Muloyimlik bobi hadislari
893-hadis. Muttafaqun alayh.
894-hadis. Sahih. Qazoiy, Bag‘aviy rivoyat qilgan.
895-hadis. Zaif. Ibn Abud Dunyo rivoyat qilgan.
896-hadis. Sahih. Ibn Mojja, Ibn Hibbon rivoyat qilgan.
897-hadis. Avvalini Ahmad, qolganini Hokim rivoyat qilgan.
898-hadis. Sahih. Ahmad, Abu Dovud rivoyat qilgan.
899-hadis. Juda zaif.
SAKSON IKKINCHI BOB SUNNATGA AMAL QILISH
900. Faqih Abu Lays Samarqandiy (r.a.) rivoyat qiladilar. Molik aytdilar: Menga Payg‘ambarning (s.a.v.): “Sizlarga ikki narsani qoldirdim. U ikkovini ushlasanglar, hech qachon adashmaysizlar. Ular Allohning kitobi va mening sunnatimdir”, deganlarini aytib berishdi.
901. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Sunnatda ozgina amal qilish, bid’atda ko‘p amal qilishdan yaxshi. Har bir bid’at adashish va har bir adashish do‘zaxdir”.
902. Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: “Sunnatda iqtisod qilish, bid’atda ijtihod qilishdan yaxshidir”.
Hasan Basriy (r.a.) aytadilar: “So‘z amal bilan durust bo‘ladi. Amal va so‘z niyat bilan durust bo‘ladi. So‘z, amal va niyat sunnat bilan durust bo‘ladi.
903. Ma’aqqal ibn Yasor (r.a.) Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilar: “Ikki kishiga mening shafoatim yetmaydi. (Boshqa rivoyatda: “Ummatimdan ikki toifaga”, deyilgan). Zolim boshliqqa va din ishida chuqur ketuvchiga, (ya’ni dinda chuqur ketib, sunnat va jamoat yo‘lidan chiqqan kishiga).
Ubay ibn Ka’b (r.a.) aytadilar: “Alloh kitobi va sunnatni mahkam tutinglar. Qaysi banda Qur’on va hadis yo‘lida Allohni zikr qilib, Allohdan qo‘rqqanidan ko‘zi yoshlansa, unga hech qachon do‘zax o‘ti tegmaydi. Qaysi banda Alloh va sunnat yo‘lida bo‘lsa, Rahmonni eslab, ko‘ziga yosh kelsa va terilari qaltirasa, bu hol daraxtning yaproqlari qurib,
shamol uning yaproqlarini to‘kishiga o‘xshaydi. Albatta, Kitob va sunnat yo‘lida iqtisod Qur’on va sunnat xilofida ijtihod qilishdan yaxshidir. Amallaringiz hoh iqtisod, hoh ijtihod bo‘lsin, payg‘ambarlar sunnatlari va yo‘llariga muvofiq bo‘lishiga e’tibor beringlar.
904. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Bani Isroil yetmish bitta firqaga ajralib ketdi va mana bu ummat yaqinda yetmish ikki firqaga ajraladi. Yetmish bittasi do‘zaxda va bittasi jannatdadir”. “Ey Rasululloh, bu bittasi kimlar?” deb so‘radilar. Aytdilar: “ Ahli sunna va jamoa”.
905. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) yana aytadilar: “Fasod paytida sunnatimni mahkam ushlaydigan ummatlarimning ajri yuzta shahidning ajri kabidir”.
Aytishlaricha, Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) bunday deganlar: “Sizlarni kattalarni qaritadigan, kichiklarni katta qiladilan fitna qamrab olsa, odamlar ularga aldansalar, uni sunnat qilib olsalar, keyin o‘zgartirsalar va boshqasiga amal qilinsa, bu munkar ish, deb aytilsa, nima qilasizlar?” Bir kishi so‘radi: “Ey Abu Abdurahmon, bu qachon bo‘ladi?” “Agar ishonchlaringiz kamaysa, boshliqlaringiz ko‘paysa, faqihlaringiz kamaysa, qorilaringiz ko‘paysa, oxirat amali bilan dunyo qo‘lga kiritilsa, dindan boshqa narsani yaxshi tushunsalar, ana shu vaqtda ustlaringizda bir boshliqlar bo‘ladiki, agar ularga itoat qilsanglar adashasizlar, agar osiylik qilsanglar, sizlarni o‘ldiradilar”, dedilar Ibn Ma’sud. “Bizlarga nima buyurasiz, ey Abu Abdurahmon?” deb so‘rashdi. “Uyingda o‘tirib amal qil, unday qilmasang, olov yaxshidir”, dedilar.
906. Faqih rivoyat qiladilar. Abdulloh ibn Amr ibn Os (r.a.) aytdilar: “Bizlarga Payg‘ambar (s.a.v.) xutba qilib dedilar: “Ey odamlar, sahobalarimni hurmat etinglar, ularga yaxshilik qilinglar, ularni yaxshi ko‘ringlar. Chunki odamlarning yaxshisi sahobalarimdir. Men ularga (payg‘ambar qilib) yuborilganimda, ular Allohga iymon keltirib, meni tasdiqlashdi, Allohdan nima hukm keltirgan bo‘lsam, hammasiga iymon keltirishdi va ularga amal qilishdi.
So‘ngra ulardan keyingi odamlarning yaxshisi ulardan keyingi asrdagilar. Ular meni
ko‘rishmasa ham, iymon keltirib, Alloh amriga ergashishadi. So‘ngra (odamlarning yaxshisi) ulardan keyingi asrdagilar. Ular ham menga iymon keltirishadi.
So‘ng ulardan keyin shunday kishilar kelishadiki, ular namozlarini zoe’ qiladilar, shahvatlarga ergashadilar, buyurgan narsalarimni tashlab, undan qaytarganlarimni qiladilar, dinning nafslariga yoqqan tomoninigina oladilar, odamlar orasida amallari bilan riyo qiladilar, so‘ralmasa-da, qasam ichadilar, guvohlik so‘ralmasdan guvohlik beradilar, omonat berilsa, xiyonat qiladilar, omonatni ado etmaydilar, gapirganlarida yolg‘on gapiradilar, qilmaydigan narsalarini aytadilar, ulardan ilm va hilm ko‘tariladi, ularda johillik va buzuq ishlar zohir bo‘ladi, ulardan hayo va omonatdorlik ko‘tariladi, ularda hiyonat va yolg‘onchilik, ota-onaga oq bo‘lish, qarindoshchilikni uzish, uzun-uzun
orzular, baxillik, dunyoga hirs, ochko‘zlik, hasad, zulm, yomon xulq, yomon qo‘shnichilik ko‘payib yoyiladi. Ular dindan kamondan o‘q chiqqanidek chiqib ketadilar, qiyomat faqat odamlarning yomonlari qolganda qoim bo‘ladi. Agar sizlarni jannat kengligida va ne’matlarida turish xursand qilsa, sunnat va jamoatni mahkam tutinglar. Ishlarning yangilaridan saqlaninglar. Chunki har bir yangi narsa bid’atdir va har bir bid’at zalolatdir. Albatta, Alloh taolo hech qachon Muhammadning ummatini zalolat
ustiga birlashtirmaydi. Bas, kim toat ipini yechsa, jamoatdan ajralsa, Alloh amrlarini zoe’ qilsa va Alloh hukmlariga xilof bo‘lsa, g‘azab qilingan holda Allohga yo‘liqadi va Alloh uni do‘zaxga kirgizadi”.
907. Arboz ibn Soriya Salamiy (r.a.) aytadilar: “Bizlarga Rasululloh (s.a.v.) ta’sirchan bir xutba qildilar. Uning sababidan ko‘zlar yoshga to‘ldi, qalblar eridi. Sahobalardan bir kishi: “Ey Allohning elchisi, bu vidolashuv mav’izasi bo‘ldi. Bizlarni nimaga buyurasiz?” deb aytdi. Nabiy: “Allohga taqvo qilishga, eshitish va toatga buyuraman. Chunki mendan keyin ko‘p ixtiloflarni ko‘rasizlar. Ishlarning yangilaridan saqlaninglar. Chunki u adashishdir. Kim o‘sha vaqtga yetsa, mening sunnatimni va to‘g‘ri yo‘ldagi xalifalarimning yo‘lini mahkam tutsin. Ularni oziq tishlaringiz bilan tishlanglar”, dedilar.
908. Abu Said Xudriy (r.a.) Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilar: “Kim halol yesa, sunnatga amal qilsa, odamlar uni yomonligidan omon bo‘lsalar, jannatga kiradi”. “Ey Alohning elchisi, bunday kishilar odamlar orasida ko‘p-ku?” deyishdi. Aytdilar: “Mendan keyingi asrlarda ular kamayadi”.
909. Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: “Payg‘ambar (s.a.v.) menga bir chiziq chizdilar va bu Allohning yo‘lidir”, dedilar. So‘ng uning o‘ng va chapiga qaratib, bir necha chiziq chizdilar. Aytdilarki: “Bu yo‘llarning ustida shayton bor va o‘zining yo‘liga chaqiradi”. So‘ng ushbu oyatni o‘qidilar:
“Albatta, mana shu mening to‘g‘ri yo‘limdir. Bas, bu yo‘lga ergashinglar. Boshqa yo‘llarga ergashmangizlar-ki, ular sizlarni Uning yo‘lidan uzib qo‘yar, shoyad, taqvo qilsangiz, deb sizlarni mana shu narsalarga buyuradi” (An’om,
153-oyat)
910. Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qilinadi: “Har narsaning ofati bordir. Bu dinning ofati hoyu havasdir”.
Mujohid (r.a.) aytadilar: “Menga Allohning ikki ne’matidan qay biri Islomga hidoyat etganimi yoki hoyu havasdan salomat qilganimi, ulug‘roq ekanini bilmayman”.
911. Abu Zarr (r.a.) Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qiladilar. U zot aytdilar: “Kim jamoatga bir qarich xilof qilsa, Islom ahdini bo‘ynidan yechibdi”.
Uvays Qaraniy Xaram ibn Hayyonga vasiyatida aytadilar: “Jamoatdan ajralishdan saqlan, chunki o‘zing bilmagan holda diningdan ajralib qolasan. So‘ngra qiyomat kuni do‘zaxga kirasan.
Alloh biluvchiroqdir.
Sunnatga amal qilish bobi hadislari
900-hadis. Sahih. Molik rivoyat qilgan.
901-hadis. Zaif.
902-hadis. Sahih-mavquf. Doramiy, Hokim rivoyat qilgan.
903-hadis. Hasan. “As-sahiha”ga qarang.
904-hadis. Hasan. Termiziy rivoyat qilgan.
905-hadis. Juda zaif.
906-hadis. Boshqasiga ko‘ra, sahih. Termiziy rivoyat qilgan.
907-hadis. Sahih. Ahmad, Abu Dovud rivoyat qilgan.
908-hadis. Zaif. Termiziy, Hokim rivoyat qilgan.
909-hadis. Sahih. Ahmad, Hokim rivoyat qilgan.
910-hadis. Juda zaif. “Za’iful-jome’”ga qarang.
911-hadis. Sahih. Ahmad va Abu Dovud rivoyat qilgan.
SAKSON UCHINCHI BOB
OXIRAT ISHLARIGA QAYG‘URISH
Faqih Abu Lays Samarqandiy aytadilar. Sobit ibn Xajjoj Umar ibn Xattobning (r.a.) bunday deganlarini rivoyat qildilar: “O‘lchanishlaringizdan avval o‘zlaringizni o‘lchanglar, hisob berishingizdan oldin o‘zlaringizni sarhisob qilinglar. Ro‘para bo‘linadigan ulug‘ kun uchun ziynatlaninglar. U kun qiyomat kunidir.
“O‘sha kunda sizlar (hisob-kitob uchun Allohga) ro‘para qilinasizlar, sizlarning biron siringiz maxfiy qolmas” (Al-Haqqa, 18-oyat).
912. Faqih aytadilar: Abu Zarr (r.a.) Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) Alloh taoloning shunday deganini rivoyat qilganlar: “Ey bandalarim, men zulmni o‘zimga harom qildim. Sizlarning oralaringizda ham harom qildim. Bir-biringizga zulm qilmanglar. Ey bandalarim, hidoyat qilganlarimdan boshqalaringiz adashguvchisiz. Mendan hidoyat so‘rangizlar, hidoyat qilaman. Ey bandalarim, men taomlantirganlarimdan boshqalaringiz ochsizlar. Mendan taom berishimni so‘ranglar, sizlarni oziqlantiraman. Ey bandalarim, hammalaringiz yalang‘ochsiz, faqat men kiyintirganlar yalang‘och emas. Mendan kiyim kiydirishimni so‘ranglar, kiyintiraman. Ey bandalarim, sizlar kechasiyu kunduzi xato qilasizlar. Men hamma gunohlarni kechiraman. Mendan gunohlaringizni kechirishimni so‘ranglar, sizlarni kechiraman.
Ey bandalarim, agar avvalgilaringizu oxirgilaringizning, insonlaru jinlarning taqvosi bir kishining qalbida bo‘lsa, o‘sha narsa Mening mulkimda hech narsani ziyoda qilmaydi.
Ey bandalarim, agar avvalgilaringizu oxirgilaringizning, jinlaru insonlarning fujuri bir kishining qalbida bo‘lsa, u narsa Mening mulkimdan hech narsani kamaytirmaydi. Ey bandalarim, agar avvalgilaringizu oxirgilaringiz, insonu jinlaringiz bir tepalikda turib,
har biri hojtini Mendan so‘rasa va ularga bersam, huzurimdagi hech narsani kamaytirmaydi. Kamaytirsa ham, bitta igna dengizga bir botirilib, keyin undagi suvdan olib chiqqanchalik kamaytiradi. Ey bandalarim, albatta, bular sizlarning amallaringiz, ularni sizlar uchun saqlab qo‘yaman va qiyomat kuni o‘zingizga qaytaraman. Bas, kim yaxshilik topsa, Allohga hamd aytsin, kim undan boshqasini topsa, faqat o‘zini malomat qilsin”.
913. Abu Said Xudriy (r.a.) Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilar. Nabiy aytdilar: “Kasallarni ziyorat qilinglar, janozalarga qatnashinglar, u sizlarga oxiratni eslatadi”.
Hakim zotlardan biri tobut orqasidan mayyit haqqiga rahmat so‘rayotgan kishilarni ko‘rdi. Shunda u: “Agar o‘zlaringizga rahmat so‘rasangiz yaxshi bo‘lardi. Chunki u o‘ldi va uch narsadan qutildi: o‘lim farishtasini ko‘rishdan, o‘limning achchig‘idan, yomon xotima topish xavfidan”, dedi.
Aytishlaricha, Abu Dardo (r.a.) tobut orqasidan bir kishining: “Bu kim edi?” degan so‘zlarini eshitdilar. Shunda unga Abu Dardo: “Bu sensan, agar karih ko‘rsang, u menman. Alloh taolo:
“(Ey Muhammad) hech shak-shubhasiz, siz ham o‘lguvchidirsiz, ular ham o‘lguvchidirlar” (Zumar, 30-oyat), deb aytgan”, dedilar.
Hasan Basriydan rivoyat qilinishicha, u zot bir kishining qabristonda ovqatlanayotganini ko‘rdilar. So‘ngra: “Bu odam munofiq ekan, o‘lim ikki ko‘zi orasida bo‘laturib, taomni ishtahasi tortyapti”.
Yana Hasan Basriydan rivoyat qilinadi. U kishi aytdilar: “Ajabo, bir qavm oxiratga tayyorgarlik ko‘rishga buyurildi, ammo avvalgilari keyingilariga qarab o‘ynab o‘tirishdi”.
Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy qachon tobutni ko‘rsalar, onalarining dafnlaridan qaytgandek bo‘lar edilar.
Ibrohim Taymiydan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishi aytdilar: “Kim xotirjam bo‘lsa, jannati bo‘lolmay qolishdan xavf qiladi. Chunki, ahli jannatlar:
“Haqiqatan bizlar ilgari (hayotiy dunyoda) ahli oilamiz orasida (bo‘lgan chog‘imizda, oxiratda Allohning azobiga duchor bo‘lishdan) qo‘rqar edik” (At- tur, 26-oyat), deb aytadi».
Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. U zot aytdilar: “Qur’onni ko‘targan kishi kechqurun odamlar uxlaganida bedorligi bilan, kunduzini odamlar og‘zi ochiq bo‘lganida ro‘zasi bilan, odamlar xursand bo‘lganlarida g‘amgin bo‘lish bilan, odamlar kulganlarida yig‘lash bilan, odamlar gapirganida jim turish bilan, odamlar gerdayganlarida xushu’ bilan ajralib turishi kerak. Qur’onni ko‘targan kishi g‘amgin, halim, sokin, yumshoq bo‘lishi lozim. Dag‘al, g‘ofil, baqiroq va serjahl bo‘lmasligi kerak.
Shaqiq ibn Ibrohim (r.a.) aytadilar: “Banda uchun g‘am va xavfdan yaxshiroq do‘st yo‘qdir. G‘am o‘tgan gunohlar, xavf qachon tushishi noma’lum bo‘lgan gunohlar uchundir”.
Hakim aytadilar: “Kim uch o‘rindan boshqa payt g‘amgin va xafa bo‘lsa, u xafachilikni ham, xursandchilikni ham bilmabdi: iymon g‘ami, chunki umri iymon bilan tugaydimi yoki yo‘qmi, bilmaydi; Alloh amri uchun bo‘lgan g‘am, ularni mukammal qildimi yoki yo‘q, buni ham bilmaydi; xusumatchilar g‘ami, ulardan qutuladimi yoki yo‘q, noma’lum”.
914. Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Ko‘zdan suv tushsa, Alloh uni do‘zaxda yondirishni harom qiladi, agar ko‘z yoshi yuzga tushsa, u musibat va xorlik bilan jabrlanmaydi. Har bir yaxshi amalning savobi bordir. Faqatgina ko‘z yoshi olov dengizini o‘chiradi. Agar ummat ichida bir banda Allohdan qo‘qib yig‘lasa, Alloh taolo u ummatga o‘sha banda yig‘lagani uchun rahm qiladi”.
Ka’bul Ahbordan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishi aytdilar: “Allohdan qo‘rqib yig‘lashim va ko‘z yoshlarimning yuzimga oqishi menga tanam og‘irligicha tilloni sadaqa qilishimdan yaxshiroqdir. Qaysi banda Alloh taolodan qo‘rqib yig‘lasa, ko‘z yoshidan bir tomchisi yerga oqsa, toki tomchi osmonga chiqib ketmaguncha, unga do‘zax o‘ti tegmaydi. Holbuki, osmondan tushgan tomchi qaytmagani singari u ham hech qachon samoga qaytmaydi. Dunyoda Allohdan qo‘rqib yig‘lagan kishiga hech qachon do‘zax o‘ti yetmaydi».
915. Abdulloh ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Nabiy (s.a.v.) aytdilar: “Bir bandaning ko‘zidan pashshachalik yoki pashshaning boshichalik ko‘z yoshi Allohdan qo‘rqqani uchun oqsa va yuziga tushsa, unga abadiy do‘zax o‘ti tegmaydi”.
Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: “Faqat Allohning fazli bilangina ko‘z yosh chiqaradi. Farishta kishining qalbini silamagunicha uning ko‘zidan yosh chiqmaydi”.
916. Hasan Basriydan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Alloh taologa ikki tomchidan-da sevimliroq tomchi yo‘q. Ulardan biri qorong‘u kechadagi ko‘zyoshning tomchisi va yana biri Alloh yo‘lida to‘kilgan qon tomchisi”.
Ziyod Namiriydan rivoyat qilinadi. U kishi aytdilar: “ Alloh taolo ba’zi kitoblarida: “Agar bandam Mendan qo‘rqib yig‘lasa, uni intiqomimdan xalos qilaman. Agar bandam Mendan qo‘rqib yig‘lasa, yig‘isini qudsiy nur tabassumlariga almashtirib qo‘yaman, deb aytgan”.
Umar ibn Abdulazizdan rivoyat qilinadi. U kishi bir kechasi namoz o‘qidilar. So‘ngra:
“O‘shanda (ya’ni do‘zaxga tashlanganlarida) ular bo‘yinlarida kishan va zanjirlar bilan qaynoq suv tomonga sudralurlar, so‘ngra olovda yondirilurlar” (G‘ofir, 71-72) oyatini qiroat qildilar va bomdodgacha takrorlab, o‘qib yig‘ladilar.
Tamim Doriydan rivoyat qilinadi. U kishi Alloh taoloning:
“Balki yomonlik – gunohlar kasb etgan kimsalar, Biz ularni ham iymon keltirgan va yaxshi amal qilgan zotlar kabi qilishimizni o‘ylagan edilar”. (Josiya, 21) degan oyatini subhgacha takror-takror o‘qib yig‘ladilar.
917. Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qilinadi: “U zot (s.a.v.)
“Agar ularni azoblasang, ular Sening ojiz bandalaring, agar ularni mag‘firat
qilsang, albatta, Sen o‘zing qudrat hikmat egasidirsan” (Moida, 118)oyatini subhgacha takrorlab yig‘ladilar”.
Xabarlarda kelishicha, Dovud (alayhissalom) bir gunoh qo‘yib, keyin ichimlik ichsalar, uni yarmi ko‘z yoshi bilan aralashgan bo‘lar edi.
Bahz ibn Hakim aytadilar: “Biz bilan birga Zirora ibn Ubay Avfiy namoz o‘qidi. So‘ng “Qachon (qiyomat qoyim bo‘lgani haqida xabar berib) burg‘u chalinganda” (Muddassir, 8) oyatini tilovat qilib vafot etdi”.
Alloh taolo bizni ham shunday rizqlantirsin.
Oxirat ishlariga qayg‘urish bobi hadislari
912-hadis. Sahih. Muslim, Ahmad rivoyat qilgan.
913-hadis. Sahih. Ahmad, Ibn Hibbon rivoyat qilgan.
914-hadis. Zaif. Ibn Adiy, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
915-hadis. Zaif. Ibn Mojja, Asbahoniy rivoyat qilgan.
916-hadis. Juda zaif. Asbahoniy rivoyat qilgan.
917-hadis. Shohidlariga ko‘ra, sahih. Ahmad, Nasaiy, Ibn Mojja rivoyat qilgan.
SAKSON TO‘RTINCHI BOB
KISHINING QANDAY TONG OTTIRISHI TO‘G‘RISIDA
918. Faqih Abu Lays Samarqandiy Mujohiddan rivoyat qiladilar. U kishi aytdilar: “Menga Abdulloh ibn Umar (r.a.): “Ey Mujohid, ertalab tursang, kechgacha yashayman deb o‘ylama, kech qilsang, ertalabgacha umrim bor, deb o‘ylama. O‘limdan oldin hayotingni, kasal bo‘lmasdan oldin salomatligingni g‘animat bil. Chunki ertaga o‘likmi yo tirik bo‘lishingni bilmaysan”, dedilar”.
Hakimlardan biri aytadilar: “Agar kishi ertalab tursa, to‘rt narsani niyat qilmog‘i lozim:
1) Alloh unga farz qilgan narsalarni ado etishni;
2) Alloh qaytargan narsalardan qochishni;
3) muomalada bo‘ladigan kishilarga insof qilishni;
4) o‘zi bilan xusumatchilari orasini isloh qilishni.
Agar mana shu niyatlar bilan tong ottirsa, najot topishiga, solihlardan bo‘lishiga umid qilinadi”.
Hakimlarning yana biriga: “Kishi qaysi niyat bilan to‘shakdan turishi kerak”, deb savol berildi. “Avval qanday yotganiga qaraladi, so‘ng turish haqida so‘raladi. Qanday uxlashni bilmagan kishi qanday turishni ham bilmaydi”, dedi u. Keyin yana aytdi: “Banda uch narsani isloh qilmasdan turib uxlamog‘i durust emas:
1. Xusumatchisi bo‘laturib, undan kechirim so‘rab, haqqini halol qilmasdan yotmog‘i durust bo‘lmaydi. Chunki o‘lim farishtasi kelib, jonini olsa, Robbiga ro‘baro‘ bo‘lganida u uchun hujjat yo‘qdir.
2. Alloh taoloning farzlarini qoldirib, uxlamog‘i durust emas.
3. O‘tgan gunohlariga tavba qilmasdan uxlamog‘i ham durust bo‘lmaydi. Chunki kechasi o‘lim kelib qolsa, gunohlari bo‘ynida ketadi”.
Aytishlaricha, kishilar uch xil tong ottiradi: bir xili mol talabida, bir xili gunoh talabida va bir xili yo‘l talabida. Mol talabida tong ottirganlar Alloh taolo rizq qilib berganidan ortiq yeya olmaydilar, garchi mol ko‘p bo‘lsa ham. Gunoh talabida tong ottirganlarga xorlik va gunoh yopishadi. Kim yo‘l talabida tong ottirsa, Alloh taolo rizqni ham, yo‘lni ham beradi”.
Yana bir hakim zot aytadi: “Kim tong ottirsa, unga ikki ish lozim bo‘ladi: qo‘rqinch va tinchlik. Tinchlik – Alloh u uchun belgilagan rizq masalasida xotirjam bo‘lmog‘i, qo‘rqinch esa, unga buyurilgan ishni tugatguncha qo‘rqinch holatda turmog‘i. Agar bu ikki ishni qilsa, Alloh taolo ikki narsa bilan ikrom qiladi: qanoat va ibodatning halovati”.
Robi’ ibn Husaymdan: “Qanday tong ottirdingiz?” deb so‘ralsa, gunohkor, zaif holda tong ottirdik. Rizqimizni yeyapmiz va ajallarimizni kutayapmiz”, der ekanlar.
Malik ibn Dinordan ham: “Qanday tong ottirdingiz?” deb so‘rashdi. Aytdilar: “Uydan uyga otlanuvchi qanday tong ottirardi. Uning ustiga jannatga boradimi yoki do‘zaxga, bilmaydi”.
Zikr qilinishicha, Iso ibn Maryamga ham: “Qanday tong ottrirdingiz, Ey Ruhulloh, deb savol qilingan. U kishi shunda: “Umid qilgan narsamga ega bo‘lolmay, qo‘rqqan narsamni daf etolmay, amalim bilan majburiyat olgan holda tong ottirdim. Yaxshilik mendan boshqaning qo‘lida. Mendan kambag‘alroq inson yo‘q”, deb javob qilgan ekanlar.
Omir ibn Qaysga shu savol berilganida, u zot: “Tong ottirdim. Nafsim gunohlarimni ziyoda qildi. Alloh taolo esa ne’matlarini ziyoda etdi. Ibodatlarim gunohlarimni tozalovchi bo‘la oladimi, yoki Alloh ne’matlari uchun shukr bo‘ladimi, bilmayman”, deganlar.
Muhammad ibn Sirin bir odamdan hol so‘rabdilar. U: “Besh yuz dirham qarzi bo‘lgan, ko‘p bolali odamning holi qanday bo‘lishi mumkin?” debdi. Ibn Sirin uyiga kirib, ming dirham olib chiqib unga beribdilar va: “Besh yuz dirham bilan qarzingni uz, besh yuzini oilangga ishlat”, debdilar. Shundan keyin Ibn Sirin biron kishidan ahvol so‘ramadilar. Agar holati yomon bo‘lsa, uning ishini bitirib berishlari vojib bo‘lib qolishidan qo‘rqar edilar.
Ibrohim Adhamdan zikr qilinadi. U kishi aytadilar: “Kim sog‘-salomat tong ottirsa, to‘rt narsaga shukr qilsin:
1) qalbini hidoyat nuri bilan nurlantirgan va mo‘minlardan qilgan ulug‘ Zotga shukr aytmog‘i;
2) hidoyat nuri bilan qalbini nurlantirgan, adashganlardan qilmagan Zotga hamdlar aytmog‘i;
3) rizqini boshqaning qo‘lida qilmagan Zotga hamd aytmog‘i;
4) ayblarini yopgan Zotga hamd aytmog‘i”
Shaqiq ibn Ibrohim aytadilar: “Agar kishi ikki yuz yil yashasa va ushbu to‘rt narsani bilmasa, u do‘zaxdan boshqa narsaga haqli emas:
1) Allohni bilmog‘i, tanimog‘i;
2) Allohning amalini bilmog‘i;
3) nafsini bilmog‘i;
4) Alloh bilan nafsining dushmanini bilmog‘i.
