3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020-yilda: konsolidatsiyalashgan budjet defitsitini yalpi ichki mahsulotning 0,5 foizidan oshmasligini; O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining daromad va xarajatlari balanslashtirilgan holda ijro etilishini; O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish bo‘yicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi 4 mlrd AQSh dollaridan oshmasligini; O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilinadigan hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qaytariladigan tashqi qarzni o‘zlashtirishning cheklangan hajmi 1,5 mlrd AQSh dollaridan oshmasligini ta’minlasin. 4. Belgilansinki, davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilgan loyiha va dasturlarning natijadorligini baholash jarayoni quyidagilarni nazarda tutadi: yakunlangan loyiha va dasturlarni O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi auditdan o‘tkazib, audit natijalari bo‘yicha axborotni har chorak yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi Rayosatiga yuboradi; tegishli vazirlik va idoralar yakunlangan loyiha va dasturlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘mitalariga 3 oy ichida taqdimotlar o‘tkazadi; O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi loyiha va dasturlarning ishlab chiqilishi, tanlab olinishi, monitoringi va audit natijalariga oid ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalari va veb-saytlarda joylashtirilishini ta’minlaydi. 5. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi: xodimlar umumiy cheklangan soni doirasida boshqaruv xodimlarining soni 3 ta shtat birligidan iborat davlat qarzi hisobiga moliyalashtirilgan loyiha va dasturlarni audit qilish sektorini tashkil etsin; uch oy muddatda davlat qarzlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va dasturlarni baholash va auditdan o‘tkazish hamda ularni xatarlar bo‘yicha guruhlashtirish masalalarini o‘z ichiga oluvchi tartibni tasdiqlasin.