________________ _____________________________
16-Mavzu: Ta’lim olishda alohida ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ta’lim va tarbiya jarayonini tashkil etish (inklyuziv ta’lim).
Reja:
Inklyuziv ta’lim haqida umumiy tushuncha. Inklyuziv ta’limning mazmun-mohiyati
Maktabgacha ta’lim tashkilotida alohida ta’lim olish ehtiyojlari bo‘lgan bolani ta’lim olishi va rivojlantirishini qo‘llab-quvvatlash.
Har bir insonning inson sifatida shakllanishiga va jamiyatda o‘z o‘rnini topa olishida ta’limning o‘rni beqiyosdir. Ta’lim qaysi millat yoki jamiyatda olib borilmasin, uning o‘ziga xos me’yorlari va qonun-qoidalari mavjud bo‘ladi. Ana shu me’yorlar asosida har bir voyaga yetib kelayotgan shaxs tahsil oladi va o‘z bilim darajasini oshirib boradi.
Jamiyatimiz oldida turgan dolzarb vazifalardan biri buyuk Vatanimizning kelajagini yaratuvchi yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar qilib tarbiyalashdir. Bu ishni amalga oshirishda, ya’ni sog‘lom avlodni shakllantirish ishlarida oila asosiy o‘rinni egallaydi. Bugungi kunda har bir oila bolaning ilk yoshida unga berilgan sog‘lom tarbiya, ertangi kun yaratuvchisining sog‘lom fikrli bo‘lib yetishishini ta’minlaydi.
Milliy urf-odat va an’analarga ko‘ra, o‘zbek oilalarida nogiron, imkoniyati cheklangan holda tug‘ilgan farzandlarni ota-onalar qarovsiz qoldirmaydilar. Respublika aholisi milliy mentalitet, shuningdek, hayotiy qadriyatlarga munosabatlari nuqtai nazardan har qanday bolani sog‘ligini mustahkamlash, ularning bilim olishi uchun harakat qiladi.
Inklyuziv ta’lim bu – davlat siyosati bo‘lib, nogiron va sog‘lom bolalar o‘rtasidagi to‘siqlarni bartaraf etish, maxsus ta’limga muhtoj bolalar (ayrim sabablarga ko‘ra nogiron bo‘lgan) rivojlanishida uchraydigan nuqsonlar yoki iqtisodiy qiyinchiliklardan qat’iy nazar ijtimoiy hayotga moslashtirishga yo‘naltirilgan umumta’lim jarayoniga qo‘shishni ifodalovchi ta’lim tizimidir.
Inklyuziv ta’lim ijtimoiy modelga asoslanadi va u muammoni bolada emas, balki dastur va metodologiyada deb hisoblaydi. Bunday ta’lim tizimiga ba’zi bir o‘zgartirishlar kiritishni taqazo etadi. Bunda har bir bolaning ehtiyojini hisobga olgan holda o‘quv rejalari tayyorlanadi, uslubiyotning psixologik muammolari bilan bog‘liq tomonlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yiladi. Inklyuziv ta’lim hamma bolalarni, shu jumladan, nogiron bolalarni ham o‘zlari xohlagan maktabda o‘qishi mumkin, deb xulosa chiqaradi.
1990-yildan buyon maxsus ehtiyojli bolalarni umumta’lim muassasalari tizimida o‘qitish borasida jahon miqyosida ko‘plab deklarsiyalar va qarorlar qabul qilindi. Ularni jahonining ko‘plab davlatlari etirof etdilar. Ammo bugungi kunga qadar ularni hayotga joriy qilish borasida ko‘plab muammolar mavjud. Ba’zi davlatlarda esa umumiy ta’lim borasida qonun yoki qarorlar qabul qilinganda nogiron bolalarning ta’lim masalasi chetda qolmoqda. Inklyuziv ta’limni tan olish faqatgina qonun chiqarishdan iborat emas. Inklyuziv ta’limni e’tirof etgan holda, aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarni olib borish eng birinchi galdagi massaladir.
Respublika "Ta’lim to‘g‘risida"gi Qonunining 24-moddasida ijtimoiy yordamga va tiklanishga muhtoj bo‘lgan shaxslar uchun o‘quv-tarbiya muassasalarni tashkil etish va ularda muayyan sharoitlarni yaratish tartibi ko‘rsatib berilgan.
Professor Risqiniso Shomaxmudova qator yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi Vazirligi tizimidagi maxsus ta’lim muassasalarida faoliyat yuritib kelgan va inklyuziv ta’limni O‘zbekistonga kirib kelishida u kishini hissalari katta hisoblanadi. Professor R.Shomaxmudovaning “Maxsus va inklyuziv ta’lim” nomli o‘quv qo‘llanmasi 2012 yilda nashrdan chiqqan bo‘lib, unda Respublikamiz mustaqillikka erishgan yillarida maxsus korreksion ta’lim tizimi va mazmunini takomillashtirish, modernizatsiyalash borasida amalga oshirilgan ishlar, o‘quv me’yoriy hujjatlar, imkoniyati cheklangan bolalar haqidagi statistik ma’lumotlar, o‘quv-dasturi, darsliklar va metodik adabiyotlar bilan ta’minlash holati hamda erishilgan yutuqlarning qisqacha tahlili bayon etilgan.
Respublikamizda nuqsonli bolalarga yordam ko‘rsatish uch yo‘nalishda: xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot vazirliklari orqali olib boriladi. Bulardan xalq ta’limi vazirligini oladigan bo‘lsak bunda, aqli zaif bolalar uchun maktabgacha ta’lim muassasalari, yordamchi maktab, maktab internatlar mavjud, maxsus maktabgacha muassaslarga 3-6 yoshdagi debil bolalar qabul qilinadi, eshitishida nuqsoni bor bolalar yasli bog‘chalarga 1,5 yosh, bolalar bog‘chasiga 3 yoshli bolalar qabul qilinishi, guruhlarda 10-12 ta, murakkab nuqsoni bo‘lgan bolalar guruhida 8 tadan bola tarbiyalanishi, ko‘rishda nuqsoni bor bolalar uchun ko‘r, zaif ko‘ruvchi maktabgacha ta’lim muassasalari mavjudligi, nutq bog‘chalarida 3 yodan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar, nutqi umummiy rivojlanmagan bolalar guruhi, bolalarni umumta’lim maktablari yoki nutq maktablarida bilim olish uchun tayyorlanishi belgilab qo‘yilgan.
Inklyuziv ta’limni rivojlantirish borasida Respublikamizda bir qancha ishlar amalga oshirildi. Masalan, 2010-2012 yillarda ITQQF O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi ko‘magi bilan Qarshi, Navoiy, Samarqand va Toshkent shaharlarida imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlovchi o‘qituvchi va tarbiyalanuvchilarni tayyorlashga qaratilgan 3 kunlik seminar-treninglar o‘tkazildi.
Natijada 250 nafar pedagog va maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari tayyorlandi. Treninglar tajriba va fikr almashish, mamlakatimizda inklyuziv ta’limni joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha kelgusi amallarni muhokama qilish, imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlashning yangi metodlari bilan tanishish, ta’lim berish uslublarini takomillashtirish imkonini beradi.
Bu ishlarni muvaffaqiyati xar bir davlatning qonunlarida aks etilishi zarur. Chunki, qonunlar, ularni kerakli moddiy va ma’naviy resurslar bilan ta’minlanishini amalga oshirishni kafolatlaydi.
Imkoniyati cheklangan bolalarga ta’lim berishda, ota-onalar, mahallalar tariyachilar, mutaxassislar hamkorligida faoliyat ko‘rsatishlarini talab qilinadi va majburiy shart hisoblanadi. Alohida ehtiyojli bolalar ham sog‘lom tengdoshlari bilan birgalikda o‘z qobiliyat darajasida faoliyat ko‘rsatish, ta’lim olishi, kasb-xunar o‘rganishi va rivojlanishi mumkin. Inklyuziv ta’lim maqsadga muvofiq tarzda tashkil etilsa maxsus yordamga muhtoj bolalar ijtimoiy tomondan himoyalandilar, ijtimoiy hayotda teng xuquqliligini, o‘z tengdoshlari bilan birga bilim olishlari mumkinligini his etadilar.
Inklyuziv ta’lim mazmunini yoritish uchun nogironlikga ega bo‘lgan mashhur shaxslar haqida bir qancha ma’lumotlar keltirishimiz mumkin. Masalan:
Iogann Volfgang Gyote (1749-1832) Inson uz organizmi yoki ruhiy holatining tahliliga o‘ta berilib ketar ekan, u albatta o‘zini bemor deb e’tirof etadi.
Lui Brayl (1809-1852) Fransuz pedagogi, ko‘rlar uchun shrift ishlab chiqqan. Uch yoshidayoq Brayl ko‘r bo‘lib qolgan. O‘n yoshida esa Parijdagi ko‘rmaydigan yoshlar uchun Milliy institutning stipendiyasiga sazovor bo‘lgan.
1829 yilda yigirma yoshli Brayl o‘z ixtirosi - ko‘rlar uchun yozuv sistemasi haqida matbuotda xabar berdi. Bu yozuv harflari qalin qog‘ozning orqa tomonidan teshib bitiladigan oltita nuqta kombinatsiyasidan iborat edi.
Albert Eynshteyn (1879-1955) Hozirgi zamon fizikasining inqilobiy rivojalinshini belgilab bergan XX asrning eng buyuk olimi. U, ayniqsa nisbiylik nazariyasining asoschisi sifatida keng shuhrat qozongan.
Eynshteyn kvant mexanikasining yaratilishiga, statik fizika va kosmologiyaning rivojlanishiga ham katta hissa qo‘shdi. Eynshteyn disleksiya (nutq tovushlarini ajratmaslik) nutq kamchiligiga ega edi. Bu degani u tengdoshlari qatorida o‘qiy olmas edi.
Nik Vuchich (1982 yilda tug‘ilgan) U bironta ham qo‘lsiz va oyoqsiz tug‘ilgan. Bolaligida u ko‘p ruhan ezildi, biroq o‘zini qo‘lga olib, nogironligi bilan yashashga ko‘nika boshladi. Keyinchalik o‘z tajribasini boshqalar bilan o‘rtoqlashdi. Natijada u butun dunyoga mashhur motivatsion spiker bo‘lib yetishdi.
Uning chiqishlari imkoniyatlari cheklangan bolalar va o‘smirlarga qaratildi va ularda hayotda maqsad va mazmun topishga umid uyg‘otdi. Jismoniy kamchiliklariga qaramay, bola aqlan va jismonan sog‘lom o‘sdi va Viktoriya shtati qonunlari nogironlarga nisbatan o‘zgargan zahoti, ota-onasi farzandining oddiy maktabga borishini qat’iyan talab qildi va bunga erishdi.
Yuqoridagilardan shuni xulosa qilishimiz mumkinki, inklyuziv ta’lim maxsus ehtiyojli, nogiron bolalar ham faqat maxsus maktablarda emas, balki sog‘lom bolalar o‘qiydigan umumta’lim maktablarida ham ta’lim-tarbiya olishlari mumkin ekanligini e’tirof etadi. Buning uchun esa maktabgacha ta’lim muassasasi ham, tarbiyachilar ham inklyuziv ta’lim tizimiga tayyor bo‘lishi, maktabgacha ta’lim muassasasi darajasi shu ta’lim talablariga to‘la javob berishi kerak.
Bolalar - bizning kelajagimiz. Shuning uchun bolalarimizda ularning ilk yoshidanoq nogironlar haqida to‘g‘ri tasavvurning shakllanishiga, ular nogironlardan qo‘rqmasliklariga, nogironlarga achinib qaramasliklariga erishish g‘oyat muhim. Jamiyat nogironlarni bular shunchaki “bemorlar” degan notug‘ri munosabatdan qutqarishi va har bitta nogironni shaxs sifatida qabul qilishi kerak.
Alohida ehtiyojga ega bo‘lgan bolalar ham sog‘lom bolalar bilan birgalikda o‘zaro faoliyat ko‘rsatishlari mumkin. Inklyuziv ta’lim maqsadga muvofiq tarzda tashkil etilsa, maxsus ehtiyojli bolalar ijtimoiy tomondan himoyalanadilar, sog‘lom bolalar esa ijtimoiy adolat va tenglikning tan olinishi buyukligini nogiron bolalarga nisbatan yanada mehribon va e’tibor bilan munosabatda bo‘lishni his etadilar.
Har bir bola o‘z imkoniyat darajasida rivojlanadi, buni L.S.Vigotskiyning ilmiy qarashlariga ko‘ra “Har qanday ruhiy yoki jismoniy nuqsonda ham taraqqiyot davom etadi” fikri bilan ham tasdiqlash mumkin.
Albatta nogiron bolalar uchun qulayliklar meyorida rivojlanishdagi bolalar uchun hech bir muammo keltirib chiqarmaydi. Bog‘lanishlarni yaratish inklyuziv ta’limning asosiy muomalarlarni hal etishga xizmat qiladi.
Ammo inklyuziv ta’lim tizimini joriy qilish asosan shaharlar miqyosida bo‘lib, qishloqlardagi hududlarga hamon maxsus ehtiyojli bolalar ta’limdan chetda qolib ketmoqda yoki ota-onalar nogiron farzandini shahardagi maxsus muassasalarga qatnashishlarini ta’minlashda qiyinchiliklarga duch kelmoqdalar.
Bu masalani kengroq yoritish kerak chunki qishloq maktabgacha ta’lim muassasalarida ko‘p ota onalar bolalarini imkoniyati cheklanganlik tomoni kasalliklarini hammadan yashirib, umumiy maktabgacha ta’lim muassasasida o‘qitishga harakat qiladilar, tarbiyachilarni noqulay vaziyatga qo‘yib, mashg‘ulot jarayonini buzib, bolalar diqqatini mashg‘ulotga daxldor bo‘lmagan muammolar bilan band qilishadi va o‘zlashtirish darajasi pasayib ketishiga olib keladi.
Shuning uchun imkoniyatlari cheklangan bolalarni tarbiyalaydigan maxsus maktabgacha ta’lim muassasalari mavjud bo‘lishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki, bizga ma’lumki, imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internatlari Respublikamizning har bir viloyatida tashkil etilgan bo‘lib, bu maktab-internatlarda imkoniyatlari cheklangan bolalar tahsil olishlari va ma’lum kasb-hunarning egasi bo‘lib yetishishlari mumkin.
Maktab-internatlarda maktabgacha ta’lim muassasalari mavjud bo‘lib, ularda imkoniyatlari cheklangan bolalar tarbiyalanadi, ammo bu muassasalarda bola soni cheklangan bo‘ladi. Bu hol esa ancha noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun maxsus maktabgacha ta’lim muassasalarini sonini ko‘paytirish yoki amaldagi maktabgacha ta’lim muassasalarining o‘zida imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun maxsus guruhlar tashkil etish yuqoridagi muammoning yechim topishiga qaysidir ma’noda yordam bergan bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |