Microsoft Word tanbehul gofilin ziyouz com doc



Yüklə 3,04 Mb.
səhifə19/46
tarix22.10.2017
ölçüsü3,04 Mb.
#10138
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   46

"Kim yomon amal qilsa, jazosini oladi" (Niso, 123), degan so‘zi tushganda, Abu Bakr (r.a.) aytdilar: "Ey Allohning elchisi, bu oyatdan keyin qanday xursandchilik bo‘lsin?" Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Alloh sizni kechirsin, siz kasal bo‘lmaysizmi? Sizga aziyat yetmaydimi? Siz qiynalib xafa bo‘lmaysizmi? Bu yetgan narsalarning hammasida gunohlaringizga kafforat bordir", dedilar.

326. Ali ibn Abu Tolib (r.a.) aytadilar: "Bu oyat tushganda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bizning oldimizga chiqdilar va dedilar: "Menga bir oyat tushdi, u ummatimga dunyo va undagi narsalardan yaxshidir". Keyin o‘qidilar: "Kim yomon amal qilsa, jazosini oladi". Keyin aytdilar: "Agar banda bir gunoh qilsa, so‘ngra unga shu dunyoning o‘zida



bir qiyinchilik yoki balo kelsa, Alloh uni ikkinchi marta azoblashdan ulug‘dir".
Faqih (rahmatullohi alayh) aytadilar: Bilingki, banda yaxshilarning darajasiga aziyatlar va mashaqqatlarga sabr qilish bilan erishadi. Alloh o‘z payg‘ambariga sabrni buyurdi. Aytdiki:

"Bas, (ey Muhammad), siz ham (o‘tgan) payg‘ambarlar orasidagi sabr-matonat egalari sabr qilganlaridek (mushriklarning ozor-aziyatlariga) sabr qiling" (Ahqof, 35).
327. Xabbob ibn Arat rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelganimizda, Ka’baning tagida ridolariga o‘ranib o‘tirgan ekanlar. Biz u zotga shikoyat qildik: "Ey Allohning elchisi, Allohga duo qilmaysizmi? Allohdan bizlarga g‘alaba so‘ramaysizmi?" dedik. U kishining yuzlari qizarib ketdi, keyin aytdilar: "Sizlardan oldingilarni keltirishardi. So‘ngra yerdan chuqur kovlashardi, arrani olib kelib boshiga qo‘yishardi va ikkiga bo‘lishardi. Ularni bu azoblar dinidan voz kechtirolmas edi".
328. Anas ibn Molik (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan aytadilar: "Qiyomat kuni yer yuzida eng farovon hayot kechirgan kishi keltiriladi va do‘zaxga bir martagina kirgizib olinadi. U yerdan kuygan qora holatda chiqadi. Senga dunyoda biror ne’mat berilganmidi? deb so‘raladi undan. U, yo‘q, yaratilganimdan beri shu balodadirman, deydi. Keyin dunyo ahlidan ko‘p balolarga yo‘liqqan kishi keltirilib jannatga kirgizib chiqariladi. Ya’ni, bir soatgina kiradi. So‘ngra to‘lin oydek bo‘lib chiqadi. Senda hech qiyinchilik bo‘ldimi? deb so‘raladi undan. U, yo‘q, yaratilganimdan beri bu ne’mat mendan ketmagan, deydi".
329. Ibn Abbos Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Jannatga birinchi bo‘lib Allohga ko‘p hamd aytuvchilar chaqiriladi, ular Alloh taologa xursandchiliklarida ham, xafaliklarida ham hamd aytganlar".
Banda o‘ziga yetgan musibatlarga sabr qilmog‘i vojibdir va bilmog‘i lozimki, Alloh taolo undan daf qilgan balolar unga yetgan balolardan ko‘ra ko‘pdir. Bu uchun ham Allohga hamd aytmog‘i lozim.
Bandalar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga ergashsinlar va u kishi mushriklar yetkazgan aziyatlarga qanday sabr qilganlariga qarasinlar.
330. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat. "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Baytullohda namoz o‘qiyotgan edilar. Abu Jahl va sheriklari Ka’baning atrofida o‘tirishardi. Bir kun oldin tuya so‘yilgan edi. Abu Jahl: "Qaysilaringiz tuyaning ichak-chavog‘ini olib, sajda qilayotganda Muhammadning yelkasiga tashlaydi?" dedi. Qavmning eng badbaxti turib, uni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sajdada bo‘lgan paytlarida ustlariga tashladi. Keyin masxaralab kulishdi, men indamay qarab turardim. Agar quvvatim yetganida edi, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning orqalaridan uni, albatta, uloqtirib yuborardim. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sajda qilganlari kuyi boshlarini ko‘tara olmay turdilar, hatto bir kishi Fotimaga borib xabar berdi. Fotima hali yoshgina qizcha edi.

Kelib u narsalarni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ustilaridan olib tashladi va mushriklarni qarg‘adi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam namozlarini tugatganlaridan keyin ovozlarini ko‘tarib, ularni duoibad qildilar. "Ey Parvardigor, bu Qurayish Sening o‘zingga havola", dedilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu duolarini eshitib,

birdan kulgidan to‘xtashdi. U kishini duosidan qo‘rqqan edilar. So‘ng aytdilar: "Ey Parvardigor, Abu Jahl, Uqba, Utba, Shayba, Valid ibn Utba va Umayya ibn Xalaflar Senga havoladir". Muhammad sollallohu alayhi vasallamni haq bilan yuborgan Zotga qasamki,

u zot nomlarini aytib duoibad qilganlarning Badr jangida o‘ldirilganini ko‘rdim", deydilar

Ibn Mas’ud (r.a.).
Abdulloh ibn Hars Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qiladilar: "Payg‘ambarlardan birlari Allohga shikoyat qilib aytibdiki: "Ey Rabbim! Mo‘min bandang Senga itoat qilib, gunohlardan saqlanadi, Sen esa undan dunyoni qisib, balolar yuborasan. Kofir bandang Senga itoat etmaydi, isyonga jur’at qiladi, undan balolarni daf etib, dunyoni keng qilasan!" Alloh taolo unga vahiy qildi: "Bandalar ham, balolar ham Meniki. Hammasi

Meni maqtab, hamd aytadi. Mo‘min kishining ham gunohlari bo‘ladi, Men undan dunyoni qisib qo‘yaman va unga balolarni yuboraman, Menga yo‘liqqan vaqtida balolar unga kafforat bo‘ladi va uni yaxshi amallari uchun mukofotlayman. Kofirning ham ba’zi yaxshi amallari bo‘ladi, Men undan balolarni to‘xtatib qo‘yaman, rizqini mo‘l qilib beraman va Menga yo‘liqqan vaqtda yomonliklari uchun jazolayman".


331. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Alloh taolo bir bandaga yaxshilikni xohlasa, unga baloyu ofatlarni yuboradi, hatto seldek oqizib qo‘yadi, qachonki u banda Allohga duo qilsa, farishtalar aytishadiki: "Ey Parvardigor, bir yaxshi ovoz keldi", deb. U banda ikkinchi marta duo qilib: "Ey Parvardigor!" desa, Alloh taolo: "Labbay, qulim, hozir nimani so‘rasang, beraman yoki sendan biror yomonlikni daf qilaman yoki undan ko‘ra yaxshirog‘ini qiyomatga olib qo‘yaman", deydi.
Qiyomat kunida yaxshi amallarni – namoz, ro‘za, sadaqa, haj ibodatlarini qilgan odamlar keltirilib, amallari taroziga qo‘yiladi. Keyin balo yuborib sinalgan kishilar keltiriladi,

ammo ularning amallari taroziga ham qo‘yilmaydi, kitoblari ham ochib ko‘rilmaydi, ularga ajru savoblar son-sanoqsiz to‘kib yuboriladi. Shunda bu dunyoda sog‘-salomat yashab o‘tgan kishilar baloga duchor bo‘lgan kimsalarning savoblarini ko‘rib, qaniydi dunyoda bizning badanlarimiz qaychi bilan kesib-tilib tashlanganida, deb orzu qilishadi".


Bu hol Alloh taoloning:

"Sabr qiluvchilarning savoblari hisob-kitobsiz to‘la-to‘kis qilib beriladi" (Zumar,

10), degan so‘zining dalilidir.


Xabarlarda zikr qilinadi. Bir mo‘min bilan bir kofir kishi qadim bir zamonda baliq ovlagani borishibdi. Kofir kishi butlarining nomini aytib to‘r tashlabdi va to‘riga juda ko‘p baliq ilinibdi. Mo‘min kishi Allohning nomini aytib to‘r tashlabdi, ammo hech qanday baliq ilinmabdi. Kun botishga yaqin bittagina baliq tushibdi. Shunda ham uni ololmay, suvga tushirib yuboribdi. Mo‘min kishi uyiga qup-quruq, kofir esa juda ko‘p baliq bilan qaytibdi. Mo‘minning yelkasidagi farishta uning holiga ko‘p afsuslanibdi. Osmonga chiqqach, Alloh taolo u farishtaga mo‘minning jannatdagi joyini ko‘rsatibdi va farishta: "Allohga

qasamki, mo‘min kishi bu yerga kelgandan so‘ng dunyodagi qiyinchiliklari esidan chiqib ketadi", debdi. Keyin Alloh taolo unga kofirning do‘zaxdagi joyini ko‘rsatibdi va farishta:

"Allohga qasamki, dunyoda ko‘rganlari bu yerga kelgandan keyin hech qanday foyda bermaydi", debdi.
Rivoyat. Qiyomat kuni Alloh taolo to‘rtta payg‘ambarni to‘rtta toifaga hujjat qiladi. Sulaymon alayhissalom bilan boylarga hujjat keltiradi. Boy kishi: "Boylik meni Senga ibodat qilishdan chalg‘itib qo‘ydi", desa, unga Sulaymonni (a.s.) hujjat qiladi. Aytadiki: "Sen Sulaymondan ham boy edingmi? Uning boyligi Menga ibodat qilishdan to‘smadi- ku".

Qullarga Yusufni (a.s.) hujjat qiladi. Qul: "Men qul edim. Qulligim meni Senga ibodat qilishdan to‘sib qo‘ydi", desa, "Albatta, Yusufning qulligi uni ibodat qilishdan man qilmadi-ku", deb aytadi.

Kambag‘allarga Isoni (a.s.) hujjat qiladi. Faqir: "Hojatlarim meni Senga ibodat qilishdan man qildi", desa, unga aytadi: "Sen hojatmandroqmisan yoki Isomi? Isoning faqirligi Menga ibodat qilishdan man qilmadi-ku".

Kasallarga Ayyubni (a.s.) hujjat qilib ko‘rsatadi. Kasal: "Mening kasalligim Senga ibodat qilishdan to‘sdi", deb aytsa, unga: "Sening kasaling Ayyubning kasalidan qattiqroqmidi? Uning kasalligi Menga ibodat qilishdan to‘smadi-ku", deydi.


Qiyomat kunida hech kim uchun uzr bo‘lmaydi.

Solih kishilar (Alloh hammalarini rahmat qilsin) qiyinchilik va kasallikni yomon ko‘rmasdilar. Chunki unda gunohlarning kafforati bor.


Abu Dardodan (r.a.) zikr qilindi: "Odamlar kambag‘allikni yomon ko‘radilar, men yaxshi ko‘raman, ular o‘limni yomon ko‘radilar, men yaxshi ko‘raman. Faqirlikni Rabbimga tavozu’li va o‘limni Rabbimga mushtoq bo‘lganim uchun yaxshi ko‘raman".
332. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kim uch narsa bilan rizqlansa, oxirat va dunyo yaxshiligi bilan rizqlanadi: Qazoi-qadarga rozi bo‘lsa, balolarga sabr etsa, rohat vaqtida duo qilsa".
333. Abu Hurayra (r.a.) aytadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yotgan edilar, bir kishi kelib: "Nimadan shikoyat qilasiz?" deb so‘radi. "Ochlikdan", dedilar. Haligi kishi bu gapni eshitib yig‘ladi, keyin ishlagani ketdi. Odamlarga suv ulashib, har bir chelagiga bitta xurmo oldi. Keyin Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oldilariga xurmo olib keldi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam so‘radilar: "Bu qilgan ishing meni yaxshi ko‘rishingdanmi?" "Allohga qasamki, sizni yaxshi ko‘raman", dedi u. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Agar sodiq bo‘lsang, balolar uchun libos tayyorlagin. Allohga qasamki, meni yaxshi ko‘rgan kishiga balolar tog‘dan tushgan seldan ham tezroq

keladi", dedilar".


