Oliy va o’rta maxsus ta’lim



Yüklə 53,54 Mb.
səhifə187/282
tarix16.10.2023
ölçüsü53,54 Mb.
#130473
1   ...   183   184   185   186   187   188   189   190   ...   282
va okeanlar tabiij geografijasi uv llanma (2)

Shimoli-Sharqiy Sibir. O’lka Lena daryosining quyi oqimidan sharqda, Aldanning quyi oqimidan shimolda joylashgan va sharqda Tinch okean havzasining suvayirg’ich tog’ massivlari bilan chegaralangan tog’-tekislik morfostrukturalar, Novaya Sibir orollari Shimoli-Sharqiy Sibir tabiiy geografik o’lkasini tashkil etadi. Maydoni 1,5 mln km2. Uning asosiy orografik elementlari umumiy uzunligi 4000 km atrofida bo’lgan chekka tog’ tizmalaridan, o’rtalik tog’lik va yassi tog’liklardan hamda pastekisliklardan iborat. Bu o’lkada paleozoyda va mezozoyning birinchi yarmida Verxoyansk-Chukotka geosinklinal dengiz havzasining katta bir qismi bo’lgan. Mezozoyning ikkinchi yarmida tektonik harakatlarning intensiv namoyon bo’lishi natijasida burmali strukturalar hosil bo’lgan. Yuqori bo’r va paleogenning iliq iqlimli sharoiti tufayli tog’ tizmalarida yuz bergan denudasion jarayonlar tekislangan yassi yuzalarni vujudga keltirgan. O’lkaning hozirgi rel’ef shakllari paleogen va neogenda sodir bo’lgan ko’tarilishlarning oqibatidir. Intensiv ko’tarilgan hududlarda baland tog’lar va tizmalar, cho’kkan joylarda bukilmalar va tog’oralig’i botiqlari shakllangan. Tog’ rel’efini shaklanishiga antropogen davrda bo’lib o’tgan Tobichan, Elgin va Boxapchin muzliklari ham ta’sir ko’rsatgan.
O’lkaning yer usti tuzilishi morfogenetik xususiyatiga ko’ra quyidagi rel’ef tiplariga bo’linadi: akkumulyativ tekisliklar, erozion-denudasion tekisliklar, yassi tog’lik, past tog’, o’rtacha baland tog’ va baland tog’ Al’p rel’efi. Akkumulyativ tekisliklar Yana-Indigirka, O’rta Indigirka, Kolima pastekisliklaridan va tog’oralig’i botiq tekisliklardan tashkil topgan. Ularning yuzasi tekis, kam parchalangan va dengiz sathidan 100 m gacha balandlikda joylashgan. Qirg’oq bo’ylarida abrazion- akkumulyativ tekisliklar uchraydi. Tog’ etaklarida akkumulyativ tekisliklar balandroq ko’tarilgan erozion-denudasion tog’oldi tekisliklari bilan almashinadi. Ularning balandligi 200 m dan oshmaydi. Erozion-denudasion tekisliklar Anyuy,
Mom, Xaraulax, Ko’lar tog’ etaklarida, Alazey va Yukagir yassi tog’liklarining chekka qismlarida yaxshi rivojlangan. Yassi tog’liklar rel’efi neotektonik harakatlar kuchsiz bo’lgan va denudasion yassi yuzalar yaxshi saqlangan hududlar uchun xarakterli. Bu yuzalar ustidan qattiq jinslardan tarkib topgan gumbazsimon qoldiq massivlar ko’tarilib turadi. Yana, Elgin, Oymyakon, Alazey, Yukagir yassi tog’liklari va Yuqori Kolima tog’ligi ana shu tipdagi rel’efga ega. Past tog’lar odatda tog’ tizmalarining chekkalarida, 300-500 m balandliklarda joylashgan, daryo vodiylarining qalin to’ri bilan parchalangan. Past tog’lar uchun nival-soliflyukasion, muzlik ishlagan rel’ef shakllari, nuragan tog’ jinslarining uyumlari xarakterli. Yana- Kolima past tog’lari bunga yaqqol misol bo’la oladi.
O’rtacha balandlikdagi tog’ rel’efi o’lkada keng tarqalgan bo’lib, unga balandligi 800 m dan 2200 m gacha yetadigan ko’pchilik tog’ tizmalari va tog’liklar kiradi. Bu tipdagi rel’ef ayniqsa Verxoyansk, Cherskiy, Tas-Xayaxtax, Mom tog’ tizmalari va Yudom-Maya tog’ligi uchun xarakterli. Kolima tog’ligi va Anyuy tizmasining ham katta qismi o’rtacha baland tog’ massivlaridan iborat. Uning hamma joyida to’rtlamchi davr muzliklari hamda ko’p yillik muzloq va soliflyukasion jarayonlar ta’sirida vujudga kelgan rel’ef shakllari keng tarqalgan. Baland tog’ Al’p rel’efi intensiv neotektonik harakatlar natijasida vujudga kelgan va dengiz sathidan 2200 m dan yuqorida joylashgan. Bunday rel’ef tipi Suntar Hayot, Tas-Xayaxtax, Cherskiy, Ulaxan-Chistay tog’ tizmalarining baland o’q qismlari va Verxoyansk tizmasining markaziy hududlari uchun xos. Baland tog’larda glyasial rel’ef shakllari ko’pchilikni tashkil etadi. O’lkaning eng baland nuqtasi ham shu geomorfologik yarusda joylashgan bo’lib, Ulaxan-Chistay tog’ tizmasidagi G’alaba (3147 m) cho’qqisidir.
O’lka iqlimining nihoyatda sovuq, keskin kontinental bo’lishi hududining katta qismi Arktika va subarktika iqlim mintaqasida joylashganligi, yer yuzasining dengiz sathidan balandligi berk botiqlarining mavjudligi, Osiyo antisiklonining ta’siri, Tinch okean dengizlari ta’siridan tog’ tizmalari bilan to’silganligi kabi omillarga bog’liqdir. O’lkaning hamma joyida o’rtacha yillik harorat -10°S dan past. Baland tog’larda va Novaya Sibir orollarida -15°-16°S ga teng. Qish 6-8 oygacha davom etadi. Ko’pchilik joylarda yanvarning o’rtacha harorati -40°S. Eng qattiq sovuqlar tog’oralig’i botiqlarida kuzatiladi. Botiqlarda joylashgan Verxoyansk va Oymyakon hududlari faqat Yevrosiyoning emas, balki butun shimoliy yarim sharning eng sovuq nuqtalari hisoblanadi. Bu joylarda yanvarning o’rtacha harorati
-48°-50°S ni tashkil etadi. Mutloq minimal harorat Oymyakonda -71°S ga teng.
Tog’li hududlar havosining quyi qatlamida qishki harorat inversiyasi vujudga keladi. Tog’larning yonbag’ri bo’ylab har 100 m balandlikda harorat 1,5-2°S dan ortib boradi. Shuning uchun tag’oralig’i botiqlari sovuq, tog’ yon bag’irlari unga nisbatan iliq bo’ladi. Suntar Hayot tog’larining 2063 m balandligida yanvarning o’rtacha harorati -29,5°S gacha ko’tariladi. Yoz oylari bir oz iliqroq keladi. Iyulning o’rtacha harorati Yana, Indigirka, Kolima daryolarining yuqori oqimida +14°+16°S ni tashkil etadi. Ayrim kunlari harorat +35°S gacha ko’tariladi. Tundrada iyulning o’rtacha harorati +10°S dan past. O’lkada yog’in qishda kam va yozda ko’p bo’ladi. Yillik yog’inning 15-20% i sovuq davrga va 80-85% i iliq davrga to’g’ri keladi.
Tekisliklarda va tog’oralig’i botiqlarida yiliga 200-300 mm, past tog’larda va baland tog’larning quyi yaruslarida 400-500 mm, baland tog’larda 600-700 mm yog’in yog’adi. Qor qoplamining qalinligi botiqlarda 25-30 sm dan tog’larda 50-80 sm gacha yetadi.
O’lkaning qattiq sovuq iqlim sharoiti ko’p yillik muzloq yerlarning keng tarqalishiga imkon beradi. Ularning qalinligi tog’larda 200-400 m dan, shimoliy va markaziy hududlarda 500 m gacha yetadi. Muzloq gruntlarning harorati 5-10 m chuqurlikda -5°-10°S ni tashkil etadi. Pastekisliklarda va tog’oralig’i botiqlarida yer osti muzliklari keng tarqalgan bo’lib, ular singenetik va epigenetik muzlardan iborat. Iqlim sharoiti baland tog’larda hozirgi zamon tog’ muzliklarining ham shakllanishiga imkon yaratgan. Tog’larning 2000-2500 m balandliklarida yog’in ko’pincha qor tarzida yog’ib, muzliklarning hosil bo’lishiga sabab bo’lgan. O’lkaning Suntar-Hayot, Cherskiy, Tas-Xayaxtax, Xaraulax va Orulgan tog’ tizmalarida umumiy maydoni 380 km2 dan ziyod bo’lgan 650 ta muzlik mavjud. Yirik muzliklarning markazlari Suntar-Hayot tizmasida va Buordax massivida joylashgan.
O’lka hududi Shimoliy Muz okeaniga quyiladigan daryolar to’ri bilan parchalangan. Ularning eng yirik irmoqlari Yana, Indigirka va Kolima daryolaridir. O’lkaning eng yirik daryosi Kolima Yuqori Kolima tog’ligidan boshlanib, Sharqiy Sibir dengiziga quyiladi. Uzunligi 2129 km, havzasining maydoni 643 ming km2, o’rtacha yillik suv sarfi 3900 m3/sek. Indigirka kattaligi jihatidan ikkinchi o’rinda turadi. Uzunligi 1980 km, havzasining maydoni 360 ming km2. U Oymyakon yassi tog’ligidan boshlanib Cherskiy tog’ini 1500-2000 m chukurlikda tik yonbag’irli tor vodiy hosil qilib kesib o’tgan. Yana daryosi Verxoyansk tog’larining shimoli- sharqiy yonbag’irlaridan boshlanib Laptevlar dengiziga quyiladi. Uzunligi 1490 km, havzasining maydoni 238 ming km2. O’rtacha yillik suv sarfi 1000 m3/sek. Barcha daryolar qor, yomg’ir va qisman yer osti suvlaridan to’yinadi. Tekisliklarda va botiqlarda termokarst ko’llari keng tarqalgan.
O’lkada tundra va shimoliy tayga siyrak o’rmonlari hukmronlik qiladi. Tundra zonasida gileyli zax tuproqlar tarqalgan bo’lib, ular qiyoq-mox, momiqbosh-mox va lishaynik o’simlik formasiyalari bilan qoplangan. O’rta Indigirka va Kolima pastekisliklarida gleyli-muzloq tayga tuproqlari rivojlangan. Bu yerlarda Dauriya tilog’ochidan tarkib topgan shimoliy tayga siyrak o’rmonlari o’sadi. O’lkaning tog’li katta qismida balandlik mintaqalar ham rivojlangan. Shimoli-Sharqiy Sibirda o’rmonlar mintaqasi ancha pastda joylashgan. Ularning yuqori chegarasi shimoliy tog’li hududlarda 200-400 m dan oshmaydi, markaziy hududlarda 600-700 m gacha ko’tariladi. Yana va Indigirka vodiylarining yuqori qismlarida hamda Yudom-Maya tog’ligida tilog’och o’rmonlari kamdan-kam 1400 m gacha balandliklarda uchraydi. Tog’ tayga zonasidan yuqorida yer bag’irlab o’sadigan qalin kedrzorlar, undan yuqorida tog’ tundrasi joylashgan. Baland massivlarning yuqori cho’qqilarida sovuq sahrolar hukmronlik qiladi,
O’lka faunasi tarkibida Shimoliy Amerika faunasiga o’xshash turlar qo’proq uchraydi. Birgina Kolima havzasida yashaydigan 45 tur sut emizuvchilarning yarmidan ko’prog’i Alyaskadagi hayvonlar bilan yaqinligi bor. Sariq qorinli
lemming, och rangli bo’ri, kolima losi shular jumlasidandir. O’lkada dashtlarga xos Verxoyansk sug’uri, Kolima yumronqozig’i kabi hayvonlar ham uchraydi. Yirtqich hayvonlardan Bering ayig’i, Bering tulkisi, Sharqiy Sibir silovsini, rosomoxa, Sharqiy Sibir bo’risi yashaydi.

Yüklə 53,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   183   184   185   186   187   188   189   190   ...   282




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin