«Animizm»
lotin tilidagi «anima»dan olingan bo‘lib,
ilmiy adabiyotlarda jon, ruh ma’nosini anglatishi ta’kidlanadi.
Animizmga binoan qadimgi ajdodlarimiz dunyodagi hamma
narsaning joni bor, deb bilganlar. Ibtidoiy davrda inson tana va
ruhdan iborat hisoblangan. Ular ham ruh tanani tark etganda
inson o‘ladi, deb o‘ylashgan. Har bir narsaga bu tushuncha
tatbiq etilgan. Shuning uchun mifologiyadagi totemizm
va fetishizm hodisalariga ishonch bildirishni, ularning
mavjudligiga bo‘lgan e’tiqodiy munosabatni animizm bilan
bog‘lash ma’qul. Soddaroq qilib aytganimizda, odamning
totemizm va fetishizm hodisalariga ishonishi uyg‘un holatda
animizmda namoyon bo‘ladi. So‘zning magik – mo‘jizaviy
kuchidan foydalanib inson ruhiyatiga ta’sir etish, uni
xastalikdan ozod qilish, tabiatiga ruhiy tetiklik bag‘ishlash
animizm fazilatlari hisoblanadi. Shuning uchun xalq baxshilari
deganda baxshilik, ya’ni shifo bag‘ishlash ma’nosi saqlanib
qolgan.
Mifologik tasavvurlar olamning yaratilishi, o‘simlik va
hayvonot dunyosining yuzaga kelishi, odamzotning paydo
bo‘lishini xayoliy uydirma vositasida izohlasa-da, mif o‘z
ijodkori va ijrochilari tomonidan bo‘lib o‘tgan voqealar
– 27 –
bayoni sifatida baholangan. M.I.Steblin-Kamenskiyning
ta’kidlashicha, «mif – bu muayyan voqelik bayoni bo‘lib,
unda hikoya qilingan voqea-hodisa nechog‘lik uydirma
bo‘lmasin, yaratilgan va yashab kelgan joyida u hamisha
haqiqat, real voqelik ifodasi sifatida qabul qilingan.
Albatta, mifni o‘rganadigan tadqiqotchi undagi uydirmaga
ishonmaydi. Shuning uchun ham mif bugungi kunda
haqqoniy hayotiy voqelik ifodasi sifatida anglashilmaydi.
Shu tariqa tadqiqotchining mif haqidagi o‘z tasavvuri, ya’ni
«mif ‒ uydirmadir» degan qarashi yuzaga keladi. Yaratilgan
va ommalashgan joyida mif aslida real voqelik ifodasi deb
tushunilgan» (Стеблинь-Каменский М.И. Миф. ‒ Л.:
Наука, 1976. – C.4-5).
O‘zbek tilida qadimgi ajdodlarimizning tizimli shaklda
ifodalangan, so‘z (hikoya qilish), harakat (marosimiy raqslar)
va tasvir (qadimiy osori-atiqalar, qoyatosh suratlari va h.k.)
orqali bayon etilgan mifologik tasavvurlari o‘zbek tilida
«asotir», «mif» kabi atamalar bilan nomlanadi. XI asrda
yashagan buyuk tilshunos olim Mahmud Koshg‘ariyning
«Devonu lug‘otit turk» asarida mif tushunchasi «sav» so‘zi
bilan ifodalangan. Bu so‘z qadimgi turkiylar tilida «xabar»,
«maqol», «qissa», «hikoya», «so‘z», «nutq» ma’nolarini
anglatgan. Mahmud Koshg‘ariy o‘z asari uchun material
to‘plaganida turkiy qabilalarning mifologik tasavvurlarini
ham sinchiklab o‘rgangan. Zero, «Devon»da qush tuxumidan
chiqqan it –
«baroq»
to‘g‘risidagi mif hamda, Oltin qoziq
(Temir qoziq) yulduzlari haqidagi samoviy qarashlar
keltirilganligi ham shu fikrni tasdiqlaydi. «Qazunuq» - qoziq.
Qutb yulduzini «Temur qazunuq» deyish ham shundandir.
«Temir qoziq» demakdir. Chunki osmon buning ustida
aylanadi» («Devon», 3-jild, 3393-bet), - deb yozadi Mahmud
Koshg‘ariy. Olim «ko‘k tubulg‘on» so‘ziga izoh berib,
|