TASVIRIY FAOLIYAT MASHG\'ULOTLARINI LOYIHALASHTIRISH
Qurish-yasash. Bolani inshootning har bir qismini tahlil qilishga; vazifasini belgilashga; ishlarni mustaqil rejalashtirishga o‘rgatish kerak. Qurilma-konstruksiyalar haqida ma’lumot berish va ulardan amaliy jihatdan foydalanish; qurilmalarni yasash yo‘llarini tushuntirib boorish kerak.
Bolani chizma, rasm, surat bo‘yicha inshoot qurishga; zaruriy qurilish materiallarini mustaqil tanlashga; maqsad bo‘yicha jamoaviy binolarni jihozlashga, do‘stona, inoq ishlashga undash lozim.
Bolaga tayyor shakllardan (turli qutilardan v.b.) konstruksiyalar: mebel, transport vositalari yasashni; detallarni mahkam elimlashni o‘rgatishda davom etish kerak.
Bolani yangi detallar: turli shakl va hajmdagi yog‘och (uzun-qisqa, to ‘rtburchak, doira, uchburchak), silindrlar va ularning xususiyatlari bilan tanishtirib borish lozim.
Pazl, mozaika va lego kabi o‘yinchoqlar yordamida kamida 16 ta bo‘lakdan iborat shakl yig‘ishga o‘rgatish kerak.
Bolaning yog‘och konstruktorning har xil bo‘laklaridan foydalanishi va nomlashini; qurilish jarayonida inshootning ba’zi detallarini o‘zgartirib, asosiy qismini ajrata olishini; qurish-yasashda o‘yin faoliyatini maqsad, sharoit, loyiha bo‘yicha olib borishini rag‘batlantirish lozim.
Qurish-yasashni, rang, shakl va kattalik bo‘yicha mutanosiblikni idrok etish layoqatini takomillashtirib borish lozim.
Qo‘l mehnati. Bolada qog‘ozdan, qo‘shimcha materiallardan konstruksiya ishlarini bajarishga qiziqish uyg‘otish. O‘z qo‘llari bilan turli o‘yinchoqlar, bezaklar tayyorlash, o‘yinchoqlarni tuzatish, kitoblarni elimlash, o‘zidan kichiklar uchun o‘yinchoqlar, xatcho‘p, sanoq materiallari va mavzuga mos qo‘l ishlari yasash istagini shakllantirish kerak.
Mashg‘ulotlar va syujetli-rolli o‘yinlar uchun yasama o‘yinchoqlar (bayroqcha, sumkacha, kitob); ota-onalar, kattalar va kichkintoylar uchun sovg‘alar tayyorlash, qog‘ozdan turli oddiy konstruksiyalar (origami) yasashga o‘rgatish lozim.
Bolani materiallarni ehtiyotkorlik bilan maqsadga muvofiq, tejab, oqilona sarflashga, o‘z mehnati mahsulini ehtiyot qilishga odatlantirish kerak.
Bolada ijodiy qobiliyatni, tasavvurni rivojlantirish, badiiy didni o‘stirish, saranjom-sarishtalikni tarbiyalash; yasagan buyumlarini estetik jihatdan his etish va baholash ko‘nikmalarini shakllantirish joiz.
Rasmda buyumlarni, o‘simliklar, sabzavot va mevalarni bir-biri bilan o‘zaro qiyoslash, masalan, shakli va rangi bilan farqlanuvchi bir xil (katta-kichik, qizil- yashil) yoki shakli bir xil, ranglari har xil (lavlagi bilan turp); har xil daraxtlar (olma va yong‘oq daraxti, terak va tol); turli xil transport vositalari (yuk mashinasi va engil mashina, samolyot va raketa) solishtirish orqali o‘xshash va farqli tomonlarini topish va tasvirlashga o‘rgatish kerak.
Tabiatda yil fasllari, ob-havoning o‘zgarishi bilan bog‘liq ravishda ranglarning o‘zgarishini (quyoshli kunda osmon zangori rangda, bulutli kunda kul rang; bahorda barglar - yashil, kuzda - sariq, qizil v.b.) payqashga, tabiat manzarasi tasvirida zarur ranglarni tanlay olish, ranglarning qarama-qarshi va tekis tovlanishini tasvirda etkazib berishga erishish shart.
Bolaga shaklni, chiziq va mayda dog‘lar joylashuv tartibini jozibali tarzda etkazib berishda, tasvir go‘zalligini xayolan gavdalantirish malakasini shakllantirish.
Noan’anaviy usullarda (iplar, sham, sovun, barmoqlar, dog‘lar yordamida) rasm solishga o‘rgatish lozim.
Tasviriy san’at asarlari - peyzaj va natyurmortlarni mustaqil kuzatish, ularga hissiy-estetik jihatdan baho berishga o‘rgatish zarur.
Bolaning bezakli rasmlarni solish bo‘yicha ijodkorligini rivojlantirish, o‘zbek xalq hunarmandchiligi yo‘nalishida naqshlar chizishga o‘rgatish kerak.
Qadimiy va keng tarqalgan milliy bosh kiyimlardan - o‘zbek do‘ppilari bilan tanishtirishda davom etish. Bolaga do‘ppilarga kashtado‘zlik usullarida naqsh elementlari chizishni va o‘ziga xos tartibda joylashtirishni o‘rgatish. Bola diqqatini milliy anjomlarga (gilamcha, so‘zana v.b.) tikilgan nafis naqsh elementlariga, ranglar uyg‘unligiga qaratish. Atlas va adrasdagi naqsh elementlarini chizishga qiziqtirishni davom ettirish lozim.
Rangli, qora va oq fonda naqshlarni kompozitsiyalash ustida mustaqil ishlashga o‘rgatish. Turli hajmdagi siluet qog‘ozlarga, jumladan, milliy buyumlar (choynak-piyola, kosa, lagan) siluetiga naqshlar (ilmoq, gajak, chiziqchalar, tayoqchalar) chizish; liboslarni ifodalovchi siluetlarga mayda va yirik elementlardan foydalanib naqsh chizish. O‘zbek va boshqa xalqlar amaliy san’ati an’analari asosida, turli fonda va har xil hajmda bezakli naqshlar chizish. Bezakli rasm elementlari nomlarini bilish - gajak, bodom, zigzak, yarimoy shakllari.
Engil harakatlar bilan rasmlarni bo‘yashga o‘rgatish, tasvir shaklidan kelib chiqqan holda bo‘yashni to‘g‘ri rejalashtirish. Fikran milliy naqsh elementlaridan foydalanib, bezakli kompozitsiyalar tuzish, turli naqshlar ishlash, jamoa mehnatida ishtirok etish. Kompozitsiyalarni yakka o‘zi shuningdek, 3-4 kishilik kichik jamoa bilan birgalikda ishlash yaxshi natija beradi.
Ota-onalar bilan birgalikda ko‘rgazmalar, muzeylarga borishni tashkillashtirish lozim.
Bolani o‘z ishidagi kamchiliklarni sezishga va ularni tuzatishga undash. O‘zining va tengdoshlarining ishini tahlil qilish, erkin fikr bildirish malakasini takomillashtirish, chizgan rasmlaridan zavqlanish, erishgan natijalaridan quvonish kabi his-tuyg‘ularni shakllantirishni davom ettirish shart.
O‘z ish joyini tayyorlash, saranjom-sarishta, tartib bilan ishlash, toza tutish, yig‘ishtirishga, ishdan so‘ng qo‘llarini sovun bilan tozalab yuvishga odatlantirish kerak.
Loy, plastilin (tuzli hamir, rangli sham)lar bilan ishlash.
YAsashning turli usullaridan erkin foydalanishga o‘rgatish; asosiy qism va boshqa qismlar shaklini, ularning bo‘laklari, tasvirlangan buyumlarning o‘ziga xos xususiyatlarini etkazib berishga; barmoq va yog‘och qalam bilan shakllar yuzasiga ishlov berishga o‘rgatishni davom ettirish lozim.
Sodda shaklli narsalar (meva va sabzavotlar) va xalq ustalari an’analariga asoslanib, murakkabroq sopol o‘yinchoqlar (uloqcha, toychoq) yasashga o‘rgatish.
Bola hajmli shakllar: shar, silindr, konus haqidagi bilimlariga tayanib, dastlab narsa shaklini o‘rganishi, so‘ngra uning alohida qismlarini ajrata olishi, nomini aytishi va yasashni boshlashi lozim.
Plastik materiallardan narsa yasash jarayonida, bolaning kompozitsiyani his etish tuyg‘usini rivojlantirib borish; 2-3 shakldan iborat murakkab bo‘lmagan haykaltaroshlik buyumini hosil qilish va figuralarni umumiy asosga birlashtirish. Turli idish-tovoqlar (piyola, kosa, choynak) yasash, ularning sirtqi qismini barmoq uchlari va yog‘och qalam bilan silliqlash. Bola barcha bosqichlarni mustaqil bajarishi lozim: plastina (yassi, qattiq jism) yasash, jism relefini stek (haykaltaroshlar ishlatadigan qalam)da chizish. YAsalgan narsani guash yoki tempera (tuxum sarig‘idan tayyorlangan) bo‘yoqlari bilan bo‘yash. Xalq o‘yinchoqlariga o‘xshatib bezakli shakllar yasash va bo‘yash. Sopolga milliy naqsh ishlash va bo‘yash. Xalq ijodkorligi yo‘nalishida o‘yinchoqlar, tekis yuzaga ishlangan bo‘rtma naqshlar yasash (suvenirlar, dekorativ tarzda loyni, tuzli hamirni, rangli shamlarni har tomonini naqshlar bilan bezatish).
Applikatsiya. Bolani simmetrik shakldagi narsalarning (ko‘za, gullar, barglar) siluetini kesishga o‘rgatishda davom etish lozim.
Ikkita bir xil narsa (kosa, piyola) hosil qilish uchun to‘g‘ri to‘rtburchakni teng ikkiga buklab, rasmni to‘liq chizish va kontur bo‘ylab qirqishga o‘rgatishni davom ettirish. Bir necha marta buklangan qog‘ozni diagonal bo‘yicha qirqib shakl hosil qilish (qorparcha, yulduzchalar), qog‘ozdan yangi yil o‘yinchoqlari, bezaklari, turli ramzlarni qirqish texnikasini o‘rgatish zarur.
Buyumlarning asliga qarab va tasavvurga ko‘ra muayyan mazmunga ega bo‘lgan voqeaband (sabzavot, o‘yinchoq, gullar) tasvirini yasash va bezashga o‘rgatish shart.
Qog‘ozda geometrik shakl va o‘simliklarga xos belgilardan foydalanib, shakllarning bezakli kompozitsiyasini tuzish. Bola obrazli shakllar ustida ishlayotganida qog‘ozlarni yirtish va tasvirlarni elimlashning turli usullaridan foydalanishini rag‘batlantirish; rasmlarning dastlabki engil silueti bilan birga tasvirning mozaika, kvilling, bo‘rttirib ishlash usulini ham o‘rgatish. Rang va uyg‘unlikni his qilish tuyg‘usini rivojlantirish lozim.
O‘zbek milliy naqshlari bo‘yicha, jumladan, har bir viloyatning o‘ziga xos naqsh elementlari va ranglar mutanosibligi borligi haqida tushuncha berish. Bola o‘z ishlarida kashtachilik hamda yo‘rmado‘zlik elementlaridan foydalanib, bir- biriga mos yangi naqshlar hosil qilishini rag‘batlantirish shart.
Turli sifatdagi matolardan (silliq, yaltiroq, tukli) applikatsiya qilishga o‘rgatish (gullar, tasmalardan savatlar, kapalak uchun shoyi, bo‘r yordamida kontur yuritish va syujetga muvofiq qirqish).
Bolada ranglar mutanosibligini his etish layoqatini rivojlantirish. Murakkab bo‘lmagan kompozitsiyalar tuzishda guruh tarkibida ijodiy ishlashni davom ettirish. Navro‘z va boshqa bayramlarni o‘tkazish uchun bino va hovlini bezatishda ishtirok etishni ta'minlash zarur.
Qurish-yasash. Bolaning qurilish materiallaridan bir-biriga mos keladigan, erkin konstruksiyalarni osonlik bilan qura olishini, bunda “ko‘z nazorati” yordamida kerakli materiallarni tez va to‘g‘ri tanlashini, maqsad va tasavvuri bo‘yicha bemalol qurilish ishlarini bajara olishini rag‘batlantirish lozim.
Bolaning narsa qismlarini to‘g‘ri idrok etish; murakkab shakl xususiyatlarini ilg‘ash; yaxlit badiiy kompozitsiyaning rang-tus va makoniy uyg‘unligini anglab; qurayotgan inshooti bitganda qanday ko‘rinishga ega bo‘lishini tasavvur etish layoqatini shakllantirish zarur.
Turli xildagi binolar (turar - joylar, teatr, minora v.b.)ning konstruksiyalarini kuzatishga o‘rgatishni davom ettirish zarur.
Binolar konstruksiyasini tahlil qilish, uning vazifasini belgilab, shakliga muvofiqligini, foydalaniladigan sharoitga mosligini aniqlash. Bolaga detallarni o‘zaro mustahkamlashning turli usullaridan foydalanishni, lego va transformer bilan turli narsalarni mustaqil yasashni o‘rgatish shart.
Bitta ob’ektdan turli shart-sharoitlarda foydalanishni nazarda tutib loyihalash (piyodalar va transport harakati uchun ko‘prik); qurilish uchun qaysi detal ko‘proq mos kelishini aniqlash; ularni qaysi tartibda konstruksiyalash maqsadga muvofiq ekanligini belgilash; istiqboldagi qurilishni rejalashtirish ko‘nikmalarini rivojlantirish. Qurish-yasash loyihalarini va inshootlarini tahlil etish, uning asosiy vazifasini belgilash, shunga muvofiq ravishda uning shakli va hajmini aniqlash;
qismlarni bir-biriga mahkamlash usullarini qo‘llab inshootning konstruktiv echimini izlab topishga yo‘naltirish lozim.
YAgona mazmunga birlashgan katta qurilishni (ko‘cha, bino) yasashni o‘rgatishni davom ettirish. Turli plastmassa konstruksiyalari haqidagi tushunchalarini kengaytirish. Rasm, shaxsiy tasavvuri yoki tarbiyachining ko‘rsatmasi asosida turli modellar (bino, poezd, samolyot v.b.) yasashga o‘rgatish.
Bolaning mustaqil holda pazl, mozaikalarni yig‘ishi va legolardan turli narsalar yasashini rag‘batlantirish shart.
Me’morchilik san’ati bilan tanishtirish, har bir binoning o‘ziga xos vazifasi (turar - joylar, kinoteatrlar, do‘konlar, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar) borligi haqida tushunchalarini kengaytirish lozim.