Oliy va o’rta maxsus ta’lim



Yüklə 53,54 Mb.
səhifə189/282
tarix16.10.2023
ölçüsü53,54 Mb.
#130473
1   ...   185   186   187   188   189   190   191   192   ...   282
va okeanlar tabiij geografijasi uv llanma (2)

Janubiy Uzoq Sharq. Ushbu tabiiy geografik o’lka 55° va 43° sh.k. lar orasida, mo’tadil iqlim mintaqasining janubida joylashgan. U shimolda Uda daryo vodiysi cho’kmasidan, janubda Buyuk Petr qo’ltig’igacha cho’zilgan. G’arbda Zabaykale tog’lari bilan, sharqda Oxota va Yapon dengizlari bilan chegaralanadi. Maydoni 1,2 mln. km2 atrofida. O’lka hududi Amur-Zeya platosi, Zeya-Bureya tekisligi, Bureya tizmasi, Kichik Xingan, Quyi Amur pastekisligi, Quyi Amur past tog’lari, Sixote- Alin tizmasi va Saxalin orolidan tarkib topgan. O’lka tabiatining o’ziga xos xususiyatlari Yevrosiyo quruqligi bilan Tinch okean suvlarining o’zaro ta’siri natijasida shakllangan. Iqlimi musson xarakterga, sersuv daryolari musson tipidagi suv rejimiga ega. Landshaft strukturasida igna bargli va keng bargli o’rmonlar hukmronlik qiladi.
O’lkaning geologik taraqqiyot tarixi ko’pincha uning taraqqiyot tarixiga o’xshaydi. Bu yerda dastlabki quruqlik rejim kembriydan oldin va paleozoyda vujudga kelgan. Zeya-Bureya plitasi va Xanka massivi Manjuriya platformasining shimoliy va sharqiy chekkalarida hosil bo’lgan. Paleozoyda Sixote-Alin, Bajal, Bureya, Turana, Jag’di, Tukuringra tizmalarining yadrolari vujudga kelgan. Ko’pchilik joylarda intruziyalar chiqib foydali qazilmalarning paydo bo’lishiga sabab bo’lgan. O’lkaning burmali strukturalarini vujudga kelishida mezozoy orogenezi katta rol o’ynagan. Mezozoy burmalanishi ayniqsa Bureya-Sixote-Alin zonasida kuchli bo’lgan, intruziya va effuziyalar chiqib ruda konlarini paydo bo’lishiga olib kelgan. Shuning uchun o’rtacha va past tog’li hududlarda, ayniqsa Sixote-Alinda va Amur vodiysida strukturali effuziv platolar keng tarqalgan, mezozoyda Sharqiy Saxalin antiklinoriysining poydevori ham hosil bo’lgan.
O’lkaning geologik strukturasi va rel’ef shakllari Al’p burmalanishi natijasida o’zining hozirgi qiyofasiga ega bo’lgan, Al’p orogenezida yangi strukturalar vujudga kelgan. Jumladan, Sixote-Alinning sharqiy qirg’oqbo’yi qismlari, Quyi Amur past tog’li hududi, Saxalin tog’lari vujudga keldi. Amur-Ussuriy o’lkasidagi tekislangan rel’ef shakllari qaytadan yoshargan. O’lka hududida erozion, erozion- denudasion o’rtacha balandlikdagi va past tog’lar ko’pchilikni tashkil etadi. Tog’larining mutloq balandligi Bureya tizmasida 2167 m, Bajal tizmasida 2157 m, Sixote-Alinning Tardoki-Yangi tog’ida 2077 m. Vulkanik platolar Sixote-Alinning sharqiy qirg’oqbo’yi qismlarida ko’p uchraydi. Tizma tog’lar orasida tog’oralig’i botiqlarida vujudga kelgan akkumulyativ tekisliklar joylashgan. Tog’oralig’idagi tekisliklar yotqiziqlar xarakteriga ko’ra allyuvial (Yuqori Zeya, Zeya-Bureya, Uda, Tim-Poronay) va ko’l-allyuvial (Xankabo’yi, O’rta Amur, Quyi Amur) tekisliklariga bo’linadi. Saxalin orolida G’arbiy Saxalin (Vozvrasheniya, 1330 m) va Sharqiy Saxalin (Lapatin, 1609 m) tizmalari meridian bo’ylab cho’zilgan. Ularni bir-biridan Tim-Poronay tog’oralig’i botig’i allyuvial tekisligi ajratib turadi. Orolning shimoliy qismida Shimoliy Saxalin pastekisligi joylashgan.
Foydali qazilmalarning geografik tarqalishi o’lkaning geologik strukturasiga va tog’ jinslarining tarkibiga bog’liq. Intruziv granitlarda oltin, molibden, qalay, temir rudasi, surma konlari ko’p uchraydi. Sixote-Alinning effuziv jinslari polimetallarga boy. Bureya bukilmasida, Markaziy Saxalin sinklizasida, Xankabo’yi tekisligida toshko’mir va qo’ng’ir ko’mir konlari joylashgan. Saxalinning shimoliy tekislik qismidan neft va tabiiy gaz qazib olinadi.
O’lka Tinch okean mussonlari ta’sir doirasida bo’lganligi sababli, uning iqlimi iliq mo’tadil musson iqlimidir. Qishda materik ustida Osiyo barik maksimumi vujudga keladi, Tinch okeanning shimoliy qismida, Aleut orollari hududida esa Aleut barik minimumi shakllanadi. Sovuq Sibir havosining okeanga esishi qishki mussonni ta’minlaydi. O’lka hududida yanvarning o’rtacha harorati janubi- sharqdan shimoli-g’arbga tomon pasayib, Primore va Saxalinda -12°-16°S dan, markaziy tekisliklarda -20°-24°S gacha, Yuqori Zeya tekisligida esa -31°-32°S gacha tushadi. Minimal harorat Bureya va Zeya daryolari havzalarida -50°-55°S ga teng. Yozda o’lkaning qirg’oqbo’yi hududlarida musson sirkulyasiyasi qaror topib, iqlimi dengiz iqlim xarakteriga ega bo’ladi. Yoz salqin, harorat shimoldan janubga tomon ko’tarila boradi. Iyulning o’rtacha harorati Oxota dengizi sohillarida +12°S, Yapon dengizi sohillarida +16°S. O’lkaning ichki tekisliklarida iyulning o’rtacha harorati +18°S dan +21,5°S gacha yetadi, yillik yog’inning 85-90% i iliq davrga to’g’ri keladi. Yog’in miqdori g’arbdan sharqqa tomon orta boradi. Yillik yog’in miqdori Amurbo’yining shimoli-g’arbiy chekka hududlarida 300 mm, Ussuriy havzasida 500-600 mm, Sixote-Alin tizmasida 900-1000 mm ni tashkil etadi.
O’lka daryolarining gidrografik rejimi musson xarakteriga ega. Daryolarning 80% oqimini yomg’ir suvlari tashkil etadi. Suv toshqini yozning ikkinchi yarmida - iyul va avgustda kuzatiladi. Suv bosishlari tez-tez takrorlanib turadi, barcha daryolar Tinch okean havzasining Oxota va Yapon dengizlariga quyiladi. O’lkaning va butun Uzoq Sharqning eng yirik daryosi Amur hisoblanadi. Uning uzunligi Argun daryosining boshlanishidan 4440 km. ni, Argun va Shilka daryolari qo’shilgan
joydan 2824 km ni tashkil etadi. Havzasining maydoni 1855 ming km2 ga, o’rtacha yillik suv sarfi quyi qismida 10900 m3/sek. ga teng. Amurga 10610 ta katta-kichik daryolar, soylar va jilg’alar kelib qo’shiladi. Daryo o’zanining kengligi suv kamayganda 3-5 km dan suv ko’payganda 25 km gacha yetadi. Kemalar 4000 km masofaga bemalol qatnay oladilar. Bundan tashqari Primore sohillarida Suyfun, Mayxe, Suchan daryolari, Oxota dengizi sohillarida Uda, Tugur daryolari, Saxalin orolida Tim, Poronay daryolari bor. O’lka hududida ko’llar ko’p emas. Eng kattasi Xanka tektonik ko’li maydoni 4190 km2, uzunligi 95 km, kengligi 85 km va eng chuqur joyi 10,6 m. O’lkaning tuproq qoplami Amur musson tuproq oblastiga qaraydi. Uning shimolida tog’ tayga podzol tuproqlari, Zeya va Bureya havzalarida sur tusli o’rmon tuproqlari, aralash o’rmonlar bilan qoplangan joylarda podzollashgan qo’ng’ir o’rmon tuproqlari keng tarqalgan. Amurbo’yi va Suyfun- Xanka tekisliklarida o’tloqi-qora, gleyli-o’tloq va o’tloqi-botkoq tuproqlar, daryo qayirlarida allyuvial tuproqlar yaxshi rivojlangan.
O’lka to’rtta - Sharqiy Sibir, Dauriya, Manjuriya va Oxota botanika-geografik oblastlarining bir-biri bilan tutashgan hududda joylashgan. O’lkaning flora va faunasi turli-tuman va haddan tashqari turlarga boy. Ko’pchilik o’simlik va hayvon turlari paleogendan saqlanib qolgan relikt turlar hisoblanadi. O’lkaning shimoliy qismida Sharqiy Sibirga xos tilog’och va yellardan tarkib topgan tayga landshaftlari hukmronlik qiladi, janubiy qismida esa Manjuriya florasi elementlari bilan boyigan aralash o’rmonlar katta maydonni egallagan. Aralash o’rmonlar uchun keng barglilardan Manjuriya jo’qasi, Take jo’qasi, Mongoliya emani, Manjuriya shumtoli, Amur duxobasi, xilma-xil zaranglar, temir qayin, sariq qayin, Manjuriya yong’og’i, igna barglilardan Koreya kedri, yaxlit bargli pixtalar xarakterli. Aralash o’rmonlar ko’p yarusli va lianalarga boy. O’lkaning shimoli-sharqiy qismidagi tog’lar uchun Oxota tipidagi flora kompleksi xosdir. Uning tipik vakillari Ayan yeli, mayda urug’li yel, oq po’stloqli pixta, toshqayin va Saxalin pixtasidir. Daryo vodiylarining baland qayirlarida buta o’tli yelzorlar, botqoq bosgan yerlarda qiyoq- sfagnli yelzorlar va baland terrasalarda pixta-el o’rmonlari o’sadi.
O’lkaning musson iqlimli aralash o’rmonlar zonasi hayvonot olamiga juda boy. Aralash o’rmonlarda ko’pincha Manjuriya faunasiga xos Amur yo’lbarsi, Sharqiy Osiyo qoploni, Ussuriy qora ayig’i, qizil bo’ri, xoldor bug’u, asl bug’u, Nepal suvsari-xarza, yenotsimon it, Manjuriya olmaxoni, Uzoq Sharq o’rmon mushugi kabi hayvonlar yashaydi. Tayga o’rmonlarida Sharqiy Sibir faunasiga xos hayvonlar uchraydi. Qushlardan Manjuriya qirg’ovuli, Hind zagizg’oni, to’q sariq-pushti ibis, o’rdak-mandarinkalar keng tarqalgan. O’lkada tabiatni muhofaza qilish ishlariga yaxshi e’tibor qaratilgan. Uning rang-barang tabiatini, qadimiy relikt flora va fauna komplekslarini, tabiiy landshaftlarini muhofaza qilish va kelajak avlod uchun saqlab qolish maqsadida Sixote-Alin, Ussuriy, Xingan, Bolshexextsir va boshqa qo’riqxonalar tashkil etilgan.

Yüklə 53,54 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   185   186   187   188   189   190   191   192   ...   282




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin