6-bob. LAOG tashkil qilish, LAOG huquqlari va majburiyatlari 41. Loyihani o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishni ta’minlash maqsadida loyiha tashabbuskori hukumat qaroriga asosan LAOG tuzishi mumkin.
Retroaktiv asosda XMI/XHMT mablag‘lari hamda moliyaviy bitimni imzolash oldidan XMI/XHMT qoidalari va tartib-taomillariga muvofiq, avans qarz mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilayotgan loyiha tadbirlarini boshlashga yo‘l quyiladi (shu jumladan LAOG tashkil qilish hamda faoliyati bilan bog‘liq xarajatlarni tegishli to‘lovi bilan).
42. Bir xil tipdagi (maqsadi, vazifalari, subyektlar tarkibi, moliyalashtirish manbalari bir biriga o‘xshash) loyihalarni amalga oshirishda birlashtirilgan LAOG tuzilishi mumkin yoki loyihani amalga oshirishni muvofiqlashtirish funksiyalari faoliyat ko‘rsatayotgan LAOG zimmasiga yuklatilishi mumkin.
Birlashtirilgan LAOG alohida loyiha uchun tashkil etilgan LAOG bilan teng huquqlarga va xuddi shunday majburiyatlarga ega hisoblanadi.
Alohida loyihalar doirasida kreditlardan maqsadli foydalanish ustidan samarali monitoring olib borilishini ta’minlash uchun LAOGga har bir loyiha uchun alohida bank hisob raqamini ochish va ular orqali ish haqini to‘lash huquqi beriladi.
Loyihalarni moliyalashtirish uchun ochilgan hisob raqamlaridan LAOGning boshqa loyihalari bo‘yicha majburiyatlarni so‘ndirish uchun mablag‘larni hisobdan chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
43. LAOG faoliyati O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
44. LAOG asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
loyiha tashabbuskori bilan birga vakolatli organlarda loyiha oldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazishni tashkil qilish, shuningdek, loyihaning xarid hujjatlarini rasmiylashtirish;
loyihani amalga oshirish, shuningdek, loyihani amalga oshirishning barcha bosqichlarida qarorlar o‘z vaqtida qabul qilinishini ta’minlash;
loyihani amalga oshirish, imzolangan kontraktlarni bajarish, moliyaviy va boshqa resurslardan maqsadli va samarali foydalanishni monitoring va nazorat qilishni ta’minlash;
o‘zining vakolati doirasida XMI/XHMT ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha XMI/XHMT bilan hamkorlik qilish;
xarid tartib-taomillarini amalga oshirishda xarid komissiyasining ishchi organi sifatida ishtirok etish.
45. Yuklatilgan asosiy vazifalarga muvofiq LAOG quyidagi huquqlarga ega:
konsultantlar sifatida yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish;
loyihani amalga oshirish masalalari bo‘yicha belgilangan tartibda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlardan ma’lumot olish;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning vakillari bilan uchrashuvlar tashkil qilish va o‘tkazish, XMI/XHMT va boshqa LAOG vakillari bilan loyihalarni amalga oshirishda muammoli masalalarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish.
LAOG qonunchilikda, shu jumladan XMI/XHMT qoidalari va tartib-taomillarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
46. LAOG majburiyatlari:
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, moliyaviy bitimlar talablari hamda XMI/XHMT qoidalari va tartib-taomillariga amal qilish;
loyiha tashabbuskori va loyiha ofisining farmoyishlari, buyruqlari, qarorlari va topshiriqlarini bajarish;
loyiha tashabbuskori bilan loyihaning tasdiqlangan parametrlari doirasida va belgilangan muddatlarda loyihani amalga oshirish va yakunlash;
jalb etilgan konsultantlar va yuqori malakali mutaxassislarga ko‘maklashish va ishini muvofiqlashtirish;
loyihani amalga oshirishga taalluqli axborotlarning maxfiyligiga amal qilish;
ish yuritishni belgilangan tartibda olib borish, loyihani amalga oshirish va yakunlash bo‘yicha hujjatlarni saqlash, loyiha yakunlangandan keyin esa ― loyiha tashabbuskoriga hujjatlarni saqlash uchun belgilangan tartibda topshirish.
LAOG qonunchilikda hamda XMI/XHMT qoidalari va tartib-taomillarida belgilangan boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
47. LAOG quyidagilar uchun javobgar hisoblanadi:
zimmasiga yuklangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish;
loyihani amalga oshirish masalalariga taalluqli o‘zi tayyorlagan hujjatlar va boshqa ma’lumotlarning ishonchliligi va sifati uchun.
Oldingitahrirga qarang. 48. LAOGni loyiha rahbari boshqaradi, loyiha rahbari loyiha tashabbuskori tomonidan Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, zarurat bo‘lganda, XMI/XHMT bilan kelishib lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.
Shu bilan birga, LAOGning xarid qilish, monitoring olib borish va moliya masalalari bo‘yicha mutaxassislari loyiha tashabbuskori tomonidan Agentlik, zarurat bo‘lganda, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi hamda XMI/XHMT bilan kelishib lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.
Agentlik Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda LAOG ish samaradorligini loyihaning tasdiqlangan texnik-iqtisodiy parametrlari bajarilishi va kredit mablag‘lari maqsadli ishlatishi yuzasidan yil yakunlariga ko‘ra baholaydi va uning natijalari asosida mas’ul xodimlarni rag‘batlantirish, intizomiy javobgarlikka tortish yoki egallab turgan lavozimdan ozod etish bo‘yicha loyiha tashabbuskoriga xulosa kiritadi.
(48-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi PF-36-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.12.2021-y., 06/21/36/1175-son) 49. LAOG rahbari loyihani amalga oshirish, taqdim etilgan hujjatlar va loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlarning ishonchliligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
50. LAOG xodimlari o‘zining vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar va ish faoliyati natijalari uchun, ichki tartib qoidalari va mehnat intizomiga rioya qilish, shuningdek, LAOG tasarrufida bo‘lgan mulkka ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish yuzasidan javobgar bo‘ladi.
51. LAOG, agar boshqa davriylik belgilanmagan bo‘lsa, har oyda loyiha tashabbuskori va loyiha ofisiga XMI/XHMTga ma’qul bo‘lgan shaklda hisobot va boshqa zarur ma’lumotlarni hamda loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq, shu jumladan olib borilayotgan ishlarning batafsil ahvoli va loyihani amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muammoli masalalar to‘g‘risida axborot va ularni hal etish bo‘yicha takliflar beradi.
52. Loyiha ofisi loyihani ishlab chiqishda loyiha tashabbuskori va ijro agentligi bilan hamkorlik qiladi.
53. Loyiha tashabbuskori loyiha nizomini ishlab chiqish, loyihani tayyorlash, loyihani o‘z vaqtida va sifatli bajarish, shuningdek, LAOGning samarali ish faoliyatini ta’minlash yuzasidan javobgar hisoblanadi.