www.ziyouz.com kutubxonasi
233
Mujgon fosh qilib qo‘ydi. Xudo rahmat qilgur doktoring Komronga daftaringni yuborgan
ekan, daftarni olib, to‘g‘ri qozining oldiga bordim. O‘zing yozgan ba’zi narsalarning joyla-
rini ko‘rsatdim. Qozi aqlli odam ekan, darrov nikohingga fatvo berdi; tushundingmi, Cho-
liqushi? Mana endi Komron sening ering, endi u hech qachon seni tashlab ketmaydi.
Farida shu qadar qizarib ketdiki, yuzining rangi moviy ko‘zlariga ham urib, ko‘z qora-
chiqlarida o‘tlar chaqnadi.
— Bas, Choliqushi, ko‘p noz qilaverma! Ko‘rib turibmiz, suyunganingdan shunday
qilyapsan. Menga qara, “Pochcha, chakki qilmadingiz, ko‘nglimdagi bo‘ldi”, de. Qani, ta-
krorla!
Azizbey uni zo‘rlab takror ettirdi. Keyin hujra eshigini ochib, g‘olibona bir qahqaha bi-
lan:
— Shariat yo‘li bilan vakil otaman, afandim, — dedi. — Choliqushi, e kechirasizlar, Fa-
rida xonim nomidan mana shu Komronbeyni kuyovlikka qabul qildim. Fotiha qiling, biz
ominni bu yerda turib aytamiz, — dedi. Keyin Faridaga o‘girilib hazillashdi: — Endi nima
deysan, Choliqushi? Mushtumdek bolasan-u, necha yildan beri jonimizni olib kelasan!
Endi xo‘p boplab qo‘lga tushirdimmi?
Bog‘dan bolalarning chug‘uri eshitilib turardi.
Azizbey:
— Endi tabriklar, qo‘l o‘pishlar boshlanadi, — dedi. — Yo‘q, yaxshisi, buni kechga qol-
diraylik. O‘z qo‘lim bilan qo‘ling o‘rgulsin to‘y ziyofati tayyorlayman. Qani, o‘g‘lim! Biz-
ning vaqir-vuqurimizdan sizlarga foyda yo‘q. Bir-biringizga aytadigan gaplaringiz bordir.
O‘g‘lim, anovi orqa yo‘lni ko‘rdingmi? Barakallo, ana shu tor zina bilan xotiningni olib
qoch. Uzoqqa, xohlagan yeringga bor. Keyin birga qaytib kelarsizlar.
Komron Faridani qo‘lidan tortib, zina tomonga ketayotganda, Mujgon orqalaridan
yetib keldi. Dugonalar yig‘lab turib o‘pishdilar.
Azizbey ko‘zlarida paydo bo‘lgan yoshlarini bildirmaslik uchun burnini guvullatib
qoqdi-da, notiq singari qo‘lini siltab turib:
— Hoy, gilosimni o‘g‘irlagan Choliqushi! Uni boshqaga o‘g‘irlatsang bormi, naq mendan
baloga qolasan-a! Qani, hozir qaytarib ber, shu bilan hisob-kitobimizni tugataylik, — de-
di. U haligacha qo‘lini Komrondan bo‘shata olmagan Faridani baland ko‘tarib o‘pgandan
so‘ng yana yigit quchog‘iga otdi. — Bugun kechasi dengiz po‘rtanasiga yo‘liqarding, biz
seni qutqarib qoldik. Lekin yoningdagi “sariq po‘rtana”, nazarimda, yana ham xavfliroq
ko‘rinadi. Xudo panohida asrasin seni, Choliqushi!
Ikki baxtiyor tor zinadan yumalanib ketar darajada pastga uchib tushdi. Komron qo‘li-
ni Faridaning belidan o‘tkazib olib, uni mahkam qisar, changalidagi nozik barmoqlarni
og‘ritib ezardi.
Zinapoyalarning birida Faridaning etagi ilashib qoldi. Hansirashib bir nafasgina
to‘xtashdi. Choliqushi etagini bo‘shatish bilan ovora ekan, Komron hayajon ichida nafasi
tiqilib:
— Farida, meniki ekanligingga hech ishonolmayapman! Meniki ekanligingga qalbimni
ishontirish uchun, vazningni sinab ko‘rishim kerak, — dedi.
Komron uni yosh boladay azot ko‘tarib oldi. Farida o‘zini qutqazish uchun tipirchilar,
nafasi bo‘g‘ilib hansirardi. Chorshafidan to‘zib chiqqan sochlari Komronning yuziga urilar,
quchoqda talpinishi yigit kuchiga kuch berar, harorati qonini qizdirardi. Komron uni past-
gacha ko‘tarib tushdi. Qiz esa jarga qulayotgan kishi singari nafasini ichiga olib, ko‘zlari-
ni yumib oldi. U goh kular, goh yig‘lardi.
Farida tashqari eshigiga yetganda yalina boshladi:
— Ahvolimga qara, Komron! Shu ahvolda qanday tashqariga chiqamiz? Ruxsat ber,
yuqoriga chiqib, bir zumda kiyinib tushay.