334. Uqba ibn Omir (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. U zot aytdilar: "Agar Alloh taolo bandaga yaxshi ko‘rgan narsasini berganini ko‘rsangiz va u gunohlar ustida muqim turgan bo‘lsa, bilinglarki, bu ish istidrojdir" (istidroj – vaqtinchalik imkon berib qo‘yish – muharrir). Keyin bu oyatni o‘qidilar:
"Endi o‘zlari uchun eslatma qilib berilgan narsani unutgan vaqtlarida ularga hamma narsaning eshiklarini ochib qo‘ydik". Ya’ni, ularga buyurilgan narsani tark qilganlaridan keyin ularga yaxshilik eshiklarini ochib berdik. "Qachonki o‘zlariga berilgan narsalar bilan shod turganlarida", ya’ni, berilgan

yaxshiliklardan mast bo‘lib turganlarida "ularni to‘satdan ushladik. Bas, butunlay nomurod bo‘ldilar" (An’om, 44). Ya’ni, hamma yaxshiliklardan noumid bo‘lurlar.
335. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning: "Odamlarning qaysilariga balolar qattiqroq keladi?" deb so‘rashdi. Aytdilarki: "Payg‘ambarlarga, keyin solihlarga keyin shularga o‘xshashlarga".
Aytilishicha, uch narsa yaxshilik xazinasi: Sadaqani, og‘riqni, musibatni yashirish.

Vahb ibn Munabbah aytadilar: "Havoriylardan bir kishining kitobidan ushbularni ko‘chirib yozdim: "Agar sen balolar yo‘liga tushib qolsang, ko‘zing quvonsin. Chunki bu yo‘ldan payg‘ambarlar va solih kishilar yurgandir. Agar rohatli yo‘l boshlansa, sen nafsingga yig‘lagin. Ularning yo‘lidan adashtirilibsan".


Zikr qilinishicha, Muso alayhissalomga ham Alloh shunga o‘xshash vahiy yuborgan. Fath Mavsuliydan zikr qilinadi. U kishining ahliga bir balo yetgan ekan. Shunda: "Ey Parvardigor, koshki meni qaysi amalim uchun ikrom qilganingni bildirsang edi, uni ziyoda qilardim", degan ekanlar.
336. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi. U zot: "Kimning moli kamayib, bolalari ko‘paysa, namozi yaxshi bo‘lsa, musulmonlarni g‘iybat qilmasa, u kishi men bilan qiyomat mana shunday keladi", deb ikki barmoqlarini birlashtirib ko‘rsatdilar.
337. Mujohid rivoyat qiladilar. Abu Hurayra (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) aytdilar: "Allohga qasamki, men ochlikdan ko‘kragimni yerga berib, katta toshni qornimga bog‘lab olardim. Bir kuni kattalar o‘tadigan yo‘lda o‘tirib, ularning o‘tishini kutib turdim. Abu

Bakr Siddiq (r.a.) o‘tdilar. Shunda men u kishidan meni uyiga boshlab ketsinlar uchun Qur’ondagi bir oyat haqida so‘radim. O‘tib ketdilar-u, lekin unday qilmadilar. Keyin Umar (r.a.) o‘tdilar. U kishidan ham shu maqsadda bir oyatni so‘radim. U kishi ham o‘tib ketdilar. Shundan so‘ng Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘tdilar. Meni ko‘rgach, holatimni bilib tabassum qildilar. Keyin: "Ey Abu Hurayra, menga ergash", dedilar va oldinda yurib ketdilar. Men u zotning orqalaridan yo‘lga tushdim. Uylariga yetganimizda kirishga ruxsat so‘radim. Ruxsat berganlaridan keyin uyga kirib, bir suti bor idishchani topdim. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam so‘radilar: "Bu qaerdan keldi?" "Falonchi sizga hadya qildi", deyishdi. "Ey Abu Hurayra", dedilar menga Rasululloh. "Labbay", deb javob berdim. "Borib suffa ahlini chaqirib kel", dedilar. Bu so‘z meni xafa qildi. Ichimda, bu sutga suffa ahlining nima haqqi bor, axir buni ichib, bir oz quvvat olishga men haqliroqman-ku, deb o‘yladim. Lekin Alloh rasulining toatida bo‘lishim lozim bo‘lganligi uchun bu gapdan to‘xtab, ularni chaqirdim. Ular kelib kirishga ruxsat so‘rashdi, ruxsat

berganlaridan keyin, joylarini topib o‘tirishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Ey Abu Hurayra, idishdagi sutni olib, ularga ber", dedilar. Ularga birma-bir bera boshladim, ular sutdan to‘ygunlaricha ichishar, keyin idishchani menga qaytarishar edi. Hammalari to‘yganlaridan keyin Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga yetdi. U kishi idishchani olib: "Ey Abu Hurayra", dedilar. "Labbay, yo Rasululloh", dedim. "Ikkalamiz qoldik. O‘tirib sen ham ichgin", dedilar. O‘tirib icha boshladim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, ich, deganlarida ichaverdim, u kishi to‘xtovsiz, ich, der edilar, to‘yib oxiri aytdimki: "Sizni haq payg‘ambar qilib yuborgan Zotga qasamki, endi ichishga joy qolmadi", deb u kishiga idishchani berdim. U zot Allohga hamd aytib, sutdan ichdilar".

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sahobalari (r.a.) ochlik aziyatlaridan qiyinchilikda edilar. Ular sabr qildilar va Alloh bu qiyinchiliklarni ketkazdi. Shuningdek, kim sabr qilsa, Alloh undan qiyinchiliklarni yengil qilib qo‘yadi. Albatta, yengillik sabr bilandir va qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Solih bandalar qiyinchilik kelsa, xursand bo‘lishar va Allohdan savob umid qilishar edi.


Muslim ibn Yasor aytadilar: "Bahraynga kelganimda meni bola-chaqali, boy, qullari xizmatida bo‘lgan bir xotin mehmon qildi. Lekin uni xafa ko‘rdim. Ketayotganimda: "Senda biron hojat bormi?" deb so‘radim. "Ha, – dedi u, – agar shahrimizga kelsang, yana menikiga tush". Bir necha yil o‘tdi. Keyingi kelganimda darvozasida bironta qulni ko‘rmadim. Kirishga ruxsat so‘rab, ichkariga kirsam, u xursand edi. "Bu nima hol?" dedim. "Sen ketganingdan keyin kimni dengizga jo‘natsam, g‘arq bo‘laverdi. Quruqlikka kimni yuborsam, u ham halok bo‘laverdi. Qullar ketdi, farzandlar o‘ldi", dedi u. Unga: "Allohning rahmati bo‘lsin senga, seni avval xafa ko‘rgan edim, hozir esa, xursandsan", dedim. "Ha, u kunlarda mening dunyoim ko‘p edi, – dedi u, – Alloh hasanotlarimni shu dunyoda berganmikin deb qo‘rqar edim, mol, farzand va qullarim ketgach, Allohdan umid qildimki, shoyad oxiratim uchun ularni zahira qilgan bo‘lsa".
338. Hasan Basriy rivoyat qiladilar: "Sahobalardan biri johiliyatda tanigan bir ayolni ko‘rib qoldi. U bilan bir oz gaplashdi. Keyin u ayol bilan ajrashdi va unga qarab-qarab keta boshladi. Birdan devorga urildi va yuzida bir iz paydo bo‘ldi. U Payg‘ambar (a.s.) huzurlariga kelib, voqeani so‘zlab berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Agar Alloh taolo biror bandasiga yaxshilikni iroda qilsa, uning gunohiga jazoni shu dunyoda beradi".
Ali ibn Abu Tolib (r.a.): "Men sizlarga Allohning kitobidagi eng umidbaxsh oyatning xabarini beraymi?" dedilar. "Ha", deyishdi. Shunda ularga Sho‘ro surasidagi quyidagi oyatni o‘qib berdilar:

"Ey insonlar! Sizlarga ne bir musibat yetsa, o‘z qo‘llaringiz qilgan narsa – gunoh sababli yetur. Yana U ko‘p (gunohlarning jazosini bermasdan) avf qilib yuborur" (30-oyat). Keyin dedilar: "Dunyodagi musibatlar gunohlar tufaylidir. Agar Alloh taolo bandasini dunyoda gunohi uchun jazolasa, dunyoda ham, oxiratda ham ikkinchi bor azoblamaydi. Alloh taolo bunday qilishdan pokdir".
339. Oyisha onamiz (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. U zot (a.s.) aytdilar: "Mo‘minga biror musibat kelsa, hatto tikan kirsa yoki undan katta narsalar yetsa, Alloh shu sababli uning gunohlarini to‘kadi".


Balo va mashaqqatlarga sabr qilish bobi hadislari
322-hadis. Hasan sahih. Ahmad, Termiziy va boshqalar rivoyat qilgan.

323-hadis. Mursal. Iroqiy “Tarix ul-ihyo”da keltirgan.

324-hadis. Hasan. Abu Ya’lo, Ibn Hibbon va boshqalar rivoyat qilgan. “Al-ihyo”, “Al-majma’”ga qarang.

325-hadis. Zaif. Ahmad, Ibn Hibbon va boshqalar rivoyat qilgan. “Al-ihyo”ga qarang.

326-hadis. Zaif. Termiziy, Ibn Mojja rivoyat qilgan. “Zaiful jome’”da kelgan.

327-hadis. Sahih. Buxoriy, Abu Dovud, Ahmad rivoyat qilgan.

328-hadis. Sahih. Ahmad, Ibn Mojja, Asbahoniy shu lafz bilan, Muslim shunga o‘xshash lafz bilan rivoyat qilgan.

329-hadis. Zaif. Tabaroniy, Ibn Abu Dunyo rivoyat qilgan.

330-hadis. Muttafaqun alayh. Buxoriy, Muslim rivoyat qilgan.

331-hadis. Zaif. “Al-ihyo”da kelgan.

332-hadis. Zaif. “Zaiful jome’”ga qarang.

333-hadis. Juda zaif. Bayhaqiy rivoyat qilgan.

334-hadis. Sahih. Ahmad, Ibn Abu Dunyo rivoyat qilgan.

335-hadis. Sahih. Termiziy rivoyat qilgan. “As-sahiha”ga qarang.

336-hadis. Juda zaif. Abu Ya’lo, undan Daylamiy rivoyat qilgan.

337-hadis. Sahih. Buxoriy, Termiziy, Ahmad rivoyat qilgan.

338-hadis. Sahih. “As-sahiha”ga qarang.

339-hadis. Sahih. Muslim va boshqalar rivoyat qilgan.




YIGIRMA TO‘QQIZINCHI BOB MUSIBATGA SABR QILISH
340. Maoz ibn Jabal (r.a.) rivoyat qiladilar. "Mening bir o‘g‘lim vafot etdi. Shunda Payg‘ambar (a.s.) menga maktub yozdilar: "Allohning rasuli Muhammaddan Maoz ibn Jabalga. Senga Allohning salomi bo‘lsin! Undan o‘zga iloh bo‘lmagan Zotga hamd aytaman. Ammo ba’d: Alloh ajringni ulug‘ qilib, sabr bersin! Senga va bizga shukrni nasib etsin! Jonimiz, molimiz, ahli oilamiz Alloh bergan ne’mat va omonat bo‘lib, undan ma’lum muddat foydalanamiz. Vaqti kelgach, Alloh uni oladi. Alloh bizga berganida shukr, olganida esa sabr qilishga buyurdi. Bu o‘g‘ling ham Alloh bergan ne’mat va omonat bo‘lib, seni u bilan xursand qilib, foydalantirdi. Agar sabr etib, savob umid qilsang, senga buyuk ajr berish bilan uni oldi. Ey Maoz! Sendagi sabrsizlik ajringni zoe’ qilmasin, pushaymon bo‘lib qolasan. Agar musibatning savobini bilsang edi, musibating kamligini bilarding. Bilki, sabrsizlik o‘limni qaytarib, xafalikni ketkazmaydi. Yetgan musibatga afsus qilma! Vassalom".
341. Anas ibn Molik (r.a.) aytadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Kim dunyo uchun xafa bo‘lib tong ottirsa, Rabbiga g‘azab qilgan holda tong ottiribdi. Kim o‘ziga tushgan musibatdan shikoyat qilib tong ottirsa, Rabbidan shikoyat qilib tong ottiribdi. Kim boyning qo‘lidagi narsaga yetishishlik uchun xushomad etsa, Alloh uning uchdan ikki amalini yo‘q qiladi. Kimga Qur’on berilsa-yu, keyin do‘zaxga kirsa, Alloh uni rahmatidan uzoq qiladi". Ya’ni, kim Qur’onni yod olgan bo‘lsa-yu, undagi hukmlarga amal qilmasa, dangasalik qilib do‘zaxga kirsa, Alloh uni o‘z rahmatidan uzoqlashtiradi. Chunki u o‘zining roziligi deb Qur’onning hurmatini bilmadi.
Vahb ibn Munabbah aytadilar: "Tavrotda ketma-ket kelgan to‘rtta satrni ko‘rdim:

Kim Allohning kitobini o‘qib, mening gunohim kechirilmaydi, deb gumon qilsa, Allohni oyatlarini masxara qilibdi.

Kim o‘ziga tushgan musibatdan shikoyat qilsa, go‘yoki Allohdan shikoyat qilibdi. Kim o‘zidan ketgan narsaga xafa bo‘lsa, Allohning qazoi qadariga g‘azab qilibdi.

Kim boyga boyligi uchun xushomad qilsa, dinining uchdan ikkisi ketibdi. Ya’ni, imoni noqis bo‘libdi".


342. Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimning uchta farzandi o‘lsa, do‘zaxga kirmaydi. Magar qasamni amalga oshirish bundan istisnodir", ya’ni,

"Sizlardan har biringiz unga (do‘zaxga) tushuvchidirsiz"[/b[, degan Allohning va’dasi bor (Maryam,71).
343. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Qaysi mo‘minga musibat yetsa, garchi u musibati eskirsa ham, musibati uchun "inna lillahi va inna ilayhi roji’un" kalimasini aytsa, Alloh o‘sha aytganiga ajrini beradi". Ya’ni, Alloh unga musibat yetgan kundagi ajrining o‘xshashini beradi.
Usmon ibn Affondan (r.a.) zikr qilinadi: Agar farzand tug‘ilsa, u kishi yettinchi kuni uni

qo‘lga olardilar. Bu haqda so‘rashganda: "Men uning muhabbati qalbimga tushishini yaxshi ko‘raman, agar o‘lib qolsa, ajrim katta bo‘ladi", degan edilar.


344. Anas ibn Molikdan rivoyat qilindi: Bir kishi o‘g‘ilchasi bilan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelib turardi. Keyin uning o‘g‘li vafot etib, otasi kelmay qo‘ydi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uni surishtirdilar. Sahobiylar: "Ey Allohni elchisi, uning siz ko‘rgan o‘g‘li vafot etdi", deyishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Menga xabar bermadinglarmi? Turinglar, birodarimizga ta’ziya bildirishga boramiz". Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uning oldiga kirganlarida, u g‘amnok edi. So‘ngra u: "Ey Allohni elchisi, men undan qarib, zaiflanadigan kunlarim uchun umid qilgan edim", dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Qiyomat kuni kelib, unga, jannatga kirgin, deganda: "Ota-onam-chi, ey Rabbim!" deyishi seni xursand qilmaydimi?! Unga uch marta, jannatga kirgin, deyishadi. Shafoatida davom etib, oxiri Alloh shafoat qilib, hammalarini jannatga kirgizadi". Keyin u kishidan xafalik ketdi".

Bu xabar bir kishiga musibat yetsa, unga ta’ziya bildirish sunnat ekaniga dalildir.


Faqih aytadilar: Otam Hasan Basriydan rivoyat qildilar: Muso alayhissalom Parvardigordan so‘radilar: "Ey Rabbim, kasalni ko‘ruvchilar uchun qanday ajr bor?" "Uni xuddi yangi tug‘ilgandek gunohlardan pok chiqaraman". Muso so‘radilar: "Ey Rabbim, o‘likni qabristongacha kuzatib boruvchiga qanday ajring bor?" Aytdi: "O‘lgan vaqtida maloikalarni jo‘nataman, uni qabristonga bayroqlar bilan olib borishadi, keyin mahsharga ham". Muso aytdilar: "Ey Rabbim, bolasini yo‘qotgan onaga ta’ziya aytgan kishiga qanday ajring bor?" Aytdi: "Qiyomat kuni arshning soyasidan boshqa hech soya bo‘lmagan kunda uni arshning soyasiga olaman".
345. Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz aytdilar: "Bandaning ikki narsani ichiga yutishi Alloh taologa mahbubdir: Fazabni ichiga yutib, uni hilm bilan qaytarishi va bir musibat yetsa, ichiga yutib, sabr qilishi. Ikki tomchidan ko‘ra Allohga mahbubroq tomchi yo‘qdir: Allohning yo‘lida to‘kilgan qon va kechasi sajda qilib turgan paytda tushgan ko‘z yoshi tomchisi. Uni Allohdan boshqa hech kim ko‘rmaydi. Ikki qadamdan ko‘ra Alloh taologa mahbubroq qadam yo‘qdir: Farz qilingan namozga yurib borgan qadam va qarindoshlikni bog‘lash uchun bosilgan qadam".
Abu Dardo (r.a.) aytadilar: "Sulaymon alayhissalomning o‘g‘illari vafot etdi. U kishi ko‘p xafa bo‘ldilar. Ikki farishta kelib, u kishining oldilarida xusumat kiyimlarida o‘tirishdi. Birlari aytdiki: "Don ekdim, ammo o‘rmadim, mana bu narsa o‘tib, uni vayron qildi". Boshqasi aytdi: "Sen nima deysan?". Aytdi: "Joduni olib ekinzorga keldim va uni chapga, o‘ngga otdim. Shunda ekinzor ustida yo‘l paydo bo‘ldi". Sulaymon aytdilar: "Nimaga yo‘lning ustiga don ekding? Odamlarning yo‘li borligini bilmasmiding?" Farishta: "Nimaga farzandingga xafa bo‘lyapsan? O‘lim oxirat yo‘li ekanini bilmasmiding?" dedilar.
Xabarda keladiki, Sulaymon alayhissalom Allohga tavba qilib, shundan keyin bolalariga motam tutmagan ekanlar.

Abdulloh ibn Abbosga (r.a.) qizchasi vafot qilganligi to‘g‘risida xabar keldi. U kishi safarda edi. "Inna lillahi va inna ilayhi roji’un", dedilar. Keyin: "U avrat edi, uni Alloh satriga oldi, uning ashyolariga Alloh o‘zi kifoya qiladi va bu ish Alloh menga bergan bir ajrdir", dedi va ikki rak’at namoz o‘qidi. So‘ng aytdi: "Alloh taolo bizga buyurgandek qildik", dedilar va:



"Sabr va namoz bilan Allohdan yordam so‘ranglar" (Baqara, 153), oyatini o‘qidilar.

346. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Etiklaringizning ipi uzilsa ham, "Inna lillahi va inna ilayhi roji’un", deb aytingiz, chunki u ham musibatdir".


347. Ummu Salama (r.a.) rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim bir musibat bilan musibatlansa, Alloh taolo buyurgandek "biz Allohniki va biz Allohga qaytguvchimiz. Alloh, bu musibatim uchun menga ajr bergin va uning orqasidan undan yaxshisini bergin", desa, Alloh o‘shani beradi".
Ummu Salama onamiz aytadilar: "Abu Salama vafot etganda o‘shanday dedim, keyin: "Kim menga Abu Salamadek bo‘la olardi?" deb o‘yladim. Uning orqasidan Alloh taolo menga rasuli Muhammadni sollallohu alayhi vasallam taqdim qildi".
U zot alayhissalom Ummu Salamaga uylandilar.
348. Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Musibat tushganda sonlariga urish ajrni yo‘q qiladi. Musibatga ilk to‘qnashgandagi sabrning ajri katta bo‘ladi. Ajr musibatning kattaligiga qarab bo‘ladi. Kim musibatdan keyin, biz Allohniki va biz Allohga qaytguvchimiz, desa, Alloh uning ajrini musibat yetgan kunidek yangilab beradi".
Faqih aytadilar: Oqil kishi musibatning savobi haqida fikr qilishi lozim. Shunda unga musibat yengil bo‘ladi. Albatta, Alloh taolo musibatga sabr va qanoat qilsagina katta savob bo‘lishini aytgan. "Albatta, sizlarni imtihon qilamiz..." Allohning imtihoni o‘zi bilgan g‘aybni zohir qilishdir; "xavf xatar bilan..." ya’ni, dushman bosqini, qo‘rqinchi bilan; "ochlik bilan", "mollarni, jonlarni va mevalarni kamaytirish bilan" Alloh imtihon qiladi. "Sabr qiluvchilarga xushxabar bering". So‘ng ularni vasf qildi: "Biror musibat yetganda, albatta, biz Allohning (bandalarimiz) va, albatta, biz U zotga qaytguvchimiz, deydilar".
"Biz Allohning (bandalarimiz)...", ya’ni, biz Allohning qullari va biz Uning mulkidamiz, agar yashasak, rizqimiz Uning ustida. "...va, albatta, biz U zotga qaytguvchimiz". Ya’ni, o‘limdan keyin.

Bizlar Uning hukmiga rozi bo‘lishimiz shart. Agar biz Uning hukmiga rozi bo‘lmasak, Unga qaytganimizdan keyin U bizdan rozi bo‘lmaydi.


"Ana o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salovot (mag‘firat) bordir". Salovot uch narsa ustidadir: Toatga tavfiq, gunohlardan saqlanish, mag‘firat. Bu gap birgina salovotning tafsiridir. Ammo boshqa salovotlarning nihoyasini Allohning o‘zi biladi. "...va rahmat bordir", ya’ni, Alloh taolodan. "Ana o‘shalar haq yo‘lni topguvchilardir" (Baqara, 155-

157).
Said ibn Jubayrdan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Istirjo’ aytish faqat shu ummatga berildi. Agar boshqa ummatga berilganda, Ya’qub alayhissalomga berilardi. U kishiga musibat yetganda:



Yüklə 3,04 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   46




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin