www.ziyouz.com kutubxonasi
215
marta his etdi.
Shu kechadan keyingi ikki kun ichida Komron Faridani juda oz ko‘rdi. Choliqushi o‘n
yil avval Taqirdog‘ida bir necha tengqur qizlar bilan do‘st tutingan edi. Endi ular uy-joyli,
salobatli xonimlar bo‘lib qolishgan. Ana shu do‘stlari Faridani holi-joniga qo‘yishmas,
yo‘qlab kelib bir necha soatlab o‘tirishgani ham yetmay, qaytishlarida Choliqushini ham
sudrab uyma-uy, bog‘ma-bog‘ olib yurishardi.
Mujgon Komronning ichidan ezilayotganini ko‘rib quvonar, ko‘zlari kulib tursa ham,
shikoyatlanib gapirardi:
— Obbo, Faridani hech bizga to‘ydirishmas ekan-da. Aslida-ku shunday yurgani yax-
shi-ya, nimaga desang, bahri ochiladi, yoziladi.
Komron shu ikki kun ichida Faridani bir marta ovqat mahalida, ikkinchi marta ko‘cha-
dan chodraga o‘ranib kirib kelayotganida ko‘rdi.
Nihoyat, uchinchi kechaning tongi ham keldi. Komron odatiga qarshi bugun juda erta
turgan edi. Tong endi-endi yorisha boshlagan, hali hamma uyquda yotgan payt edi.
Komron hujrasining derazalaridan birini ochayotganda, birdan ko‘zlari bog‘da yurgan Fa-
ridani ko‘rib qoldi. Derazaning ochilganini u ham sezgan edi. Birdan boshini ko‘tardi-da,
yangi chiqib kelayotgan quyoshga qarshi qo‘lini soyabon qilib turib:
— Uyg‘ondingizmi, Komronbey? — dedi. — O, odatlaringiz o‘zgarib ketibdi. Burunlari
sizni uyg‘otish uchun derazangizdan yozda hovuch-hovuch toshlar, qishda esa qorlar
otish kerak bo‘lar edi. Siz ham jindek anatoliyalik bo‘lib qolibsiz. Men Anatoliyada shu
mahal uyg‘onsam “Tanbal, odam ham oftob chiqqandan keyin turadimi!” deb uyaltiri-
shardi.
Eski o‘yinqaroq, hushchaqchaq Choliqushini eslatayotgan bu so‘zlarni so‘ylaguvchining
ovozida qalbga sarinlik va musaffolik bag‘ishlovchi tiniq oqar suv ohangi bor edi.
Komron yuragi betlamaygina so‘radi:
— Men ham chiqaymi, Farida?
Farida qo‘lini hamon peshonasida quyoshga soyabon qilib turib, eski vaqtlardagidek
yashiriqcha mazax qildi:
— Zax havoning nozik vujudingizga ozor yetkazishidan qo‘rqmasangiz, yomon
bo‘lmas edi. Sizni anatoliyachasiga mehmon qilardim.
Farida Komronni kattakon yong‘oq daraxtining tagiga olib borib, kecha kechqurun es-
dan chiqib qoldirilgan bir stulga o‘tqazdi.
— Endi meni bir zumgina kutasiz, Komronbey.
— Takallufni qo‘yamiz degan edik shekilli?
— Bir ozgina sabr qilasiz, vaqti bilan-da. Birdaniga hurmatsizlik qilolmayman, yuragim
dov bermaydi.
Komron kuldi.
— Lekin bu yana ham zo‘rroq hurmatsizlik, Farida! Menga “ Komronbey!” deb muo-
mala qilsang, meni masxara qilayotganday tuyulasan. Yo‘q, ruxsat bermayman bu xilda
muomalangga!
Farida ham kulardi:
— To‘g‘ri, haqqingiz bor, haqqing bor, unday demaslikka tirishaman. Endi menga rux-
sat, senga sut qaynatib kelay.
— Farida, qo‘y, iltimos qilaman!
— Bekor o‘jarlik qilasan! Anatoliyalik xotinning o‘z maylicha ish ko‘rishiga, xizmat qili-
shiga yo‘l qo‘yilishi — uning uchun ko‘rsatilgan eng katta hurmat bo‘ladi.— U bir oz
hazil-mutoyiba, bir oz qayg‘uli ohangda so‘zini davom qildi: — Axir ko‘ngil ovlash uchun
uy ishini qilishdan boshqa hech qanday jozibamiz yo‘q-ku!..
Farida ketdi. Uning hozirgina o‘rnidan turib, bog‘da qo‘lida mis qumg‘on bilan quruq