Hoyg‘onushga kelsak, qiz bo‘lishiga qaramay, uning o‘qishiga ham Miratnikidan kam
ahamiyat berilmasdi.
Hoyg‘onush armani-katolik maktabida o‘qirdi. Hoji xalfa bir kuni qo‘shnilaridan hilvi-
rab qolgan bir cholu qora shalvar kiygan bir xotin oldida qizini sinab ko‘rishimni iltimos
qildi.
Dunyoda bundan ham kulgiliroq narsa bo‘lmas. Hoji xalfa qizchasining kitoblarini, daf-
tarlarini zo‘rlik bilan tizzasiga qo‘yib:
— Qani, ko‘raylik-chi, Hoyg‘onush, xo‘jonim oldida yuzimni qora qilsang, yedirgan no-
nim, ichirgan namagimni burningdan chiqarib olaman, — dedi.
Qizdan bir-ikki ko‘paytirish va bo‘lish masalalaridan so‘rab bo‘lgach, “Payg‘ambarlar
tarixi” deb atalgan bir rasmli kitobni ochdim. Ko‘zim Iso va cho‘qintirishga doir parchaga
tushdi. Bechora qiz cho‘qintirish to‘g‘risida gapirib turib, ancha bema’ni narsalar so‘zladi.
Maktabda qulog‘imga yaxshigina quyilib qolgani uchun qizning xatosini tuzatib, cho‘qinti-
rishga doir ba’zi sodda ma’lumotlar berdim.
Hoji xalfa so‘zlarimni eshitib ko‘zlari olaydi, boshida sochi bo‘lmagani uchun qoshlari-
ning tuki dikkaydi. Xristian dini haqidagi bilimim unga mo‘’jizaday tuyuldi. “Bu qanday
ish-a! Bir musulmon qizi mening dinimni poplarimizdan ham yaxshiroq bilsa-ya! Men se-
ni shunchaki bir muallima deb yurgan ekanman, sen esang aslida mo‘’tabar olima ekan-
san!” deb tahsinlar o‘qidi.
Hoji xalfa, o‘rnidan qimirlashi solning limandan jilishidan ham qiyinroq bo‘lgan semiz
xotinining o‘mganidan ushlab men tomonga tortdi. “Shu qizaloqni mening nomimdan pe-
shonasining qoq o‘rtasidan o‘p, tushundingmi?” deb ustimga itardi.
Bechora Hoji xalfa o‘zini erkak deb hisoblagani uchun xotiniga o‘ptirgan edi.
Qari musofirxona xodimi o‘sha kundan boshlab ro‘para kelgan har bir kishiga meni,
mening chuqur ilmimni maqtaydigan bo‘ldi. Shunday bo‘ldiki, musofirxonaga kirib
chiqqan vaqtlarimda qahvaxonada bekor o‘tirgan kishilar meni ko‘rish uchun basharala-
rini deraza oynalariga yopishtirib qarardilar.
Men “Hoji xalfa, xudo haqqi, bunday qilmang, bunday narsalarning nima keragi bor?”
deb qizishib gapirganimda, u hatto isyon ko‘tarar, “jo‘rttaga qilyapman, shu gaplarim
kattalarning qulog‘iga yetsa, senga qilgan muomalalaridan uyalishsin deyman-da”, de-
yardi.
Hoji xalfaning oilasi bilan tanishganim menga boshqa bir masalada ham foydali bo‘ldi.
Samatiyalik xonim juda shirin murabbolar pishirar, mevalarni shakarlashni yaxshi bilar-
di. Bu narsa mening “Payg‘ambarlar tarixi” haqidagi bilimimdan harholda anchagina foy-
dali ilm edi.
Nevrik xonimdan murabbo pishirishning oson, qulay yo‘llarini o‘rganib, Gulmisol xalfa-
ning ovqat pishirish usullarini yozib qo‘ygan daftarimga bularni ham yaxshilab ko‘chir-
dim. Bundan so‘ngra shirinlik gadosi Choliqushining g‘amini biz yemasak, kim yeydi?
Xudo xohlab ishlarim yurishib ketsa, mening ham tepamda boshpanam bo‘lsa, o‘z-
o‘zimga murabbolar uchun maxsus bufet sotib olaman. Hoji xalfaning uyidagi singari, ra-
flarini jimjimador qog‘ozlar bilan bezayman, bu raflarga yoqut, qahrabo, sadaf kabi por-
lab turadigan rang-barang qadahlar teraman. Shunisi yaxshiki, bularni yegim kelganda
birovdan ruxsat so‘rab yoki qo‘li egrilik qilib o‘tirmayman! Xudo xohlasa, qancha yesam
ham, hech kasal bo‘lmayman.
Ha, qizil, sariq, oq murabbo idishlari terilib turadi. Bular orasida faqat yashil rangdagi-
si bo‘lmaydi!
Endi hech mahal esimga kelmaydigan Komronning men nafrat bilan qaraydigan