www.ziyouz.com kutubxonasi
165
Choliqushining dimog‘iga ana shu tog‘lardan yangi g‘urbat bo‘ylari kirardi. G‘urbat
bo‘ylari! G‘urbat bo‘yini butun qalbi bilan hidlamaganlar uchun naqadar ma’nosiz so‘z
bu! Xayolimda yana o‘sha tanish yo‘llar, hamon torayib, huzun to‘lib borgan, oxiri ko‘rin-
magan g‘urbat yo‘llari cho‘zilib yotar, quloqlarimda o‘tkinchi aravalarning yoniq ovoz bi-
lan g‘ijirlagan yig‘ilari eshitilardi.
Qachongacha, yo rabbiy, qachongacha g‘urbat zahrini yutaman? Nima uchun? Qaysi
murodimga yetish uchun?
* * * Ch..., 5 iyun.
Qushlarimning ohi tutdi. Shu uzun kanikul oylarida qushlarim singari uyimda qamalib
o‘tirdim. Mudira xonim sentyabrdan avval boshqa yerga ko‘chirilishimning iloji yo‘qligini
aytdi. Hozir o‘zimni odamlarning eslaridan chiqarishga kirishib, ko‘cha-ko‘yda qadam bo-
smayman. Qo‘shnilarim ham meni ilgarigiday yo‘qlashmaydi. Ehtimol, gap-so‘zlardan
hayiqishar. Faqat xolamga o‘xshagan bitta qari xotin bilan gaplashib turaman. Ovozi xo-
lamnikiga shunaqayam o‘xshaydiki, kecha uyalib-tortinib turib undan bir narsani iltimos
qildim.
— Aylanay xonim afandi, meni “xo‘jonim” demay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Farida desangiz
qalay bo‘larkin-a? — dedim.
Qo‘shnim bir oz shoshib qoldi, lekin gapimni qaytarmadi. U so‘zlab turganda ko‘zlarimni
yumib olaman, shunda o‘zimni yana Qo‘zyotog‘idagi bog‘imizda ko‘ra boshlayman!..
Yo rabbiy, qanday yarashmagan narsalarni so‘zlayman-a! Balki menda ham asab kasali
boshlangandir? Harholda, yuragimda bir qarorsizlik bor... Yana bir mahallardagiday kulaman,
yana Munisa bilan hammol bolalar singari kurashamiz, bo‘g‘ishamiz. Yana qushlar bilan
o‘ynashib hushtak chalamiz. Shunday bo‘lsa ham na besaranjomligi qalbimni tark etadi va na
qayg‘um! Ichimga chiroq yoqsa ham yorishmaydi...
Kechasi kemada Ch...ga kelayotganimizda uyqum qochib ketgan edi. Allaqanday bir
yo‘lovchi qorong‘i dengizga qarab olib, mungli bir tovush bilan “Sendadir ovora ko‘nglim,
sendadir!” deb ashula aytardi.
Bu ashula o‘sha soati esimdan ham chiqib ketgan edi. Oradan oylar o‘tdi. Lekin
bog‘chamizdagi ertangi gullar ochila boshlagan aprel kunlarining birida, hech nimadan-
hech nima yo‘q, ana shu ashulani xirgoyi qila boshladim. Inson qalbi naqadar tushunib
bo‘lmaydigan bir muammo! Atigi bir martagina eshitgan shu ashulaning ohangini, so‘zla-
rini qanday qilib esda olib qolibman? Mana endi, nima bilan mashg‘ul bo‘lmayin: qush-
larga suv beramanmi, derazamdan ko‘rinib turgan dengizni tomosha qilamanmi, ishqilib,
hammavaqt shu ashulani ming‘illab aytganim-aytgan. Kecha kechqurun shu ashulaning
“Sendadir ovora ko‘nglim, sendadir!” deyilgan so‘nggi misrasini takrorlab turib birdan
yig‘lab yubordim. Bunga hech sabab yo‘q edi, chunki ashulaning na so‘zlarida g‘am bor
edi va na ohangida. Aytdim-ku, asab!
Endi hech mahal bu ashulani aytmayman!
* * * Ch..., 20 iyun.
Maktabda Nazmiya degan bir dugonam bor. Yigirma to‘rt-yigirma besh yoshlarda, chi-
royli, xushchaqchaq, hazilkash bir qiz. Tili nihoyatda shirin. Har oqshom biron yerga tak-
lif qilinadi. Muallimalarimiz uni uncha yoqtirishmaydi. O‘zim ham uning to‘g‘risida ancha-
muncha past-baland gaplar eshitaman. Qaydam, balki chiroyli kiyingani uchun yoqtirish-
mas, ko‘zlari kuyar?