I.3. XXI asr boshlarida xalqaro siyosatning o’ziga xos xususiyatlari. Hozirgi kunda barcha xalqlar va davlatlar yer yuzida bo’layotgan voqealar, taraqqiyot jarayonlari bilan uzviy bog’langan sharoitda yashamoqdalar. Chunki dunyoning u yoki bu mintaqalarga ham o’z ta’sirini ko’rsatish tabiiy. Bu to’g’rida mamlakatimiz Prezidenti I.A.Karimovning 2000 – yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasida so’zlagan nutqini eslash joiz: “Kimki qandaydir tor xavfsizlik qobig’iga o’ralib, bu Yevropa, Amerika yoki boshqa biror mintaqaga taalluqli deya “o’zga” davlatlar muammolaridan go’yo chetda turishga intilayotgan bo’lsa, mavjud voqelikdan tamomila yiroqdir, bugun dunyo mamlakatlari bir – biri bilan uzviy bog’liq va ajralmasdir ”1. shu sababdan sodir bo’lgan bunday o’zgarishlarni chuqurroq o’rganib, ularga o’z munosabatimizni bildirishimiz muhim.
Prezidenti I. Karimov o’zining “O’zbekiston siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy istiqbolining asosiy tamoyillari” degan ma‘ruzasida “Davlatlararo munosabatlar sohasida yagona g’oyaga amal qilish lozim. Bu g’oyaning ma‘nosi shuki, birgalikda tinch hayot kechirish, hamkorlikka intilish, suveren davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, turli nuqtai nazar va fikrlarga bardoshli bo’lish tamoyillarini o’zida aks ettirgan qonunlar ustuvorlik kasb etishi darkor”2, - deb ta‘kidlaydi (I. Karimov. Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir. 3-tom. 1996 yil 49 bet).
Davlatlar tomonidan olib boriladigan tashqi siyosatning samarali bo’lishi ko’p jihatdan davlatlarning tashqi siyosati sohasida amal qiladigan tamoyillarda aks etadi. Yuqorida sanab ko’rsatilgan tamoyillardan tashqari davlatlar tashqi siyosatining ishonchli bo’lishida g’oyaviy muxoliflikdan voz kechish tamoyiliga amal qilish ham muhim ahamiyatga egadir.
Jahon siyosati va xalqaro munosabatlar masalalariga doir muammolarni hal qilish ishida faollik ko’rsatish tamoyili davlatlar tashqi siyosatida muhim o’rin egallaydi. Sanab ko’rsatilgan tamoyillar har bir mamlakatning manfaatlariga mos kelishi kerak.
Tashqi siyosat yuritishning quyidagi turlari mavjud: bosqinchilik, zo’ravonlik siyosati va tinch hamkorlik, yaxshi qo’shnichilik siyosati.
Tashqi siyosatga xos bo’lgan umumiy aloqadorlikning mohiyati quyidagilar bilan belgilanadi:
Birinchidan, siyosatning qanday kuchlar tomonidan ishlab chiqilishi barcha davlatlarga xos xususiyatdir.
Ikkinchidan, davlatlar tomonidan olib boriladigan tashqi siyosat ma‘lum bir maqsadga qaratilgan bo’ladi.
Uchinchidan, tashqi siyosatni ishlab chiqishda umumiy qoidalarga amal qilish kerak. Bular, turli sinflar, guruhlar, millatlarning manfaatlarini hisobga olish, davlatning bir butunligini himoya qilish, osoyishtalik.
Yer yuzida davlatlar sonining ko’payishi va rivojlana borishi ular o’rtasidagi munosabatlarning yanada takomillashib borishiga olib keldi. Mamlakatlar o’rtasida hamkorlikning xilma-xil shakllari tashkil topib bordi va ular xalqaro ahamiyatga ega bo’ldi. Hamkorlikning bunday shakllari orasida siyosiy hamkorlik munosabatlari ham rivojlandi.
Xalqaro siyosiy munosabatlarda ro’y bergan o’zgarishlar har bir yangi tarixiy davrda o’z aksini topib keldi. Masalan, XX asrdan XX1 asrga o’tish bosqichida dunyoda ikki qutbli siyosiy munosabatlar davri yo’qolib, ko’p qutbli siyosiy munosabatlar davriga o’tilgan bir paytda yashamoqdamiz. Buning ma‘nosi shundaki, ilgari yer yuzida bir-biriga tubdan qarama – qarshi ikkita katta siyosiy lager-kapitalistik va kommunistik lagerlar mavjud bo’lib, ular jahon miqyosidagi qarama-qarshiliklarning ikki qutbini tashkil etar va yer yuzida butun jahon urushining boshlanib ketishiga zamin bo’lib kelar edi. Bu kuchlarning kommunistik lager yetakchisi SSSRning parchalanishi, jahon kommunistik tuzumining ham parchalanishiga sharoit tug’dirdi. Bunday sharoitda voqelikka umumjahon tsivilizatsiyasi nuqtai-nazaridan sog’lom aql pozitsiyasidan turib qarash davr talabiga aylandi.
Bugungi kunda Yer yuzida turli xil davlatlar, xalqlar, millatlar, elatlar, turlicha dinlar, mazhablar o’rtasida bir-birini tushunishga, bir-birini anglashga, bir-birini qo’llab-quvvatlashga intilish kuchaygan. Bu bir-birining nuqtai-nazarlari bilan hisoblashishga, bir-biriga nisbatan toqatli bo’lishga da‘vat etadi.
Chunki, bunday muammolarni yechishga bitta davlat yoki bir mintaqada yashovchi aholining qurbi yetmaydi. Shunday vaziyatda ko’pchilik davlatlarning hamkorligi va ittifoqi kerak bo’ladi.
Asrimizning oxiriga kelib va XXI asr arafasida insoniyat taraqqiyotida bundan buyongi rivojlanish juda ko’p omillar ta‘siri ostida jiddiy tarzda o’zgarib, tobora o’zaro bog’liqligi, yaxlitlikka va bir xillikka intilishi zo’rayib borayotganligi bilan ulkan ahamiyat kasb etadi.
Hozir biz yashab turgan dunyo o’ta murakkab, rango-rang, jo’shqin, ehtiroslarga, ziddiyatlarga to’lib toshgan, bir-biriga qarama-qarshi an‘analar bilan yo’g’rilgan g’oyat murakkab muqobilliklar, tashvish va orzu-umidlar dunyosidir.
Biz yashab turgan hozirgi dunyo taraqqiyotining qonuniyatlaridan biri uning birligi va yaxlitligi tomon og’ishmay rivojlanayotganidir.
Hozirgi kunga kelib insoniyat qanchalik ijtimoiy, milliy, siyosiy, irqiy, diniy va boshqa belgilardan kelib chiqqan xilma-xil to’siqlar bilan turli guruhlarga ajratib tashlangan bo’lmasin, xalqlarning turmush tarzlarining hammasi bitta sayyora-Yerda istiqomat qiladilar, hamma uchun bir umumiy bo’lgan muhitda hayot kechiradilar.
Insoniyat taraqqiyoti muqarrar tarzda tobora birlik, yaxlitlik, bog’liqlik, hamjihatlik tomon yuksalib borib, pirovardida jahon hamjamiyatini umuminsoniy hamdo’stlik darajasida olib chiqadi va uni jahon miqyosida siyosiy boshqarish imkoniyatlarini oshiradi. “Turkiston umumiy uyi”, “Osiyo – Tinch okean mintaqasi birligi”, “Amerika birligi”, “Afrika birligi”, “Atlantikadan Uralgacha umumovrupo uyi” va h.k. g’oyalar real voqelikka aylanishi uchun hozirgi jahon siyosatining nazariy va ilmiy – metodologik tarzda tahlil qilinayotgan o’zaro bog’liqligi insoniyatga katta ishonch va umid bag’ishlaydi.
Haqiqatdan ham hozirgi dunyoning o’zaro bog’liqligi va ularning rivojlanishi dunyoning birbutunligidan kelib chiqqan holda qurilmoqda. Chunki bir mamlakatga vujudga kelgan muammo boshqa mamlakatlarga ham o’z ta‘sirini ko’rsatmoqda. Bunday muammolarni hal qilish ko’pchilik mamlakatlar va xalqlar oldida turgan vazifalarga aylanib bormoqda.
Xalqaro siyosiy munosabatlarning rivojlanishi bu munosabatlarda kelib chiqadigan turli xildagi ziddiyatlarga va ularni hal qilishga bog’liqdir. Ziddiyatlar jamiyat hayotining barcha sohalarida bo’lgani singari xalqaro siyosiy munosabatlarning ham harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Buning ma‘nosi shundaki, xalqaro siyosiy munosabatlarda bu munosabatlarning rivojlanishiga to’siqlik qiluvchi muammolar paydo bo’lib turadi.