www.ziyouz.com kutubxonasi
196
yura charchagan yo‘lovchilarday chashma toshlarga kelib o‘tirardim.
Uyimizning ochiq derazasidan yot erkaklarning boshlari ko‘rindi. Eshikni menga o‘nbo-
shi ochdi. Bir nima so‘rashga botinmay, gapirmasaydi deb ko‘zlarim bilan, parishon
ahvolim bilan yolborar edim. Lekin u men kutmagan so‘zlar bilan qarshi oldi:
— Bola bechora kasal... Inshoolloh, xudo shifosini berar, — dedi.
Birdan shiftlar larzaga keldi, zinapoya ustida doktor Xayrullobey ko‘rindi, ko‘kragi
ochiq, qo‘llari shimariqlik edi.
— Kim keldi, o‘nboshi? — deb o‘kirdi.
Majolim qurib, zinaga o‘tirib qoldim. Xayrullobey tashqari qorong‘isida meni ko‘rgun-
cha kutib turdi, keyin sarosimali bir tovush bilan:
— Farida, senmisan? Juda soz, qizim, juda soz,— dedi. Keyin sekin yonimga tushdi.
Ahvolim hamma narsadan xabardorligimni bildirib turardi. Qo‘llarimni ushladi, duduqla-
nib, tutilib gapira boshladi: — Qizim, tishingni tishingga qo‘y, o‘zingni mahkam tut. In-
shoolloh, tuzalib ketadi. Qon quydik, qo‘limizdan nimaiki kelsa qildik. Xudoning dargohi
keng. Umid uzib bo‘lmaydi.
— Doktorbey, ruxsat bering, o‘zini ko‘ray, — dedim.
— Hozir emas, Farida, bir ozdan keyin. Endi uxladi. Xudo haqqi, hech narsa bo‘lgani
yo‘q. O‘lay agar, charchab uxlab qoldi.
Hovliqmasdan, lekin qattiq turib talab etdim:
— Haqqingiz yo‘q, doktorbey, albatta ko‘rishim kerak! — Ovozimda yig‘i bor edi, keyin
ingrab turib ilova etdim: — Siz o‘ylaganingizdan ko‘ra bardamroqman. O‘zini urib, dod
soladi, deb qo‘rqmang!
Xayrullobey bir oz o‘ylandi, keyin boshini silkitib rozi bo‘ldi.
— Xo‘p, qizim. Lekin esingda bo‘lsin, behuda ohu vohlar kasalni cho‘chitadi.
Inson o‘z uhdasiga biron majburiyat olgandan keyin qanchali alam va hasratga uchra-
masin, sukut saqlashga, chidashga majbur bo‘ladi. Xayrullobeyning yelkasiga boshimni
qo‘yib uyga kirganimda na ko‘nglimda hayajon va na ko‘zlarimda bir tomchi yosh bor
edi.
Oradan yetmish uch yil qadar uzun yetmish uch kun o‘tgan bo‘lsa ham, Munisa
yotgan uy hali-hali ko‘z o‘ngimdan ketmaydi.
Ichkarida ko‘ylaklarining yoqalari yechilib, yenglari shimarilgan ikkita yosh doktor bi-
lan bitta kampir bor edi. Daraxtlarning yaproqlari orasidan tushib turgan choshgoh
quyoshi uy ichini yorqin hayotga to‘ldirgan. Tashqarida qushlar, chigirtkalar chirqillasha-
di. Uzoqdan grammofon ovozi eshitiladi. Uy ichi ivirsigan: kursilarda, raflarda shishalar,
paxtalar; yerlarda, devorlarda Munisaning ming turli narsalari. Oynak yonida uning o‘zi
Xayrullobeyning bog‘idan terib keltirgan bir dasta gul; komod ustida Munisa dengiz
bo‘yidan yiqqan bir hovuch rangli tosh, sadaf qobiqlari; stullardan birining tagida bir poy
tuflisi; devorda B... dagi uyimizda men suv bo‘yog‘i bilan solgan rasmi (boshida dala
gullaridan yasalgan chambar, quchog‘ida Mazlum bilan tushgan edi), so‘ngra ming turli
munchoq, laxtaklar, shisha boldoqlar, kelinchaklar surati solingan otkritkalar — xullas,
bir qiz bola qalbining javharlari, endi bo‘yinlarini qisib qolgan g‘aribalari...
“Endi Munisam chorshaf yopinadigan katta qiz bo‘lib qoldi”, deb ikki haftacha burun
nikellangan ajoyib karavot sotib olgan, uni xuddi qo‘g‘irchoqnikiga o‘xshatib to‘rlar bilan
yasatgan edim.
Kichkinam shu ipak ko‘rpalar ichida o‘zi ham ipakday suzilib, cho‘zilib yotardi. Boshi
xuddi uyquda tushib ketganday, bir yonga og‘ibroq qolibdi. Karavotining oyoq tomonida-
gi suyanchig‘ida yaqinda sotib olingan to‘q yashil chorshafning bichiqlari osilib yotibdi.
Bosh tomonidagi rafda B... da men sotib olib bergan qo‘g‘irchoq kichkinamning bo‘salari-
dan rangi o‘chgan yuzi, yirik moviy ko‘zlari bilan unga qarab turibdi.