Xotin-qizlarning mehnat bozoridagi ahvolini moddiy haq evaziga ijtimoiy mehnatda qatnashishni onalik va oiladagi vazifalarni bajarish bilan bog’lash zarurligini belgilaydi. Bu majburiyatlar xotin-qizlarning uzluksiz ta’lim olish, professional tayyorgarlikdan o’tish, olgan ta’limiga muvofiq ishlash, karyera qilish imkoniyatlarini chegaralaydi. Aynan mana shu holatlar korxonalardan (muassasalardan) birinchi navbatda xotin-qizlar bo’shatilishiga olib keladi. Xotin-qizlar orasida ishsizlik darajasi erkaklar orasidagi ishsizlikdan ancha yuqoridir, ish qidirish esa cho’zilib ketadi. Xotin-qizlarning ish haqi, demak pensiyasi ham, qoida tariqasida, bir xil ish joylarida ishlaydigan erkaklarnikidan kam bo’ladi. Ular ishga qabul qilish chog’ida erkaklar bilan teng imkoniyatga ega emas.
Xotin-qizlarning ishchi kuchi borasidagi bunday ahvol beistisno hamma mamlakatlar uchun mushtarakdir. Shu sababli, O’zbekistonda ham ishlaydigan xotin-qizlarning ish bilan bandlik va mehnat sharoitlari xalqaro darajada me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solingan.
Chunonchi, XMT mehnat qiluvchi xotin-qizlarni himoyalash yuzasidan bir qator konvensiyalar ishlab chiqdi va qabul qildi: 1951 yilda «Qiymati bir xil o’lgan ish uchun erkak bilan ayolga teng haq to’lash to’g’risida» 100-konvensiya va shunga muvofiq 90-tavsiya qabul qilindi, 1958 yilda «Mehnat va mashg’ulotlar sohasidagi kamsitishlar to’g’risida»111-konvensiya va 111-tavsiyanoma, 1981 yilda «Mehnat qiluvchi erkaklar va ayollar: oilaviy majburiyatlarga ega bo’lgan mehnat qiluvchilar uchun teng muomala va teng imkoniyatlar to’g’risida» 156-konvensiya, 165-tavsiya qabul qilindi. Mehnat qiluvchi ayollar xususidagi himoya normalari ko’pchilik mamlakatlarning milliy qonunlarida ham mavjud.
Keksa yoshdagi kishilarningish bilan bandligi muammosi bozor iqtisodiyoti sharoitida yashayotgan hamma mamlakatlarda kuzatiladi. XMTning dunyo bo’yicha ish bilan bandlikning ahvoli to’g’risidagi 162-tavsiyasida (1980 yil) bunday deyiladi: «Keksa yoshli xodimlar mehnat bozorida duch kelayotgan ko’pgina qiyinchiliklarga yosh belgisi bo’yicha kamsitish asos bo’lmoqda. Ish beruvchilar keksa xodimlar ishda yangi ko’nikmalarni egallab ololmaydilar, ishlab chiqarishdagi innovasiyalarga moslashmaydi, yangi axborot va kommunikasiya texnologiyalarini to’la-to’kis egallamaganlar, mehnatni tashkil etishning yangi shakllari ilgari surayotgan talablarga javob bermaydilar, deb hisoblaydilar. Pensiya yoshiga yetgan bu mehnatchilar ish joyida qisqa vaqt bo’lishlari mumkinligi sababli ish beruvchilar keksa ishlovchilarga professional o’qish uchun imkon berishni maqsadga muvofiq deb hisoblamaydilar».
Keksa yoshli xodimlarning ish bilan bandligiga yordam berish — muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifadir. Bu vazifani hal qilish chog’ida fuqarolarning ushbu toifasi ko’pincha yuqori malakali bo’lishini, katta ish tajribasiga egaligini, mehnat ko’rsatkichlarining barqarorligi, noqulay ish sharoitlariga sabr-toqat bilan munosabatda bo’lishi, yuqori malaka talab qilmaydigan va faqat ma’lum darajada moddiy ta’minot beradigan ishlarda ishlashga roziligi bilan ajralib turishini hisobga olish zarur.