Uz Sugurta Umid doc



Yüklə 2 Mb.
səhifə1/115
tarix26.11.2023
ölçüsü2 Mb.
#135168
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   115
Ozbekiston sugurta bozori Shennayev X 038ed


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
TOSHKENT MOLIYA INSTITUTI

X. Shennayev


O‘ZBEKISTON SUG‘URTA BOZORI
Oliy o‘quv yurtlarining «Sug‘urta ishi» mutaxassisligi bo‘yicha magistratura talabalari uchun o‘quv qo‘llanma
Toshkent «Iqtisod-Moliya» 2013

UO‘K: 339.13.012(575.1) KBK: 65.27(5O‘) Sh53


Taqrizchilar: N. Xaydarovi.f.d., prof.; S. Shirinovi.f.n., dots.
Shennayev X.
O‘zbekiston sug‘urta bozori. Oliy o‘quv yurtlarining «Sug‘urta ishi» mutaxassisligi bo‘yicha magistratura talabalari uchun o‘quv qo‘llanma / O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi. Toshkent Moliya instituti. –T.: «Iqtisod-Moliya», 2013. 264 bet.
Mazkur o‘quv qo‘llanma oliy o‘quv yurtlarining «Sug‘urta ishi» mutaxassisligi bo‘yicha magistratura talabalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda mustaqillik yillarida O‘zbekiston sug‘urta bozorida ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlar, sug‘urta sohasida amalga oshirilgan tizimli islohotlar natijalari o‘z aksini topgan.
O‘quv qo‘llanmada sug‘urta bozorining mohiyati, tarkibi, O‘zbekiston sug‘urta bozorining shakllanishi va rivojlanishi, sug‘urta bozorining huquqiy asoslari, sug‘urta bozorida talab va taklif hamda narxning shakllanishi, O‘zbekiston sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari va shu kabi mavzular bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirib o‘tilgan.
Shuningdek, o‘quv qo‘llanmadan sug‘urta amaliyotida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar, shu sohaga qiziquvchi barcha kitobxonlar foydalanishlari mumkin.
O‘quv qo‘llanmada qonunchilik hujjatlari va statistik ma’lumotlar 2013-yilning 1-yanvar holatiga keltirilgan.
UO‘K: 339.13.012(575.1)
KBK: 65.27(5O‘)
ISBN 978-9943-13-406-5 © «Iqtisod-Moliya», 2013
© Shennayev X., 2013

Kirish


So‘ngi yillarda respublikamizda sug‘urta xizmatlari bozorini taraqqiy ettirish, tarmoqda bozor mexanizmlarini keng ko‘lamda joriy etish yuzasidan e’tirof etishga arzigulik ishlar amalga oshirildi. Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-maydagi «Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qarori sug‘urta kompaniyalarining kapitallashuv darajasini oshirish, ularning respublika hududlarida agentlik shaxobchalarini kengaytirish va investitsion jarayonlardagi ishtirokini kengaytirishda katta ahamiyat kasb etdi.
2008-yil 21-aprelda O‘zbekiston Respublikasining «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida», 2009-yil 17-martda «Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi qonunlarning qabul qilinishi va amaliyotga joriy etilishi tufayli jamiyatda sug‘urtaning nufuzi oshdi. Eng muhimi, aholining sug‘urta tizimiga bo‘lgan ishonchi yanada ortdi. 2010-yil 26-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2011– 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida» 2010-yil 26-noyabrdagi PQ-1438-sonli qarori sug‘urta sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur qarorga asosan, 2011–2015yillarda sug‘urta sohasini rivojlantirish bo‘yicha rejalar belgilab olindi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ulardan eng asosiylari quyidagilardan iborat.

  • Zamonaviy talablarni hisobga olgan holda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya institutida o‘quv-metodik ishlar va ilmiy-tadqiqot faoliyati sifatini oshirish maqsadida o‘quv va metodik ishlarni tashkil etish, o‘quv reja va dasturlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish.

  • «Tashuvchining javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish.

  • Jahon tajribasi asosida sug‘urta bozori professional ishtirokchilarining faoliyatini amalga oshirish va nazorat qilish tizimini yanada takomillashtirishni nazarda tutgan holda O‘zbekiston Respublikasining «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish.

  • 2015-yilga qadar sug‘urtalovchilar ustav kapitalining eng kam miqdoriga o‘rnatilgan talablarni bosqichma-bosqich oshirish va boshqalar.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, yuqorida qayd etilgan vazifalarning istiqbolda bajarilishi milliy sug‘urta bozorimizni yanada modernizatsiya qilishda katta ahamiyat kasb etadi. Bu vazifalar ijrosini sifatli va o‘z vaqtida ta’minlash jarayonida sug‘urta olamining yetuk amaliyotchi mutaxassislari bilan bir qatorda oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlarida soha bilan bevosita yaqindan tanish bo‘lgan olimlarning ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega. Zero, Prezident Islom Karimov 2012-yil 16-17-fevral kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Bilimli va aqlzakovatli yetuk avlodni tayyorlash – mamlakatni barqaror rivojlantirish va modernizatsiyalashning muhim sharti» mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyadagi nutqlarida ta’lim, shu jumladan, oliy ta’lim muassasalarining iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi rolini alohida e’tirof etdilar.
O‘zbekistonda sug‘urta bozorini rivojlantirishning yo‘nalishlaridan biri sug‘urta tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlarining ko‘lami va sifatini oshirish masalasidir. To‘g‘ri, so‘ngi yillarda sug‘urtalovchilar yuridik va jismoniy shaxslarga sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish saviyasini oshirish borasida bir muncha chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Ammo tadqiqotlarning ko‘rsatishicha va bozor ekspertlarining fikricha, respublikamiz sug‘urta bozorida chakana sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish talab darajasida emas. Bunga jiddiy e’tibor qaratishning asosiy sababi shundaki, chakana xizmatlar orqali aholining keng qatlamini sug‘urta himoyasiga olish imkoniyati tug‘iladi.
Mamlakat sug‘urta bozorini isloh qilish va rivojlantirishning yana bir yo‘nalishi, fikrimizcha, mijozlarning sug‘urtaga bo‘lgan qiziqishlarini umumlashtirish va amaliy choralar ishlab chiqish maqsadida sohada sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish ishlarini faollashtirish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bu jarayonda marketing tadqiqotlarini amalga oshirishga ixtisoslashgan konsalting kompaniyalari va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega. Bu pirovardida, nafaqat sug‘urta xizmatlari ko‘rsatishning miqdor ko‘rsatkichlariga, balki sifat ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.
Ta’kidlash lozimki, sug‘urta bozorini yanada modernizatsiya va isloh qilish kompleks xarakterga ega tizim bo‘lib, uni amalga oshirish sug‘urta bozori professional ishtirokchilari, sohaga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari va konsalting kompaniyalarining samarali faoliyat yuritishlariga bog‘liq.


Yüklə 2 Mb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   115




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin