– 200 –
– 201 –
ekanligini kuzatish mumkin. Davrlar o‘tishi davomida ular
sof leksik birlik va birikma ko‘rinishidagi ramziy obrazlarga
aylanishi mumkin. Sof leksik birlik va birikma shaklidagi
o‘zak ramzlar tarkibida bevosita tabiiy qiyos asosida paydo
bo‘lgan ramzlar ana shu taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tishgan.
Vaziyat ramzlar.
Lirik qo‘shiqlarda inson tabiatning
turfa iqlimlari, uning turli tuyg‘u, orzu-intilishlari qisqa va
sodda shaklda ifodalanadi. Bu ifoda aksariyat holatlarda tabiat
lavhalari bilan inson hayotiga bog‘liq motivlarning parallel
berilishi orqali reallashadi. Inson tabiatdan o‘z ruhiyatining
ifodasini avloddan avlodga o‘tib kelayotgan turli tasavvur-
tushunchalar kundalik kuzatishlar, tajriba va bilimlar orqali
ajratib oladi. Ushbu jarayon insonning ong osti zamiridagi
«ulkan bilim» bilan bevosita bog‘liq kechadi. Ayni jarayonda
insonning tasavvuri, kuzatishi, bilimlarining hosilasi turli
narsa va predmetlarni ko‘nglining qiyosiy ifodachisiga
aylantiradi. Natijada tabiat va qalb hodisalar o‘rtasidagi ichki
uyg‘unlik asosida yangi ramzlar, obrazlar tug‘iladi. Vaziyat
ramzlar aynan ushbu uyg‘unlikning mahsulidir. Masalan:
O‘choq boshida qumg‘on,
Atrofi baland qo‘rg‘on.}A
Yorginamga yetolmay,
Yurak bag‘rim bo‘ldi qon} B
Qadamizda gullar ochilsin.
Keltirilgan to‘rtlikda tabiiy tasvir o‘z holicha vaziyat
ramzni yuzaga keltirayotgani yo‘q: bu tasvir (A) lirik
qahramon hayotiga tegishli motiv (B) bilan qiyos qilinmoqda.
Natijada tabiat tasviri ramziylik kasb etmoqda. Qo‘shiqdagi
«qumg‘on» va «qo‘rg‘on» obrazlarini vaziyat ramzga
aylantirmoqda. Qumg‘onning qoraligi, olovda kuyayotgani,
qo‘rg‘onning baland va chiqib bo‘lmasligi zamirida lirik
qahramonning hayoti, dardi, orzu-armonlari umumlashmoqda.
– 201 –
Qumg‘on uning yuragi – barbod bo‘lgan sevgisi, amalga
oshmay qolgan umidlari. Qo‘rg‘on uni shu holga solgan,
orzu-umidlariga zid bo‘lgan kuchlarning ramziy ifodachisiga
aylanmoqda. Bu o‘rinda lirik qahramon hech qanday qo‘rg‘on
ichida, o‘choq boshida o‘tirgani yo‘q. U yot kuchlar tazyiqida
sevgan kishisidan ayrilganligi, sevganiga yetisholmasligini,
sog‘inchini kuylayapti, xolos.
Qo‘shiq inson ruhiyatining oynasi. Oyna sirlari ramziy
obrazlar zamirida yashirin keladi. Ramziy obraz zamiridagi
yashirin ma’no ilg‘ansagina qo‘shiqda ifodalangan mazmun
anglanadi.
Xalq qo‘shiqlaridagi ramzlar ma’nosini bilmaslik ularda
ifodalangan asl mazmunga parda tortib, an’anadan uzilgan
avlod uchun begona, tushunarsiz hodisaga aylantiradi.
Ana shu o‘rinda ilmiy tadqiqot, izoh va talqinlarga ehtiyoj
tug‘iladi. Xususan bugungi globallashuv davrida ramzlarni
tushunish ehtiyoji dolzarb muammoga aylandi. XX asr
mutafakkirlaridan biri E.Fromm keng ma’noda «ramzlar tili»
borasida so‘zlar ekan: «Men shuning uchun ham ramzlarni
tushunishni maktab va kollejlarda xuddi chet tillarni
o‘rgatgandek o‘qitish lozim, deb hisoblayman. Chunki ramzlar
insoniyatning ong osti – ko‘ngil tubining mevasi hisoblanadi».
Insonning ko‘ngil tubidagi «xazina»sidagi ramz, timsollar
jami tiriklik – bir hujayrali mavjudot, nabotot-u hayvonotdan
tortib odamzodgacha tabiiy bog‘langan «ulkan bilim»dan
bahra olib ijod qilgan. Folklor, umuman xalq ijodiyotining
barcha turlari ana shu «xazina»dan quvvat olib, unadi, o‘sadi.
Baxshi-shoir, qo‘shiqchi ilhom onlari «eskilar izidan» borib,
ushbu xazina «boyliklari»dan bahra oladi. Bu holat boshqa
mavjudodlarning to‘dalashib mavsumiy ko‘chishlarda «to‘da
quvvati» bilan instiktiv «ulkan bilim» – yo‘lchi yulduzga
bog‘lanib, kerakli manzillarini adashmay yo‘l topishlariga,
|