Metafizika - grekcha sо‘z bо‘lib, lug‘aviy ma’noda «fizikadan keyin» degan mazmunni ifodalaydi. Bu tushuncha, falsafa tarixida birinchi marta, Qadimgi Yunonistonning buyuk faylasufi Aristotelning «Ilk falsafa» deb atalgan asarlariga nisbatan ishlatilgan. Kо‘p hollarda, dialektikaga qarama-qarshi deb talqin etiladigan metafizika olamdagi narsa va hodisalarni о‘rganishda ularning muayyan vaqt davomida nisbatan о‘zgarmasdan, alohida turgan holatiga diqqatni kо‘proq qaratadigan usuldir. Bu usul qо‘llanganida olamning namoyon bо‘lish shakllari hamda ular bilan bog‘liq bо‘lgan jarayonlarning alohida qismi yoki holatiga asosiy e’tibor beriladi. Voqea, hodisa va jarayonlarni doimiy о‘zgarish holatida о‘rganish nihoyatda qiyin bо‘lganligidan, nafaqat faylasuflar, balki barcha fan mutaxassislari uning nisbatan tinch va о‘zgarmay turgan holatini о‘rganadilar, tadqiq etadilar.
Aslini olganda olam garchand dialektik о‘zgarish va harakatda bо‘lsada, bu jarayon doimo ham nihoyatda tez sodir bо‘lavermaydi. Biz esa dunyodagi narsa, hodisa va odamlarga shunchalik metafizik tarzda о‘rganib qolganmizki, gо‘yo kechadan bugunning farqi yо‘qdek, kecha kо‘rgan kishiga bugun duch kelganimizda unda hech qanday о‘zgarishlar bо‘lmaganday tuyuladi. Shu ma’noda, hayotda kо‘p hollarda metafizik usulda fikr yuritamiz, nimalargadir ana shunday munosabatda bо‘lamiz. Aslida esa ular ham azaliy о‘zgarishlar jarayoniga tushgan narsa va kishilar ekanligini juda kamdan-kam hollarda о‘ylab kо‘ramiz. Xuddi shunday, bizning umrimiz ham kechadan ertaga qarab oqib turadigan dialektik jarayondir. Biz ham ana shunday о‘zgarib boramiz, ammo kо‘p hollarda bunga unchalik kо‘p e’tibor berilavermaydi. Shu tariqa maktabni tugatib qо‘yganimizni, ulg‘ayganimizni, bolalikning ortda qolganini gо‘yoki bilmay qolamiz...
Alohida ta’kidlash lozimki, metafizik usulning ham hayotda, ilmiy izlanishlar va falsafiy tadqiqotlarda о‘z о‘rni bor. Bizda haligacha metafizikaning tushunchalari, kategoriyalari, tamoyillari va ilmiy mohiyati izohlangan yoxud tadqiq etilgan asarlar va tadqiqotlar yо‘q. Qolaversa uni dialektika bilan butunlay qarshi qilib qо‘yish va bu farqni mutlaq ziddiyat darajasiga kо‘tarish ham maqsadga muvofiq emas. Aynan ana shunday yondashuv sobiq ittifoqda dialektikani mutlaqlashtirishga, metafizikani esa quruq va о‘lik ta’limot sifatida qarashga, uning imkoniyatlaridan foydalanilmasligiga sabab bо‘ldi.