yo‘lida ishlatganida", deyishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu gapni eshitib aytdilar: "Sizlar faqat urush va g‘azotni Alloh yo‘lidagi ish deb tushunasizlarmi? Kim nafsini poklash uchun harakat qilsa, bu ham Alloh yo‘lidagi ishdir. Kim ota-onasining iffat-izzati uchun harakat qilsa, bu ham Alloh yo‘lidagi ishdir. Kim oilasining iffatini saqlash uchun harakat qilsa, bu ham Alloh yo‘lidagi ishdir. Kim kibrlangan holda harakat qilsa, bunisi shaytonning yo‘lidagi ishdir".
489. Faqih Savbondan (r.a.) rivoyat etadilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Dinorning afzali Alloh yo‘lida ot-uloviga va Alloh yo‘lida tutingan do‘stlariga
sarf qilganidir".
Abu Qaloba: "Oiladan boshlanadi", deydilar, ya’ni, oilasi uchun harakat qiluvchi kishining ajri boshqadan afzalroqdir.
490. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Haqiqatda sadaqa boylik orqasidan (ya’ni, oilasidan ortganidan) qilinadi. Tepadagi qo‘l (beruvchi) pastdagi (oluvchi) qo‘ldan yaxshidir. Sadaqani o‘z oilangdan boshla".
491. Sobit Banoniy Anas ibn Molik oldilarida edi. Shunda Anas (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning aytgan gaplarini esladilar. "Alloh taolo bandaning uch holatda olgan qarziga kafil bo‘ladi: Bittasi – gunohga tushib qolishda qo‘rqib, uylanishlik uchun qarz olgan bo‘lsa, so‘ng shu qarzi to‘lay olmay, vafot etsa, Alloh taolo uning qarzini qiyomat kuni ado etishga kafil bo‘ladi. Ikkinchisi – qarzni musulmonlarga yordam berish uchun, g‘azotga chiqish uchun olgan bo‘lsa, uchinchisi – o‘likni ko‘mish uchun
qarz olgan bo‘lsa. Alloh taolo ularning qiyomat kunidagi da’vogarlarini rozi qiladi".
Sobit Banoniy (r.a.) Hasan Basriyning (r.a.) oldilariga kirdilar U kishi Anasdan (r.a.) eshitganlarini aytgan edi, Hasan Basriy shunday dedilar: "Hazrati Anas yoshi ketib, zaiflashib, bundan ham afzalrog‘ini unutibdi. Kishi ahli ayoliga ishlatish uchun qarz so‘rab, keyin uni uzishga harakat qilib, shu qarz bilan vafot etsa, Alloh taolo uning da’vogarlarini rozi qiladi".
492. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: U zot sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: "Osmonda ikki farishta bor, ular bittasining: "Ey Parvardigor, infoq qiluvchiga bergan narsasining o‘rnini to‘ldir", ikkinchisining: "Ey Parvardigor, mumsikning (baxilning) moliga talofot ber", deyishdan boshqa ishi yo‘q".
493. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat etadilar: "Kim tilanchilik qilmasdan, halol holda, oilasi uchun harakat qilib, qo‘shnisiga shafqat ko‘rsatib, talab etsa, qiyomat kunida uning yuzi badr kechasidagi oydek bo‘lib keladi. Kim dunyoni haloldan talab qilsa, ammo faxrlanuvchi, kibrlanuvchi va riyokor bo‘lsa, u qiyomat kunida Alloh g‘azab qilgan holida yo‘liqadi".
494. Faqih aytadilar: Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qiladilar: "Men Rasulullohga: "Ey Allohning elchisi, bitta non sadaqa qilishim yaxshiroqmi yoki yuz rak’at nafl namoz o‘qishim?" dedim. "Men uchun yuz rak’at nafl namoz o‘qimoqdan ko‘ra bitta non sadaqa qilmoq yaxshidir", dedilar u zot. "Ey Allohning elchisi, – dedim yana, – muslimning hojatini chiqarish yaxshiroqmi siz uchun yoki ikki yuz rak’at nafl namoz o‘qishimmi?" "Menga musulmonning hojatini qondirish ming rak’at namozdan ham yaxshiroqdir", dedilar. "Ey Allohning elchisi, siz uchun harom bir luqmani tashlash yaxshiroqmi yoki ming rak’at nafl namozmi?" deb so‘radim. "Harom luqmani tark qilish men uchun ikki ming rak’at nafl namozdan yaxshiroq", dedilar. "Ey Allohning elchisi, – deb so‘radim keyin, – siz uchun g‘iybatni tashlash yaxshiroqmi yoki ikki ming rak’at nafl namoz o‘qimoqmi?" "Fiybatni tark etish menga o‘n ming rak’at nafl namozdan yaxshiroq", deb javob qildilar. "Ey Allohning elchisi, miskin beva xotinning hojatini chiqarish yaxshiroqmi yoki o‘n ming rak’at nafl namozmi?" dedim. "Beva xotinni hojatini chiqarish, – dedilar u zot sollallohu alayhi vasallam, – menga o‘ttiz ming rak’at nafl namozdan yaxshi". "Oila a’zolari bilan birga o‘tirmoq afzalmi yoki masjidda o‘tirmoqmi?" deb savol qildim. U zot:
"Oila bilan bir soat o‘tirmoq men uchun masjidimda e’tikof o‘tirishdan yaxshiroq", dedilar. "Ey Allohning elchisi, oilasiga nafaqa qilish yaxshiroqmi yoki Alloh yo‘lida nafaqa qilishmi?" dedim. "Bir tangani oilasiga ishlatmoq men uchun Alloh yo‘lida ming tanga ishlatmoqdan yaxshi", dedilar. Keyin: "Ota-onaga yaxshilik qilmoq yaxshimi yoki ming
yil ibodat qilishmi?" deb so‘radim. "Ey Anas, – dedilar, – "Haqiqat (ya’ni, Islom) keldi va botil (ya’ni, kufr) o‘chib yo‘qoldi" (Isro, 81). Ota-onaga yaxshilik qilish, menga ming yillik ibodatdan yaxshidir".
495. Abu Kabsha aytadilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bizlarga misol keltirdilar. "Dunyo to‘rt kishining ishiga o‘xshaydi. Bir kishiga Alloh ilm va mol berdi. U molini ilmi bilan ishlatdi. Bir kishiga ilm berdi, mol bermadi, u: "Agar Alloh taolo menga ham falonchiga o‘xshab berganda, u qilgan ishni men ham qilardim", dedi. O‘shanda ikkovining ajri barobardir. Bir kishiga Alloh mol berdi, ilm bermadi, u zakotni ado etmadi va molini botil narsaga ishlatdi. Bir kishiga mol ham, ilm ham bermadi. U: "Agar Alloh taolo menga ham falonchiga bergani kabi berganida, u mol bilan falonchi qilgan ishni (ya’ni, botil ishni) qilardim", dedi. Unda ikkalasining gunohi barobardir".
496. Anas ibn Molik (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Albatta, jannatda bir uy bordir. Tashqarisidan ichi, ichidan tashqarisi ko‘rinadi", dedilar u zot sollallohu alayhi vasallam. "Ey Allohning elchisi, u uyda kimlar turishadi?" deb so‘rashdi. "Ular taom beradilar, yaxshi gapiradilar, ro‘zalarini davomli tutadilar, salomni yoyadilar va odamlar uxlaganda kechasi namoz o‘qiydilar", dedilar. "Bu ishlarni qilganlarga shunchalik ajr ekan, uni qila olmaganlar-chi?" deb so‘rashdi. "Kim "subhanalloh valhamdulillah va la-a ilaha illallohu vallohu akbar", desa yaxshi gap gapiribdi, kim ahlini taomlantirsa, tarqatibdi. Kim ramazon ro‘zasini tutsa, davomli ro‘za tutibdi. Kim birodariga uchraganda salom bersa, salomni yoyibdi. Kim oxirgi (namoz) xuftonni va bomdodni o‘qisa, odamlar uxlaganda kechasi namoz o‘qibdi".
Bu yerda odamlardan murod yahudiylar va nasorolardir.
497. Solim otasidan, u Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: "Mo‘min Allohning do‘stidir, farzandi Allohning tuhfasi, kimga Alloh Islomda farzand bersa, uni ko‘proq o‘psin, chunki har bir o‘pishiga shahidning savobi bordir, har bir o‘pishiga jannatda bir uy bordir".
498. Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Alloh taolo mo‘minni yaxshi ko‘radi. Uning oilasini va farzandini ham yaxshi ko‘radi. Allohga eng sevimli narsa kishining ayoli va bolalari bilan dasturxon ustida birga yeb o‘tirganini ko‘rishdir. Agar ular dasturxon ustida yig‘ilsalar, ularga rahmat nazari bilan qaraydi va joylaridan tarqalmasdan gunohlarini kechiradi".
499. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Qaysi mo‘min farzandlari bilan birga ovqat yeyishni yaxshi ko‘rsa, arshning tagidan o‘nta farishta: "Ey Allohning bandasi, amalingni boshla, Alloh gunohlaringni kechirdi", deb nido qiladi".
