6. Sug‘urta fondidan foydalanish bilan bog‘liq atamalarga quyidagilar kiradi:
Bosh polis- sug‘urta kompaniyasi va sug‘urtalanuvchi o‘rtasidagi yozma bitim. Bu bitimga muvofiq, tegishli davr mobaynida sug‘urtalanuvchi barcha ob’ektlarni sug‘urta kompaniyasiga sug‘urtalash uchun beradi. Chet el tajribasida bu bitim «ochiq polis» yoki «polis-abonament» deyiladi. Mazkur bosh polis asosida sug‘urtalash tashqi savdo yuklari sug‘urtasida keng tarqalgan. Sug‘urtalanuvchi sug‘urta kompaniyasiga har bir jo‘natilgan yuk haqidagi ma’lumotlar (yukning vazni, sug‘urta summasi, yukni jo‘natish va qabul qilib olish punktlari) bayon etilgan arizani taqdim etsa yetarli, yuk avtomatik ravishda sug‘urtalangan hisoblanadi.
Kvotali qayta sug‘urtalash - sug‘urta kompaniyasi qayta sug‘urtalovchi kompaniya bilan kelishgan holda unga risklarni bir qismini beradi. Bu operatsiya kvota shartnomasi orqali rasmiylashtiriladi. Qayta sug‘urtalovchi kompaniyaga sug‘urta mukofotini tegishli qismi beriladi va qayta sug‘urtalovchi kompaniya mutanosib ravishda ko‘rilgan zararni qoplashda ishtirok etadi.
Vositachilik haqi - mijozlarni sug‘urtaga tortganligi uchun sug‘urta kompaniyasi tomonidan vositachilarga (sug‘urta brokeri, agent) to‘lanadigan haq. Vositachilik haqining miqdori sug‘urtaning turiga va kelib tushgan mukofotning hajmiga bog‘liq holda sug‘urta mukofotiga nisbatan foizlarda to‘lanadi.
Sug‘urta polisi - sug‘urta shartnomasi tuzilganlik faktini tasdiqlovchi hujjat. Sug‘urta polisida quyidagi rekvizitlar bo‘lishi shart: sug‘urta kompaniyasining yuridik manzili, sug‘urtalanuvchining nomi, sug‘urta ob’ekti, sug‘urta mukofotining miqdori, shartnomaning amal qilish muddati. Sug‘urta qoplamasini to‘lashda sug‘urtalanuvchi sug‘urta polisini sug‘urta kompaniyasiga taqdim etishi zarur.
Sug‘urta dalolatnomasi - sug‘urta hodisasi ro‘y berganda sug‘urta kompaniyasi tomonidan tuziladigan hujjat. Dalolatnomada mol-mulkning zararlanish yoxud nobud bo‘lish sabablari, ko‘rilgan zarar miqdori va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘ladi. Dalolatnomaga, zarur hollarda sug‘urta hodisasi va mol-mulkning zararlanganligini tasdiqlovchi tegishli tashkilotlarning (yong‘inga qarshi kurash, davlat avtomobil nazorati, qishloq xo‘jaligi, veterinariya xizmati va boshqalar) yozma hulosasi ilova etiladi. Хalqaro sug‘urta munosabatlarida sug‘urta dalolatnomasini adjaster yoki avariya komissari tuzadi va mohiyatan avariya sertifikatiga yaqinlashadi.