www.ziyouz.com kutubxonasi
62
darding bor sening, bor, ha! Ammo-lekin bilmay qolmasmiz. Ha, aytmoqchi, yozayotga-
ningda barmoqlaringga siyoh tegmasin, shunga hazir bo‘l, bo‘lmasa bolalar oldida chin-
dan ham uyatga qolasan. Ha, bo‘pti, sen yozuvingni yoz, men ham chiqib polimni toza-
lay.
Hoji xalfani kuzatganimdan so‘ng yana stol yoniga keldim. Lekin yozishga o‘tirmadim.
Cholning ba’zi so‘zlari meni o‘yga soldi.
Boyoqish to‘g‘ri gapiradi. Haqiqatan ham, men kap-katta odamman, indinga ertalab
ish boshlaydigan muallimaman. Bunday bo‘lgandan keyin o‘zimda bolaligimdan hech bir
iz, hech bir asar qoldirmaslikka tirishishim kerak. Hoji xalfa hali lablarimdagi siyohni ayt-
gani yo‘q, holbuki, bu siyoh, barmoqlarimdagi siyoh nimasi? Ha, daftarimni to‘ldirib o‘tir-
gan kechlarimda o‘zimni maktabda ko‘rishim, ortiq hech mahal ko‘rmaydigan odamla-
rimning tevaragimda parvona bo‘layotganday tuyulishi, ajabo, shu siyoh dog‘lari sababi-
dan emasmikan?
Hoji xalfaning “Qafasdagi qush singari nomeringda yolg‘iz siqilib qolding” degan
so‘zlari miyamdan hech ketmaydi.
Qafaslarning hammasidan qutulgan shu bugungi kunimda birovning meni qafasdagi
qushga o‘xshatishi to‘g‘ri emas. Innaykeyin, qush so‘zida eski “Choliqushi”niki singari
singan qanoti, yumilgan tumshug‘i bilan yiqilgan joyidan turish mayli ham bor. Hoji xalfa
hadeb shu xilda gapiraversa, oramizning buzilib qolishidan qo‘rqaman.
Endi daftarimni chala qoldirib ketmaslik uchun yana bir marta g‘ayrat qilishim, orqada
qolgan jirkanch dunyoga yana bir karra boqishim kerak.
O‘sha oqshom begona xotindan biladiganimni bilib, hujramga qaytib kelayotuvdim,
tashqarida xolamga duch kelib qoldim. O‘zimni qorong‘i bir burchakka olmoqchi bo‘ldim.
Lekin xolam meni ko‘rib:
— Kim u? — deb so‘radi. — Senmisan, Farida? Nega bekinyapsan?
Javob bermasdan oldida turar edim. Bir-birimizning yuzimizni ravshan ko‘rolmasdik.
— Nega boqqa bormayapsan?
— ...
— Hech shumliging qolmas ekan-da!
Ko‘rinmas bir qo‘l bo‘g‘zimni qisar, nafasim bo‘g‘ilib borar edi.
— Xola, — dedim.
Xolam shu dam menga bir og‘iz shirin so‘z aytsa, sekingina yonog‘imni ushlasa, so-
chlarimni silasa, yig‘lab qo‘llariga otilar, balki hamma narsani aytib bergan bo‘lardim.
Lekin u mening holimni sezmadi. “Yana nima darding bor, Farida?” — dedi. Xolamdan
bir narsa so‘raganimda, u hamisha shunday deyar edi. Ammo shu kecha bu so‘zlar men-
ga: “Qachon tiyilasan?” deyilayotganday eshitildi.
— Hech, xolajon, ijozat bersangiz, sizni bir o‘psam, — dedim.
Har nima bo‘lganda ham xolam onam o‘rnida edi. Uni so‘nggi marta o‘pmay ayrilib
keta olmas edim.
Javobini kutmay qo‘llarini ushladim, qorong‘ida ikki betidan, so‘ngra ko‘zlaridan
o‘pdim.
* * * Uyimda hamma narsa ostin-ustin bo‘lib ketdi. Kursilarga kiyimlar otib tashlandi. Ko-
mod tortmalaridan ko‘ylak-lozimlar osilib tushdi. Men jazm etgan narsani qiladigan kishi
o‘z uyini darbadar maktab bolasi uyiday tashlab ketsa ayb bo‘ladi. Lekin na chora, vaqt
juda ham ziq.
Derazada chiroq ko‘rinsa kirib qolishlaridan qo‘rqib, Komronga qoldiriladigan bir necha
satrni qorong‘ida paypaslab yozdim.