Nizolashganlar o‘rtasini isloh qilish va arazlashishdan qaytarish bobi hadislari
823-hadis. Muttafaqun alayh.
824-hadis. Zaif.
825-hadis. Zaif.
826-hadis. Sahih. Muslim, Abu Dovud rivoyat qilgan.
827-hadis. Hasan. Ibn Hibbon, Bayhaqiy, Tabaroniy rivoyat qilgan.
828-hadis. Hasan-sahih. Termiziy, Ibn Mojja rivoyat qilgan.
829-hadis. “Kanzul-ammol”da keltirilgan.
830-hadis. Sahih. Ahmad, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan.
831-hadis. Juda zaif. Ibn Abud Dunyo, Bayhaqiy, Asbahoniy rivoyat qilgan.
832-hadis. Sahih. Muslim, Molik, Ahmad rivoyat qilgan.
833-hadis. Sahih. Muslim rivoyat qilgan.
834-hadis. Muttafaqun alayh.
835-hadis. Isnodi noma’lum. “Al-majma’”ga qarang.
YETMISH OLTINCHI BOB SULTONLARGA ARALASHISH
836. Faqih Abu Lays Samarqandiy (r.a.) aytadilar: Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinishicha, Payg‘ambar (s.a.v.) aytganlar: “Olimlar sultonlarga aralashmasalar va dunyoga kirmasalar, payg‘ambarlarning omonatdorlaridir, agar sultonga qo‘shilsalar, dunyoga kirishib ketsalar, bas, ulardan uzilinglar va ehtiyot bo‘linglar”.
837. Ubayd ibn Umayr rivoyat qiladi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Kishi sultonga qancha ko‘p yaqinlashsa, Allohdan shuncha ko‘p uzoq bo‘ladi. Agar unga ergashuvchilar ko‘paysa, demak, uning shaytonlari ko‘payadi, moli ko‘paysa, demak, hisobi qattiqlashadi”.
Huzayfa (r.a.): “Fitnalarga muvofiq bo‘lib olishdan saqlaninglar”, dedilar. “Fitnaga muvofiq bo‘lish nima?” deb so‘rashdi. Aytdilar: “Amirlarning eshigiga borish”. Ibn Umarga: “Biz sulton oldida bir so‘zni gapiramiz, chiqqandan keyin esa, uning teskarisini gapiramiz”, deyishdi. U kishi: “Biz bu narsani munofiqlik deb sanaymiz”, dedilar.
Ibn Mas’ud (r.a.): “Agar dindor kishi saltanat egasi oldiga kirsa, dinsiz bo‘lib chiqadi”, dedilar. “Qanday qilib?” deb so‘rashdi. “Allohning g‘azabini keltiradigan narsalar bilan uni rozi qiladi”, dedilar Ibn Ma’sud (r.a.).
Oldingilardan biri aytgan ekan: “Agar qorining boylar bilan aralashganini ko‘rsang, bilginki, u riyokordir. Agar olimning amrilar bilan aralashganini ko‘rsang bilgilki, u o‘g‘ridir”.
Abu Hurayra (r.a.) aytadilar: “Bu ummatga uch narsadan zararliroq narsa yo‘qdir: pulni yaxshi ko‘rish, boshliq bo‘lishga intilish va sultonlar eshigiga qatnash. Batahqiq, Alloh taolo ulardan chiqish yo‘llarini ko‘rsatib qo‘ygandir”.
Makhul (r.a.) aytadilar: “Kim Qur’onni o‘rganib, din ilmida faqih bo‘lganidan keyin sulton eshigiga xushomadgo‘ylik qilib kelsa va uning boyligidan tama’ qilsa, jahannamga
g‘arq bo‘libdi”.
Maymun ibn Mahron aytadilar: “Sultonning suhbati xatarlidir. Agar unga itoat qilsang, diningda xatar bo‘ladi, osiylik qilsang, nafsingga zarar. Yaxshisi, seni u tanimagani ma’qul”.
Fuzayl ibn Iyoz (r.a.) aytadilar: “Agar kishi sultonlar bilan aralashmasa va farzlari ustiga farz qo‘shmasa, kunduzi ro‘za tutib, kechalari namoz o‘qib, haj va jihod qilib, ammo sultonlarga qo‘shilib yurgan kishidan yaxshidir”.
838. Hasan Basriy (r.a.) Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilar: “Modomiki, abrorlari fojirlarini ulug‘lamasa, yaxshilari yomonlarga do‘st bo‘lmasa, qorilari amirlariga mayl qilmasa, Allohning qo‘li bu ummatning ustida davomli bo‘ladi. Agar aksincha bo‘lsa, Alloh ulardan barakani ko‘taradi va ularga zolimni bosh qilib, qalblariga qo‘rqinch soladi va ularni kambag‘allashtirib qo‘yadi.
Iso ibn Maryam (u zotga va onalariga Allohdan salovot va salomlar bo‘lsin) aytganlar:
“Ey ulamolar, podshohlar hikmatni sizlarga tashlab qo‘yganidek, sizlar uning mulkini o‘zlariga qoldinglar”.
839. Shaqiq ibn Salama rivoyat qiladilar: “ Umar ibn Xattob (r.a.) Bashr ibn Osim Saqafiyni Havozin qabilasining zakotiga bosh qilib tayinladilar. Ammo u rozi bo‘lmadi. Umar (r.a.): “Nimaga rozi bo‘lmaysan, sen bizga itoat qilishing shart ekanini bilmaysanmi?” dedilar. Shunda Bashr aytdi: “Bilaman, lekin men Payg‘ambarning (s.a.v.): “Qaysi kishi odamlarga boshliq qilib tayinlansa, qiyomat kuni u keltiriladi-da, jahannam ko‘prigi ustida to‘xtatiladi. Agar yaxshi bo‘lgan bo‘lsa, najot topadi, agar yomon bo‘lgan bo‘lsa, ko‘prikdan yetmish yillik pastga qulaydi”, deganlarini eshitganman”. Keyin Umar (r.a.) xafa bo‘lib chiqdilar. U kishiga Abu Zarr (r.a.) duch kelib: “Nima bo‘ldi, xafa ko‘rinasiz?” deb so‘radilar. Hazrati Umar Bashr ibn Osimning gapini aytdilar. Abu Zarr: “Bu hadisni ilgari eshitmaganmidingiz?” dedilar. Umar: “Yo‘q” deb aytdilar. Abu Zarr shunda: “Guvohlik beramanki, men Nabiyning (s.a.v.): “Kim odamlardan loaqal bittasiga boshliq qilib tayinlansa, qiyomat kuni keltirilib, jahannam ko‘prigi ustiga to‘xtatiladi. Agar yaxshi bo‘lgan bo‘lsa, najot topadi va agar yomon bo‘lsa, ko‘prikdan yetmish yillik pastga qulaydi. U joy qop-qorong‘i zulmatdir”, deganlarini eshitganman”, dedilar”.
840. Oyisha onamiz (r.a.) Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilar. U zot aytadilarki: “Qiyomat kuni adolatli qozi keltirilib, qattiq hisob qilinganidan so‘ng, hecham ikki kishi orasida hukm qilishni istamay qoladi”.
841. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilar: “Kim hukm chiqarishga tayinlansa, pichoqsiz so‘yilibdi”.
Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) Abu Jafar oldiga kirganlarida u: “Ey Abu Hanifa, bizning ishimizga yordam bering”, dedi. U zot aytdilar: “Men sizga yordam berishga qodir emasman”. Xalifa yana: “Subhonalloh, bizning ishimizga yordam bering”, dedi. Abu Hanifa aytdilar: “Ey mo‘minlarning amiri, agar meni rostgo‘y bilsangiz, demak haqiqatda qodir emasman, mabodo yolg‘on aytyapti, deb o‘ylasangiz, yolg‘onchini bu ishga tayinlashingiz halol emas”, deb javob qildilar.
842. Abu Muso Ash’ariy (r.a.) aytadilar. Payg‘ambar (s.a.v.) huzurlariga kirdim, men bilan yana ikki kishi kirib: “Ey Rasululloh, bizlarga bir vazifa bering, ishlaymiz”, deyishdi. Payg‘ambar (s.a.v.) shunda aytdilar: “Biz vazifa talab qilib kelgan kishiga vazifa bermaymiz”.
843. Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qilinishicha, u zot Ka’b ibn Ujraga: “Ey Ka’b, Alloh senga ahmoqlarning amirligidan panoh bersin”, deb uch marta aytdilar. Keyin davom etdilar: “U amirlar mendan keyin keladi. Kim ularning yolg‘on so‘zlarini to‘g‘ri desa va qilayotgan zulmlariga yordam bersa, ular mendan uzoqdirlar, men ulardan bezorman. Ey Ka’b, har bir go‘shtki, harom yo‘l orqali topilgan narsa bilan o‘sgan bo‘lsa, undan o‘t yaxshidir. Ey Ka’b, ro‘za to‘siqdir, sadaqa xatolarni o‘chiradi. Namoz yaqinlikdir. Ey Ka’b, odamlar ikki sinf bo‘ladi: nafsini sotib olib, so‘ngra ozod qilganlar va nafsini sotib, halokatga tushuvchilardir”
844. Muso ibn Abdusamad Zazzondan rivoyat qiladilar: “Biz Abdulloh ibn Abbos (r.a.)
bilan birga u kishiga qarashli tepalikda edik. U kishi Payg‘ambarning (s.a.v.)
sahobalaridan. O‘shanda odamlar narsalarini ko‘tarib, ko‘chib ketayotganini ko‘rdilar va
“Ularga nima bo‘ldi?” deb so‘radilar. “Ular vabodan qochib ketyapti”, deyishdi. Ibn Abbos (r.a.) aytdilar: “Ey vabo, meni ol, meni ol”. “Nima uchun o‘limni so‘rab duo qilyapsiz? Siz Rasulullohning sohibisiz, o‘ziga o‘lim tilashdan qaytarganlarini eshitgansiz- ku?” deyishdi. Ibn Abbos (r.a.) aytdilar: “Payg‘ambar (s.a.v.) ummatlariga kelishidan qo‘rqqan olti narsa uchun Allohdan o‘lim so‘rayman”. Biz: “U nima edi?” deb so‘radik. “Bolalarning boshliq bo‘lishi, shartlarning ko‘payishi, hukmga poraning aralashishi, qarindoshlarchilikning uzilishi, qon to‘kishning yengil bo‘lishi va bu Qur’onni mazomir (surnay kuyi) kabi qilib olishlari. Bunda afzal yoki faqih kishini emas, balki faqatgina Qur’onni kuy qilib o‘qib beradigan kishini oldinga qo‘yadilar”, dedi Ibn Abbos.
Hasan Basriy (r.a.) aytadilar: “U kishi ibn Hubayraning eshigi oldidan o‘tayotganlarida
(u kishi boy bo‘lgan), qori kishilardan bir nechalarini ko‘rib, aytibdilar: “Ey qorilar! Nima deb o‘ylaysizlar? Bu taqvodorlarning majlisidan emas”.
845. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Boylarning qo‘shnisi, amirlarning olimi va bozorlarning qorisi bo‘lishdan saqlaninglar”.
Zihhok ibn Muzohimdan aytadilar: “Men har kecha to‘shagimda to‘lg‘onib, sultonimni rozi qiladigan hamda Rabbimni g‘azabini keltirmaydigan kalimani izlayman, lekin topolmayman”.
