Molibden. Ushbu element o`simliklarga MoO4- anioni holida o`tadi. Molibden boshoqdoshlarga nisbatan dukkakli o`simliklarda ko`p bo`ladi. Uning asosiy to`planish joyi yosh novdalar va barglardir. Molekulyar azotni o`zlashtiruvchi mikroorganizmlar uchun molibdenning ishtiroki zaruriydir. Molibden nitratlarning qaytarilishida ishtirok etadi va ayrim fermentlar tarkibida uchraydi. Shuningdek u aminlanish va qayta aminlanish reaktsiyasida ishtirok etadi.
Molibden askorbat kislotasining biosintezi uchun ham zurur. Molibdenga nisbatan sabzavot va dukkakli o`simliklar ayniqsa talabchandir. Molibden taqchilligida o`simliklarning o`sishi to’xtaydi, xlorofill sintezi buziladi va barglar och-yashil tusga kiradi. Ammo shuni ham aytib o`tish lozimki, o`simlik organlarida molibden elementining ortiqcha miqdorda yig`ilishi nafaqat ular uchun zaharli ta`sir ko`rsatadi balkim ushbu o`simliklar bilan oziqlanadigan hayvonlar ayrim hollarda insonlar sog`ligiga ham salbiy ta`sir etishi mumkin.
Mis. O`simliklarda ushbu element 0,0002% yoki 0,2 mg/kg atrofida uchraydi. Mis Cu+ kationlari holida o`simliklar tomonidan qabul qilinadi. O`simiik to`qimalaridagi misning 2/3 qismi erimaydigan-bog`langan holatda bo`ladi. Ushbu element o`simliklarning o`sish konusi va urug`larida ko`p uchraydi. Barglardagi barcha misning 70% xloroplastlarda to`plangan bo`lsa, yarmiga yaqini plastotsianinlarda to`plangan bo`lib FS 11 va FS 1 o`rtasida elektronlar tashiluvida ishtirok etadi.
Misning g`o`za organlarida o`rtasidagi taqsimoti quyidagichadir: barglarda 25 mg/kg, poyada 1 mg/kg, chanoqda 4,8 mg/kg, chigitda 4,2 mg/kg, tolada 0,2 mg/kg. Barglardagi misning 70% xloroplastlarda uchraydi va plastotsianin fermenti tarkibiga kiradi. Shuningdek u askorbatoksidaza, polifenoloksidaza kabi fermentlar tarkibida ham uchraydi. Mis xlorofill sintezida ishtirok etadi hamda vitaminlar faolligini oshiradi.
Misning o`simliklar uchun yana bir muhim ahamiyati uning tashqi muhit omillariga o`simliklarning chidamliligini oshirishidir. Mis taqchilligida o`simlik o`sish va gullashdan to`xtaydi, mevali daraxtlarning o`suvchi qismi quriy boshlaydi. O`simliklarni oziqlantirish uchun misning sulfatli tuzi (CuSO4) o`g`it sifatida qo`llaniladi.
Kobalt. Bu elementning o`simlik organlaridagi miqdori 0,00002% yoki 0,02 mg/kg atrofida. Kobalt ko`proq dukkakli o`simliklar uchun zarur, chunki ildizlardagi tuganak bakteriyalarning ko`payishida ishtirok etadi. U vitaminlar (Vn) tarkibida, o`simliklarning azotni o`zlashtirishida va xlorofillar sintezida qatnashadi. O`simliklar ham xuddi hayvonlar kabi B12vitaminini sintezlay olmaydi.
Kobalt magniy va marganets bilan birgalikda arginaza va glikoliz fermenti fosfoglyukomutazalarni faollashtiradi.
Rux. Ushbu element o`simliklarga kationlar (Zn+2) holida o`tadi. Uning miqdori ayniqsa yog`li organlarda ko`p bo`ladi. U glikoliz jarayonlari fermentlarining faolligida qatnashadi. Shuningdek rux karboangidraza fermentini faollashtiradi (H2CO3=CO2+H2O). Rux fotosintez uchun zarur chunki u CO2 miqdorini oshiradi. U triptofan aminokislotasining sintezida, undan fitogormon-indolilatsetatni hosil bo`lishida ishtirok etadi (VII.6-rasm).
Rux taqchilligida fosfor almashinuvi buziladi, o`simlik o`sishdan to`xtaydi, hosil tugish sekinlashadi. Ruxning yetishmasligi sitrus o`simliklarida ko`plab kasalliklarni yuzaga chiqaradi. Ruxning yetishmasligi fosfor almashinuvini buzadi ya`ni fosforning o`simlik yer ustki qismlariga tashiluvi qiyinlashib uning asosiy qismi ildizlarda yig`ila boshlaydi. To`qimalarda organik fosfor formalarining miqdori kamayib anorganik formasiniki ortadi. Shuningdek saxaroza va kraxmalning miqdori kamayib organik kislotalarning ulushi ortadi. Bundan tashqari hujayralarning bo`linishi 2-3 marotaba sekinlashadi.
O`simliklarga rux yetishmaganda bo`g`im oraliqlari qisqaradi va barglarda xloroz belgilari paydo bo`ladi. O`simliklarni oziqlantirish uchun ruxning sulfatli (6-10 kg/ga) tuzi (ZnSO4) eritmasini uning barglariga purkash tavsiya qilinadi.
Bor. O`simliklarning muqobil o`sishi va rivojlanishi uchun bor elementi o’ta zarurdir. Uning o`simlik to`qimalaridagi miqdori 0,0001% atrofida. Bor elementiga ko`proq ikki urug`pallali o`simliklar muhtoj bo`ladi. Ayniqsa qand lavlagi, gulkaram kabi qishloq xo`jalik o`simliklari, boryetishmaydigan tuproqlarda o`stirilganda tezda kasalllanib qurib qoladi.
O`simliklar organlarida uning miqdori quruq massaaga nisbatan 0,1 mg/kg atrofida bo`ladi. Borning miqdori gul va hujayra po`stida nisbatan ko`p bo`ladi. Gul changining unishi va naychalarning o`sishi bor elementi mavjudligi bilan bog`liq jarayonlardir. Bor moddalar almashinuviga ta`sir qiladi. Uning yetishmasligi o`sish konusining nobud bo`lishiga olib keladi.
Bor boshqa mikroelementlardan farqli o`laroq fermentlar tarkibiga kirmaydi. Ammo o`simliklarga bor yetishmasa, uning hujayralarida fenol birikmalari ko`payadi. Bu o`z navbatida oqsil, nuklein kislotalar almashinuvini buzadi. Shuningdek fenollar tonoplastlar o`tkazuvchanligini kuchaytirib sitoplazmada fenollar to`planishiga olib keladi. Ushbu birikmalar polifenoloksidaza ta`sirida xinonlarga oksidlanadi. Xinonlar esa o`z navbatida o`simlikni zaharlaydi va o`sish konusi o`ladi. O`simliklarga bor yetishmasligini oldini olish uchun H3BO3 birikmasi o`g`it sifatida ishlatiladi.