Tijorat banklari tomonidan sinditsiyalashtirilgan kreditlash qaytarishlik, to’lovlilik, ta’minlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlari asosida amalga oshiriladi.
Sinditsiyalashtirilgan kreditni berish qarz oluvchi va ishtirokchi banklar o’rtasida tuziladigan kredit shartnomasi asosida amalga oshiriladi. Sinditsiyalashtirilgan kredit berish muddati yirik investitsiya loyihalarini qoplanish muddatiga bog’liq holda kredit shartnomasida belgilanadi. Sinditsiyalashtirilgan kreditdan foydalanganlik uchun foiz stavkasi miqdori sinditsiyalashtirilgan kredit to’g’risidagi kelishuv shartlariga ko’ra qarz oluvchi va ishtirokchi banklar o’rtasida tuziladigan kredit shartnomasi asosida belgilanadi. Zarar ko’rib ishlovchi, nolikvid balansga ega bo’lgan xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga hamda samarasiz investitsiya loyihalarini taqdim qilgan xo’jalik sub’ektlariga sinditsiyalashtirilgan kreditlar berilmaydi. Sinditsiyalashtirilgan kredit olgandan keyin moliyaviy ahvoli yomonlashgan qarzdordan berilgan kreditlar o’rnatilgan tartibda muddatidan avval undirib olish chora-tadbirlari ko’rilishi lozim. Bu qoida kredit shartnomasida albatta qayd etilgan bo’lishi kerak.
Qarz oluvchi o’ziga xizmat ko’rsatuvchi bankka yirik kredit berishni so’rab murojaat qilganidan keyin, bank kreditlash uchun lozim bo’lgan standart tadbirlarni: o’zining ichki kredit siyosatiga mos ravishda mijozning kreditga qobiliyatliligi tahlilini, biznes-rejasi tahlilini, kredit qaytarilishini ta’minlanganligi tahlilini va boshqalarni amalga oshiradi.
Sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirishning mumkinligi to’g’risida kredit qo’mitasi qaror qabul qilgan taqdirda, bank bir vaqtning o’zida ushbu bitimga boshqa banklarni jalb etish hamda sinditsiyalashtirilgan kreditlash tashkilotchisi sifatida bank sindikatini tashkil etish haqida qaror qabul qiladi.
Ishtirokchi banklarni ushbu bitimga jalb etish va bank sindikatini tashkil etish to’g’risida etakchi bank kredit qo’mitasi qaror qabul qilinganidan keyin, etakchi bank sinditsiyalashtirilgan kreditlashda ishtirok etish xohishini bildirgan banklarni aniqlaydi va ularga sindikatda qatnashish taklifi bilan birga tayyorlangan qarz oluvchi to’g’risidagi axborotni taqdim etadi. Shundan keyin etakchi bank ishtirokchi banklar bilan investitsiya loyihasi bo’yicha barcha kredit hujjatlarini taqdim etadi. Taqdim etilayotgan ma’lumotlar bank siri hisoblanadi.
Sinditsiyalashtirilgan kreditni berishga xorijiy banklar va boshqa xorijiy moliyaviy institutlar jalb etilishi mumkin. Bu holda sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirish xorijiy banklar va moliyaviy institutlar bilan tuzilgan bitimlarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ishtirokchi banklar bilan muzokaralar boshlangunga qadar etakchi bank tomonidan bankning ichki kredit siyosati bilan belgilangan tartibda kredit paketini tahlili asosida barcha kredit hujjatlari hamda ishtirokchi banklar o’rtasida tuziladigan investitsiya loyihasini birgalikda kreditlash borasidagi o’zaro kelishuv loyihasi tayyorlab qo’yilgan bo’lishi kerak.
Etakchi bank ishtirokchi banklarga taklif yo’llashdan oldin qarz oluvchi haqidagi ma’lumotlarni Banklararo kredit byurosi ma’lumotlari bilan solishtirishi lozim. Kredit shartnomasining yakuniy variantini ishlab chiqish va imzolash faqatgina etakchi bank va ishtirokchi banklar o’rtasida mazkur investitsiya loyihasini sinditsiyalashtirilgan kreditlash to’g’risida o’zaro bitim tuzilgandan keyin amalga oshiriladi.
Ishtirokchi banklar o’rtasida mazkur investitsion loyihani birgalikda kreditlash borasida bitim imzolangandan keyin bank sindikati tuzilgan hisoblanadi va ushbu bitimni imzolagan barcha ishtirokchi banklar o’zlariga sinditsiyalashtirilgan kreditlash borasida majburiyat olgan hisoblanadilar.
Bank sindikati tuzilgandan keyin ushbu bitimdan chiqish, ya’ni sinditsiyalashgan kredit berish borasidagi kredit shartnomasini imzolashda bosh tortilgan taqdirda ishtirokchi bank qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa ishtirokchi banklar oldida boy berilgan foydani qoplab berish borasida javobgar bo’ladi.
Yirik investitsiya loyihasi uchun sinditsiyalashtirilgan kredit olish uchun, qarz oluvchi etakchi bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi: kredit buyurtmasi; loyihaning texnik-iqtisodiy asosnomasi; qarz oluvchining bank hisobvarag’iga pul tushumlari (pul oqimi) taxmini ko’rsatilgan biznes-reja; qarz oluvchining kreditga layoqatliligini aniqlash uchun Davlat soliq xizmatining mahalliy (tuman) organi tomonidan tasdiqlangan 1, 2, 2a-shakllardagi oxirgi 3 yillik moliyaviy hisoboti; sindikatli kreditlashning ta’minot shakllaridan birini; etakchi bankning kreditlashni tashkil etishga doir ichki qoidalarida ko’zda tutilgan boshqa hujjatlar.
Olingan kreditni qaytara olmaslik riskining oldini olish maqsadida qarz oluvchi tez va erkin sotilish talablariga javob beradigan ta’minotga ega bo’lishi kerak. Qarz oluvchi bankka quyidagi ta’minot turlarini taqdim etish huquqiga ega: mulk yoki qimmatli qog’ozlar garovi; bank yoki sug’urta tashkiloti kafolati; uchinchi shaxsning kafilligi; sug’urta kompaniyasining qarz oluvchining kreditni qaytaraolmaslik xatarini sug’urta qilingani to’g’risidagi sug’urta polisi.
Yirik investitsion loyihani moliyalashtirish maqsadida xorijiy bank yoki boshqa moliyaviy institutlar ishtirokida sinditsiyalashtirilayotgan kredit amalga oshirilayotgan bo’lsa, kreditni qaytarish majburiyatini ta’minoti sifatida hukumat kafolati taqdim etilishi mumkin. Ta’minot turlaridan biri kreditni qaytarish ta’minoti sifatida ishtirokchi banklar talab qilayotgan summani qoplash uchun etishmasa, qarz oluvchi etakchi bank roziligi bilan uning etishmayotgan qismini qoplash uchun qo’shimcha ravishda yuqorida sanab o’tilgan ta’minot turlarining biri yoki bir nechtasini bir-birini to’ldirishi asosida taqdim etishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasining “Garov to’g’risida”gi qonuniga muvofiq, muomaladan chiqarilgan buyumlardan tashqari, har qanday mulk, shu jumladan, buyumlar va mulkiy huquqlar (talablar), qimmatli qog’ozlar (ishtirokchi banklar emitent bo’lgan qimmatli qog’ozlardan tashqari) va boshqalar garov predmeti bo’lishi mumkin. Bunda garov shartnomasi bir tomondan qarz oluvchi va ikkinchi tomondan ishtirokchi banklar tomonidan imzolanadigan shaklda tuziladi.
Kafolat Fuqarolik kodeksining 299-moddasiga muvofiq kafolat beruvchining etakchi va ishtirokchi banklar oldidagi yozma majburiyati shaklida rasmiylashtiriladi. Yozma majburiyat etakchi bankda saqlanadi. Kafillik Fuqarolik kodeksining 292-moddasiga muvofiq, etakchi va ishtirokchi banklar-benifitsiarlar foydasiga kafil, etakchi, ishtirokchi banklar va qarz oluvchi tomonidan imzolanadigan yozma shakldagi kafillik shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
Etakchi bank ishtirokchi banklar bilan kelishgan holda ularga eng qulay bo’lgan ta’minot shaklini tanlash huquqiga ega. Bunda etakchi bank ishtirokchi banklar bilan birgalikda tavsiya etilayotgan ta’minot turini tahlil qilishi shart. Jumladan, garov taqdim etilgan taqdirda, etakchi bank garov sifatida taklif etilayotgan mulkni qarz oluvchi hamda ishtirokchi banklar vakillari ishtirokida birgalikda baholashi yoki qonunchilikda belgilangan tartibda litsenziyaga ega bo’lgan mustaqil baholovchini jalb etgan holda baholashni amalga oshirishi mumkin. Kafolat, sug’urta yoki uchinchi shaxsning kafilligi taqdim etilgan taqdirda, etakchi bank kafolat beruvchining, sug’urta kompaniyasining yoki qarz oluvchiga kafil bo’layotgan shaxsning moliyaviy ahvolini batafsil tahlil qilishi va o’z xulosasini ishtirokchi banklarga ma’lum etishi lozim..
Bank sindikati kredit jildidagi barcha hujjatlarni ko’rib chiqib kredit berish to’g’risida qaror qabul qilganidan, etakchi va har bir ishtirokchi bankning sinditsiyalashtirilgan kreditdagi ulushi aniqlangandan keyin, etakchi va ishtirokchi banklar va qarz oluvchi o’rtasida kredit shartnomasi imzolanadi.
Kredit shartnomasida kreditning umumiy summasi, maqsadi, foiz stavkasi, muddati, har bir ishtirokchi bank tomonidan ajratiladigan kredit miqdori, kredit maqsadsiz ishlatilganligi aniqlanganda ishtirokchi banklar tomonidan ko’riladigan jazo choralari va jarimalar, kredit shartnomada belgilangan muddatlarda ajratilmgan hollarda ishtirokchi banklarga nisbatan qo’llaniladigan jarima miqdori va boshqalar belgilangan bo’lishi shart.
Kredit yig’ma jildi etakchi bankda yuritiladi va unda saqlanadi. Kredit yig’ma jildining nusxasi har bir ishtirokchi bankda saqlanadi.
Ishtirokchi banklar tomonidan qarz oluvchi bilan sinditsiyalashtirilgan kredit berish to’g’risida kredit shartnomasi tuzilgandan so’ng, ishtirokchi bankning ichki tartibida belgilangan tarzda tegishli mas’ul xodimi tomonidan buxgalteriyaga kreditning miqdori, muddati va foiz stavkasini ko’rsatgan holda, ssuda hisobraqamini ochish to’g’risida farmoyish beradi.