www.ziyouz.com kutubxonasi
200
tun umr sizning oldingizda qololmayman-ku? Shunday emasmi?.. Eng og‘ir kunlarimda
menga yordam qildingiz, buni hech mahal unutmayman, lekin...
— Hoy, zing‘archa, shumlik qilma! Sen bilan biz “do‘st tutingan ikkita chovush” bo‘lib
qolganmiz. Bas qil, bemaza gaplarni!
Xayrullobey iyagimdan tutdi.
Men esam hamon tiranib turib oldim.
— Doktorbey, qolsam — o‘zimning jonim ham rohat qiladi. Ishoning, men sizning
yoningizda o‘zimni juda baxtiyor his qilaman. Lekin qachongacha sizga yuk bo‘laman?
Bilaman, siz juda odamparvar, jonkuyarsiz...
Doktorbey kalta sochlarimni to‘zg‘itib hadeb mendan kulardi, keyin yana meni ermak
qilish uchun, betlarini bujmaytirdi, lablarini cho‘chchaytirdi, tovushini ingichka qilib:
— Odamparvar, jonkuyar!.. — dedi. — Nima, sen bilan tragediya o‘ynayabmizmi, jinni
qiz? Tushunmaydigan maxluq ekansan. Odamgarchilik, jonkuyarlik degan narsalaring
yetti uxlab tushimga ham kirgan emas, zing‘archa! Men o‘z kayfim uchun yashadim,
senga ham yana shu kayf uchun xizmat qildim. Seni yoqtirmagan bo‘lsam, basharangga
qararmidim? O‘zimni minoradan tashlaganimni eshitsang, “jonkuyarlik, fidokorlik qildi”,
deb yurma, ishonma! “Bu xudbin chol minoradan o‘zini tashlab, qanday maza topdi
ekan?” deb hayron ham bo‘lma. Molerning bitta qahramoni bor, menga juda yoqadi.
Boyoqishni kaltaklashayotganda odamlar yordamga yugurib kelishsa, bularni haydab:
“Bor, ishlaringni qil! Voy xudo! Voy xudo! Bilmaysizlarda, balki tayoqdan huzur
qilayotgandirman!” — deydi. Bo‘ldi, bas qilaylik valaqlashni, qizim. Kelgunimcha uying
taxt bo‘lmasa, ahvolingga voy! Bitta tanish qorovul bor, yo‘g‘on, o‘lguday to‘mtoq, xudo
haqqi, o‘shani chaqirtirib kelaman-u dod deganingga qo‘ymay nikohingni o‘qitaman.
Ko‘rdingmi, qanaqa jazo beraman?
Xayrullobey ba’zi mahallardagi singari yana xunuk so‘zlar bilan hazillasha boshlaydi,
meni tag‘in uyaltiradi, deb yonidan qochib ketdim.
* * * Xayrullobey mening uchun ham ota, ham yaxshigina do‘st bo‘lib qoldi. Uyida o‘zimni
begonaday sezmayman, men singari qalbi singan, hayoti barbod bo‘lgan bir qiz qancha-
lik baxtiyor bo‘la olsa, men ham shunchalik baxtiyorman. O‘zimga ming turli ish o‘ylab
topaman: qari enagaga yordam, uy yig‘ishtirish, boqqa, mevalarga, hatto doktorning
hisob-kitoblariga qarashish, shunga o‘xshagan yana ming xil ish...
Bu yerdan ketib qolsam, nima qilaman? Men axir nogiron qatoridaman. Durust,
sog‘lig‘im sekin-sekin yaxshilanib boryapti, lekin befoyda, ichimda allanarsa singanday
ko‘rinadi. Eski sog‘lig‘imni, menga hamma narsani yoqtirib kelgan eski xushchaqchaqli-
gimni endi hech vaqt topolmayman. Kulib turib yig‘layman, yig‘lab turib kulaman. Minu-
tim minutimga o‘xshamaydi. Masalan, kecha kechqurun kayfim yaxshi edi. Boshimni
yostiqqa qo‘yganimda o‘zimni juda baxtiyor bildim. Tongotarda, qorong‘ida esa hech sa-
babsiz yig‘lab uyg‘ondim. Menga nima bo‘ldi? Nimaga yig‘ladim? Buni o‘zim ham bilmay-
man. Nazarimda, kechasi bu vafosiz dunyoning hamma uylariga birma-bir kirib, qancha-
lik g‘amu g‘ussa, qanchalik umidsizlik bo‘lsa, hammasini yig‘ib kelib qalbimga joylagan-
dayman. Bu sababsiz, nomsiz, tilsiz hasrat ichida titrab: “Onajonim, onajonim!” deb
qichqirar, faryod qilib yubormaslik uchun qo‘llarim bilan og‘zimni to‘sardim.
Birdaniga qo‘shni xonadan Xayrullobeyning ovozi eshitildi:
— Farida, senmisan? Nima bo‘ldi, qizim?
Qari doktor qo‘lida shamdon bilan xonamga yugurib kirdi. Nima bo‘lganini, nimaga
yig‘laganimni so‘roqlab o‘tirishni lozim ko‘rmay, ahamiyatsiz, balki ma’nosiz shafqat
so‘zlari bilan tasalli bera boshladi: