* * * Ular chorboqqa oqshom olaqorong‘isida yetib kelishdi. Shamol tinib, havo ochilib ket-
gan edi. Daraxtlar esa uzoq kurashdan charchab, mudrab qolgandek ko‘rinardi. Qoyalar-
da xuddi ichidan sizib chiqayotganday nozik sadaf shu’la goh porillab ko‘rinadi, goh
uchib qoladi.
— Hozir vaqt erta, Farida. Hali ular shahardan qaytib kelishgani ham yo‘q. O‘sha qoya
tomonga borib, aylanib kelsak, nima deysan?
Farida boshini solintirib, majolsizlik bilan:
— Menga ruxsat ber, Komron. Borib yechinmasam bo‘lmaydi, shamol boshimni og‘ri-
tib yubordi, — deb uzr so‘radi.
Haligina Faridaning jonli, o‘ynoqi vujudi atrofida xuddi jonli narsaday uchib, ko‘ksini,
tizzalarini ehtiros bilan quchib turgan pushtirang chorshaf endi jonsiz lattaday yelkalari-
da solinib turardi.
Farida qimirlashga madori qolmagandek, darvoza yonidagi toshga sekin o‘tirdi-da,
qumga shamsiyasi bilan umidsizligi qadar chuqur, hayoti kabi shikasta chiziqlar chiza
boshladi. Bir ozdan so‘ng Komron ham yoniga o‘tirdi, yelkasini Faridaning yelkasiga tegi-
zib, qo‘lini sekin o‘z qo‘liga oldi. Qiz bir seskandi-yu, qayoqqa qochsam ekan degandek,
atrofiga javdirab qaradi. Komron uning chuqur-chuqur xo‘rsinganini, hozirgina yovvoyi-
larcha chaqnagan ko‘zlariga bir dam mo‘minlik, itoatkorlik malohati cho‘kkanini ko‘rdi.
Farida muzlagan, titragan qo‘lini eski nishonlisining qo‘llariga taslim qildi. Ikkalasi ham
ko‘zlarini yumdi. Komronning yopiq qovoqlari ichida mayda uchqunlar jivirlashar, u:
“Mana, qo‘limda Faridaning qo‘li titrab turibdi. Demak, odam bolasi ro‘yobga chiqmaydi
degan tushlar ham amalga oshar ekan-da!” deb o‘ylardi. U axiyri ko‘zlarini ochdi.
Farida yig‘lay-yig‘lay uxlab qolgan yosh bola singari ahyon-ahyonda xo‘rsinib qo‘yar,
hamon og‘irlashib borayotgan boshini uning yelkasiga qo‘yib o‘tirardi. Faridaning holida,
qo‘llarini topshirishida mazlum kishi taslimligi bor edi.
Komron har qimirlaganda uning o‘ziga yana ham yaqinroq suqulganini, qo‘lini yana
ham qattiqroq siqayotganini sezib turdi.
Birdan yigit lablari past, nihoyatda past tovush bilan:
— Men gulbashakarni yaxshi ko‘raman, — deb shivirladi.
Eshikning g‘itillab ochilishi yoshlarni shirin uyqudan uyg‘otib yubordi. Farida o‘q ovozi-
ni eshitgan qush chaqqonligi bilan o‘rnidan sakrab turdi. Oldinda Narmin kirdi. Cho-
liqushi hayajonli sevinch bilan uning bo‘yniga osildi. Yosh qizni mahkam-mahkam
quchoqlar, sochlaridan, ko‘zlaridan cho‘lp-cho‘lp o‘pardi. Hech kim bu sevinch sababini
bilmas edi. Choliqushining bir zumgina avvalgi horg‘inligidan asar ham qolmagan edi.
Kichkintoylarni qo‘liga olib, boshidan yuqoriga irg‘itar, ularni chinqirtirardi.
Hamma ichkariga qarab yurganda, Farida o‘zini orqada olib qolib, ichkarigi eshik pa-
nasida Komronni kutib turdi. Uni ko‘rgach, past tovush bilan:
— Mersi, Komron, — dedi.
VII Ertasiga Farida yana o‘zi yolg‘iz shaharga tushib, tush mahalida horib-tolib keldi.
Charchab, o‘zi zo‘rg‘a turganiga qaramay, bolalarni yana to‘pladi-yu, hovlida baland
arg‘imchoq qildi.
Komron Azizbeyning qari, ezma bir mehmonidan zo‘rg‘a qutulib, hovliga chiqqanda
Farida Najdad bilan arg‘imchoq uchayotgan edi. Choliqushi kuchining boricha arg‘im-
choqni uchirar, Najdad esa mushuk bolasidek bo‘yniga osilib chinqirardi.
Komron o‘n yil avvalgidek, Oysha xolasining: