www.ziyouz.com kutubxonasi
129
Men hamon eshik yonida, pardaning bir qanotida kutib turar edim. U shoshib:
— Yana nima gapingiz bor, xonim? — dedi.
— Ishlarni topshirib bo‘ldim, afandim.
— Juda soz, rahmat.
— ...
— Rahmat, ketishingiz mumkin.
— Meni boshqa biron yerga tayinlash uchun buyrug‘ingiz bo‘lishi kerak edi.
— Ha, lekin hozircha bo‘sh o‘rin yo‘q. O‘rin bo‘shadi deguncha bir narsa qilarmiz. Is-
mingizni yozdirib keting.
Maorif mudiri bu so‘zlarni shoshilib, dag‘al qilib aytar, tezroq chiqib ketishimni istar
edi.
“O‘rin bo‘shadi deguncha!”
Bu so‘zni Istambulda, Maorif ministrligida ham juda ko‘p marta eshitgan, afsuski,
ma’nosini juda yaxshi bilib olgan edim. Mudirning asabiy ovozi menda yomon bir isyon
uyg‘otdi. Chiqib ketish uchun eshik tomonga bir odim tashladim, lekin o‘sha zamon ko‘z
o‘ngimni bir xayol, musofirxonadagi nomerimizda kichkina uloqchasi bilan meni kutib
o‘tirgan Munisaning xayoli oldi.
Ha, men endi eski Farida emas edim. Uddasiga og‘ir vazifalarni olgan bir ona edim.
Ana shundan keyin yana orqamga qaytdim. Ko‘chadan o‘tkinchilarga yomg‘irda shim-
tirab qo‘l cho‘zgan gado singari boshim solingan holda ovozimda bir qo‘rqoq tilanchi
ohangi bilan:
— Bey afandim, kutishga fursatim yo‘q, — dedim.— Aytishga uyalaman, juda yomon
ahvoldaman. Hozir bironta ish bermasangiz...
Ortiq gapira olmadim. Xo‘rligimdan, uyalganimdan nafasim bo‘g‘ildi, ko‘zlarim yoshga
to‘lib bordi.
U boyagiday shoshqin, dag‘al tovush bilan:
— Aytdim-ku, xonim, bo‘sh o‘rin yo‘q, — dedi. — Lekin Chodirlida bitta qishloq makta-
bi bor, borsangiz qarshiligim yo‘q. U yerni yomon deyishadi. Bolalar qishloq qahvaxona-
sida o‘qisharmish. O‘qituvchi yotib-turadigan joy ham yo‘q emish. Ma’qul ko‘rsangiz tay-
inlayman, yo‘q desangiz yaxshiroq joy chiqquncha kutasiz.
— ...
Chodirlining Zaynilardan ham rasvoroq qishloq ekanligini eshitgan edim. Shunday
bo‘lsa ham, bu yerda oylarcha sarson bo‘lgandan, turli haqoratlarga uchragandan ko‘ra
o‘sha yerga borish ming chandon afzal edi.
Boshimni solintirdim va nafas kabi mayin tovush bilan:
— Xo‘p, qabul qilishga majburman, — dedim.
Lekin maorif mudiri javobimni eshitmadi. Chunki shu payt birdan eshik ochildi-yu,
tashqaridan birov: “Kelishdi!” deb qichqirdi.
Maorif mudiri smokingini yelpitib eshikdan zing‘illab chiqib ketdi. Mening ketishdan
boshqa choram qolmagan edi. Endi eshikdan chiqaman deb turganimda, maorif mudiri-
ning frantsuzchalab: “Marhamat, kiringlar” degan ovozini eshitib qoldim.
Tashqaridan oldin issiq paltoli bir yosh juvon kirdi. Yuzini ko‘rdimu, voy deb yuborish-
dan o‘zimni tutolmadim. Gazetachining qaylig‘i mening eski sinfdoshim Kristiana Varez
edi.
Kristiana yozgi kanikullarning birida oilasi bilan Frantsiyaga ketib, u yerda gazeta
muharrirligida ishlagan bir yosh bo‘lasiga tekkan-u, keyin qaytib kelmagan edi.
Dugonam bir necha yil ichida odam ishonolmaydigan darajada o‘zgaribdi, salobatli xo-
tin bo‘lib qolibdi. Ovozimni eshitib boshini o‘girdi va yuzimdagi qalin pardaga qaramay
meni darhol tanidi.