www.ziyouz.com kutubxonasi
232
Farida bir qator quruq, ma’nosiz so‘zlar bilan Mujgonga javob berayotganda, bolalik
chog‘larining sevgili do‘sti bilan birga ko‘nglida abadiy o‘lganini, endi hech mahal u bilan
yarashmasligini his etardi.
Tushki ovqatga endi o‘tirishganda, qo‘shni bog‘larning biridan mehmondorchilikka
chaqirib kelishdi. Baladiya idorasining raisi shahardagi qishloq uylariga, bola-chaqasini
ko‘chirib ketish oldidan bog‘ qo‘shnilariga, shuningdek, Farida bilan xayrlashish sharafiga
ziyofat bermoqchi bo‘libdi.
— Ie, qanday bo‘ladi? Hozir meni olib ketgani odam keladi-ku? — dedi Farida.
Xolalari:
— Uyat bo‘ladi, Farida, borish kerak, orasi besh minutlik yo‘l. Alohida tayyorlanib o‘ti-
rishning keragi yo‘q, chorshafingni yopinasan-u, boraverasan, — deyishdi.
Boya unga kasal mushukchalik ham qarashmagan xolalarining hozir onalarcha
g‘amxo‘rlik qilishayotganiga ajablanib, Farida yuzini yerga qaratib oldi.
— Xo‘p, boraman, — dedi.
* * * Soat uchga yaqinlashib borardi. Farida ayvonda yaproqlari sarg‘aygan chirmov orasi-
dan yo‘lga qarab turardi. Birdan:
— Mujgon, bitta izvosh kelyapti! Menga bo‘lsa kerak, — deb yubordi.
Xuddi shu payt uzoqdan, dengiz bo‘yidagi daraxtlar orasidan kema ham ko‘rinib qoldi.
Farida o‘pkasi tomog‘iga tiqilib:
— Kelyapti! — deb qichqirib yubordi.
Bog‘da g‘ovur boshlandi. Xizmatkor xotinlar chorshaflarini keltirgani yugurishdi.
Farida xolalariga:
— Men oldin ketaveray, sizlar orqadan borarsizlar,— dedi.
Mujgon ikkalasi bog‘ orasidagi so‘qmoq bilan chopib ketdi. Goh chetanlardan oshib,
goh polizlardan yurib borishdi. Bog‘ eshigiga yetishganda, qari oshpaz xotin ro‘paralari-
dan chiqib qoldi. Kampir:
— Sizlarga ketayotuvdim, kichik xonimlar, — dedi.— Beylar izvosh olib kelishdi, sizni
kutib turishibdi.
Azizbey bilan Komron ularni ikkinchi qavat dahlizida kutib olishdi. Azizbey qo‘li bilan
uyga ishora qilib:
— Ikkita bemavrid mehmon keldi, shovqin qilmanglar, — dedi. Keyin Faridani boshi-
dan-oyog‘igacha suzib chiqdi. — Bu nimasi, kichik xonim, qora terga tushib ketibsan?!
Azizbey kulimsirab, Faridaga yaqin keldi, iyagidan ushlab ko‘zlariga tikildi.
— Kema kelishga keldi-yu, lekin senga foydasi yo‘q. Ering javob bermayapti, — dedi.
Farida bir qadam orqaga tashlandi, hayratidan ko‘zlari olaydi.
— Pochcha, nima deyapsiz!
Azizbey barmog‘i bilan Komronga ishora qildi.
— Mana ering, qizim, mening daxlim yo‘q, — dedi.
Farida voylab yuzini to‘sdi. Yiqilib ketishi mumkin edi, biroq allakimning qo‘li bilagidan
ushlab qoldi. Farida ko‘zlarini ochib qaradi: oldida Komron turardi.
Azizbey shodiyona bir qahqaha bilan:
— Ey, xayriyat, axiri qafasga tushdingmi, Choliqushi? Qani, tipirchilab boq-chi, bir
ko‘ray, qani, tipirchilab boq-chi! Qani, ko‘raylik-chi, foydasi bormikan?— dedi.
Farida yuzini to‘sishga harakat qilsa ham, bilagini Komrondan qutqazolmas, boshini
berkitishga urinsa ham, Komronning ko‘ksi va yelkasidan boshqa yerni topolmas edi.
Azizbey yana boyagi qahqaha bilan:
— Atrofingdagilar senga tuzoq qurishdi, Choliqushi, — dedi. — Siringni mana shu xoin