Zikr qilinishicha, Iso ibn Muso Amir ibn Shubrimaga uchrab qoldi. Unga Amir: “Nimaga biznikiga kelmaysan?” dedi. Iso aytdi: “Siznikiga borib nima qilaman? Agar yaqinlashsangiz, meni fitnaga solasiz, agar uzoqlashtirsangiz, aziyat berasiz. Sizda men qo‘rqadigan va menda siz umid qiladigan narsa yo‘q”.
Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: “Podshohlarning eshigiga borishdan saqlaninglar. Ularning dunyosidan sizlarga biron narsa yetmaydi, lekin undan afzal bo‘lgan oxiratlaringizni ular barbod etadilar”.
Oldingi olimlarning biri aytadi: “Podshohning oldiga kirishingiz sizni uch narsaga chaqiradi: ularni rizoligini ustun qo‘yishga, ularning dunyosini ulug‘lashga, yomon amallarini poklashga. Agar o‘shalarni qilsangiz, aniq halok bo‘lasiz. La-a havla va la-a quvvata illa billahil ‘aliyyil ‘azim”.
Sultonlarga aralashish bobi hadislari
836-hadis. Juda zaif. “Al-mavzu’ot”ga qarang.
837-hadis. Zaif. “Za’iful-jome’”ga qarang.
838-hadis. Zaif.
839-hadis. Juda zaif. Haysamiy, Tabaroniy rivoyat qilgan.
840-hadis. Zaif. Ibn Hibbon, Uqayliy rivoyat qilgan.
841-hadis. Hasan. Ahmad, Abu Dovud rivoyat qilgan.
842-hadis. Muttafaqun alayh.
843-hadis. Sahih. Termiziy, Ahmad rivoyat qilgan.
844-hadis. Sahih. Ahmad rivoyat qilgan.
845-hadis. Isnodi noma’lum.
YETMISH YETTINCHI BOB
KASALLIK VA KASALNI KO‘RISHLIK FAZILATI
846. Faqih Abu Lays Samarqandiy (r.a.) rivoyat qiladilar. Ato ibn Yasor Payg‘ambarimizning (s.a.v.) shunday deganlarini naql qilganlar: “Agar banda kasal bo‘lsa, Alloh: “Bandam kelib ketguvchilarga nima deyapti ekan?” deb unga ikki farishatni yuboradi. Agar u ziyoratchilar kelganida Allohga hamd aytsa, hamdini farishtalar Allohga yetkazishadi, holbuki, Alloh o‘zi bilib turibdi”. So‘ng: “Bandamga aytinglar, agar Men uni vafot ettirsam, jannatga kirgizaman, agar shifo bersam, uning go‘shtidan yaxshiroq go‘shtni beraman (ya’ni kasal bo‘lmaydigan) va qonini yaxshiroq qonga almashtiraman hamda gunohlarini kechiraman”.
Said ibn Vahb aytadilar: ”Salmon Forsiy bilan birga u kishining do‘stinikiga kirdik. Salmon aytdilar: “Albatta, Alloh taolo mo‘min bandaga bir kasallik bersa, so‘ng unga salomatlik beradi. U kasallik o‘tgan ayblariga kafforat, keyingilariga rozilik bo‘ladi. Alloh fojir bandani bir kasallikka duchor qilib, so‘ng salomatlik beradi. U kasallik bog‘lab qo‘yilgan tuyaga o‘xshaydi. So‘ng uni qo‘yib yuborishadi. Ular nimaga bog‘lashdi, nimaga qo‘yib yuborishdi, bilmaydi”, dedilar.
847. Ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: ”Payg‘ambarning (s.a.v.) huzurlariga kirdim. U kishi darmonsizlikdan xasta edilar. Shunda qo‘llaridan tutib: “Sizga darmonsizlik va lohaslik qattiq tegibdi”, dedim. “Ha, – dedilar, – sizlardan ikki kishining kasali bilan kasallandim”. “Sizga ikki baravar ajr bor”, dedim. U zot: “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, yer yuzida qaysi muslimga kasallik yetsa, Alloh taolo uning xatolarini daraxt barglari to‘kilganidek to‘kadi”, dedilar.
848. Payg‘ambar (s.a.v) aytadilar: “Agar mo‘min nafsga isitma qelsa, nafsning ichidan ruh nido qiladi: “Ey isitma, bo‘ mo‘min nafsdan nima xohlaysan?” Isitma: “Ey yaxshi ruh, bu nafsing pok edi. Uni gunohlar va xatolar iflos qildi. Men uni o‘shalardan poklayman”, deb javob beradi. Shunda ruh aytadi: “Unday bo‘lsa, yaqin kel, yaqin kel, yaqin kel va uni pokla”.
Ibn Ashja’ aytadilar: “Muhojirlardan bittasi kasal bo‘ldi. Shunda: “Menga yetdiki, kasalning kasalligida to‘rtta xislat bordir: undan qalam ko‘tariladi, ajr sog‘ paytida amal qilganidek oqib kelaveradi va hamma xatolari bo‘g‘imlaridan ketadi, agar vafot etsa, kechirilgan holda vafot etadi, agar yashab ketsa, kechirilgan holda yashaydi”.
Maoz ibn Jabal (r.a.) aytadilar: ”Agar Alloh taolo mo‘min bandani kasallikka duchor qilsa, chap tomon farishtasiga: “Undan qalamni ko‘tar”, deb, o‘ng tomon farishtasiga: “Bandamga sog‘liq vaqtidagi amalidan ham yaxshirog‘ini yoz”, deb buyuriladi.
