«Sosiologiya» fanidan o’quv-uslubiymajmua tuzuvchi: dos. Jo’rayev L. N. dos. Yusupov R. K. kat o’qit. Sherov M. B. Samarqand – 2015



Yüklə 0,65 Mb.
səhifə20/81
tarix10.02.2023
ölçüsü0,65 Mb.
#123249
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   81
«Sosiologiya» fanidan o’quv-uslubiymajmua tuzuvchi dos. Jo’raye

Alisher Navoiyning «Mahbub ul - qulub» asarida bevosita o’z davridagi deyarli barcha ijtimoiy guruh va tabaqalarga tavsif beriladi va ularning qaysi biri yaxshi yoki yomon, qaysi biri insoniylikka, xalqqa, mamlakatga foydali yoki zararli ekanligi bayon etiladi. Alisher Navoiy jamiyatning miqdor va sifat jihatidan ijtimoiy bo’linganligi umuman olganda ijobiy xodisa ekanligi, bu tasniflanish doirasining qanchalik kengligi mamlakat farovonlik darajasining ifodasi ekanligi xususida etiborga sazovor sosiologik qarashni asoslab beradi. Ulug’ mutafakkir jamiyatdagi yuzdan ortiqroq ijtimoiy tabaqa xususiyatlarini aniqlab, ularning mamlakat ijtimoiy tizimidagi o’rni va faoliyat imkoniyatlarini ravshan ifodalab beradi. Mazkur sosiologik tasniflashdan maqsad, ularni ijtimoiy foydalilik darajalarini oshirish ekanligi asarning mazmunini tashkil etadi. Zero, jamiyatdagi tasnifning qanday ekanligini bilish ularning mazmunini yaxshilashga yo’l ochadi. «Shu jihatdan, - deb yozadi Alisher Navoiy, - hamsuhbatlarni va do’st-yoronlarni bu hollardan ogoh va xabardor qilmoq vojib ko’rindiki, toki ularda har toifani xislati haqida bilimlar va har tabaqaning ahvoli haqida tushunchalari bo’lg’ay»2.
Qadim zamonlardan buyon jamiyatning mavjudligi va rivojlanishi to’g’risidagi bilimlar Sharq va G’arb mutafakkirlari umumfalsafiy g’oyalarining asosiy bo’limi sifatida qaralgan. Jamiyat rivoji, siyosat, ahloh, fan, din va sanat muammolari to’g’risidagi ilmiy qarashlar Qadimgi Xindiston, Xitoy, Yunon faylasuflari, o’rta Osiyo va Yevropa mutaffakirlari tomonidan aytib o’tilgan.
XVII–XVIII asrlarda Sosiologiya fanining shakllanishida hal qiluvchi rolni o’ynagan «jamiyat», «madaniyat», «sivilizasiya», «sinflar», «struktura», «funksiya» va boshqa atamalar ilk bor paydo bo’ladi.
«Sosiologiya» atamasi faqat XIX asr boshida – 1838 va 1840 yillar oralig’ida paydo bo’ldi. Uni fransuz olimi Ogyust Kont (1798–1857) yaratdi. Birinchidan, uni eng kuchli va samarali falsafiy yo’nalishlardan biri, yani pozitivizmning asoschisi sanashadi. Ikkinchidan, u qudratli empirik fan – Sosiologiyaning otasi hisoblanadi. O.Kont unga nom berdi, uning predmeti va metodlarini belgiladi. XIX asrda jamiyat to’g’risidagi tajribali, empirik fanning vujudga kelishi tasodif emas, balki muayyan gnoseologik va ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarga ega edi. O.Kont yangi fanni yaratar ekan, taxminan quyidagicha fikr yuritgan: «jamiyatni uning turli-tuman namoyon bo’lish jihatlarida anglash uchun falsafaning o’zi yetarli emas. Jamiyatni boshqa masalalar bilan bir qatorda emas, balki maxsus tarzda faqat unga etibor bergan holda o’rganadigan maxsus fan kerak. Jamiyat to’g’risidagi yangi fan mustaqil bilim sifatida shakllanishi uchun u bilishning falsafiy metodini rad etishi va o’zining metodini o’ylab topishi kerak. Ammo hozircha uning o’z metodlari yo’q ekan, Sosiologiya tabiatshunoslikdan kuzatish, eksperiment va solishtirma tahlil kabi usullarni o’zlashtirishi lozim». Fanga Sosiologiya nomini bergan O.Kont o’z ijodida taraqqiyot, siyosiy va iqtisodiy erkinlik ideallariga tayangan holda, u fan va marifat yordamida barcha ijtimoiy muammolarni hal etish mumkinligiga umid qiladi. Nosog’lom jamiyatni qanday davolash mumkin, degan savolga Kont shunday javob beradi: «tabiatshunoslik fani qanday bo’lsa, jamiyat haqida ham xuddi shunday aniq va obyektiv fanni yaratish kerak». Sosiologik g’oya jadal rivojlanayotgan Yevropa jamiyatidagi inqirozga javob bo’ldi. Yangi tafakkurning maqsadi jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni ochiq-oydin qilishi mumkin bo’lgan intellektual vositalarni rivojlantirishdan iborat edi.
O.Kontning vatandoshi emil Dyurkgeymni amaliy Sosiologiyaning kashfiyotchisi deyishadi. U hozirgacha qo’llanib kelinayotgan funksional tahlil metodologiyasini yaratgan, o’z joniga qasd qilish muammosini chuqur tahlil qilgan. Uning bu ishlari bugungi kunda ham sosiologik tadqiqot qanday bo’lishi kerakligiga mukammal misol bo’lib xizmat qilmoqda. e.Dyurkgeym ayni paytda ham o’zining dolzarblik qiymatini yo’qotmagan anomiya nazariyasi asosini yaratgan. Uning ijtimoiy mehnat taqsimoti, mexanik va organik hamjihatlik, ijtimoiy fakt mohiyati, kollektiv ong va qadriyatlar, din evolyusiyasi haqidagi talimoti jahon Sosiologiyasining oltin fondiga kirgan.
Nafaqat Fransiya, balki Germaniya ham jahonni buyuk sosiologlari – Maks Veber, Georg Zimmel, Ferdinand Tennis bilan lol qoldirgan. Masalan, bugungi kunda Veberning 30 dan ziyod jilddan iborat asarlar to’plami nashr etilgan. Karl Marks (1818–1881) ijtimoiy nizo nazariyasi, jamiyat tuzilmasi va rivoji haqidagi talimot, ijtimoiy sinflar konsepsiyasining asoschisi hisoblanadi. U umuman ijtimoiy faylasuflar orasidagi eng yirik shaxsdir. K.Marks bilan bir qatorda nemis mutafakkiri Maks Veberni (1864–1920) ham ko’rsatib o’tish zarur. Uni ikkilanmasdan Sosiologiyaning Leonardo da Vinchisi deyish mumkin. Uning asosiy nazariyalari bugun Sosiologiya fanining poydevorini tashkil etadi: ijtimoiy harakat va motivasiya, mehnatning ijtimoiy taqsimoti, begonalashuv, kasbga moyillik haqidagi nazariyalar. U din Sosiologiyasi, iqtisodiy Sosiologiya va mehnat Sosiologiyasi, shahar Sosiologiyasi asoslarini, byurokratiya nazariyasini, ijtimoiy stratifikasiya va statusli guruhlar konsepsiyasini, siyosatshunoslik va hokimiyat instituti asoslarini, jamiyatning ijtimoiy tarixi va rasionalizasiya haqidagi talimotni, kapitalizm evolyusiyasi va mulkchilik instituti to’g’risidagi talimotni ishlab chiqdi. M.Veberning yutuqlari shu qadar ulkanki, ularni sanab tugatib bo’lmaydi. Ideal tiplarning kiritilishi uning metodologiya sohasidagi eng asosiy yutuqlaridan biri hisoblanadi.
M.Veber hamda uning hamkasblari F.Tennis (1855–1936) va G.Zimmelning (1858–1918) sharofati bilan nemis Sosiologiya maktabi Birinchi jahon urushiga qadar jahon Sosiologiyasida ustunlik qildi. Angliyada jahon Sosiologiyasi faniga ijtimoiy evolyusiya haqidagi nazariyani yaratgan va kishilik jamiyatiga tirik organizm sifatida qaragan Gerbert Spenser (1820–1903) ulkan hissa qo’shgan. F.Tennis o’zining«Jamoa va jamiyat» (1887) deb nomlanuvchi bosh asarida keyinchalik klassik tipologiyaga aylangan ijtimoiylik tipologiyasini, yani bevosita shaxsiy va qarindoshchilik munosabatlari hukmron bo’lgan jamoa va formal institutlar ustuvor bo’lgan jamiyatni taklif qiladi.
Birinchi bosqichda (XIX asr oxiri – XX asr boshi) uchta mamlakat: Fransiya, Germaniya, Angliya jahon Sosiologiya fanining markazi hisoblangan. Albatta, boshqa mamlakatlarda ham milliy Sosiologiyaning rivoji uchun ko’p ish qilgan ajoyib mutafakkirlar bo’lgan. Rossiyada ular qatoriga N.Kareyev, N.Mixaylovskiy, M.Kovalevskiy, V.Xvostovlarni qo’shish mumkin. Biroq ular jahon Sosiologiyasi rivojiga sezilarli tasir ko’rsata olmadilar. Pitirim Sorokin (1889–1968) bundan mustasno. Uni sosiologik muammoni qamrashida universalligi, jahon Sosiologiyasiga qo’shgan nazariy va metodologik ahamiyati jihatidan M.Veber bilan tenglashtirish mumkin. Rossiyada tug’ilib, AQShda vafot etgan aynan shu mutafakkir Sosiologiyaning dong’ini yoydi.
XX asrning 20-yillaridan boshlanib, hozirgi kungacha davom etayotgan keyingi bosqichda jahon Sosiologiyasi markazi AQShga ko’chadi va bu yerda Sosiologiya faniga davlatdan ancha ko’mak va ko’pchilik universitetlarning tezda yordami tegadi. Doktorlik darajasini beruvchi dunyodagi birinchi Sosiologiya fakulteti 1892 yili Chikago universitetida paydo bo’ladi. 1910 yilga kelib, Amerika universitetlari va kollejlarining aksariyati talabgorlarga Sosiologiya kurslarini taklif qila boshlaydi.
Yemil Dyurkgeym (1858–1917) O.Kontning pozitivizm metodologiyasini chuqurlashtirdi, ko’p hollarda esa uni qayta yo’naltirdi. Dyurkgeym ijtimoiy faktlarga tayanishni va ularning statistik o’rganishni taklif qiladi: u bir ijtimoiy faktlarni (o’z joniga qasd qilish) boshqa ijtimoiy faktlar (integrasiya) yordamida tushuntiradi. Dyurkgeym zamonaviy Sosiologiyaning yangi metodologiyasini beradi. Uning metodologik pozisiyasiga ikkita xususiyat xos: naturalizm – jamiyat qonunlarini tabiat qonunlariga o’xshashligi asosida tushunish hamda sosiologizm – ijtimoiy voqyelikning o’ziga xosligi va avtonomligini, uning individlardan ustunligini tasdiqlash. Dyurkgeymning ilmiy ijodida, butun fransuz maktabidagidek singari, ijtimoiy hamjihatlik muammosi markaziy hisoblanadi. Unga ko’ra insonlar jamiyatining rivoji ikki fazadan o’tadi: mexanik hamjihatlik (sanoatlashishdan ilgarigi yoki ananaviy jamiyat) va organik hamjihatlik (sanoatlashishdan ilgarigi, so’ngra esa sanoatlashgan jamiyat).
Sosiologiya tabiatiga aynan yangicha nazari tufayli Amerika tez orada ilmiy Sosiologiyani yaratish borasida Yevropadan o’zib ketadi. Ammo sosiologlari ko’p bo’lishiga qaramasdan, Amerika dunyoga faqat bitta haqiqiy milliy oqimni – simvolik interaksionizm oqimini va faqat bitta buyuk sosiologni - Tolkott Parsonsni (1902–1979) bera oldi. Albert eynshteyn fizikada amalga oshirishga intilgan nazariyasini Parsons Sosiologiyada ham xuddi shunday amalga oshirishga, yani jamiyatning barcha darajalarini va ijtimoiy materiya harakatining barcha shakllarini tushuntirib bera oladigan keng qamrovli sosiologik nazariyani yaratishga urindi. U kishilik voqyeligining xilma-xil ko’rinishlarini qamrab oluvchi mavhum tushunchalarning ulkan deduktiv tizimini yaratishga muvaffaq bo’ldi. AQSh mana shu xususiy sosiologik nazariyalar borasida ancha muvaffaqiyat qozondi. Amerika dunyoga buyuk olimlarning eng ko’p sonli guruhini taqdim etdi: e.Shilz, P.Lazarsfeld, R.Merton, P.Blau, Ch.Kuli, J.Mid, R.Park, I.Gofman, J.Aleksander, D.Bell, T.Veblen, A.Gouldner, R.Mills, D.Rismen, U.Samner, A.Smoll, A.Toffler, J.Xomans. Ular zamonaviy Sosiologiyaning ilmiy mazmunini belgilab berishdi.
Agar Yevropada sosiologik g’oya falsafa bilan chambarchas bog’liq holda rivojlangan bo’lsa, Amerika sosiologlari orasida Sosial psixologiya keng tarqaldi. Ikkala madaniyat vakillari ham jamiyat evolyusiyasi va faoliyatini tushuntirishga harakat qilishdi va buni turlicha usulda bajarishdi: yevropaliklar ko’proq global tarixiy sxemalarga suyanishsa, amerikaliklar konkret modellar va amaliy ishlanmalarga tayanishdi.
Amerikaliklar falsafiy substansiya o’rniga xulq-atvor va harakatga urg’u berishdi. Ularni idrok ichida yashiringan va aniq o’lchab bo’lmaydigan narsa qiziqtirmasdi, aksincha sirtda, yani ochiq xulq-atvorda namoyon bo’ladigan narsa o’ziga tortardi. Shu tarzda XX asrning birinchi yarmida barcha ijtimoiy fanlarni (iqtisodiyot, ruhshunoslik, Sosiologiya, siyosatshunoslik) o’ziga bo’ysundirgan bixeviorizm (ingliz tilidan behavior – xulq-atvor) vujudga keladi. endi ularga xulq-atvorga asoslangan, yoki bixevioral fanlar yorlig’i biriktiriladi. Shu nom bilan, to’g’rirog’i xulq-atvorga asoslangan (XX asr boshida Yevropada bo’lganidek falsafaga asoslanmagan) Sosiologiya hozirgi kunlargacha yetib keldi.

Yüklə 0,65 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   81




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin