www.ziyouz.com kutubxonasi
103
mas ediki, boshimni derazaga tirab, ko‘zlarimni yumdim, bir necha daqiqa o‘zimni
boshqa yerlarda, otini aytgim kelmagan vafosizlar yurtida ekandek sezdim.
Ashula aytgan bola bu kichkina qizdan boshqa bo‘lishi mumkin emas edi.
Munisa uyalib, boshini silkidi.
— Men edim, xo‘jonim, — dedi.
Qizchani joyiga jo‘natib, darsni boshladim. Ichimda chiroq yoqilgandek bir his paydo
bo‘ldi. Bu kichkina qiz menga iliq bahor quyoshi kabi ta’sir qildi.
Qor ichida ko‘mig‘liq qush inini isitgan zarrin quyosh nuri kabi meni isitdi.
Hasrat to‘la sovuq in ichida boshini qanotlari orasiga suqib, titragan xasta, zaif Cho-
liqushi sekin-sekin jonlana, eski sho‘xchanligini yana topa boshladi. Vujudimning hara-
katlariga ajib bir o‘ynoqilik, ovozimga, so‘zlarimga haroratli bir ohang qo‘shila bordi.
Dars berib turgan chog‘larimda ko‘zlarim ixtiyorsiz unga qarab qolardi. U ham menga
qarardi. Shirin-shirin kulimsirab turgan inju tishlariga, o‘pib olgim kelgan lojuvard ko‘zla-
riga havaslanar, umrimda birinchi marta o‘zimda onalik muhabbati uyg‘ona boshlaganini
his etardim.
Yolg‘iz yashashga majbur bo‘lgan shu kunlarimda qani endi shunday bir qizim bo‘lsa!
Afsuski, bu narsa menga nasib bo‘lmaydi.
Munisani Xaticha xonimdan surishtirib, juda oz narsa bilib oldim. “Opam” degani o‘gay
onasi emish. Otasi ilgari o‘rmon ma’murlaridan biri bo‘lgan ekan. Ikkinchi xotini Zaynilar
qishlog‘idan bo‘lgani uchun, pensiyaga chiqib, shu yerga ko‘chib kelibdi. Xotinining uyi,
bir oz yeri bor emish. Bundan tashqari, oladigan besh-o‘n qurush pensiya puli bilan kun
kechirar emishlar.
— So‘zingizga qaraganda, bularning oilasi uncha kambag‘al emas ko‘rinadi, — dedim
Xaticha xonimga. — Nega endi qizga yomon qarashadi?
Kampir qoshini chimirdi.
— Shunchalik qarashganiga ham shukur deyish kerak. Boshqa xotin bo‘lsa ko‘chaga
chiqarib tashlar edi.
— Nega endi?
— Munisaning onasi yomon xotin, qizim. Yaxshi esimda yo‘q, besh yil bo‘ldimi, olti yil
bo‘ldimi, bilmayman, onasi bir jandarma ofitseri bilan qochib ketgan. Munisa u mahal ju-
da kichkina edi. Keyin ofitser buning onasini tashlab, boshqa yerga ketib qolgan. Keyin
ancha-muncha gap bo‘ldi, yigitlar toqqa olib chiqib o‘ynashgan deyishadi. Xullasi kalom,
buzuq xotin degan nomi bor.
— Hay, bu-ku shundaydir, Xaticha xonim, lekin qizda nima ayb?
Kampir boshini chayqadi, yuzidan tabassum alomati ko‘rindi.
— Nima qilishsin deysan? Bunday xotinning qizini shoyi ipaklarga o‘rashga qurblari
yetmaydi ham.
Munisa maktabga har kuni qatnay olmas edi. Sababini so‘rasam:
“Opam kir yuvdirdi, opam pol yuvdirdi, opam toqqa o‘tin terishga yubordi” qabilida ja-
voblar berar edi.
Bolalar bu qizni uncha yaxshi ko‘rishmasdi. Sinfda har doim o‘zlarini undan olib
qochar, payt topishsa yashiriqcha jonini og‘ritib yig‘latardilar. Bunda mening ham ozmi-
ko‘pmi aybim bor edi. Bu kichkina qizga uyg‘ongan mehrimni yashirmas edim. Sinfda
uni erkalaganimni, bog‘da yonimga chaqirib olib gaplashganimni ko‘rib, bolalarning jahli
chiqardi.
Bir kuni Munisaning maktab bog‘ida yig‘laganini, “Nima qildim sizlarga? Nima yomonlik
qildim? Qo‘yinglar!” deb yolvorganini eshitdim-da, o‘zimni ko‘rsatmasdan derazadan qara-
dim. Qizlar buloqdan og‘izlariga suv to‘ldirib, Munisani quvar, og‘izlaridagi suvni unga pur-
kar edilar. Bechora qiz yig‘lab u yoqdan-bu yoqqa qochar, yuzini, bo‘ynini qo‘llari bilan