JIBONAT
Jibonat deb qo’rqoq va yuraksizlikni aytilur. Qo’rqoq kishilar vahm va xayolot asiri bo’lub, bir ishni
ishlamakg’a jasorat qilolmaslar. Qo’rqoqlik eng yomon xulqlarning biridur. Chunki qo’rqoq kishilarning
so’z va va’dalariga ishonub bo’lmagani kabi yo’l va safarda ham hamroh bo’lmak xatodur. Zeroki,
yuraksiz kishilarda sabr va sabot, jur’at va matonat kabi yaxshi sifatlar bo’lmaydur. Qo’rqoqlikning
boshi tarbiyasizlik o’ldig’i kabi oxiri o’lumdur. Birdan bir narsadan qo’rqub, yuragi yorilub, o’lub qolgan
qo’rqoqlar ham bo’ladur. Shul xususga biz turkistonlilar hech ahamiyat bermaymiz. Bolalarimizni
yaxshi tarbiya qilmaymiz, «ana, ola bo’ji kelvotti» deb qo’rqoq va yuraksiz qilib o’tiramiz. Shuning
uchun bizlarning bolalarimiz hech narsaga jasorat qilolmaydurgan, kech bo’lsa uydan eshikka
chiqolmaydurgan, hatto o’zining soyasidan qo’rqadurgan yuraksiz bo’lub o’sadur. Bular kishi
bo’lganda ham foydali ishlarni ishlovdan mahrum bo’lub, faqir va muhtojlikda qolurlar. Bas, qo’rqoqlik
soyasida o’zlariga yeng bo’lmagan yuraksiz kishilardan millatga bo’y bo’lolmasliklari tabiiydur. Rasuli
akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Dunyolar yig’durub, oh-voh
chekdurub qayg’uga soladurgan baxillik kabi yuragi yorilur darajada qo’rqoqlik kabi er kishida bo’lgan
sifatlarning yomoni yo’qdur. Yana, qo’rqoq savdogar har zamon foydadan mahrum bo’lur. Jasoratli,
bahodir savdogarlarning doimo rizqi ortar», – demishlar.
HASAD
Hasad deb bir odamga janobi Haq tarafindan berilgan he’mat va davlatning zavolini tilamakni
aytilur. G’iybat, bo’hton, su’izan kabi yomon xulqlar hasaddan tug’ilur.Hasad axloqi zamimalarning
eng zararligidur. Janobi Haq Qur’oni karimda «va min sharri hosiden izo hasad» deb hosidning
sharrindan o’ziga sig’inmoqni amr etmishdur. Hukamolar hasadni otashga o’xshatmishlar. «Otash
o’zidan-o’zi yonub kul bo’lgani kabi hasudlarning jasadi hasad o’ti ila erub, mahv va barbod bo’lur», –
demishlar. Hasadning yomonlig’ining sababi Alloh taologa qarshu e’tiroz o’ldig’indandur. Zeroki,
hasudning «Oh! Falonchining mol va davlati, izzat va saodati manda bo’lsa, rohat va safoni man
sursam edi» zimnindagi xayoloti harisonasi janobi Haqning o’lchab bergan rizqiga qanoatsizlig’ining
nishonasidur. Holbuki, janobi Haq bir ne’matni birovga abas va bekorga ihson qilmaydur. Buning sir
va hikmati o’zining ilmi azaliysiga ma’lum shaylardandur. Banda hasad qilgani ila yo’q, yordam qilgani
ila bor qilolmaydur.
Alhosil, hasud doimo ya’s va hasrat orasida umrguzaronlig’ qilur. Qancha mol va dunyoga molik
bo’lsa, yana hasadindan farog’at va rohat yuzini ko’rmasdan dunyodan ketar. Rasuli akram nabiyyi
Turkiy Guliston yoxud axloq. Abdulla Avloniy
Dostları ilə paylaş: |