XIX bob. Hasad bobi hadislari
1. Hasan. “Payg‘ambar (s.a.v.) bunday degan ekanlar: “Dushmanlik va hasad...” Zaif*. “Zaiful jome’” (3935) va “Az-zaifatu” (1902, 1901).
2. Abdurahmon ibn Muoviya. “Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Uch narsadan hech kim najot topmaydi...” Mursal*. Ibn Abdulbar, “At-tamhid” (165/6) va Tabaroniy, “Al-kabir” (330/1) va Abu Shayx, “At-tavbih” (152, 237).
3. Hadis. “Payg‘ambarimiz (s.a.v.) (xulqlari)dan rivoyat qilinadi...” Sahih*. Ibn Moja (3536) va Ahmad (130/6).
4. Abu Hurayra. “Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Bir-birlaringizni yomon ko‘rmanglar...” Muttafaqun alayhi*. Buxoriy (6065) va Muslim (2559).
5. Hadis. “Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qilindi: “Ogoh bo‘linglar!..” Isnodiga to‘xtalmagan.
6. Abu Hurayra. “Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Olti toifa kishi olti narsa bilan...” Isnodi bunday emas. Daylamiy (3309) Abu Hurayradan va boshqalar Anasdan keltirilgan “etti” lafzi bilan.
7. Solim otasidan. “Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Hasadni ikki kishiga qilsa bo‘ladi...” Muttafaqun alayhi*. Buxoriy (5025/8) va Muslim (815) Ibn Umardan.
8. Hadis. “Payg‘ambar (s.a.v.): “Ogoh bo‘linglar! Albatta din nasihatdir”. Sahih*. Muslim (55), Nasoiy (157/7), Ahmad (297/2) va boshqalar
Tamim Doriydan.
9. Abu Hurayra. “Payg‘ambardan (s.a.v.) musulmonning musulmonga haqqi nima ekanligini so‘radilar...” Sahih*. Muslim (2/62/4).
10. Anas ibn Molik. “Men Payg‘ambar (s.a.v.) huzurlarida...” Zaif*. Ibn Hibbon.
11. Anas ibn Molik. “Bir kuni biz Payg‘ambarimiz (s.a.v.) oldilarida...” Sahih*. Ahmad (166/3)ga qarang.
XX BOB. KIBR
Faqih Ka’b-ul Ahbordan, Alloh undan rozi bo‘lsin, rivoyat qiladi: «Qiyomat kunida mutakabbirlar odamlar suratidagi mayda chumoli holatida keltiriladi. Ularni xorlik har tomonlama o‘rab oladi. Olovlardan bo‘lgan do‘zaxga yo‘naltiriladi hamda do‘zax ahlidan siqilgan suv bilan sug‘oriladi».
Husayn ibn Alidan, Alloh undan rozi bo‘lsin, rivoyat qilinadi: U kishi miskinlar turadigan joydan o‘tdi. Miskinlar ushatilgan nonni yerdilar, non kiyim ustiga qo‘yilgan edi. Ular:
«Ey Abu Abdulloh! Kelgin, ovqatlanamiz», deyishdi. Keyin tushdi va aytdi: «Albatta, U zot mutakabbir kimsalarni sevmas» (Nahl, 23). Shundan so‘ng, ular bilan birga shu nonni yedi va ularga: «Sizlarning aytganlaringizga javob berdim, endi menga ham javob beringizlar», dedi. Keyin (miskinlar) u kishi bilan birga borishdi. Manzilga yetgandan keyin, cho‘risiga: «Nima g‘amlab qo‘ygan bo‘lsang, chiqargin», dedi. Cho‘ri xotin hamma narsalardan chiqardi. Ular yedi. Hazrati Husayn ham ular bilan birga yedi. Qolgan narsalarni ularga ko‘tartirib berib yubordi.
229. Abu Hurayra, Alloh undan rozi bo‘lsin, Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladi:
«Uch kimsaga qiyomat kunida Alloh taolo gapirmaydi va ularga qaramaydi. Ularga qattiq, alamli azob bo‘ladi: ular – zino qiluvchi keksa kishi; yolg‘onchi podshoh; kibrli faqir kishilardir».
230. Abu Hurayra, Alloh undan rozi bo‘lsin, Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qiladi: Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: «Menga jannatga birinchi kirguvchi uch toifa ko‘rsatildi va do‘zaxga birinchi kirguvchilarning uch nafari ko‘rsatildi. Jannatga birinchi kirguvchilar: shahidlar, qulligi Rabbisiga itoat qilishdan to‘sib qo‘ymagan qul, ko‘p bolalik kambag‘al kishi. Do‘zaxga birinchi bo‘lib kiradiganlar: zolim podshoh, molidan zakot bermaydigan boy kishi, mutakabbir faqir».
231. «Albatta, Alloh taolo uch nafar kishilarga g‘azab qiladi, lekin uch kishini yanada qattiqroq yomon ko‘radi:
Birinchisi, fosiqni yomon ko‘radi, fosiq cholni undan ham yomon ko‘radi.
Ikkinchisi, mutakabbirni yomon ko‘radi va faqir bo‘lgan mutakabbirni qattiqroq yomon ko‘radi.
Uchinchisi, baxillarni yomon ko‘radi, boy bo‘lib baxillik qilganni qattiqroq yomon ko‘radi. Alloh uch nafar kishini yaxshi ko‘radi va uning yaxshi ko‘rishi uch kishi uchun yanada qattiqroqdir.
Birinchisi, taqvodorlarni yaxshi ko‘radi, taqvoli yoshlarni ko‘proq yaxshi ko‘radi. Ikkinchisi, saxiylarni yaxshi ko‘radi, faqir saxiylarni ko‘proq yaxshi ko‘radi. Uchinchisi, tavozu’li bo‘lgan kishilarni yaxshi ko‘radi, Boy bo‘lib tavozu’li bo‘lganlarni undan ham yaxshi ko‘radi».
232. Yahyo ibn Ja’dadan rivoyat qilindi: Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytdilar: «Kimning qalbida misqol zarrasidek kibr bo‘lsa, jannatga kirmaydi». Bir kishi: «Yo Rasulalloh!
Albatta, kiyimimning pokligi, poyabzalimning bog‘ichi, qamchimning ilgichi meni o‘ylantiradi, bular kibrdan emasmi?» deb so‘radi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: «Alloh taolo go‘zaldir, chiroyli kiyinganlarni va chiroylilarni yaxshi ko‘radi. Bandasiga bergan ne’matni unda ko‘rmoqlikni yaxshi ko‘radi. Alloh faqirlikni zohir qilguvchini va faqir bo‘lmay turib, faqirlikni ro‘kach qilguvchini yomon ko‘radi. Lekin kibr haqni inkor qilish, xalqni e’tiborga olmaslikdir».
233. Hasan Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qildi: Payg‘ambar aytdilarki: «Kim etigi va kiyimini tuzatib kiyib, Allohga sajda uchun yuzini chang qilgan bo‘lsa, u kishi kibrdan pok bo‘libdi».
234. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilarki: «Kim jundan kiyim kiysa, eshagiga minsa, qo‘yni sog‘ib bolalari bilan ichsa, miskinlar bilan o‘tirsa, Alloh taolo undan kibrni o‘chiradi».
Zikr qilindi: «Muso alayhissalom Alloh taologa munojot qildi: «Ey Rabbim, Sening yaratgan xalqing orasida o‘zingga yomonrog‘i qaysidir?» Alloh aytdi: «Ey Muso, kimning qalbi mutakabbir bo‘lsa, tili qo‘pol bo‘lsa, ikki ko‘zi uyatsiz bo‘lsa va qo‘li baxil bo‘lsa, xalqimning orasidagi o‘shandaylarni yomon ko‘raman».
Urva ibn Zubayr aytdi: «Tavozu’ (o‘zini past olishlik) sharafli kishilarning ovidir, har bir ne’matga hasad qilinadi, lekin tavozu’da hasad yo‘q».
Hakimlarning ba’zilari aytishdi: «Qanoatning mevasi rohatdir, o‘zini past olishning mevasi muhabbatdir».
Zikr qilindi: Muhallab ibn Abu Sufra Hajjojning lashkarboshisi edi. Uning oldidan Mutrif ibn Abdulloh o‘tib qoldi. Muhallab harir kiyimda kerilib yurardi. Mutrif unga: «Ey Allohning bandasi, bu yurishni Alloh va rasuli yomon ko‘radi», dedi. Muhallab: «Meni tanimaysanmi?» deb so‘radi. Mutrif: «Ha, bilaman, avvaling iflos nutfa edi, oxiring sassiq o‘laksadir. Sen ko‘tarib yurgan narsalar axlatdir», dedilar. Shu gapdan keyin Muhallab bu yurishni tashlagan ekan.
Hakimlardan ba’zi birlari deydilar: «Mo‘minning iftixor qilayotgani Rabbisidir, uning izzati dini bilandir. Munofiqning faxri hasabidir, uning izzati molidir».
235. Ibn Umardan, Alloh ikkovlaridan ham rozi bo‘lsin, rivoyat qilindi: Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: «Agar o‘zlarini past olgan kishilarni ko‘rsalaringiz, sizlar ham o‘zlaringizni past olingizlar. Agar mutakabbirlarni ko‘rsalaringiz, ularga takabburlik qilingizlar. Albatta, ularga xorlik, sizlarga sadaqa bo‘ladi».
236. Abu Hurayra, Alloh undan rozi bo‘lsin, Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qildi. Aytdilar: «Alloh uchun tavozu’da bo‘lgan kishining darajasini Alloh taolo ko‘taradi».
Umardan, Alloh undan rozi bo‘lsin, rivoyat qilindi. U kishi aytdi: «Tavozu’ning boshi musulmonlardan uchragan kishiga salom bilan boshlashingdir va majlisda kaerga kelgan bo‘lsang, o‘sha (bo‘sh) joyga o‘tirmoqlikka rozi bo‘lishingdir, yaxshilik va taqvoni gapirib yurmoqni yomon ko‘rishingdir».
Faqih aytadi: Biling! Kibr kofirlarning va fir’avnlarning axloqidandir. Tavozu’ esa, payg‘ambarlar va solihlarning axloqidandir. Chunki, Alloh taolo kofirlarni kibr bilan
sifatladi. Chunki ular o‘zlariga:
«Hech qanday iloh yo‘q, magar yolg‘iz Allohgina bordir», deyilgan vaqtda kibr- havo qilgan edilar» (Vas-saffot, 35). Va aytdi:
«Horun, Fir’avn va Homonni ham (halok qildik). Darhaqiqat, Muso ularga (o‘zining payg‘ambar ekanligini dalolat qiladigan) aniq hujjatlar keltirganida, ular yer (yuzi)da kibru havo qildilar va (bizning azobimizdan) qochib qutilguvchi bo‘lmadilar» (Ankabut, 39). Va aytdi: «Albatta, Menga ibodat etishdan kibr-havo qilgan kimsalar yaqinda bo‘yinlarini eggan hollarida jahannamga kirurlar» (G‘ofir, 60).
Va aytdi: «Aytildi:
«Jahannam darvozalaridan kiringlar! Sizlar o‘sha joyda mangu qolursizlar!» Bas kibr-havo qilguvchi kimsalarning joylari naqadar yomondir!» (Zumar, 72). Va aytdi: «Albutta, ul Zot mutakabbir kimsalarni sevmas» (Nahl, 73).
Albatta, Alloh taolo tavozu’ ahlini maqtadi va aytdiki: «Rahmonning (suyukli) bandalari yerda tavozu’ bilan yuradiganlardir» (Furqon, 63). Ya’ni tavozu’lilarni Alloh maqtadi va Payg‘ambar (s.a.v.) ham tavozu’li bo‘lishlikka amr qildilar.
«Mo‘minlar uchun qanotingizni past tuting» (Hijr, 88) va yana: «O‘zingizga ergashgan mo‘min bo‘lgan kishilar uchun qanotingizni past tuting (ya’ni, ularga xushxulq bilan kamtarona muomalada bo‘ling)» (Shuaro, 215). Va yana Alloh
taolo Payg‘ambarning (s.a.v.) xulqlarini maqtadi: «Albatta, Siz ulug‘ xulq ustidadirsiz» (Qalam, 4). U kishining xulqlari kamtarinlik edi. Chunki kelgan xabarlarga ko‘ra, u kishi eshak minardilar, qullar chaqirishsa, borardilar. Albatta, kamtarinlik xulqlarning yaxshisi ekanligi isbot bo‘ldi. O‘tgan solihlarning xulqlari ham kamtarinlik edi. U zotlarga ergashishimiz vojib bo‘ladi. Hammalaridan Alloh rozi bo‘lsin.
Zikr qilindi: «Umar ibn Abdulazizning uyiga bir kuni mehmon keldi. Xufton namozini o‘qigandan keyin, bir narsa yoza boshladi. Mehmon oldilarida ekan, chiroqning nuri xiralashib qoldi. Mehmon: «Ey amiral mo‘minin, men men turib chiroqqa yog‘ to‘ldirayinmi?» deb so‘radi. Umar: «Mehmoniga bir ish qildirmog‘i kishining odamgarchili-gidan emas», dedi. Mehmon: «Xizmatchini uyg‘otayinmi?» dedi. Umar:
«Yo‘q, u hozirgina uyquga ketdi», dedi. So‘ngra o‘zi turib, yog‘ idishdan yog‘ni olib, chiroqni to‘ldirdi. Mehmon: «O‘zingiz to‘ldirdingiz-ku, ey amiral mo‘minin», dedi. Umar ibn Abdulaziz: «Men turganimda ham Umar edim, qaytib kelib o‘tirganimda ham o‘sha Umarman. Odamlarning yaxshisi Alloh nazdidagi kamtarin kishilardir», deb javob qildi».
Qays ibn Abu Hozim rivoyat qiladi: «Umar ibn Xattob Shomga keldi. U kishini shahar olimlari va kattalari kutib oldilar va aytdilarki: «Ey amiral mo‘minin! Egarlangan xachirga mining, odamlar sizni ko‘radi». Umar aytdi: «Ular amirni yerdan ko‘radilar. Holbuki, amir u yerdadir», deb qo‘llari bilan osmonga ishora qildi keyin aytdi: «Menga teginmanglar».
Boshqa rivoyatlarda shunday deyiladi: Umar bilan g‘ulomi bir tuyani almashib minib ketishardi. Hazrat Umar tuyaga minsa, xizmatchisi tuyaning yuganidan olib yetaklardi. Bir farsax miqdor yursa tushardi va xizmatchi minardi. Umar yuganni olib yetaklardi. Tuyaga minish navbati g‘ulomga yetib, tuyaga mindi va Umar tuyaning yuganini olib yetakladi. Bir farsax yurdilar, vaqtiki Shomga yaqin qolganida xizmatchisining navbati kelib qoldi. Xizmatchi mindi. Umar yetakladi. Ularning oldidan yo‘lda suv chiqib qoldi.
Umar suvdan o‘ta boshladi. Bir qo‘li bilan tuyaning yuganini ushlab olgan va etiklari esa chap qo‘ltig‘ining ostida edi. U kishining oldiga Abu Ubayda ibn Jarroh chiqdi. U kishi Shomga amir edi. Ubayda ibn Jarroh aytdi: «Ey amiral mo‘minin! Shomning ulug‘lari oldingizga peshvoz chiqyaptilar. Bu holda sizni ko‘rishlari yaxshi bo‘lmaydi». Umar, Alloh undan rozi bo‘lsin, aytdi: «Alloh bizlarni Islom bilan aziz qildi. Odamlarning gaplariga parvo qilmaymiz».
Salmon Forsiydan zikr qilindi: U kishi Madoin shahrida amir edi. Shu shaharning ulug‘laridan biri bozordan bir narsa sotib oldi. Salmon Forsiy o‘tayotganda, uni Islomga kirmagan ajamlik kishi deb o‘ylab: «Ey, bu yerga kel, buni ko‘tarib ol!» dedi. Salmon Forsiy ko‘tarib oldi. U kishidan odamlar: «Alloh amirni isloh qildi: Bizga bergin, biz ko‘taramiz», deyishdi. Salmon Forsiy bosh tortdi. Haligi kishi o‘ziga aytardi: «Sho‘rim qursin! Nima uchun amirga yukimni ortdim?» Shundan so‘ng uzr so‘radi: «Men sizni tanimabman, Alloh sizni isloh qildi», dedi. Salmon: «Boraver», dedi. Uning uyiga bordi va yukini tashladi. Keyin haligi kishi: «Hech qachon, hech kimga yukimni tashitmayman», dedi.
