Ey firoqingdin ko‘zumning yoshu qon to‘kmak fani Kim, erur ham la’lning koni, ham inju maxzani. Shoir quyidagi g‘azal matlaida:
Hajring o‘ti jismi zorim qildi kul, ey yor, bil, Gar bino qilsang mazorim, tarhin ul kul birla qil, deydiki, bu yerda g‘oyat nozik va go‘zal xayol ishlatgan shoirning lirik qahramoni o‘z mahbubasiga, uning hajri o‘ti bilan zor jismi kuyib kul bo‘lganini izhor qiladi. Undan, agar mazorimni bino qilmoqchi bo‘lsang, avval ana shu kul bilan uning tarhini qil — rejasini tortgin, deya iltijo qiladi.
Shuningdek, go‘zal va ta’sirli, ayni choqda g‘oyat hayotiy bir o‘xshatish bilan shoir o‘zining oshiqona kayfiyatini ifoda etib, yozadi:
Ishqni man’ etsalar shavqim o‘ti aylar sitez, Shu’la yanglig‘kim, nafas ta’siri aylar oni tez. Ya’ni, shu’laga nafas ursalar — uni puflasalar u tezlab yongani kabi menga ishqni man’ etganlari sari shavqim o‘ti uni zo‘raytirib yuboradi, deydi shoir.
Xusayniy ijodining eng qimmatli tomonlaridan biri shundaki, o‘sha davr uchun eng muhim bo‘lgan dunyoviylik uning asarlari uchun xarakterlidir.
Ma’lumki, Alisher Navoiy Husayniyga o‘zining «Majolisun-nafois» tazkirasidan maxsus bob — sakkizinchi majlisni ajratadi. Unda Husayniy devonidan bir yuz oltmish to‘rtta she’rining matla’ (birinchi bayt)ini keltiradi va shoir qo‘llagan poetik obraz, vosita, go‘zal ma’no va umuman shoirning she’riyatdagi ixtirolari yuzasidan fikr yuritadi va iqtibos — sitatalar keltiradi, shularga o‘z munosabatini bildirib o‘tadi.
Masalan:
«Nargis ko‘zluk va g‘uncha og‘izlik guluzori ko‘zu og‘zin nargis bilan g‘unchaga tarjeh qilgoni ajib nav’ voqe’ bo‘lubtur: Nargis olmas yerdin ul fatton ko‘zung olida ko‘z, Og‘zing olida tutulmish g‘unchaning og‘zida so‘z».(4)
«Bu qofiya va radif hazrat Sultoni Sohibqiron (Husayn Boyqaro — S. G‘.) ning ixtirolaridurkim, hech nazm aytilmaydur va hech devonda bitilmaydur: Ohkim, hijron o‘tidin kuydi jonim o‘zga nav’, O‘rtadi ofoqni o‘tluq fig‘onim o‘zga nav’» (5),
Husayn Boyqaroning she’rlari haqida Navoiyning bergan bunday baholari tasodifiy emas, albatta. Navoiy o‘z asarlarining bir necha yerlarida Sulton Husayn uning g‘azallarini ko‘zdan kechirib, ba’zan esa tahrir qilib berganini qayd qiladi. Xuddi shunday narsa Navoiy tomonidan ham doim amalga oshirilib qelinganligiga shubha qilmasa bo‘ladi.
Alisher Navoiy Sulton Husayn Boyqaroning shoirlik qobiliyati haqida so‘zlab, uning she’rshunoslik iqtidori borasida «Majolisun-nafois» oxirida ikki naql keltiradiki, ularning birida Xusrav Dehlaviyning noyob ma’noli bir matla’si yuzasidan Husaynning bildirgan zo‘r mantiqli e’tirozi, ikkinchisida esa, uning Navoiyning she’riyatdagi dahosi, uning uslubi, badiiy mahoratini g‘oyat yaxshi bilganligi ifoda qilingan.
Bahor kunlarining birida Navoiy mashhur shoir, zamonasining malikushshuarosi Mavlono Lutfiy bilan uchrashib qoladilar. G‘oyat qattiq yomg‘ir yog‘ayotgan edi. Lutfiy yomg‘irning torlari haqida so‘zlab, Amir Xusrav Dehlaviyning bir she’rida shu haqda bildirgan go‘zal ma’no va o‘xshatishni maqtab keltiradi: Mahbuba bir kuni bahor yog‘inlari paytida qayoqqa esa ketayotgan ekan, loyda tiyg‘anib yiqila yozadi. U shu qadar nozik bo‘ladiki, yog‘ayotgan yomg‘ir torini ushlab, uning madadi bilan o‘zini o‘nglab oladi.
Bu ma’no Navoiyga juda ma’qul tushadi. U anchagina shoir va adabiyot muxlislariga, joyi kelganda, bu haqda gapirib beradn. Ular ham Xusrav she’riga tahsin o‘qiydilar. Bir kuni, oliy majlisda Husayn Boyqaroga Navoiy shu she’r to‘g‘risida hikoya qiladi va undan hem ta’rifu tahsin kutadi. Lekin Husayn Boyqaro bu she’rdagi o‘xshatish yuzasidan e’tirozi borligini va bu e’tiroz quyidagilardan iborat ekanligini bildiradi: uning fikricha, yuqoridan pastga qarab tushayotgan yog‘in rishtasi yiqilayotgan kishi uchun madad bo‘la olmaydi. Buni eshitgan Navoiy Husaynning e’tirozi mantiqan asosli ekanligidan g‘oyat zo‘r qoniqish paydo qiladi va uning she’rfahmlikdagi zakovatiga qoyil qolganligini naqlning so‘ngida aytib o‘tadi.(6)
Shuni ham alohida qayd qilmoq lozimki, yuqorida qisman aytilganidek, Navoiy va Husayn Boyqaro oralaridagi badiiy san’atkorlik yuzasidan bo‘lgan munosabat hech qachon va hech bir masalada bir taraflama bo‘lgan emas. Aksincha, Husayn Boyqaro ham Navoiyni ko‘klarga ko‘tarib, behad madh etadiki, bunda u tamomila haqli edi. Masalan, Husayn Boyqaro o‘zining mashhur risolasida (7) Navoiy haqidagi misralarni shoirning o‘z ona tilida ijod qilganligini madh etishdan boshlaydi. so‘ngra uning «Xamsa» yaratishdagi yuksak mahoratiga to‘xtalib o‘tadi. Navoiy bilan o‘zi o‘rtasidagi do‘stlikni katta mamnuniyat bilan e’tirof etadiki, buni Navoiy ham «Muhokamatul-lug‘atayn» asarida alohida qoniqish bilan tilga oladi. Husayn Boyqaro o‘z risolasida Navoiyga va uning devoniga g‘oyat yuksak baho beradi:
«Ne devon, olloh, olloh, jungekim (ya’ni: kema — S. G‘ ) sofiy alfozdin to‘la gavhar bo‘lg‘ay va sipehr avroqikim, pok maoniydin mamlu (ya’ni to‘la — S. G‘.) axtar (yulduz — S. G‘.) bo‘lg‘oy… Nazm iqlimida qaysi berk qo‘rg‘onga kuch kelturdikim, eshigi aning yuziga ochilmadi va qaysi azim kishvarga tab’ cheriki bila turktoz soldikim, fath qilmadi.