Allohni bilmog‘i – Uni oshkora va yashirin hollarda tanimog‘i. Chunki Undan boshqa beruvchi va man’ qiluvchi yo‘qdir.
Alloh amalini bilish – Alloh taolo ixlos bi lan qilingan amalnigina qabul etishini bilishdir.
Nafsini bilish – o‘zinining zaifligini, Alloh taolo unga hukm qilgan narsani qaytarishga qodir emasligi bilish. Ya’ni, Alloh qilgan taqsimga rozi bo‘lish.
Allohning va o‘zining dushmanini bilish – uni zimdan bilishi, toki yakson qilguncha ma’rifat bilan jazolashidir”.
Aytishlaricha, Odam farzandi tong ottirsa, Alloh unga o‘nta narsani farz qiladi:
1) turgan vaqtida Allohni zikr qilish. Bu ish Allohning so‘ziga muvofiqdir:
“Va (tongda uyqudan) turgan paytingizda, Parvardigoringizga hamdu sano aytish bilan (U zotni barcha ayb nuqsonilardan) poklang” (At-tur, 48-oyat);
“Ey mo‘minlar, Allohni ko‘p zikr qilinglar va ertayu kech U zotni poklab tasbeh aytinglar” (Al-azhob, 40 – 41-oyatlar);
2) avratni bekitish, bu ham Alloh taoloning so‘ziga muvofiq:
“Ey Odam bolalari, har bir sajda chog‘ida ziynatlaninglar (ya’ni, toza libosda bo‘linglar)” (A’rof, 31-oyat). Ziynatning eng kam darajasi avratni berkitishdir;
3) tahoratni vaqtida, mukammal qilish, bu ham Alloh taoloning so‘ziga muvofiq:
“Ey mo‘minlar, namozga turganlaringizda....” (Moida, 6-oyat);
4) namozlarni vaqtida va mukammal o‘qish. Alloh taoloning oyati bor:
“Albatta, namoz mo‘minlarga (vaqti) tayinlangan farz bo‘ldi” (Niso, 103-oyat);
5) rizq borasida Alloh bergan va’daga ishonish. Alloh taolo aytadi:
“O‘rmalagan narsa borki, barchasining rizqi Allohning zimmasidadir” (Hud, 6- oyat);
6) Allohning taqsimotiga qanoat qilish. Alloh aytadi:
“Ularning hayoti dunyodagi tirikchiliklarini ham ularning o‘rtalarida biz O‘zimiz taqsimlaganmiz” (Zuxruf, 32-oyat);
7) Alloh taologa tavakkul qilish. Bu ham Allohning so‘ziga muvofiq:
“Va o‘lmaydigan tirik Zotga tavakkul qiling” (Furqon, 58-oyat)
“Agar mo‘min bo‘lsangiz, yolg‘iz Allohgagina suyaninglar” (Moida, 23-oyat);
8) Allohning amriga va taqdiriga sabr qilish. Bu ish ham Alloh so‘ziga muvofiqdir:
“Bas (ey Muhammad), siz Parvardigoringizning hukmiga sabr qiling” (Qalam,
48-oyat);
“Ey mo‘minlar, sabr qilinglar va sabru toqat qilishda (kofirlardan) ustun bo‘linglar” (Oli Imron, 200-oyat);
9) Allohning ne’matiga shukr qilish. Alloh taolo aytadi:
“Agar Allohga ibodat etuvchi bo‘lsangizlar, U zotning ne’matlariga shukr qilinglar!” (Nahl, 114-oyat). Allohning ne’matlari ko‘p: salomatlik, farzand, boylik... Ne’matlarning eng ulug‘i Islom ne’matidir. Alloh kitobida aytadi:
“Va agar Allohning ne’matlarini sanasangizlar, sanog‘iga yeta olmaysizlar”
(Nahl, 18-oyat);
10) haloldan yeyish. Alloh taolo bu haqda aytadi:
“Sizlarga rizq qilib bergan pok narsalardan yenglar” (Baqara, 57-oyat), ya’ni, halol yenglar.
Dostları ilə paylaş: |