www.ziyouz.com kutubxonasi
76
— Biror ishingiz bormi? Mudira menman.
— Shundaymi, afandim, — dedim. — Men geografiya va rasm darslariga tayinlangan
yangi muallimangiz Faridaman. Kecha Istambuldan keldim.
Katak chorshafli mudira yuzini ochdi. Meni yuqoridan pastgacha ko‘zi bilan suzib
chiqdi, keyin taraddudlanib gapirdi:
— Bu yerda biron xato bo‘lmasin tag‘in, qizim. To‘g‘ri, bizda geografiya va rasm mual-
limasining o‘rni bo‘sh edi. Lekin bir hafta burun Gelibo‘li maktabidan bitta muallima
yuborishdi.
Men o‘zimni tamom yo‘qotib qo‘ydim.
— Bunday bo‘lishiga hech aqlim yetmaydi, afandim,— dedim. — Axir meni Maorif mi-
nistrligidan yuborishdi-ku! Buyruq portfelimda.
Mudira tor, cho‘kik peshonasiga chiqib ketgan qoshlarini ko‘tardi-da, yuzimga hayrat
bilan qarab:
— Voy xudo, voy xudo! Qani, bering-chi, buyrug‘ingizni bir ko‘ray, — dedi.
Boyoqish xotin qog‘ozni bir necha marta o‘qidi, tarixiga qaradi, keyin boshini liqillatib:
— Bunaqa xatolar bo‘lib turadi, — dedi. — Bilmasdan ikkalangizni ham bir o‘ringa tay-
inlashibdi. Voy, bechora Huriya xonim-ey!
— Huriya xonim kim, afandim?
— Gelibo‘lidan kelgan haligi muallima. O‘zi yaxshigina juvon. U yerning havosi mijozi-
ga to‘g‘ri kelmay, shu yoqqa kelgan. Obbo, bechoraning boshida ko‘rgilik bor ekan-da.
— Faqat u emas, men ham yomon ahvoldaman, afandim, — dedim.
— Ha, bunisi ham to‘g‘ri. Masala bir yoqlik bo‘lguncha u bechorani dilgir qilmay turay-
lik. Men hozir bir ish bilan maorif bo‘limiga ketyapman. Yuring, birga bora qolaylik. Zora
biron yo‘lini topsak.
Maorif bo‘limining mudiri ish bilan kelgan odamlarga uxlab qolganday ko‘zlarini yumib
o‘tirib muomala qiladigan, so‘zlarini uyqusirayotganday bo‘lib-kesib gapiradigan, tepsa-
tebranmas, og‘ir tabiatli kishi ekan.
U bizning gapimizni yuragi siqilib o‘tirib eshitgandan so‘ng salmoqlanib gapirdi:
— Men nima qilay? O‘zlari shunday qilishganki, shunday bo‘lgan-da, Istambulga
yozaylik-chi, ko‘ramiz, qanday javob kelar ekan.
Gapga baland bo‘yli bir kishi aralashdi. Men buni kalta nimchasi ostidan chiqib turgan
qizil belbog‘iga qarab aravakash bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edim. Keyin bilsam, bo‘lim
kotibi ekan.
— Tarixiga qaralsa, bu xonim to‘g‘risida berilgan buyruq yangi, — dedi kotib, — shu-
ning uchun bu kishini maqbul bo‘lgan, haqli deb hisoblash kerak.
Mudir mudrab o‘tirib xayol surayotganday o‘ylanib qoldi, keyin:
— Yo‘q, garchi bu to‘g‘ri bo‘lsa ham, lekin unisini ishdan chetlatish to‘g‘risida buyruq
yo‘q. Ministrlikdan so‘rab aniqlaylik. Sakkiz-o‘n kun ichida javob olamiz. Siz ham, mudira
xonim, ungacha sabr qilib turasiz, — dedi.
Katak chorshafli mudira orqasidan yana o‘sha qing‘ir-qiyshiq ko‘chalar bilan maktabga
sudralib keldim. Koshki edi, to‘g‘ri musofirxonaga keta qolgan bo‘lsam!
Huriya xonim qirq besh yoshlarda, qoracha, past bo‘y, tajang xotin ekan. Voqeadan
xabardor bo‘lar-bo‘lmas yuzi battar qoraydi, ko‘zlari olaydi, ingichka bo‘ynining ikki to-
monidagi tomirlari bo‘rtib chiqdi. Keyin bolalar bayramida shishirib chiyillatadigan pufak
singari ovoz chiqarib faryod ko‘tardi:
— E xudo, bu nima degan gap, do‘stlar! Bu qanday sho‘rlik!
Huriya xonim yerga yiqilib, hushidan ketdi.
Muallimlar xonasida to‘polon ko‘tarildi. Ko‘zoynak taqib olgan bir qari muallima eshik-
ka to‘plangan o‘quvchilarni haydar, ularni zo‘rg‘a to‘sib turardi.