www.ziyouz.com kutubxonasi
125
— Bor, gashtingni qilaver, qo‘rqma! Halol bo‘lsin!— dedi-yu, yonimga keldi.
Hoji xalfa shu qadar xursand ediki, quchog‘ida uloqchasi bilan orqamdan chiqib bor-
gan Munisaga musofirxonaning faqat ikkinchi qavatidagina ko‘zi tushdi.
— Ie, xo‘jonim, bu kim bo‘ldi? Qaerdan paydo bo‘ldi? — deb so‘radi.
— Mening qizim bu, Hoji xalfa, — dedim. — Eshitganingiz yo‘q, Zaynilarda kuyovga
chiqdim, mana bitta qiz ko‘rdim.
Hoji xalfa Munisaning iyagini silab turib:
— So‘zlaganga qarama, so‘zlatganga qara. Ajab emas, xudo bersin. Kiroyi qiz desa
degulik. Antiqasi, — dedi.
Yaxshi tasodif — moviyrang nomerim bo‘sh ekan. Juda suyundim. Kechqurun Hoji xal-
fa meni qo‘yarda-qo‘ymay uyiga ovqatga chaqirdi.
Charchaganimni bahona qilib hech chiqqim kelmadi. Lekin chol turib oldi.
— Gapingni qara-yu, olti oy yayov yurganingda ham zig‘ircha charchamaysan. Tavba,
de, — dedi.
* * * Bu narsalarning hammasi yaxshi, hammasi soz! Lekin meni o‘ylatgan boshqa bir ma-
sala bor. Kecha kechqurun uxlashdan oldin o‘zimcha hisob-kitob qildim, natija shuncha-
lar g‘alati chiqdiki, ishona olmadim. Barmoqlarim bilan yana bir marta hisoblab chiqdim.
Afsuski, to‘g‘ri. Natijaning ko‘p xunukligiga qaramay, o‘zimni kulgidan tutib qololmadim.
Men shu mahalgacha o‘z mehnatim, g‘ayratim soyasida umr o‘tkazib kelyapman, deb
o‘ylar edim. Holbuki, qo‘limdagi uncha-muncha pulimni sarflab qo‘yibman.
Bechora Gulmisol yotu begona yerlarga ketayotganimda ehtiyoti shartdan pulim bo‘li-
shi kerakligini aytib, onamning olmoslaridan birini sotgan, pulini alohida bir hamyonga
solib bergan edi.
Hozirgacha ancha pul sarflabman. Ha-ya, ancha vaqt ishsiz yurdim. Keyin yo‘l xara-
jatlari ham ozmuncha bo‘lmadi. Buning ustiga bir kambag‘al qishloq o‘qituvchisidan
boshqa narsa emasligimni ham o‘ylamabman. Tevaragimda kambag‘al, och odamlarni
ko‘rganimda ozmi-ko‘pmi yordam qilishni vazifam deb bilardim. Lekin odamlar juda ham
insofsiz bo‘lishadi. Yuzimdagi yumshoqlikdan yuraklanib, tevaragimda ochilgan qo‘llar
keyingi vaqtlarda shu qadar ko‘payib ketgan ediki...
Tabiiy qimmati qanchaligini men shu kungacha tuzukroq bilolmagan bir necha qurush-
lik oyligim hamma xarajatlarni ko‘tara olmas edi. Yana bir yomon tomoni shu ediki, ana
shu oyliklarimdan ikkitasini haligacha olishga muvaffaq bo‘lmay kelardim.
Ana shunday ehtiyojlar tug‘ildi deguncha, darhol hamyonga qo‘l urardim. Lekin bu
sho‘rlik xaltacha hozir shu qadar yengillashib ketibdiki, ichidagilarni sanashga yuragim
betlamaydi. Demak, besh oyning butun mojarosiga, butun horg‘in-tolg‘inligimga qara-
may meni yashatgan yana oilamning yordami bo‘libdi.
Derazadan tushgan chinor barglarini o‘ynab turib shularni o‘ylaganimda, ham kulgim,
ham yig‘lagim qistaydi. Lekin o‘zimni boshqa bir narsa bilan yupata boshlayman. “Xafa
bo‘lma, Choliqushi. Hech qanday daromad qilmagan bo‘lsang ham, lekin turmush,
yashash, chidash nima ekanligini o‘rganmadingmi? Bu oz daromadmi? Bundan keyin bo-
lalikni tashla, voyaga yetib, kap-katta xotin bo‘lib kelyapsan, qizim!” deyman.
Men shu xil o‘ylanib turganimda, ola-qorong‘i dahlizda birdan g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi.
Qari xizmatkor bir qo‘lida palto, ikkinchi qo‘lida hassa bilan maorif mudirining kabinetiga
zing‘illab o‘tib ketdi.
Bir necha minutdan so‘ng yo‘g‘on bo‘ynini tik tutib, yakka ko‘zoynagini yarqiratib zi-
nadan chiqib kelayotgan mitti mudirni ko‘rdim. Orqasidan kabinetga kirmoqchi bo‘lgan
edim, hozirgina mudirning paltosi bilan hassasini ko‘tarib o‘tgan soqolli xizmatkor yo‘lim-