www.ziyouz.com kutubxonasi
98
Xaticha xonim bir oz hayron bo‘lib menga qaradi.
— Albatta, qizim! Maktab bu! Tesha urmasa yog‘och yo‘nilarmishmi? Qancha qattiq
baqirishsa, dars shuncha yaxshi miyaga kiradi, — deb javob berdi.
Sinf bolalarga to‘lgan edi. Maktabning birdan-bir chiroyli va yangi ashyosi bo‘lgan
o‘qituvchi stoliga zarb bilan bir musht tushirdim. Shovqinni to‘xtatib, ovoz chiqarmay
o‘qishlarini buyurmoqchi edim. Lekin bunga hech kim e’tibor qilmadi, birontasi boshini
ko‘tarib qarab ham qo‘ymadi. Aksincha, tosh otilgan ari uyasiday yana beshbattar g‘ovur
boshlandi.
“Ayzubillohi, abjad, havvaz, xutti, jim, ustun, jejim asra ji”.
Bolalarni to‘g‘ri yo‘lga solib yuborguncha anchagina qiynalishimni bilsam ham, harhol-
da bunga muvaffaq bo‘lishimga shubham yo‘q edi.
— Xaticha xonim, bugun o‘zingiz bilganingizcha o‘qitavering, — dedim unga. — Men
sinfda tartib o‘rnatmagunimcha darsni boshlay olmayman.
Kampir menga shubhalanib qaradi-yu:
— Qizim, biz ko‘rgan-bilganimizni o‘qitamiz. Siz bilgan narsalarni biz bilmaymiz, nima
qilaylik, maktab ko‘rmagan bo‘lsak, — dedi.
Boyoqishning nima demoqchi bo‘lganligini keyincha tushundim. Xaticha xonim meni
sinab ko‘ryapti, deb o‘ylabdi. Sho‘rlik kampir ikki yuz qurushlik oyligidan ajrab qolma-
sam deb shunaqayam qo‘rqadiki!..
Havo ochiq bo‘lganiga qaramay, qizlarning bir nechasi boshlarini eski yuzpardalar bi-
lan o‘rab maktabga kelishdi. Xaticha xonimdan buning sababini so‘ragan edim, u bu sa-
volimga har mahalgiday ajablanib javob berdi:
— Voy xudo, bular kelin bo‘ladigan kap-katta qizlar-ku, aylanay! Ko‘chada boshlarini
ochib yurishsa ayb bo‘ladi, axir!
Yo rabbiy! Kuzda rangini yo‘qotgan gullar singari so‘lg‘in bu o‘n-o‘n ikki yashar bolalar
qanday qilib bo‘yi yetgan-u, qanday qilib kelinchak ekan! Men chindan ham g‘alati bir
yurtga kelib qolibman!
Bu ahvol bir jihatdan mening ko‘nglimni ko‘tarmay qolmadi. Bularni kelin bo‘ladigan
qiz, deb yuradigan odamlar menga uyda o‘tirib qolgan qari qiz deb qaraydi, endi hech
kim meni kichkina qiz, deb masxara qilmaydi.
Maktabga hammadan keyin o‘g‘il bolalar keldi. Bu sho‘rliklar kattalar qatori uy ishlari-
ni qilishar, quduqdan suv tortishar, sigir sog‘ishar, toqqa chiqib o‘tin terib kelishar ekan.
Xaticha xonim ularga bir oz tashqarida kutib turinglar, deb buyurdi, keyin zaif bir
hadik bilan menga yuzlandi.
— Ro‘molingni o‘rab olish esingdan chiqibdimi, qizim? — dedi.
— Ro‘molning nima keragi bor?
— E, qizim, kerak bo‘lganda qanday! Mayli-ku, men aralashmayman, lekin boshga
ro‘mol o‘ramay dars berish gunoh bo‘lmasmikin?
“Bilmayman” deyishga uyaldim. Xiyol qizarib:
— Ro‘molim uyda qolibdi, — deb yolg‘on ishlatdim.
Xaticha xonim:
— Bo‘lmasa, qizim, men senga top-toza batist ro‘mol bera qolay, — dedi-yu, yugurib
hujrasiga kirib ketdi. Ochganda qulfi jaranglagan sandig‘idan bitta yashil ro‘mol chiqarib
berdi.
Nachora, boshga tushganni ko‘z ko‘radi! Sochlarimni durra bilan o‘radim. Istambul
ko‘chalarida fol boqib yuradigan lo‘li qizlarnikiga o‘xshatib ikki uchini iyagim tagidan
bog‘lab oldim.
Tashqi darpardasi yopilgan derazalardan birining oynasi xira ko‘zguga o‘xshardi. Men
sekin o‘sha yerga kelib, o‘zimni oynaga sola boshladim. Maktabga tayinlanganimdan