Ammor ibn Yosirdan rivoyat qilindi. U kishi Kufada amir edi. Baqqolning do‘koniga chiqib, yeydigan narsalar sotib oldi. Keyin bu narsalarni ziyoda qilishni so‘radi. Poxoldan bo‘lgan xalta oldi, bir tomonini sotuvchi oldi. Keyin u xaltani to‘ldirib, Ammorning orqasiga qo‘ydi va u kishi yukni uyiga olib ketdi.
Abu Hurayradan rivoyat qilindi, Alloh undan rozi bo‘lsin. U kishini Umar ibn Xattob Bahraynga amir qilib yubordi. U kishi Bahraynga eshakda kirib bordi. Yo‘lda xaloyiqqa qarab: «Amirning yo‘lini bo‘shatinglar, amirning yo‘lini bo‘shatinglar», deb aytib borardi.
Bu zotlar Payg‘ambarning (s.a.v.) sahobalaridan edilar. Xulqlari kamtarinlik edi. Ular bandalar oldida ham, maloikalar oldida ham, Allohning nazdida ham aziz zotlar edilar.
237. Abu Hurayra, Alloh undan rozi bo‘lsin, Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qiladi. Aytdilar: «Sadaqa berish bilan mol noqis bo‘lmaydi (kamaymaydi). Kimki boshqa kishidan zulm ko‘rsa, zulm (qilgan) kishisini afv etsa, u bandani Alloh izzatli qiladi. Kamtarin kishilarning izzatini Alloh ziyoda qiladi».
238. Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qilindi: U kishi Oisha onamizning uylarida edilar. U kishining qo‘llarida tovoqda quruq go‘sht bor edi. U kishi ikki tizzalariga cho‘kkalab, yeb turardilar. Ayolga uchrasa ham, erkakka uchrasa ham, hech parvo qilmaydigan bir fohisha, yomon xotin kirib keldi. So‘ngra Payg‘ambarga (s.a.v.) qaradi va: «Qaranglar mana bunga! Qul o‘tirgandek o‘tiribdi, qul ovqat yegandek ovqat yeyapti», dedi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: «Men qulman, qul o‘tirgandek o‘tiraman, qul yegandek yeyman, sen ham yegin bundan». Xotin: «Yo‘q, qo‘ling bilan bersanggina yeyman», dedi. Payg‘ambar (s.a.v.) qo‘li bilan uzatmoqchi bo‘ldi. Xotin: «Yo‘q, og‘zingdagidan bersang, yeyman», dedi. Rasulullohning og‘izlarida quruq go‘shtning payi qolgan edi, chaynab turardilar. Og‘izlaridan chaynab turgan payni chiqarib, unga berdilar. Xotin payni olib chaynadi-da, yutib yubordi. Pay xotinning qorniga tushdi. Shu paytning o‘zidayoq u xotinni hayo o‘rab oldi. Hattoki, biror kishiga qarashga botinolmadi. Shundan keyin undan biror botil narsa eshitilmadi. Toki, Alloh taologa qaytdi.
239. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: «Menga yer kalitlari berildi, qul-payg‘ambarlikka yoki podshoh-payg‘ambarlikka ixtiyor qilindim. Jabroil menga kamtar bo‘lmoqqa ishorat qildi, qul bo‘l, (dedi). Shundan so‘ng, qul-payg‘ambar bo‘lishni ixtiyor qildim. Va menga o‘sha berildi. Albatta, men yerdan birinchi chiqadigan bandaman, birinchi bashorat qiluvchiman».
Ibn Mas’ud aytdi: «Kimki kamtarin bo‘lsa, Alloh taolo uni qiyomat kunida darajasini baland qilib qo‘yadi, kimki kibr qilsa, Alloh taolo uni qiyomatda darajasini past qilib qo‘yadi».
240. Qatodadan, Alloh undan rozi bo‘lsin, bizga zikr qilinadi: «Payg‘ambar (s.a.v.) aytardilar: «Kimki dunyodan uch narsadan pok ketsa, u jannatga kiradi: kibrdan, taqsim qilishda ko‘p olishlikdan va qarzdan».
Abdulloh ibn Abu Ja’farning aytishicha: «Hazrati Ali bozorga kirib, ikki xil kiyimlik matoni olti dirhamga sotib oldi va xizmatchiga aytdi: «Yo Asvad, xohlaganingni tanlagin». Xizmatchisi yaxshisini tanladi. Hazrati Ali unisini kiydi. U kishining yenglari qo‘llaridan uzunlik qilib, osilib qoldi. Shunda u kishi xizmatchisiga qaychini olib kelishni buyurdi. Xizmatchi qaychini olib kelib berdi. U kishi qaychini olib, uzun yenglarini kesib tashladi. Juma kuni xutba o‘qiganida, o‘sha ikki kiftlari orasida o‘sha ko‘ylakning kesilgan joyidagi iplarini ko‘rdik. Bir kishining kiyimini uzun qilib yerga osiltirib kiyganlarini ko‘rib: «Ey falonchi, kiyimingni ko‘targin. Chunki, kiyiming pok bo‘ladi, qalbingni qo‘rquv oladi va kiyim senga qoladi», dedi.
241. Abu Hurayra, Alloh undan rozi bo‘lsin, rivoyat qiladi: «Rasulullohning (s.a.v.) Allohdan rivoyat qilishlaricha, hadisi qudsiyda Alloh aytadi: «Ulug‘lik izorim-dir, kibrlik ridoimdir. Kim ikkisidan biri ustida Mening bilan tortishsa, uni yonib turgan jahannamga kirgizaman».
Faqih aytadi: Bu hadisning ma’nosi, ya’ni «ikkalasi mening sifatimdan», degani Qur’onda kelganidek: «U qudrat sohibidir, bo‘ysundirguvchidir, tanho kibr egasidir» (Hashr, 23). Bu ikkalasi Allohning sifatlaridandir. Zaif banda uchun kibr qilish lozim bo‘lmaydi.
XX bob. Kibr bobi hadislari
1. Abu Hurayra. “Payhambar (s.a.v.) aytdilar: “Uch kimsaga qiyomat kuni Alloh taolo gapirmaydi...” Sahih*. Muslim (107).
2. Abu Hurayra. “Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Menga birinchi jannatga kiruvchilar ko‘rsatildi...” Zaif*. Ahmad (345/2) va Tayolisiy (2567), Hokim (387/1).
3. Yahyo ibn Ja’da. “Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Kimning qalbida misqolning zarrasidek kibr bo‘lsa...” Sahih*. Ahmad (151/4) va Muslim
(91).
4. Hasan. “Kim etigini tuzatib kiygan bo‘lsa...” Bu hadis roviylari ishonchli, Abu ibn Hamid (673) va Asbahoniy (628).
5. Hadis. “Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilarki: “Kim jundan kiyim kiysa...” Juda zaif*. Bayhaqiy, “Ash-shu’ab” (6164/5).
6. Ibn Umar. “Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Agar o‘zlarini past olgan kishilarni...” G‘arib*. Hofiz Iroqiy, “Taxrijul ihyo”(331/3).
7. Abu Hurayra. “Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Alloh taolo tavozu’da bo‘lgan...” Sahih*. Muslim (2577/4) va Molik (100/2), Ahmad (386/2)
va Termiziy (2029).
8. Abu Hurayra. “Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Sadaqa berishdan mol noqis bo‘lmaydi...” Sahih*. Muslim (2588/4).
9. Hadis. “Payg‘ambar (s.a.v.) Oyisha onamiz uylarida edilar...” Sahih*. Abu Shayx, “Axloqun nabiy” (141).
10. Hadis. “Rasululloh aytdilar: “Menga yer kalitlari berildi...” Haysamiy “Al-Majma’”da (192/9) va Tabaroniy “Al-avsat”da keltirgan.
11. Qatoda. “Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Kimki dunyodan uch narsadan pok ketsa...” Sahih*. Ahmad (76/6).
12. Abu Hurayra. “Payg‘ambar (s.a.v.) rivoyat qilishlaricha, hadisi qudsiyda Alloh aytdi: “Ulug‘lik izorimdir...” Sahih*. Muslim (2360/4) va Abu
Dovud (4090).
XXI BOB. IHTIKOR
242. Faqih Abu Lays Samarqandiy, Alloh rahmat qilsin, Muammar ibn Abdulloh Adaviydan rivoyat qiladi: «Payg‘ambarning (s.a.v.) mana bunday deganlarini eshitganman: «Xatokor odam ihtikor qiladi».
243. Ibn Umar, Alloh undan rozi bo‘lsin, rivoyat qiladi: Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar:
«Kimki ovqatni qirq kun saqlab tursa, u Allohdan bezor bo‘libdi, Alloh ham undan bezor bo‘ladi».
244. Said ibn Musayyab Umar ibn Xattobdan, Alloh undan rozi bo‘lsin, rivoyat qildi:
«Chetdan mol olib keluvchi rizqlangandir, ihtikor qiluvchi la’natlangandir».
Chetdan mol olib keluvchi o‘sha yeguliklarni sotish uchun sotib oladi va uni o‘z shahriga olib borib sotadi. U rizqlangandir. Chunki odamlar bundan foydalanadilar va u odamlarning duosiga musharraf bo‘ladi. Oziq-ovqatni yig‘ib qo‘yuvchi yemaklarini man qilish uchun sotib oladi va odamlarga zarar beradi.
245. Sha’biy rivoyat qiladi: «Bir kishi o‘g‘lini kasbli qilmoqni xohladi. Bu to‘g‘rida Payg‘ambar (s.a.v.) bilan maslahatlashdi. Payg‘ambar (s.a.v.) unga aytdilar: «O‘g‘lingni bug‘doy sotuvchiga bermagin, qassobga ham bermagin, kafan sotuvchiga ham bermagin. Chunki oziq-ovqatni qirq kun saqlab sotib, Allohga yo‘liqishdan ko‘ra, aroqxo‘r, zino-kor holatda yo‘liqishi yaxshiroqdir. Qassob esa hayvonni so‘yayotganida uning qalbidan rahmat ketadi, kafan sotuvchi bo‘lsa, bu ummatning o‘lishini xohlaydi. Mening ummatimdan tug‘ilganlar menga bu dunyodan va undagi narsalardan suyukliroqdir».
Faqih aytadi: Mol to‘plash degani, yegulik narsalarni o‘z shahrida sotib oladi va sotishdan to‘xtab turadi. Odamlar unga hojatmand bo‘ladi. Qaytarilgan ihtikor mana shudir. Ammo yeyiladigan narsani nobud bo‘lishidan yoki boshqa shaharga jo‘natish uchun olib qo‘ysa, u ihtikor bo‘lmaydi. Lekin odamlar unga hojatmand bo‘lsa, afzal ish sotishdir. Uni sotishdan to‘xtatib turish gunohkor bo‘lishdir. Niyati yomonligi bilan yoki musulmonlarga shafqati kamligi uchun muhtakir kishini o‘sha yeyishlikni sotishga majbur qilish lozim bo‘ladi. Agar bundan qaytmasa, ta’zir va odob beriladi. Lekin uning narsasiga narx qo‘yilmaydi. Unga: «Odamlar sotganidek sotgin», deb aytiladi.
246. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilarki: «Men narx qo‘ymayman. Albatta, Alloh taolo narxni belgilovchidir».
247. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: «Qimmatchilik va arzonchilik Allohning askaridir. Birining ismi rag‘bat, ikkinchisi rahbat.1 Vaqtiki, Alloh taolo arzon qilishni xohlasa, odamlarning qalbiga qo‘rqinchni tashlaydi. Shundan so‘ng, ular o‘zlaridagi narsalarni chiqaradilar va arzonga sotadilar. Agar Alloh taolo qimmat qilishni xohlasa, odamlarning qalbiga rag‘batni tashlaydi. Ular o‘z qo‘llaridagi narsalarni saqlaydilar».
Zikr qilindi: Bani Isroil qavmidan, zohidlardan biri qumtepaning oldidan o‘tib qoldi. U o‘zicha orzu qildiki: «Mana shu qumlar bug‘doyga aylansa va ochlik yetgan bani Isroil qabilasini to‘ydirsa», deb.
Alloh taolo ularning Payg‘ambariga vahiy qildi: «Falonchiga aytgin: «Alloh taolo sen o‘ylagan (narsa) bug‘doy bo‘lmasa ham, senga o‘shaning ajrini berdi. U bilan sadaqa qilding», deb», ya’ni yaxshi niyat qilganing uchun.
Alloh taolo unga ajrni niyati yaxshiligi uchun va musulmonlarga shafqatli bo‘lganligi uchun hamda ularga rahmati borligi uchun berdi. Musulmon kishi musulmonlarga shafqatli, rahmdil bo‘lishligi lozim.
Zikr qilindi: «Bir kishi Abdulloh ibn Abbosning oldiga kelib: «Menga vasiyat qiling», dedi. Abdulloh ibn Abbos: «Sizga olti narsani vasiyat qila-man», dedi.
1. Alloh sizga kafil qilib bergan narsalarga qalbni ishontirish va oxiratni tafakkur qilish.
2. Farzlarni o‘z vaqtida ado etish.
3. Allohning zikrida ho‘l til bilan bo‘lishlik (ya’ni, hamisha).
4. Shayton bilan kelishmaslik. Chunki u xalqqa hasad qiluvchidir.
5. Dunyoga bino qilmaslik. Chunki dunyo sizning oxiratingizni buzadi.
6. Musulmonlarga doimo nasihat qilmoqlik».
Faqih aytadi: Mo‘min kishi musulmonlarga nasihatgo‘y, rahmli bo‘lmog‘i lozimdir. Bu esa saodatmandlik alomatlaridandir.
Aytiladiki: «Saodatmandlik belgilari o‘n bir xislatdan iboratdir:
1. Dunyoda zohid, oxiratda rag‘bat holatida bo‘lmog‘i.
2. Uning himmati ibodat va tilovati Qur’on bo‘lmog‘i.
3. So‘zga muhtoj bo‘lmagan vaqtida kamgap bo‘lmog‘i.
4. Besh vaqt namozlarini vaqtida o‘qimog‘i.
5. Harom va shubhali narsalar bor yerda ehtiyot bo‘lmog‘i.
6. Solih kishilar bilan suhbatda bo‘lmog‘i.
7. Mutakabbir emas, tavozu’li bo‘lmog‘i.
8. Saxiy va qo‘li ochiq bo‘lmog‘i.
9. Allohning maxluqlariga rahmli bo‘lmog‘i.
10. Xalqqa manfaatli bo‘lmog‘i.
11. O‘limni ko‘p eslamog‘i.
Va badbaxtlik alomati ham o‘n bittadir:
1. Mol yig‘ishga haris bo‘lmog‘i.
2. Qiziqish dunyo shahvati va lazzatlariga bo‘lmog‘i.
3. So‘zda ko‘p uyatli so‘zlamog‘i.
4. Namozda beparvo bo‘lmog‘i.
5. Yeyishi harom va shubhalardan bo‘lmog‘i, suhbati esa fojirlar bilan bo‘lmog‘i.
6. Yomon xulqli bo‘lmog‘i.
7. O‘zini yuqori oladigan mutakabbir, faxrlanuvchi bo‘lmog‘i.
8. Odamlarning manfaatini to‘smog‘i.
9. Musulmonlarga rahmi oz bo‘lmog‘i.
10. Baxil bo‘lmog‘i.
11. O‘limni unutmog‘i».
Zohidlarning ba’zisidan zikr qilindi: «Uning uyida bir qop don bor edi. Odamlarga qahat kelganda, donni sotib yubordi. Keyin o‘zining hojati uchun don sotib olishga borganda:
«Agar o‘zingdagi bor narsani ushlab turganingda edi», deyishdi. U: «Odamlarning
g‘amiga sherik bo‘lishni xohladim», dedi».
Dostları ilə paylaş: |