"Kim yomon amal qilsa, u bilan jazolanadi" (Niso, 123), deyilgan.
Qosim ibn Muhammad Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qiladi. U kishidan: "Ko‘p gunohi va ko‘p amali bo‘lgan kishi ajibroqmi yoki oz gunoh va oz amali bo‘lgan kishimi?" deb so‘rashdi. Aytdilar: "Salomatlikka hech narsani tenglashtirmayman", ya’ni, ozgina gunoh yaxshiroq.
Ulamolarning ba’zilari aytadi: "Har bir kam amal qiluvchi itoat bilan amal qiladi, lekin karim kishi gunohni tashlagan kishidir".
Faqih (r.a.) aytadilar: Alloh kitobida gunohni tark qilish itoat amallaridan afzalligiga dalil bordir. Chunki Alloh taolo yaxshilikni oxiratga olib kelishni shart qildi va gunohlar masalasida uni tark etishdan boshqa narsa shart qilinmadi.
Alloh taolo aytadi:
"Kim yaxshi amal qilsa, unga o‘n barobar (qaytarilur)" (An’om, 160);
"Endi kim (hayoti dunyodalik paytida qiyomat kuni mahshargohda) Parvardigorining (huzurida) turishi (va U zotga hisob-kitob berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havoyu xohishlaridan qaytargan bo‘lsa, u holda faqat jannatgina (uning uchun) joy bo‘lur" (Noziot, 40–41).
Havoyi nafs hamma gunohlarning aslidir. Darhaqiqat, toatlarda ko‘p jihatlar, vaqtlar shart qilindi. Shundan so‘ng Alloh xohlasa, qabul qiladi va jannatga o‘z rahmati va fazli bilan kirgizadi, agar xohlasa, qaytaradi. Gunohlarni tashlashda uni tark qilishdan boshqa narsani shart qilmadi va jannatga kirgizishni va’da berdi:
"Agar sizlar man’ etilgan gunohlarning kattalaridan saqlansangizlar, qilgan kichik gunohlaringizni o‘chirurmiz va sizlarni ulug‘ manzil – jannatga kiriturmiz" (Niso, 31).
561. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Alloh taolo qaytargan narsaning ozginasini tark qilish ins va jin ibodatlaridan yaxshidir".
Gunohlar haqidagi rivoyatlar bobi hadislari
553-hadis. Juda zaif. “Al-lison”ga qarang.
553a-hadis. Ibn Murdavayh, Abu Na’im rivoyat qilgan.
554-hadis. Zaif. Sanadida uzilish bor.
555-hadis. Sahih. Ahmad, Ibn Hibbon rivoyat qilgan.
556-hadis. Zaif. Abu Na’im, Daylamiy rivoyat qilgan.
557-hadis. Muttafaqun alayh.
558-hadis. Sanadi topilmadi.
559-hadis. Yolg‘on. “Al-mezon”ga qarang.
560-hadis. Sahih. Ahmad, Ibn Mojja rivoyat qilgan.
561-hadis. Sanadi topilmadi.
QIRQ SAKKIZINCHI BOB ZULM HAQIDA
562. Faqih aytadilar: Abu Muso Ash’ariy (r.a.) rivoyat qilib aytadilarki: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taolo zolimga muhlat berib qo‘yadi, agar uni tutsa, hech ham qutula olmaydi", dedilar.
Ya’ni, Allohning tutishidan najot topolmaydi, keyin bu oyatni o‘qidilar: "Parvardigoringiz (ahli-egalari) zolim bo‘lgan shaharlarni ushlaganida, mana shunday ushlar. Uning ushlashi – azobi alamli va qattiqdir" (Hud, 102).
563. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimki birodariga, uning moliga yoki obro‘siga zulm yetkazgan bo‘lsa, dinor ham, dirham bo‘lmagan kunda undan olinmasdan avval u bilan rozilashib olsin. Agar yaxshi amallari bo‘lsa, o‘sha zulmiga yarasha yaxshiliklaridan olinadi. Agar yaxshi amallari bo‘lmasa, zulm yetgan kishining gunohlaridan olinib, unga beriladi, keyin u do‘zaxga tashlanadi".
564. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Ummatimning muflisini bilasizlarmi?" deb savol qildilar. "Muflis dirhami ham, dinori ham, matosi ham bo‘lmagan kishidir", deyishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: "Ummatimning muflisi qiyomat kuni namoz, ro‘za, zakot bilan keladi, shu
bilan birga birovni so‘kkan, birovning molini yegan, birovni zinokor deb ayblagan, birovning qonini to‘kkan, birovni urgan. Shu ishlari uchun uning yaxshiliklaridan olinadi. Agar yaxshiliklari to‘lovlarini to‘lashga yetmasa, ularning xatolari olinib, unga beriladi, so‘ng do‘zaxga uloqtiriladi".
Abu Maysaradan zikr qilinadi: "Bir kishi dafn etilgandan keyin uning qabriga Munkar va Nakir qamchi bilan kelishdi va, biz seni yuz qamchi uramiz, deyishdi. o‘lik, men bunday- bunday kishi edim, dedi. So‘ngra uni shafoat qilishib, o‘ntasini o‘chirishdi. Oxiri o‘chirib- o‘chirib, to‘qson to‘qqiztasi ketdi, bittasi qoldi. Munkir va Nakir, biz seni bir qamchi uramiz, deyishdi va uni bir qamchi urishdi, shunda qabr o‘t bo‘lib yondi. O‘sha kishi, nimaga meni urdingizlar, deb so‘radi. Aytishdiki, bir zulm yetgan kishining oldidan o‘tayotgan eding, u sendan yordam so‘radi, unga yordam bermading".
Mazlumga yordam bermagan kishining holati shu bo‘lsa, zolimning holati qanday bo‘lar ekan?!
Faqih aytadilar: Gunohlarning zulmdan-da kattarog‘i yo‘qdir. Chunki gunoh Alloh bilan bandaning orasida bo‘ladi, Alloh taolo karim zot, kechirib yuborishi mumkin. Agar gunoh sen bilan boshqalar orasida bo‘lsa, xusumatchilaringni rozi qilishdan boshqa ilojing yo‘q. Zolim qilgan zulmi uchun tavba qilsin, zulm bergan kishisidan kechirim so‘rab olsin, agar qodir bo‘lmasa, uning uchun istig‘for aytsin va duo qilsin. Mana shu ishlar bilan ham umid qilinadi.
Maymun ibn Mahron aytadilar: "Agar kishi bir insonga zulm qilib qo‘ysa va o‘sha qilgan zulmi, tufayli undan kechirim so‘ramoqchi bo‘lsayu, u dunyodan o‘tib ketib, qodir bo‘lmasa, uning uchun har kuni namozning orqasidan istig‘for so‘ramog‘i kerakdir".
Ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: "Kim zolimning zulmiga yordam bersa yoki biron musulmon kishining haqqini poymol qiladigan hujjatni unga o‘rgatib qo‘ysa, Allohning g‘azabiga yo‘liqadi va bu ishning gunohi uning ustidadir".
Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. U zot Ahnaf ibn Qaysdan: "Odamlarning eng johili kim?" deb so‘radilar. Ahnaf aytdilar: "Oxiratini dunyosiga sotgan kishidir". "Umar ibn Xattob (r.a.): "Senga bundan ham ilmsizroq kishining kimligini aytayinmi?" dedilar.
"Ayting, ey amirul mo‘minin".
"Birovning dunyosiga o‘zining oxiratini sotgan kishidir".
565. Molik ibn Anas (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
"Zolim birodaringga ham, mazlum birodaringga ham yordam ber", dedilar. "Ey Allohning elchisi, mazlumga-ku, yordam beraman, ammo zolimga qanday yordam beray?" deb so‘radim. Aytdilar: "Uni zulmdan qaytarsang, ana shu sening unga yordamingdir".
Ali ibn Abu Tolib (r.a.) aytadilar: "Hammaga yaxshilik qildim. Hech kimga hech qachon yomonlik qilmadim. Chunki Alloh taolo:
"Kim biron yaxshi amal qilsa, o‘zi uchundir, kim yomon amal qilsa, o‘z ziyoniga qilur" (Fussilot, 46), deb aytgan". Ya’ni, agar birovga yaxshilik qilsam, o‘zimga yaxshilik qilgan bo‘laman, birovga yomonlik qilsam ham, o‘zimga yomonlik qilgan bo‘laman.
566. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Haromdan bir daniq (o‘lchov birligi
– muh.) qaytarish Allohning huzurida yetmishta mabrur hajdan afzaldir".
567. Abu Muso Ash’ariy (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim Alloh taoloning yuzi haqida so‘rasa, la’natlangandir. Kim Alloh taoloning yuzi haqida so‘ralsa, so‘rovchini umuman so‘ramaydigan qilib qaytarsin. Muslim birodariga zarar bergan yoki makr qilgan kishi la’natlangandir. Yolg‘on gapirgan la’natlangandir. Bir yilda bir poklanmaydigan mol la’natlangandir. Har yili bir kun baloga yo‘liqmagan (sinalmagan) tan la’natlangandir, ya’ni, oyog‘i qoqilib yiqilmagan bo‘lsa, musibat yetmagan bo‘lsa, kasal bo‘lmagan bo‘lsa, biron joy tirnalmagan bo‘lsa, ko‘z og‘rimagan bo‘lsa".
568. Abu Dardodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Alloh taolo Iso alayhissalomga vahiy qilib: "Ey Iso, bani Isroil jamoasiga ayt, Men podshohlarning podshohiman, ularning qalblariga qudratim bilan egalik qilib turaman. Agar itoat qilishsa, podshohlarni ularga mehribon qilib qo‘yaman, agar Menga osiylik qilishsa, podshohlarni ularga zulmkor qilib qo‘yaman, shunda ularni badduo qilish bilan mashg‘ul bo‘lib qolmanglar, balki Menga tavba qilinglar, ularni sizlarga shafqatli qilib qo‘yaman", dedi".
569. Faqih (r.a.) aytadilar: Abu Said Xudriy (r.a.) rivoyat qiladilar: "Muhojirlardan bittasining Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga hojati tushdi. U kishi bilan bir xoliroq joyda uchrashmoqni xohladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Batho degan joydagi lashkargohda edilar. U zot kechasi kelib, bomdodgacha aylanardilar, keyin qaytib ketardilar. So‘ngra bomdodni o‘qir edilar. Bir kuni aylanib bo‘lgach, muhojir kishi u zotning oldilariga kelib, tuyalarini yuganidan ushladi va: "Ey Allohning elchisi, mening sizda hojatim bor", dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Meni qo‘y, yaqinda hojatingga yetasan". Muhojir kishi bosh tortdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ushlanib qolishdan qo‘rqib, uni qamchi bilan bir turtdilar.
Keyin bomdod namozini o‘qidilar. Bomdodni o‘qib bo‘lib, yuzlarini qavmga burdilar, qavm atroflarida to‘plandi. "Boya men qamchi bilan turtgan kishi qaerda?" dedilar.
Keyin: "Agar qavmning ichida bo‘lsa, tursin", deb aytdilar. Haligi kishi: "Alloh taolo bilan, so‘ng payg‘ambari bilan panoh tilayman", der edi. Payg‘ambar sollallohu alayhi
vasallam: "Yaqinroq kel, menga yaqin kel", dedilar. Yaqin keldi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uning oldiga o‘tib, qamchini berdilar va: "Men urganimdek sen ham meni qamchi bilan ur, mendan qasos ol", dedilar. Haligi kishi: "Allohdan payg‘ambarini urishdan panoh tilayman", dedi. Payg‘ambar aytdilar: "Yegan tayog‘ingni ol, qasos ol, buning zarari yo‘q". Muhojir yana: "Allohdan payg‘ambarini tayoqlashdan panoh tilayman", dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kechir, yoki qasos ol". U qamchini uloqtirib yuborib: "Kechirdim, ey Allohning elchisi", dedi. So‘ng Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ey odamlar, Parvardigoringizdan qo‘rqinglar. Qaysilaringiz mo‘minlarga zulm qilsa, Alloh taolo undan qiyomat kuni o‘ch oladi".
570. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Allohga qasamki, qiyomat kuni haqdor kishilarga haqlari to‘la-to‘kis ado qilinadi, hatto shoxli qo‘chqordan shoxsiz qo‘chqorning ham haqqi olib beriladi".
571. U zot sollallohu alayhi vasallam yana aytadilar: "Mazlumlar qiyomat kunida najot topgan kishilardir".
Sufyoni Savriy (r.a.) aytadilar: "Alloh taologa o‘zing bilan Alloh o‘rtasidagi yetmish gunoh bilan uchrashmog‘ing o‘zing bilan bandalar orasidagi bitta gunoh bilan uchrashmog‘ingdan yaxshiroqdir".
Ibrohim Adham (r.a.) aytadilar: "Kishining qarzi bo‘la turib, yog‘ yeyishi yoki ozginasidan ham foydalanishi durust emas".
Fuzayl ibn Iyoz aytadilar: "Alloh taoloning kitobidan bir oyatni o‘qib, unga amal qilish menga Qur’onni ming marta xatm qilishdan yaxshidir. Mo‘minni xursand etish va hojatini chiqarish menga bir umr ibodat qilib o‘tishdan yaxshidir. Dunyoni tark etish va undan bosh tortish menga yer va osmon ahllari ibodatini qilishimdan yaxshidir. Haromning bir misqolchasini tashlashim menga yuzta halol mol bilan qilgan hajdan yaxshidir".
Abu Bakr Varroq aytadilar: "Imon ko‘pincha qalbdan o‘lim vaqtida sug‘urib olinadi. Gunohlarimizga qaradik, gunohlar ichida imonni qalbdan eng tez sug‘urib oluvchisi bandalarga yetkazilgan zulm ekan".
Abul Qosim Hakimdan so‘rashdi: "Bandani imondan ayiradigan gunoh bormi?" Aytdilar: "Ha. Uch narsa bandani imondan ayiradi:
1. Islomga (ya’ni, musulmon bo‘lganiga) shukrni tark qilish.
2. Islomning ketib qolishdan qo‘rqmaslik.
3. Islom ahliga zulm qilish".
572. Anas (r.a.) rivoyat etadilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bir kishiga uch narsani nasihat qilib aytdilar: "O‘limni eslashni ko‘paytir, shunda boshqa narsa bilan mashg‘ul bo‘lishni tark qilasan, shukrni mahkam tut, u ne’matni ziyoda qiladi, duoni ham mahkam tut, chunki duoing qachon mustajob bo‘ladi, bilmaysan. Uch narsadan seni qaytaraman: Ahdni buzma, uning buzilishiga ham yordam berma, zulmdan saqlan. Kim birovga zulm qilsa, Alloh taolo zulm ko‘rgan kishiga yordam beradi. Makrdan saqlan. Chunki makr yomonlik keltiradi".
Zayd ibn Sumra aytadilar: "Jahannamda dengiz sohiliga o‘xshagan bir joy mavjud. Unda tuyadek keladigan ilonlar, chayonlar bor. Agar jahannam ahli azoblarning yengil bo‘lmog‘i uchun yordam so‘rasalar, sohilga chiqinglar, deyiladi. Chiqsalar, ilonlar
ularning lablaridan, yuzlaridan Alloh xohlaganicha tishlab olishadi. So‘ngra terilarini shilishadi. Ular yordam so‘rab, do‘zaxga qochadilar. Ular qichima kasaliga giriftor qilinadi. Terilarini qashiyverganlaridan suyaklari ko‘rinib ketadi. Shunda: "Ey falonchi, senga bu hol azob beryaptimi?" deyiladi. U "Ha", deydi. "Bu hol sening bergan aziyatlaring mahsuli, sen mo‘minlarga zulm qilarding", deyiladi.
Bu ma’no Alloh taoloning so‘zidan olingan:
"Buzg‘unchilik qilganliklari sababli azob ustiga azobni ziyoda qilurmiz" (Nahl,
88).
Umar ibn Xattob (r.a.) aytadilar: "Mo‘minga zulmning uchtasi uni zolim deyishga kifoya qiladi: Odamlarning qilgan ishlarini ayblab turib, o‘zi u ayb ishni qilaveradi; odamlarning
ayblarini ko‘radi, ammo o‘zininiki ko‘rmaydi; foydasi yo‘q narsada suhbatdoshiga aziyat beradi".
573. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Qiyomat kuni arshning tagidan nido qiluvchi nido qiladi: "Ey Muhammadning ummati, menga qilgan gunohlaringizni o‘zlaringa berdim, endi o‘zlaringizning oralaringizdagi gunohlar qoldi. Uni bir- birlaringizga beringlar va Mening rahmatim bilan jannatga kiringlar".
Shayx Zohid Abu Abdulloh Raqqiy aytadilar: "Uyqu bilan uyg‘oqlik orasida edim, g‘oyibdan ovoz kelib: "Fazilatlarning hammasi jamlansa, jumlasi ikki narsaga qaytadi – Allohning ishini ulug‘lash va odamlar orasini isloh qilish".
Bu haqda Allohning so‘zi bor:
"O‘z oralaringizni o‘nglanglar" (Anfol, 1). Alloh taolo bilguvchiroqdir.
Zulm haqidagi bob hadislari
562-hadis. Muttafaqun alayh.
563-hadis. Sahih. Buxoriy, Ahmad rivoyat qilgan.
564-hadis. Sahih. Muslim, Ahmad rivoyat qilgan.
565-hadis. Sahih. Buxoriy, Termiziy rivoyat qilgan.
566-hadis. Botil. “Tanzihush-sha’irat”ga qarang.
567-hadis. Hasan. “As-sahiha”ga qarang. “Kim muslim birodariga zarar yetkazsa yoki makr qilsa, la’natlangandir” jumlasi zaif.
568-hadis. Juda zaif. Tabaroniy, Abu Na’im rivoyat qilgan.
569-hadis. Sanadi topilmadi.
570-hadis. Sahih. Muslim, Termiziy rivoyat qilgan.
571-hadis. Zaif. “Zaiful jome’”ga qarang.
572-hadis. Zaif. “Zaiful jome’”ga qarang.
573-hadis. Mavzu’. “Ihyo”ga qarang.
QIRQ TO‘QQIZINCHI BOB RAHMAT VA SHAFQAT
574. Faqih aytadilar: Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qildilar: "Bir kishi yo‘lda ketayotib qattiq chanqadi va quduqni topib, unga tushib suv ichdi. Chiqqanida bir it hansirab, chanqaganidan tuproqni yalayotganini ko‘rdi. Haligi kishi o‘ziga-o‘zi, bu it xuddi menga o‘xshab chanqabdi, dedi. So‘ng quduqqa tushib mahsisini to‘ldirib, suv olib chiqdi va itning og‘ziga quydi. It suv ichib, chanqog‘ini bosdi. Alloh taolo unga shukr aytdi (ya’ni, undan rozi bo‘ldi) va gunohini kechirdi". "Ey Rasululloh, bizlar hayvonlar uchun ham ajr olamizmi?" deb so‘rashdi. Aytdilar: "Har bir jigari bor jonda ajr bor".
575. Hasan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Jannatga rahm qiluvchilar kiradi". "Ey Allohning elchisi, biz hammamiz rahmdilmiz", deyishdi. "Rahmlilik har birlaringiz uchun xos emas, balki odamlarga hammalari rahm qiladi, rahm qilsalar ham, Alloh uchun qiladilar".
Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: "Agar birodaringizga bir jazo yetgan bo‘lsa, uni la’natlamangiz, uning ustida shaytonga yordam bermangiz, balki: "Ey Parvardigor, unga rahm qil, ey Parvardigor, uning tavbasini qabul qil", deb aytingiz".
576. Sha’biy aytadilar: No‘’mon ibn Bashir minbarga ko‘tarildilar va Allohga hamdu sano aytdilar. So‘ng: "Payg‘ambardan sollallohu alayhi vasallam: "Musulmonlar bir-birlariga nasihat qilib yurmog‘i va o‘zaro rahmli bo‘lmog‘i lozim. Jasaddagi a’zolar misoliki, agar bittasi og‘risa, qolgan a’zolar bedorlik bilan hamdard bo‘ladi, toki og‘riq ketguncha", deganlarini eshitganman", dedilar".
Anas ibn Molik (r.a.) aytadilar: "Umar (r.a.) kechalarning birida aylanib yurardilar. Bir joyga tushgan to‘daning yonidan o‘tdilar. Umar (r.a.) ularga o‘g‘ri tushishidan qo‘rqdilar. Abdurahmon ibn Avfning oldilariga keldilar. Abdurahmon: (r.a.): "Bu soatda nima qilib yuribsiz, yo amirul mo‘minin?" deb so‘radilar. "Bir jamoatning yonidan o‘tdim. Keyin o‘zimcha, bular yotib uxlaydi, so‘ng ularni o‘g‘rilar tunaydi, deb qo‘rqdim. Men bilan yuring, ularni qo‘riqlaymiz", dedilar. Ikkovlari borib, jamoat yotgan joyga yaqinroqda o‘tirib, qo‘riqchilik qila boshladilar, tong yorishgachgina turdilar. Keyin Umar (r.a.): "Ey ahli jamoat, namoz", deb bir necha marta nido qildilar. Ularning harakatga tushganlarini ko‘rib, qaytib ketishdi".
Faqih (r.a.) aytadilar: Sizlar oldin o‘tganlarga ergashishlaringiz lozim. Payg‘ambar alayhissalom sahobalari bir-birlariga rahm qilganlari tufayli maqtovga erishdilar. Alloh taolo aytadi:
"O‘zaro rahm-shafqatlidirlar" (Fath, 29).
Ular musulmonlarga va barcha maxluqlarga rahmlidirlar, zimmiylarga ham rahm qiladilar, shunday ekan, qanday qilib musulmonlarga rahmli bo‘lmasinlar.
Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishi zimmiylardan biri odamlar eshigi oldida tilanchilik qilib yurganini ko‘rdilar. U qari chol edi. Umar (r.a.) unga: "Biz senga insof qilmadik. Yoshligingda sendan jizya oldik, bugun esa tashlab qo‘yibmiz", dedilar va u kishiga musulmonlarning baytul molidan ovqat berib turishni buyurdilar.
Ali ibn Abu Tolib (r.a.) aytadilar: "Umarning (r.a.) yelkalarini qisib vodiy tomonga yugurib ketayotganlarini ko‘rdim. U kishiga: "Ey amirul mo‘minin, qaerga ketyapsiz?" dedim. U zot: "Zakot tuyalaridan bittasi qochibdi, uni izlab ketyapman", dedilar. O‘zingizdan keyingi xalifalarni xor qildingiz", dedim. "Meni malomat qilmang, ey Abul Hasan, – dedilar, – Muhammad sollallohu alayhi vasallamni haq bilan yuborgan Zotga qasamki, agar bir uloq Furot daryosi sohiliga ketib qolsa, qiyomat kunida Umardan so‘raladi. Musulmonlarni tashlab qo‘ygan hokimning, mo‘minlarni adashtirgan fosiqning hurmati yo‘qdir".
577. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ummatimning keyingilari namozi
va ro‘zasining ko‘pligi uchun emas, balki qalblarining rahmati, ko‘ngillarining salomatligi, nafslarining saxovati va barcha musulmonlarga rahmdilligi bois jannatga kiradilar".
578. Anas ibn Molik (r.a.) aytadilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Sening ustingda musulmonlarning to‘rtta haqqi bor: Ularning yaxshilariga yordam berishing, gunohlari uchun istig‘for aytishing, boshliqlarini duo qilishing va tavba qiluvchilarini yaxshi ko‘rishing", dedilar.
579. Abu Ayyub (r.a.) aytadilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: "Musulmonning musulmon birodari ustida olti xislat vojibdir. Agar
bittasini tark qilsa, vojib haqni tark qilgan bo‘ladi. Agar chaqirsa, javob berish, kasal bo‘lsa, borib ko‘rish, o‘lsa, janozasida hozir bo‘lish, yo‘lda uchrasa, salom berish, nasihat so‘rasa, nasihat qilish va agar aksa ursa, unga rahmat tilash".
580. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Qaysi payg‘ambar o‘tgan bo‘lsa, podachilik qilgandir". "Siz ham qo‘y boqqanmisiz?" deb so‘rashdi. "Ha, boqqanman", dedilar u zot.
Faqih aytadilar: Payg‘ambarlarning qo‘y boqishidagi hikmat, Alloh taolo ularni avvalo hayvonlar bilan imtihon qildi, hatto ularda maxluqotlarga nisbatan mehr-shafqat zohir bo‘ldi. Holbuki, Alloh ularni yaxshi biladi. Ularni hayvonlarga nisbatan mehr-shafqatli topsa, keyin odam farzandlariga nabiy va din ishlariga ega qilib qo‘yadi.
Rivoyat qilinishicha, Muso alayhissalom: "Ey Allohim, qaysi narsa uchun meni tanlab olding?" dedilar. "Yaratgan narsalarimga rahmdilliging uchun. Sen Shuaybning (alayhissalom) qo‘ylarini boqarding. Qo‘ylaring ichidan bir qo‘y qochdi, orqasidan yurib, ushlaguncha ko‘p harakat qilding. Ushlaganingdan keyin, uni quchog‘ingga olib, mahkam bosib aytdingki, ey bechora, nimaga meni bunchalik charchatding? O‘zingni
charchatding. Maxluqimga rahm qilding, shu uchun Men seni tanlab oldim va payg‘ambarlik bilan ikrom qildim", dedi.
581. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qiladilar: U zot: "Kim bu dunyoda musulmon birodarining bir aybini yopsa, Alloh taolo dunyo va oxiratda uning aybini yopadi. Kim birodaridan dunyo g‘amlaridan bir g‘amni ketkazsa, Alloh uning qiyomat kunidagi g‘amlaridan bir g‘amini ketkizadi. Alloh taolo bandasiga yordam berib turadi, modomiki, u banda birodariga yordam berib turgan bo‘lsa", dedilar.
582. Qatoda Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, sizlardan birortangiz mo‘min bo‘lmaysizlar, toki o‘zingiz yaxshi ko‘rgan narsani birodaringiz uchun ham yaxshi ko‘rmaguningizcha".
Sha’biy Umardan (r.a.) rivoyat qiladilar: Amirul-mo‘minin aytdilarki: "Alloh taolo rahm qilmagan kishiga rahm qilmaydi, kechirmagan kishini kechirmaydi. Birovning tavbasini qabul qilmagan kishining tavbasini qabul qilmaydi".
583. Ba’zi sahobalar (r.a.) aytishgan ekan: "Rahm qiluvchilarga Rahmon rahm qiladi. Yerdagi kishilarga rahm qilinglar, osmondagi Zot sizlarga rahm etadi".
584. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kim odamlarga rahm etmasa, Alloh ham unga rahm qilmaydi".
Qatoda aytadilar: "Injilda yozilgan kalima zikr qilindi: "Ey odam farzandi, qanchalik
rahm qilsang, shunchalik rahm ko‘rasan. Qanday qilib bandalarga rahm qilmasdan turib, Alloh senga rahm etishini umid qilasan?!"
Abu Dardo (r.a.) bolalarning orqasidan yurib, ulardan chumchuqlarni sotib olar, keyin ularni qo‘yib yuborar va, bor, yashayver, der edilar.
Shaqiq Zohid aytadilar: "Agar bir kishining yomonligini zikr qilsang va unga rahming kelmasa, o‘sha holda sen undan yomonroqsan. Agar yaxshi kishini zikr qilib, qalbingda Allohga itoatning halovatini topmasang, yomon odamsan".
Molik ibn Anas aytadilar: "Iso alayhissalomning bunday deganlarini eshitdim: Allohning zikridan boshqa kalomni ko‘paytirmanglar, qalblaring qattiq bo‘ladi. Qattiq qalb Allohdan uzoq bo‘ladi, lekin bilmaysizlar. Birovlarning ayblariga arboblardek qaramanglar. Balki o‘zlaringizni quldek bilib qaranglar. Odamlar ikki qismdir: Balolangan va kechirilgan. Balolanganga rahm qilinglar, ofiyat uchun Allohga hamd aytinglar".
Abu Abdulloh Shomiydan rivoyat qilinadi: "Tovusning huzuriga kirishga ruxsat so‘radim. Bir qari kishi chiqdi. "Siz Tovusmisiz?" deb so‘radim. "Yo‘q, men o‘g‘liman", dedi. "Agar siz o‘g‘li bo‘lsangiz, u kishi qarib, aqli kamayib qolgandir", dedim. "Olimning aqli kamaymaydi", deb javob qildi o‘g‘li. Keyin u kishining oldilariga kirdim. "So‘ra, lo‘nda javob beraman", dedilar. "Qisqa aytsangiz, men ham qisqa aytaman", dedim. "Agar xohlasang, – dedilar, – senga Tavrotni, Injilni, Furqonni uch kalimada jam qilib beraman?" "Xohlayman", dedim. "Allohdan qo‘rq, Undan boshqadan Undan qo‘rqqandek qo‘rqma; Undan umid qil va umiding Undan qo‘rqishingdan ustun bo‘lsin; boshqaga o‘zing yaxshi ko‘rgan narsangni yaxshi ko‘r", deb aytdilar".
Ammor ibn Yosir (r.a.) aytadilar: "Kim uch narsani jam qilsa, imonning hammasini jam etibdi: Kambag‘allikda infoq-ehson qilish, insofli bo‘lish va odamlar orasida salomni yoyish".
Umar ibn Abdulaziz (rahmatullohi alayh) aytadilar: "Allohga sevimli ishlar uchtadir. Birinchisi – o‘ch olishga qodir bo‘lgan vaqtda kechirish; ikkinchisi – g‘azabi kelganda o‘zini bosish; uchinchisi – Allohning bandalariga yumshoqlik qilish, kim Allohning bandalariga yumshoqlik qilsa, unga ham yumshoqlik qilinadi".
Hisham Hasandan rivoyat qiladilar: "Alloh taolo Odam alayhissalomga vahiy qildi: "Ey Odam, to‘rt narsani o‘zing va zuryodlaring uchun jam qil. Bittasi Menga, bittasi o‘zingga, bittasi sen va Mening oramda, bittasi sen va odamlar orasida. Men uchun bo‘lgani – Menga ibodat qilib, boshqani sherik qilmasliging; o‘zing uchun bo‘lgani – amaling, seni u bilan muhtoj bo‘lganingda mukofotlayman; Men bilan sening orangdagi – sening duo qilishing, Mening qabul etishim; sen bilan odamlar orasidagi – ularga o‘zingga qanday do‘st bo‘lishlarini xohlaganing kabi do‘st bo‘l". Alloh bilguvchiroqdir.
Dostları ilə paylaş: |