500. Abu Said Xudriy (r.a.) aytadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Agar mo‘min kishi farzandlari bilan birga ovqatlansa, bir qul ozod qilganning savobi yoziladi
va uning uchun shahar barpo etiladi, yana Alloh taolo unga nomai a’molini o‘ng tomonidan beradi", dedilar".
501. Jobir (r.a.) rivoyat qiladi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Farzandlarni yaxshi ko‘rish do‘zaxdan pardadir. Ular bilan birga ovqatlanish do‘zaxdan panoh topish va ularga ikrom ko‘rsatish jannatga o‘tishga ruxsatnomadir».
Alloh biluvchiroqdir.
Ahli ayolga nafaqa qilish bobi hadislari
488-hadis. Sahih. Tabaroniy rivoyat qilgan.
489-hadis. Sahih. Muslim, Termiziy rivoyat qilgan.
490-hadis. Sahih. Ahmad, Asbahoniy rivoyat qilgan.
491-hadis. Sanadi topilmadi.
492-hadis. Sahih. Buxoriy, Ahmad, rivoyat qilgan.
493-hadis. Zaif. Abu Na’im, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
494-hadis. Zaif.
495-hadis. Sahih. Ahmad, Termiziy rivoyat qilgan.
496-hadis. Hasan. Termiziy, Ibn Abu Shaybo rivoyat qilgan.
497–501-hadislar. Sanadi topilmadi.
QIRQ UCHINCHI BOB
QO‘L OSTDAGILARNING RIOYASI HAQIDA
502. Ato ibn Yasor aytadilar: "Abu Zarr (r.a.) xizmatkorining yuziga urdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga bu haqda shikoyat qilishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Namoz o‘qiydigan xizmatkorlaringizning yuziga urmanglar, o‘zlaringiz yeydigan narsadan ovqatlantiringlar va o‘zlaringiz kiyadigan kiyimdan kiydiringlar. Agar ulardan shubha qilsalaringiz, sotib yuboringlar".
Omir Sha’biy (r.a.) rivoyat qiladi: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan biri xotinidan suv so‘radilar. Xotini cho‘risini chaqirdi. Cho‘ri sekin kelgan edi, xotini uni zinoga oid so‘z bilan so‘kdi. Sahobiy: "Ogoh bo‘l, sen unga qiyomat kunida dushman bo‘lasan yoki sen aytgandek shohidlik beradigan to‘rtta shohid keltirasan",
dedi. Xotini bu so‘zlarni eshitib cho‘rini ozod qildi. Sahobiy keyin: "Bu ishing gunohing kafforatiga yaqin bo‘ldi", dedi".
503. Abu Zarr (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Qul birodarlaringizni Alloh taolo sizlarning qo‘l ostingizda qilib qo‘ydi. Kimning birodari qo‘l ostida bo‘lsa, o‘zi yegan ovqatdan yedirsin, o‘zi kiygan kiyimdan kiydirsin. Ularni toqatlari ko‘tarmaydigan narsalarga buyurmasin, agar buyursanglar, ularga yordam beringlar".
504. Abu Bakr Siddiq (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Quliga yomonlik qiluvchi jannatga kirmaydi. Ularni farzandlaringizni ikrom qilgandek, ikrom qilinglar va o‘zlaringiz yeydigan ovqatdan yediringlar", dedilar Nabiy sollallohu alayhi vasallam. "Bizga dunyoda nima foydali?" deb so‘radim. "Allohning yo‘lida harakat qilish uchun bog‘lab qo‘yilgan ot va kifoya qiladigan qul, agar u namoz o‘qisa, birodaringizdir", dedilar".
505. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan bir kishi: "Xizmatchilarimizni qancha kechiraylik?" deb so‘radi. "Har kuni yetmish marta", dedilar u zot sollallohu alayhi vasallam.
506. Qatoda (r.a.) aytadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘lim oldidagi oxirgi kalomlari bunday bo‘ldi: "Namoz va qo‘l ostingizdagi qullaringiz", ya’ni, besh vaqt namozni saqlanglar va qo‘l ostingizdagi xizmatchilaringizga yaxshi muomalada bo‘linglar, dedilar".
507. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Bir ayol o‘zining mushugi sababli do‘zaxga kirdi. U uni uyga qamab qo‘ydi, ovqatlantirmadi, sug‘ormadi, qo‘yib ham yubormadi. Mushuk o‘lgunicha yerdagi narsalardan yedi, keyin o‘ldi".
508. Abu Hurayra (r.a.) aytadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qoq tushda bog‘lab qo‘yilgan tuyaning oldidan o‘tdilar. Ishlarini bajarib qaytayotganlarida tuyani hamon o‘sha holatda turganini ko‘rdilar. Uning egasini chaqirib: "Sen bu tuyaga bugun o‘t berdingmi?" dedilar. "Yo‘q", dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunda: "U qiyomat kunida sen bilan hujjat talashadi", dedilar". Ya’ni, qiyomat kuni Alloh taologa ustingdan shikoyat qiladi.
509. Ali ibn Abu Tolib (r.a.) rivoyat qilardi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam xutbalarida: "Ey odamlar, Allohdan qo‘rqinglar! Qo‘l ostingizdagi xizmatkorlaringizga yeydigan narsalaringizdan yediringlar, kiygan narsalaringizdan kiydiringlar. Ularga toqatlari ko‘tarmaydigan ishlarni yuklamanglar", dedilar.
510. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Qullaringiz... qullaringiz... ularga o‘zingiz yeydigan ovqatdan beringlar, kiyadigan narsalaringizdan kiydiringlar. Agar gunoh qilsalar, kechiringlar, agar kechirishni xohlamasanglar, sotib yuboringlar, Allohning yaratganini azoblamanglar".
"Qullaringiz" deganlari ularga e’tibor beringlar, izzat ko‘rsatinglar, ma’nosida.
511. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Agar birontangiz xodimini urayotganda, u
Allohni zikr qilsa, urishdan tiyilinglar", deganlar.
512. Yana bir hadislarida aytadilar: "Qo‘l ostidagi xodimga yaxshilik qilish – baxtiyorlik, uni qiyinchilikka solish badbaxtlikdir".
Rivoyat. Hazrati Ali (r.a.) g‘ulomlarini bir, ikki, uch marta chaqirdilar. U javob bermadi. Uning oldiga borib: "Ey g‘ulom, eshitmadingmi?" dedilar. Fulom: "Eshitdim", dedi. Ali: "Javob berishingga nima to‘sqinlik qildi?" dedilar. Xodim: "Sizni jazolamasligingizni bilib dangasalik qildim", dedi. Shunda Ali (r.a.): "Bor, Alloh yo‘lida sen ozodsan", dedilar.
Rivoyat. Usmon (r.a.) gunohi uchun xodimining qulog‘idan tortdilar. So‘ng bu ishlariga pushaymon bo‘lib, xodimlariga: "Tur-da, mening qulog‘imni kuching boricha tort, shoyad Alloh taolo meni kechirsa", dedilar. Xodim u kishiga aytdiki: "Ey xo‘jayin, men ham siz qo‘rqandek qiyomat Egasidan qo‘rqaman, sizdan buni kechdim, shoyad Alloh fazli bilan meni ham kechirsa".
513. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Uch kishiga ajri ikki barobar qilib beriladi: Joriyasi bo‘lib, unga chiroyli tarbiya bergan, so‘ng ozod qilib, unga uylangan kishiga ikkita ajr; ahli kitobdan bo‘lib, o‘zining payg‘ambariga imon keltirgan, so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yetishib, u zotga ham imon keltirgan kishiga ikkita ajr; Alloh taoloning haqqini va egasining haqqini ado etgan qulga ikkita ajr".
Hasan Basriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishidan: "Xo‘jayin qulini bir narsaga yuborsa va namoz vaqti bo‘lib qolsa, qaysi birini bajaradi?" deb so‘rashdi. "Xo‘jayinining hojatini qiladi", deb javob berdilar.
Faqih (r.a.) aytadilar: Ya’ni, agar hali vaqti bo‘lsa, namozning o‘tib ketishidan qo‘rqmasa. Ammo namoz o‘tib ketishidan qo‘rqsa, namozni kechiktirmog‘i joiz emas. Chunki:
514. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Allohga gunoh bo‘ladigan ishda maxluqqa itoat yo‘q", deb aytganlar.
Kishi quli bilan yaxshi muomala qilishi chiroyli sanalgandir. Unga toqati yetmaydigan ishni yuklamaydi, chunki Alloh taolo bandalariga toqatlari yetmaydigan ishni taklif etmadi. U bilan chiroyli muomala qilmog‘i lozim, chunki chiroyli muomala mo‘minlarning axloqidir.
515. Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishi bir bo‘lak nonni ko‘rib, xizmatkoriga: "Uni ol, undan aziyatni ketkiz", dedilar. Kechqurun bo‘lgach, og‘iz ochmoqni iroda qildilar va xizmatkorlaridan: "Siniq nonni nima qilding?" deb so‘radilar. "Uni yeb qo‘ydim", dedi. Shunda u zot: "Bor, sen ozodsan, men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning: "Kim ushatilgan non topsa va uni olib yesa, qorniga yetmasdan, Alloh uni kechiradi", deganlarini eshitganman. Men Alloh gunohini kechirgan kishini qulim deyishni yomon ko‘raman", dedilar.
Dostları ilə paylaş: |