Bu kun nazm arkonining rub’i maskunida qahramon ul turur va mamolik fathiga sohibqiron ani desalar bo‘lur. Erur so‘z mulkining kishvarsitoni, Qayu kishvarsiton, xisrav nishoni. Dema xisrav nishonkim, qahramoni, Erur gar chin desang, sohibqironi». Lekin katta taassuf bilan shuni qayd qilmoq lozimki, davr nihoyat darajada murakkab, sinfiy kuchlar munosabati nihoyat darajada chigal edi. Ulug‘bekdek nuroniy siymo, ulkan aql egasiga qilingan suiqasd hali hech kimning yodidan o‘chmagan edi. O‘sha kuchlar hamon hayot edi. Davr taqozosi bilan shu kuchlar borgan sari zo‘raydi va nihoyat Husayn Boyqarodek irodali shaxsni ham bukdilar.
To‘g‘ri, Husayn Boyqaro shoh sifatida o‘z davridagi hokim sinfga mansub hukmdor edi. U bilan Navoiy orasidagi vaqti-vaqti bilan yuz berib turgan ixtiloflar hammadan oldin shu bilan izoh etiladi. Lekin ko‘p masalalarda Husayn shu sinfga xos bo‘lgan mahdudlikdan xoli edi. Uning davlat boshlig‘i sifatidagi, madaniyat, jumladan, Navoiyga bo‘lgan munosabati va o‘z ijodidagi qator-qator ijobiy fazilatlar xuddi shu bilan izoh etiladi.
Tarixiy manbalarning xabar berishicha, jumladan, «Makorimul-axloq»da qayd qilinishicha, Husayn Boyqaro Navoiy vafotini nihoyatda eo‘r qayg‘u bilan kutib oladi. U og‘ir safardan qaytayotganiga qaramay (Astrobod yurishidan qaytayotgan edi), to‘g‘ri Navoiy uyiga keladi. Do‘stini dafn etish marosimiga o‘zi boshchilik qiladi. Uch kun u Navoiy uyida ta’ziyaga kelganlarni qabul qiladi, uning qarindoshlari va yaqinlariga g‘oyat mehribonlik ko‘rsatadi. Shoir vafotining yigirmanchi kunida Hirotning Sari Xiyobon maydonida katta ma’raka o‘tkazadi. Shuningdek, 1501 yil 18 fevralda yana ham dabdabali yig‘in uyushtirib, do‘sti xotirasini eslaydi.
Bularning hammasi Husayn Boyqaroning Navoiyga bo‘lgan munosabati, vaqti-vaqti bilan andak xiralashib turganidan qat’i nazar, hamisha yuksak insoniylik printsiplariga asoslanganligini ko‘rsatadi.
Bizlarga Husayn Boyqaro qadimiy o‘zbek madaniyati ravnaqi, o‘zbek tilining rivoji yo‘lidagn ijobiy faoliyati va go‘zal asarlari uchun qadrlidir.
Yuqorida qisman aytib o‘tilganidek, Husayn Boyqaroning Alisher Navoiyning faol harakatlari, oqilona maslahatlari tufayli mamlakatda siyosiy markazlashish yaratiladi, eng avvalo siyosiy hayot iqlimida markazlashgan davlat bunyod etiladi va buning oqibatida tinchlik o‘rnatiladi. Bu tinchlik esa, o‘z navbatida, moddiy ishlab chiqarish, umuman moddiy hayotda hamda madaniyatda taraqqiyot bo‘lishini ta’minlagan eng asosiy va bosh omillardan biri bo‘ldi.
Zahiriddin Muhammad Bobir tili bilan aytganda: «Sulton Husayn Mirzoning zamoni ajab zamone edi, ahli fazl va benazir eldin Xuroson, bataxsis Hiriy shahri mamlu edi. Har kishiningkim, bir ishga mashg‘ullug‘i bor erdi, himmati va g‘arazi ul erdikim, ul ishni kamolg‘a tegurgay» (8).
Adabiyotga kelganda, bu sohada shunday taraqqiyot yuz beradiki, uni na avvalgi barcha asrlardagi va keyingi bir necha asrlar mobaynidagi o‘zbek adabiyotigina emas, fors-tojik tilidagi adabiyot ham, ayniqsa Jomiy ijodi timsolida va Navoiyning fors-tojik tilidagi asarlari timsolida o‘zining yana bir cho‘qqisiga ko‘tariladi.
Adabiy hayotdagi g‘oyat keng rivojlanishning eng muhim tomoni undagi tarannum etilgan va davrning bosh belgilovchi masalalari haqida ifoda etilgan g‘oyaviy yangiliklardir. Bunda birinchi navbatda yuksak saviyadagi dunyoviylik va gumanizm alohida e’tiborga sazovordir.
Agar XV asrdagi siyosiy va etnik xaritani va g‘oyat murakkab sharoitni ko‘z o‘ngimizga keltirsak, ayni zamonda, u davrda yaratilgan madaniyatning keyingi asrlarda qoldirgan ta’sir izlarini eslasak, shu narsani aytish kerak bo‘ladiki, birinchidan, Husayn Boyqaro ham davlat arbobi sifatida, ham madaniy hayotga munosabati masalasida anchagina murakkab shaxsdir va u bilan Navoiy orasidagi munosabatlar ham anchagina jihatdan murakkabdir. Ikkinchidan. uning faoliyatidagi ijobiy tomonlar o‘zbek xalqigagina emas, boshqa qo‘shni xalqlarga ham ahamiyatli bo‘lgan.
Binobarin, uning faoliyatini atroflicha o‘rganish ham tarixchilarimiz, ham adabiyotshunoslarimiz, ham madaniyatimiz tarixi bilan shug‘ullanuvchi olimlarimiz oldida turgan muhim vazifalardandir. Bu sohada C. Ayniy, B. V. Bartol`d, YE. E. Bertel`s, A. YU. Yakubovskiy, O. Sharofiddinov, V. Zohidov, Hodi Zariflar anchagina ishlar qilishdi, yana qilinadigan ishlar oz emas. Zotan, Husayn Boyqaro kelajakda ham jiddiy tadqiqot ishlari olib borilishiga sazovor siymolardandir.
IZOHLAR 1. Alisher Navoiy, Tanlangan asarlar, «Muhokomatul-lug‘atayn» T., 1948, 206-bet.
2. Hamid Orasli, «Husayn Boyqaro risolasi haqida». Juri. «O‘zbek tili va adabiyoti», 1966 y. № 3. 6-bet.
3. Qarang, Xondamir, «Makorimul-axloq», T., 1948, 61-bet.
4. Navoiy, tom 12. T., 1966, 186-bet.
5. O‘sha asar, 188-bet.
6. Alisher Navoiy, tom , 12. 207-208-betlar
7. Bu risola turk olimi professor Ismoil Hikmat tomonidan Omosiya kutubxonasidan topilib 1945 yilda uning foto faksimile nashr ettiriladi. 1954 yilda esa Rimda shu faksimileni ital`yancha tarjimasi bilan turkolog olim Turxon Ganjaviy chop etadi. 1966 yilda professor Hamid Orasli kichik kirish so‘z bilan bu risolani «O‘zbek tili va adabiyoti» jurnalining 1966 y. 3-sonida e’lon qilgan.
8. Bobir, «Bobirnoma». T., 1960, 239—240-betlar. Manba: Husayn Boyqaro. Devon.Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot, 1968