www.ziyouz.com kutubxonasi
94
ridan boshqa hech narsa qolmagan. Xudo rahmat qilsin ularni. Zayni ota ularning ulug‘i
ekan. Hech kim tuzata olmagan kasallarni shu yerga keltirishadi. Men bu yerga bitta
shol xotinni ko‘tarib kelganlarini bilaman. Qaytishda o‘z oyog‘i bilan yurib ketdi.
Zayni otaning sag‘anasi qabristonning etagida, kattakon bir sarvi daraxtining tagida
ekan. Xaticha xonim har kuni kechasi sag‘anaga kirib, uchta chiroq yoqib chiqar ekan:
birini daraxtning tagiga, ikkinchisini eshikning ichkari tomoniga, uchinchisini esa
qabrning bosh tomoniga qo‘yar ekan.
Sag‘ana tuproq to‘ldirilgan chuqurga o‘xshaydi. Zayni ota mana shu chuqurda yetti
yilgacha quyosh yuzini ko‘rmay yotibdi. O‘lgandan keyin tabarruk jasadiga hech kim qo‘l
tekizmabdi. Ustiga sandiq to‘ntarib qo‘yishibdi.
Xaticha xonim chiroqlardan ikkitasini yoqqandan so‘ng sag‘anaga tushiladigan bir ne-
cha pog‘onali zinani ko‘rsatib:
— Yur, qizim, ichkari kiraylik, — dedi.
Men bu pog‘onalardan pastga tushishga jur’at qilolmay turdim. Xaticha xonim orqasi-
ga o‘girilib:
— Yur, qizim, shu yerga kelgandan keyin kirmay ketsang gunoh bo‘ladi. Ko‘nglingda
nima tilaging bo‘lsa, Zayni otadan tilagin, — dedi.
Yuragim daraxt yaprog‘iday titrab zinadan tushdim. Qabrga qo‘yilayotgan o‘liklarda
sezgi qobiliyati bo‘lsa edi, men shu daqiqada his etgan narsalarimni, albatta, sezgan
bo‘lardilar. Dimog‘imga zax, sovuq tuproq hidi urildi. Zayni otaning tobuti yashil rangga
bo‘yalgan ruh tunukasi bilan qoplangan edi. Keyinchalik Xaticha xonimdan eshitishimga
qaraganda, butun umrini qanoat va muhtojlikda o‘tkazgan Zayni ota o‘lgandan keyin to-
butning chiroyli hashamatli narsalar bilan yopilishini xohlamabdi. Goho u yoq-bu yoqdan
keltirib yopiladigan narsalar bir hafta turmasdan parcha-parcha bo‘lib yirtilib ketar
emish.
Kampir pichir-pichir duo o‘qib yurib, avliyoning boshidagi chiroqqa yog‘ quydi, keyin
menga o‘girilib:
— Qishloqda birov o‘ladigan bo‘lsa, Azroil alayhissalom oldin Zayni otaning huzuriga
keladi, ana shunda bu chiroq o‘z-o‘zidan o‘chib qoladi. Endi, qizim, Zayni otadan tila-
gingni tila, — dedi.
Tizzalarim bukilar, ortiq tik turishga madorim yetmay, qurib borardi. O‘tdek yonib tur-
gan peshonamni Zayni boboning sovuq toshiga qo‘ydim. Lablarim bilan emas, ko‘proq
yarali qalbim bilan so‘zlayotgandek sekin-sekin:
— Zayni otajonim, — dedim, — men kichik, johil Choliqushidan boshqa bir narsa ema-
sman. Sendan qanday yalinib-yolvorib tilak tilashni bilmayman. Nuqsonlarimga qarama,
senga yoqadigan narsalarning hech birini menga o‘rgatishmagan. Eshitdim, sen yetti yil
quyosh nurini ko‘rmay, shu yerda yolg‘iz o‘tiribsan. Balki sen ham insonlarning zolimligi-
dan, vafosizligidan qochgandirsan? Otajonim, sendan bir narsa tilayman. Shu yetti yil
ichida quyoshlarning, shamollarning hasratini chekib sarg‘aygan damlaring bo‘lgandir,
albatta. Seni o‘sha daqiqalarning achchig‘ alamlariga chidatgan malak sabridan menga
ham bir oz ber. Men ham azoblarimni, alamlarimni yig‘isiz, ohsiz kechiray...
* * * Xonamda o‘zim yolg‘izman. Xaticha xonim meni barvaqt tashlab, maktabning past
qavatidagi yerto‘laga o‘xshash hujrasiga kirib ketdi. U yerda yarim kechagacha toatu
ibodat qilib, tasbeh o‘girib o‘tiradi.
Ikki soatdan beri chiroq yorug‘ida shu satrlarni yozmoqdaman. Tashqaridan uzoqdagi
suv sharpasi kelar, ora-sira shiftda allanimalar tiqirlar edi. Yuragimda bir vahm bilan bu-
larga quloq solaman. Bir mahal bu vayrona bino ichidan yana boshqa ovozlar eshitila bo-