Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti mustaqil izlanuvchisi Umarov Muhriddin Аbduxalil o‘g‘lining “Grafik protsessorlarda dinamik tasvirlarga parallel ishlov berish modeli
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti mustaqil izlanuvchisi Umarov Muhriddin Аbduxalil o‘g‘lining “Grafik protsessorlarda dinamik tasvirlarga parallel ishlov berish modeli, algoritmi va dasturiy vositalari” mavzusidagi dissertatsiya ishiga TАQRIZ Jahonda tasvirlarga ishlov berish, ulardan muhim obyektlarni tanib olish va tahlil qilish uchun avtomatlashtirilgan aqlli tizimlar yaratishning mavjud usul va algoritmlarini takomillashtirish, grafik protsessorlarda parallel hisoblash bo‘yicha qator ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Ushbu sohada tasvirlarga dastlabki ishlov berish, obyektlarni aniqlash va sinflashtirish, obyektlarning ma’lumotlar to‘plamini yaratish masalalari umumiy hol uchun ishlab chiqilgan, ammo xususiy hollar uchun hali qoniqarli yechilmagan. Tasvirlardagi obyektlarni aniqlash, avtomobilga statik o‘rnatilgan kuzatuv kamerasidan olingan yo‘l sahnasi tasvirlariga dastlabki ishlov berish, chuqur o‘qitishga asoslangan algoritmlar uchun O‘zbekiston hududida qo‘llaniladigan yo‘l belgilarining ma’lumotlar to‘plamini yaratish, shuningdek, intellektual transport tizimlarini ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqotlar yetarli darajada olib borilmagan.
Mamalakatimizda real vaqt rejimida tasvirlarda yo‘l belgilarini aniqlash va sinflashtirishni neyron tarmoq modellari asosida tezkor, adaptiv va aniqligi yuqori algoritmlarini ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega.
Dissertant M.A. Umarovning tadqiqot ishi maqsadi yo‘l sahnasi tasvirlariga grafik protsessorlarda parallel ishlov berish modeli va algoritmlari, yo‘l belgilari ma’lumotlar to‘plami, dinamik tasvirlardan yo‘l belgilarini tanib olishning konvolyutsion neyron tarmoq modeli hamda dasturiy vositalarini ishlab chiqishdan iborat. Tasvirlarga dastlabki ishlov berish, tasvirlar oqimida obyektlarni aniqlash, sinflashtirish va yo‘l belgilari ma’lumotlar to‘plamini ishlab chiqish bo‘yicha bir qator tadqiqotlar o‘rganilgan.
Maqsadga erishish uchun to‘rtta vazifalarni hal qilish belgilab olingan va ularni bajarish orqali quyidahi ilmiy yangiliklar himoyaga olib chiqilmoqda:
markaziy protsessorlarda yo‘l sahnasi tasvirlarining yorug‘lik intensivligi past bo‘lgan kanalini tahlil qilish asosida tasvir sifatini oshirish algoritmini ishlab chiqish;
grafik protsessorlarda dinamik tasvirlarni shovqinlardan tozalash va yorqinligini oshirishning parallell ishlov berish modeli hamda algoritmlarini ishlab chiqish;
geterogen hisoblash tizimlarida dinamik tasvirlardan yo‘l belgilarini tanib olishning konvolyutsion neyron tarmoq modeli hamda yo‘l belgilarini matnli va tovushli ifodalashni amalga oshiruvchi modullarini ishlab chiqish;
neyron tarmoq modeli asosida yo‘l belgilarini tanib oluvchi dasturiy vositalarning funksional strukturasi hamda dasturlararo muloqot interfeysini ishlab chiqish.
Tadqiqotlar natijasida ishlab chiqilgan modellar, algoritmlar va dasturiy majmua “Oqdaryo Avtoustoz” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga, “Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti”ning innovatsion loyihasini bajarishga hamda “Top Transport Tashkent” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga joriy etilgan. Joriy etish natijasida olingan samaralar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2023-yil 21-fevraldagi 33-8/1145-son ma’lumotnomasi olingan. Tadqiqot mavzusi bo‘yicha jami 42 ta ilmiy ish nashr qilingan, shulardan 9 ta maqola O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining dissertatsiyalarning asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlarda, shu jumladan, 3 ta xorijiy, 6 ta respublika miqyosidagi ilmiy jurnallarda chop etilgan.
Dissertatsiya ishi kirish, to‘rtta bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati, shartli belgilar va atamalar ro‘yxati hamda ilovalardan tarkib topgan. Dissertatsiyaning hajmi 104 betni tashkil etadi.
Dissertatsiyada erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda mulohazali o‘rinlar ham mavjud:
1. Dissertatsiya ishida imloviy xatolar va formulalarni yozish xatolar mavjud.
2. Dissertatsiya mavzusida grafik protsessorlarda parallel ishlov berish nazarda tutilgan, ammo ishda grafik protsessorlarning parallel hisoblash qobiliyati haqida kam ma’lumot berilgan.
3. Tadqiqot vazifasida aniqlangan yo‘l belgilarining matnli, tovushli, vizual ifodasini hosil qiluvchi dasturiy majmuani ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan, lekin, natijalarni ifodalash qanday amalga oshirilgani to‘liq izohlanmagan.
4. Ishda ishlab chiqilgan dasturiy majmuani amaliyotga joriy qilinishi bo‘yicha ko‘proq maʼlumot keltirilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
M.A.Umarovning “Grafik protsessorlarda dinamik tasvirlarga parallel ishlov berish modeli, algoritmi va dasturiy vositalari” mavzusidagi dissertatsiya ishi 05.01.04 – “Hisoblash mashinalari, majmualari va kompyuter tarmoqlarining matematik va dasturiy taʼminoti” ixtisosligi pasportining 3, 7 va 8 - bandlariga mos keladi.
Keltirilgan eʼtiroz va takliflar dissertatsiya ishining umumiy mazmuni hamda ilmiy va amaliy ahamiyatini pasaytirmaydi. Yuqoridagilardan kelib chiqib Umarov Muhriddin Аbduxalil o‘g‘lining “Grafik protsessorlarda dinamik tasvirlarga parallel ishlov berish modeli, algoritmi va dasturiy vositalari” mavzusidagi 05.01.04-“Hisoblash mashinalari, majmualari va kompyuter tarmoqlarining matematik va dasturiy taʼminoti” ixtisosligi texnika fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim qilingan dissertatsiya ishi O‘zbekiston Respublikasi OАK tomonidan texnika fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyalarga qo‘yilgan barcha talablarga javob beradi va uni keyingi seminarlarda muhokama qilish tavsiya qilish mumkin.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi
TАTU Samarqand filiali
“Kompyuter tizimlari”
kafedrasi dotsenti, t.f.f.d. Mamaraufov O.A.