849. Abu Hurayra (r.a.) aytadilar: “Isitma Payg‘ambar (s.a.v.) oldlariga qora ayolga o‘xshab keldi. Undan: “Sen kimsan?” deb so‘radilar. “Maldamning onasiman”, dedi. “Nima ish bilan shug‘ullanasan, ey Maldamni onasi?” deb so‘radilar so‘ng. “Go‘sht yeyman, qon hidlayman, issiqligim jahannam issig‘idandir”, deb javob qildi. Payg‘ambar (s.a.v) uning isitma ekanini bildilar.
So‘ng isitma aytdi: “Ey Rasululloh, meni o‘zingiz yaxshi ko‘rgan ahlingizga yuboring”. Nabiy (s.a.v.) uni ansorlarga yubordilar. Ularni yetti kun isitma oldi. Oh-vohlari
Payg‘ambarga (s.a.v.) yetdi. Keyin duo qildilar, Alloh ulardan isitmani ko‘tardi. Shundan so‘ng Payg‘ambar (s.a.v.) ularni ko‘rgan vaqtlarida: “Xush kelibsizlar, ey Alloh taolo pok qilib qo‘ygan qavm” der edilar.
850. Ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilarki: “Kasallaringizni taom va suvga majburlamang. Chunki Alloh taolo ularni ovqatlantirib sug‘oradi”.
851. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Kasalning ingrashi – tasbeh, ohi – tahlil, nafasi – sadaqa, uyqusi – ibodatdir, bir tomondan ikkinchi tomonga ag‘darilishi – Alloh yo‘lida jihoddir. Unga sog‘liq vaqtidagi amalidan yaxshiroq amal yoziladi” (Bu hadisni Vahabiy botil degan).
852. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “To‘rt kishi hayotni qayta boshlaydi: kasaldan turgan kishi, Islomga kirgan mushrik, mo‘min holatida savob umidida juma o‘qib qaytgan kishi va halol kasbdan haj qiluvchi”.
853. Payg‘ambar (s.a.v.) yana aytadilar: “Uchta narsa yaxshilik xazinasidandir:
kasallikni yashirish, sadaqani maxfiy qilish va musibatini berkitish”.
854. Rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Solmon Forsiyning oldlariga kirdilar. U kishi kasal edilar. Shunda Nabiy: “Sening bu yotishingda uchta xislat bordir: Robbingdan eslatma, poklik va oldingi gunohlaringga kafforat, kasal kishining duosi mustajobdir, qodir bo‘lganingcha, Allohga duo qil”, dedilar.
Ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: “Kasallikka ajr yozilmaydi. Ajr amaldadir. U xatolarga kafforat qilinadi”.
Faqih aytadilar: “Ajr kasallik uchun yozilmaydi. Lekin sog‘lom bo‘lganida qiladigan amali mislicha ajr yoziladi, chunki hozir bundan ojiz, agar salomat bo‘lganida, oldin amal qilganidek amal qilishini Alloh taolo biladi va unga o‘sha amallarning savobi yozadi. Kasalligi uning gunohlari uchun kafforatdir. Ya’ni, qilgan gunohlariga tavba qilsa, kafforat, agar tavba qilmay sog‘aysa, oldingi yomon amallariga qaytishni niyat qilsa, unga kafforat bo‘lmaydi”.
855. Hasan Basriydan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Isitma har bir mo‘minning do‘zaxdan (bo‘lgan) nasibasidir”.
856. Abu Said Xudriy (r.a.) Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilar: “Rabbiingiz: “ Izzatim va ulug‘ligimga qasamki, rahm qilishni hohlagan bandamni hamma xato amallari uchun jasadiga yoki yashashiga bir tanglik berish bilan uni poklamagunimcha dunyodan chiqarmayman. O‘shalardan ham qolsa, unga o‘limini qattiq qilaman, toki Mening
oldimga onadan yangi tug‘ilgandek keladi. Agar azob berishni xohlasam, hamma yaxshiliklarning ajrini jasadini sog‘lom qilish yoki rizqini keng qilish bilan bermagunimcha dunyodan chiqarmayman. Shunda ham qolsa, unga o‘limni yengil qilaman, hattoki mening oldimga yaxshiligi yo‘q holda keladi”, dedi”.
Osim ibn Ahval Abul Oliyaning shunday deganlarini rivoyat qiladilar: “Bizlar ellik yildan beri, bir kishi kasal bo‘lsa, onadan yangi tug‘ilgandek, gunohlardan pok bo‘ladi, der edik.
Alloh taolo ham aytadi: “Bandamga uning jonini olgunimcha yoki shifo bergunimcha sog‘ligida qilgan amallari kabi(ajr) yozinglar”.
857. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Kim kasal ko‘rgani borsa, u rahmat hovuzida suzadi. Agar kasalning oldida o‘tirsa, uning ichiga cho‘kadi”.
858. Ibn Umar (r.a.) Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qiladilar: “Kim kasalni ziyorat qilsa, go‘yoki Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutgandekdir. Bir kuni yetti yuz kunga teng”.
Rivoyat qilinishicha, bir kishi Ummu Dardoning oldida keldi va qalbining qattiqligidan shikoyat qildi. Aytdilar: “Uning eng katta davosi kasallarni borib ko‘rish, janozaga qatnashish va qabristonga chiqib turish”. U keyin shunday qildi va ichida bir xursandchilik tuydi, so‘ng uning oldiga kelib: “Sizni Alloh mukofotlasin”, dedi.
Kasallik va kasalni ko‘rishlik fazilati bobi hadislari
846-hadis. Boshqasiga ko‘ra, sahih. Molik, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
847-hadis. Muttafaqun alayh.
848-hadis. Doruqutniy uni zaif sanagan.
849-hadis. Bayhaqiy rivoyat qilgan.
850-hadis. Uqayliy, Doruqutniy rivoyat qilgan.
851-hadis. Botil. Xatib, Ibn Javziy rivoyat qilgan.
852-hadis. Daylamiy rivoyat qilgan.
853-hadis. Juda zaif. Tabaroniy, Abu Na’im rivoyat qilgan.
854-hadis. Zaif. Ibn Abud Dunyo, Ibn Asokir rivoyat qilgan.
855-hadis. Shohidlariga ko‘ra, sahih. “As-sahiha”ga qarang.
856-hadis. Munzariy rivoyat qilgan.
857-hadis. Sahih. Ahmad, Ibn Hibbon rivoyat qilgan.
858-hadis. Izohi keltirilmagan.
YETMISH SAKKIZINCHI BOB
NAFL NAMOZLARINING FAZILATI
859. Faqih Abu Lays Samarqandiy (r.a.) aytadilar: ”Hasan Basriy (r.a.) Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilarki: “Namoz o‘qiydigan kishi uchun uch xislat bordir: farishtalar uning oyog‘idan to osmonning oxirigacha o‘rab oladilar; unga osmonning oxiridan boshidagi farqiga qadar yaxshilik tushadi; farishta: “Agar bu namozxon kim bilan suhbatlashayotganini bilganida, namozini tugatmas edi”, deb nido qiladi.
860. Umar (r.a.) rivoyat qiladilar: “Payg‘ambar (s.a.v.) qo‘shin jo‘natdilar. Qo‘shin g‘animga tezlikda hujum qilib, katta o‘ljani qo‘lga kiritdi. Shunda: “Ey Rasululloh, sizning qo‘shiningizdek tezkor hujum qilib, katta o‘ljani qo‘lga kiritgan qo‘shinni ko‘rmaganmiz”, deyishdi. Nabiy (s.a.v.): “Sizlarga tezkor hujum qilib, katta o‘ljalar oladigan qo‘shinimdan ham yaxshi bo‘lganlarning xabarini beraymi?” dedilar. “Ha, ayting, ey Allohning elchisi!” deyishdi. Aytdilar: “Bir qavmki, bomdodni o‘qiydi. Keyin joylarida o‘tirib, Alohni zikr qiladi. Quyosh chiqqandan so‘ng ikki rak’at namoz o‘qiydi. Keyin ahllarining oldiga qaytadi. Ana o‘shalar tez hujum qilib, katta o‘ljalar oladiganlardir”.
861. Abu Zarrdan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Odam bolasi tanasining har bir bo‘g‘ini uchun har kuni sadaqa qilishi shart. Yaxshi ishga chaqirishing
– sadaqa, yomon ishdan qaytarishing – sadaqadir, Allohni zikr qilishing – sadaqa va ahling bilan jimo’ qilishing ham sadaqa”. “Ey Allohning elchisi, agar kishi shahvatini qondirsa, u ham sadaqa bo‘ladimi?” deb so‘radik. “Agar shu ishni Alloh harom qilgan tomonda bajarsa, gunohkor bo‘ladimi?” deb so‘radilar. “Gunohkor bo‘ladi dedik”, dedik. “Demak, agar uni Alloh halol qilgan o‘rinda qilsa, u sadaqadir. Ammo bularning hammasidan ham ikki rak’atli zuho namozi ustundir”, dedilar Nabiy (s.a.v.).
862. Abu Rofi’ rivoyat qiladi. Nabiy (s.a.v.) Abbosga (r.a.): “Ey amaki, sizga silai rahm qilaymi, hadya beraymi, yo sizga manfaat keltiraymi?” deb so‘radilar. “Ota-onam fido bo‘lsin sizga, manfaat bering”, dedilar Abbos. Nabiy (s.a.v.): “Turib to‘rt rak’at namoz o‘qing, har bir rak’atda Fotiha bilan bitta sura o‘qing. Qiroat tamom bo‘lsa: “Subhonallohi valhamdulillahi va la-a ilaha illallohu vallohu akbar”, deb o‘n besh marta ayting, keyin ruku’ qiling va shu kalimani o‘n marta ayting. Boshingizni ko‘tarib, uni yana o‘n marta ayting, keyin sajdada ham o‘n marta ayting, so‘ng boshingizni ko‘tarib sajda qilib, yana o‘n marta ayting. Boshingizni sajdadan ko‘tarib, turishingizdan oldin tag‘in o‘n marta ayting. Bular har rak’atda yetmish beshta, to‘rtta rak’atda esa uch yuzta bo‘ladi. Agar gunohingiz cho‘lning qumichalik bo‘lsa ham, Alloh taolo sizni kechiradi”, dedilar. Abbos aytdilar: “Agar uni banda har kuni qilishga qodir bo‘lmasa- chi?” “Har oyda qilsin”, dedilar Nabiy (s.a.v.). “Har oyda ham qodir bo‘lmasa-chi?” dedilar. Aytdilar: “Bir yilda bir marta qilsin”.
Ka’bul Ahbor aytadilar (r.a.): “Agar birontangiz ikki rakkat nafl namozining savobini ko‘rolganida edi, uning tog‘dan ham balandroq ekanini bilardi. Farzlar esa, bu aytilganlardan-da ulug‘roqdir”.
863. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Uylaringizda namoz o‘qib turinglar, qabristonga aylantirib qo‘ymanglar”.
864. Payg‘ambar (s.a.v.) yana aytadilar: “Kishining uyida o‘qigan nafl namozi odamlar oldida o‘qigan nafl namozlaridan afzaldir. Bu jamoat bo‘lib o‘qilgan namoz kishining yolg‘iz o‘qigan namozidan afzal bo‘lgani kabi”.
865. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Kishining uyida o‘qigan nafl namozi nurdir va uylaringizni nurga to‘ldirinlar”.
866. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Kim shom va xufton namozi orasida yigirma rak’at nafl namoz o‘qisa, Alloh u uchun ahlini, molini, dinini, dunyosi va oxiratini saqlaydi. Kim bomdodni o‘qib, keyin joynamozida quyosh chiqquncha o‘tirsa, so‘ng ikki rak’at namoz o‘qisa, Alloh taolo qiyomat kuni uning uchun do‘zaxdan saqlovchi bir hijob paydo qiladi”.
867. Ibn Umar (r.a.) aytadilar: “Abu Zarrga (r.a.): “Menga vasiyat qiling, ey amaki”, deb aytdim. Aytdilar: “Kim ikki rak’at zuho namozini o‘qisa, g‘ofillardan deb yozilmaydi. Kim to‘rt raka’t o‘qisa, obidlardan deb yoziladi. Kim olti raka’t o‘qisa, unga o‘sha kuni gunoh ergashmaydi. Kim sakkiz rak’at o‘qisa, xudojo‘ylardan, deb yoziladi. Kim o‘n rak’at namoz o‘qisa, unga jannatda uy quriladi.
868. Payg‘ambarimiz (s.a.v) aytadilar: “Jannatda zuho degan eshik bor. Qiyomat kuni nido qiluvchi: “Qani zuho namozini doim o‘qiganlar? Bu eshik sizlarga, qani kiringlar”,
deb nido qiladi. Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: “Kishining namozda bardavom bo‘lishi, xuddi podshoh eshigini taqillatganga o‘xshaydi. Chunki kim pldshoh eshigini taqillatsa, eshik ochilishi shubhasiz. Kechasi o‘qilgan namozning kunduzi o‘qilgan namozdan ortiqligi yashirin sadaqaning oshkor sadaqadan afzalligi kabidir”.
869. Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v. aytdilar: “Alloh zikr etilgan yoki namoz o‘qilgan bir parcha yer yetti qavat yergacha xursandligini bildiradi va atrofdagi yerlar oldida faxrlanadi. Banda yerning qay bir sahrosida namoz o‘qishni xohlasa, yer unga ziynatlanadi.
870. Xolid ibn Ma’don (r.a.) aytadilar: “Eshitishimcha, Parvardigor uch kishi bilan farishtalariga faxrlanadi: bir kishiki, saxrosida yolg‘iz o‘zi azon, takbir aytib, namoz o‘qiydi. Shunda Alloh aytadi: “Qaranglar, bandamning bir o‘zi namoz o‘qiyapti, uni mendan boshqa hech kim ko‘rmaydi”. So‘ngra yetmish ming farishta tushib, uning orqasida namoz o‘qishadi. Yana bir kishiki, kechasi namoz o‘qiydi, sajda qiladi, so‘ngra uxlaydi. Alloh shunda aytadi: “Sajda qiluvchi bandamga qaranglar, xayoli Menda, jasadi Menga sajda qilyapti”. Yana urushda o‘lgunicha sobitqadamlik bilan jang qilgan kishi bilan faxrlanadi”.
871. Mu’ofiy ibn Imron (r.a.) aytadilar: “Mo‘minning izzati, odamlardan behojat bo‘lish, sharafi kechasi turib namoz o‘qishdir”.
Nafl namozlari fazilati bobi hadislari
859-hadis. Juda zaif.
860-hadis. Zaif. Termiziy rivoyat qilgan.
861-hadis. Sahih. Muslim rivoyat qilgan.
862-hadis. Sahih. Termiziy, Ibn Mojja rivoyat qilgan.
863-hadis. Sahih. Ahmad rivoyat qilgan.
864-hadis. Boshqasiga ko‘ra, sahih. “Sahihul-jome’”ga qarang.
865-hadis. Zaif. Ahmad, Ibn Mojja rivoyat qilgan.
866-hadis. Mavzu’. “Tanzixush-shari’a”ga qarang.
867-hadis. Munkar. Ibn Hibbon sahih emas, degan.
868-hadis. Juda zaif. Tabaroniy rivoyat qilgan.
869-hadis. Zaif. Abu Ya’lo rivoyat qilgan.
870-hadis. Boshqasiga ko‘ra, sahih. Abu Dovud rivoyat qilgan.
871-hadis. Hasan. Qazoiy, Hokim rivoyat qilgan.
YETMISH TO‘QQIZINCHI BOB
NAMOZNI MUKAMMAL O‘QISH VA UNDA XUSHU’ QILISH
Faqih Abu Lays Samarqandiy (r.a.) Salmon Forsiydan (r.a.) rivoyat qiladilar: “Namoz tarozi-o‘lchovdir. Kim vafo qilsa, unga ham vafo qilinadi. Kim urib qolsa, Alloh taolo urib qoluvchilar to‘g‘risida nima deganini bilasizlar”.
Huzayfa ibn Yamondan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishi bir odamning ruku’ va sajdalarni mukammal qilmay namoz o‘qiyotganini ko‘rib: “Agar shu holda o‘lsang, fitratdan boshqasida o‘lasan”, dedilar.
872. Hasan Basriy (r.a.) rivoyat qiladilar. Payg‘ambar (s.a.v.): “Sizlarga o‘g‘irlikda insonlarning eng yomonini aytaymi?” dedilar. “Ha, ayting, ey Rasululloh”, deyishdi. “U odam namozidan o‘g‘irlagan odamdir”, dedilar. “Namozdan qanday o‘g‘irlaydi?” deb so‘rashdi. Aytdilar: “Uning ruku’ va sajdalarini mukammal qilmasdan”.
Ibn Mas’ud (r.a.): “Kimni namozi yaxshilikka buyurmasa, yomonlikdan qaytarmasa, u bilan Allohga yaqinlashmaydi, balki, uzoqlashadi”, dedilar. So‘ngra ushbu oyatni o‘qidilar:
“Namozni to‘kis ado qiling! Albatta, namoz buzuqlik va yomonlikdan qaytarur”
(Ankabut, 45-oyat).
Hakam ibn Utayba (r.a.) aytadilar: “Kim namoz vaqtida o‘ng va chapga qarasa, uning namozi namoz emas”.
Muslim ibn Yasor (r.a.) ahllariga aytar edilar: “ Agar men namoz o‘qiyotgan bo‘lsam, gaplashaveringlar. Chunki men gaplaringni eshitmayman”.
Yoqub Qori’dan zikr qilinadi: U kishi namoz o‘qiyotgan paytlarida o‘g‘ri kelib, yelkalaridagi ridolarini yulib olib qochdi. So‘ng o‘rtoqlarining oldiga bordi, ular rido shayxniki ekanini bilishdi va unga: “Uni qaytarib ber. Biz solih kishining duosidan qo‘rqamiz”, deyishdi. O‘g‘ri kelib yelkalariga ridoni qo‘ydi va qilgan ishiga uzr so‘radi. Namozdan keyin u kishiga bu hodisani gapirib berishdi. U zot: “Men uning olganini ham, qo‘yganini ham sezmadim”, dedilar.
Zikr qilinishicha, Robiatul Adaviya (Alloh uni rahmat qilsin) namozda sajda qilayotgan edilar, nogoh ko‘zlariga qamishning bir parchasi kirib ketdi. Ammo buni faqat namozdan chiqqanlaridan so‘ng sezdilar.
Hasan ibn Alidan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishi tahorat qilmoqchi bo‘lganlarida ranglari o‘zgarar edi. Sababini so‘rashganida, aytdilar: “Men ulug‘, jabbor Allohning qudrati oldida qoim bo‘lmoqchiman”. Agar masjid eshigi oldiga kelsalar, boshlarini ko‘tarar va: “Ey Parvardigor, bandang eshiging oldidadir. Ey Muhsin, oldingga gunohkor keldi. Bizning yaxshilarimizga yomonni kechirishga buyurgansan. Sen Muhsinsan, men
gunohkorman. O‘zingdagi yaxshilik sababidan mendagi yomonlikni kech, ey Karim”, deb keyin masjidga kirar edilar.
873. Payg‘ambar (s.a.v.) bir odamning namozida soqolini o‘ynab turganini ko‘rdilar. So‘ng: “Agar qalbi qo‘rqsa, albatta, a’zolari ham qo‘rqar edi”, dedilar.
Ali ibn Abu Tolib (r.a.) namoz vaqti kirsa, ko‘kraklari qaltirar, ranglari o‘zgarar edi. Bu haqda so‘rashganida: “Alloh taolo yer, osmon va tog‘larga taklif qilgan, ammo ular bosh tortgan, inson esa, qabul qilgan omonatni ado qilish vaqti keldi. Bilmaymanki, bo‘ynimga olgan vazifamni yaxshi ado qildimmi yoki yo‘q!” deb javob berdilar.
Bu kalom Zaynul Obidin Ali ibn Husayn ibn Abu Tolibdan (r.a.) ham rivoyat qilingan. Said ibn Jubayr (r.a.) aytadilar: “Biz Toifda ibn Abbos huzurida masjidda edik. Men,
Ikrima, Maymun ibn Mahron, Abul Oliya va boshqalar bor edi. Shu payt muazzin mezanaga ko‘tarilib, “Allohu akbar, Allohu akbar”, deb azonni boshladi. Ibn Abbos (r.a.) shunda yig‘ladilar. Yig‘laganlaridan ridolari ho‘l bo‘lib ketdi. Bo‘yin tomirlari shishib, ko‘zlari qizarib ketdi. Abul Oliya: “Ey Rasululloh amakilarining o‘g‘li, bu yig‘i qanday yig‘i? Bu qo‘rqinch nima qo‘rqinch? Bizlar ham azonni eshitayapmiz, yig‘lamayapmiz-ku, faqat siz yig‘laganingiz uchun yig‘layapmiz”, dedi. Ibn Abbos (r.a.): “Agar odamlar
muazzin nima deb aytayotganini bilganlarida edi, uxlamas, dam olmas edi”, dedilar. “Bizga muazzin nima deganini bildiring”, dedik. U zot “Muazzinning “Alloh akbar, Allohu akbar” degani, ey mashg‘ullar, to‘xtanglar, badanlarga dam beringlar va amallaringizning yaxshisiga kirishinglar, deganidir. Agar muazzin: “Ashhadu alla ilaha illallloh”, desa, osmonlaru yerdagi barcha maxluqot qiyomat kunida sizlarni chaqirganim haqida Alloh huzurida men uchun guvohlik beradi, deb tushuninglar. “Ashhadu anna Muhammadar rosululloh”, degani esa, qiyomat kuni barcha payg‘ambarlar va Muhammad (s.a.v.) men sizlarni har kuni besh marta namozga chaqirayotganimga guvohlik berishadi, deganidir. “ Hayya ‘alassolah”, degani, Alloh taolo bu dinni sizlarga qoim qildi, endi siz uni qoim qiling, deganidir. “Hayya ‘lal falah” deganda esa, rahmatda suzinglar va hidoyatdagi nasibangizni olinglar, degan ma’noni tushuninglar. “Allohu akbar, Allohu akbar” degani, namozdan oldingi ishlar harom bo‘ldi”, ma’nosidadir. “La-a ilaha illalloh” degani, yetti qat yer va yetti qavat osmon omonatini yelkalaringizga qo‘ydim, hohlasangiz kelinglar, hohlasanglar, burilib ketinglar” deganidir.
874. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Ikki kimsa namozda turadi, ikkalasining ruku’ va sajdasi bir xil. Lekin namozilari orasidagi farq yer va osmon orasichadir”.
Aytishlaricha, mehrob quyidagi sababga ko‘ra mehrob (lug‘aviy ma’nosi “harb maydoni” degani) deb nomlandi. Ya’ni, u jang maydoni, qalbni mashg‘ul qilib qo‘ymasligi uchun shayton bilan jang qilinadi. Zikr qilishlaricha, Hotam Zohid (r.a.) Isom ibn Yusufning oldlariga kirdilar. Isom u kishidan: “Ey Hotam, namozni chiroyli o‘qiysizmi?” deb so‘radilar. “Ha”, dedilar. “Qanday o‘qiysiz?” “Agar namoz vaqti yaqinlashsa, tahoratni mukammal qilaman, keyin namoz o‘qiydigan o‘rinda hamma a’zolar bilan to‘g‘ri
turaman. Ka’bani ikki qoshim orasida, Ibrohim maqomini qalbimda, Alloh taolo tepamda qalbimdagi hamma narsani bilib turibdi, degan o‘yda bo‘laman. Go‘yoki qadamim sirot ustida, jannat o‘ng tomonimda, do‘zax chap tomonimda, o‘lim farishtasi orqamda va bu namoz oxirgi namozim deb gumon qilaman. Keyin qo‘rqinch bilan takbir aytaman va tafakkur bilan o‘qiyman. Ruku’ni tavoze’ bilan, sajdani yolborgan holda qilaman. Xotirjam o‘tirib, qo‘rqinch bilan tashahhud o‘qiyman va sunnatga binoan ixlos bilan
salom beraman. Xavf va umid bilan turaman. Keyin sabrda davomli bo‘laman”, dedilar Hotam. Isom: “Ey Hotam, namozingiz shundaymi?” deb so‘radilar. “Ha, shunday”. “Bu sifat bilan necha yildan beri namoz o‘qiyapsiz?” “O‘ttiz yildan beri”. Isom shunda: “Bunaqa namozni hech o‘qimaganman”, deb yig‘ladilar.
Zikr qilinishicha, Hotam (rohmatullohi alayh) bir marta jamoat namozini o‘qishni qoldirdilar. U kishiga shunda ba’zi do‘stlari ta’ziya bildirdilar. Hotam qoldirgan namozi uchun yig‘lab: “Agar o‘g‘lim o‘lganida, Balxning yarmi ta’ziyaga kelardi. Hozir jamoatni o‘tkazib yubordim, faqat ayrim do‘stlarim ta’ziya izhor etishdi. Agar o‘g‘illarim o‘lsa ham, bu musibat menga jamoatni tark qilishimdan yengilroq bo‘lar edi”, dedilar.
Hakimlardan biri aytadi: “Namoz ziyofatdir. Alloh taolo uni muvahhidlar* uchun har kuni besh marta tayyorlaydi. Ziyofatda taomlar xilma-xil bo‘lib, har bir taomning lazzat va rangi bo‘lgani kabi, namozda ham turli zikr, amallar, amallarga savob va gunohlarga kafforat bordir”.
Aytadilarki, namozxonlar ko‘p, namozni qoim qiluvchilar kamdir. Alloh taolo namozni qoim qilgan mo‘minlarni kitobida vasf qilib:
“Namozni to‘kis ado etadiganlar” (Haj surasi, 35-oyat), deb aytgan. Munofiqlarni sifatlab, ularni namozxonlar degan:
“Bas, namozlarini “unutib” qo‘yadigan kimsalar bo‘lgan “namozxon”larga halokat bo‘lg‘ay” (Mo’uvn, 4 – 5-oyatlar). Mo‘minlarni esa:
“Namozlari ado qiladilar” (Baqara, 3-oyat) deb sifatlagan. Namozni ado qilish uni davomli o‘qish, vaqtlariga rioya etish, ruku’ va sajdalarini maromida bajarishdir. Hakimlardan biri aytadi: “Odamlar namozga hozir bo‘lishda ikki sinf: xos va om. Xos odamlar namozga hurmat bilan keladi, ishonch va qo‘rqinch bilan turadi, ta’zim bilan ado qiladi, xavf bilan qaytadi. Omlar esa, g‘aflat bilan keladi, jahl bilan turadi, vasvasa bilan ado qiladi va xotirjam qaytadi”.
Hakimlar aytishadi: “To‘rt narsa to‘rt o‘ringa qadalib, to‘rt o‘rinda bosh ko‘taradi:
1. Allohning rizoligi toatga tushib, saxiylar uyida bosh ko‘taradi.
2. Allohning g‘azabi xatolarga qadalib, baxillarning ustidan chiqadi.
3. Yaxshi yashash, keng rizq savoblarda yashirinadi va namozxonlar uyida chiqadi.
4. Xarob yashash azoblarga qadalib, namozga beparvolar uyidan chiqadi”.
Ba’zi hakimlar aytishadi: “Odamlar olti narsa bilan shug‘ullanganida, sizlar boshqa olti narsa bilan shug‘ullaninglar.
1. Odamlar ko‘p amal bilan shug‘ullansa, sizlar yaxshi amallar bilan shug‘ullaninglar.
2. Odamlar fazlatlar bilan shug‘ullansa, sizlar farzlarni mukammal bajarish ila shug‘ullaninglar.
3. Odamlar tashqi ko‘rinishni isloh qilish bilan shug‘ullansa, sizlar botinni isloh qilish bilan shug‘ullaninglar.
4. Odamlar odamlarning ayblari bilan shug‘ullansa, sizlar o‘zlaringning ayblaring bilan shug‘ullaninglar.
5. Odamlar dunyosini obod etish bilan shug‘ullansa, sizlar oxiratingizni obod etish bilan shug‘ullaninglar.
6. Odamlar bandalarning rizosini qozonish bilan shug‘ullansalar, sizlar Alloh roziligini olish bilan mashg‘ul bo‘linglar”.
Dostları ilə paylaş: |