Argumentlash shakli tezis bilan argumentlarning o‘zaro qanday bog‘langanligini ifodalovchi tushunchadir. Bu bog‘lanish mantiqiy yoki nomantiqiy usulda amalga oshadi.
Argumentlash jarayoni ikki shaxs, shaxs va guruh, guruhlararo muloqotda amalga oshadi. Bulardan biri so‘zlovchi (proponent, notiq), boshqasi tinglovchi (opponent, retsipiyent, adresat, auditoriya) dir. Har ikki tomon argumentlash subyektlari hisoblanadi. So‘zlovchi tezisni yo himoya qiladi yo rad etadi. Har ikki holatda ham tinglovchilarni o‘z fikriga ishontirishga, o‘z fikrini qabul qildirib, ma’qullattirib ularning fikrlarini o‘zgartirishga harakat qiladi. Argumentlashning amalga oshish jarayonini tasavvur qilish uchun argumentlash maydoni tushunchasini bilish zarur.
Argumentlash maydoni argumentlovchi faoliyatning tuzilishi, argumentlash subyektlarining mavqei va vazifalari, argumentlash jarayonini ijodiy modellashtirishning o‘ziga xosligi, argumentlashni amalga oshirish vaqti va o‘rnini qamrab oluvchi kommunikativ faoliyat maydonidir. Quyidagilar argumentlash maydonining muhim elementlari hisoblanadi: argumentlash subyektlari (S1 S2); argumentlash predmeti, ya’ni bahs mavzusi (AP); argumentlash predmetining mohiyatini, qirralarini ochib beruvchi tezislar (T); argumentlar-dalillar tizimi (A1, A2,... An); argumentlash vaziyati (sit – qayerda, qanday holatda). Argumentlash jarayonida proponent o‘z maqsadini belgilab olishi (argumentlash strategiyasi) va uni amalga oshirish yo‘llarini (argumentlash taktikasi) aniqlab olishi talab qilinadi.
Argumentlashning strategiyasiargumentlashning maqsadi bo‘lib, ishontirish, g‘alaba qozonish, kelishish, yechimni topish, o‘ziga nisbatan ishonchni mustahkamlash va shu kabilarda namoyon bo‘ldi. Mantiq qonunlari, isbotlovchi muhokama yuritish argumentlashning strategik prinsiplari hisoblanadi. Konkret vaziyatga mos bo‘lgan kommunikativ modelni tanlash ham argumentlashning strategiyasiga kiradi.