Eng samarali investitsiya — bu ta’limga qilingan investitsiyadir. Chunki jamiyat taraqqiyotini, uning ertangi kunini yetuk malakali kadrlar belgilab beradi. Ta’lim tizimini takomillashtirish — ularning bilimini oshirish, sifat darajasini ko‘tarishdir.
So‘ngi yillarda ta’limga ajratilayotgan mablag‘ mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YIM) 10–12 foizini tashkil etib, davlat byudjetining 35 foizidan ko‘proq qismini tashkil qilmoqda. Ta’limning barcha bosqichlarida Davlat dasturlari amalga oshirilib, yoshlarga puxta bilim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.
Yurtimizda uzluksiz va uzviylik tamoyillariga tayangan ta’lim tizimi yaratilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi jamiyatda ma’naviy va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan barkamol avlodni tarbiyalash, davlatimizning ijtimoiy va ilmiy-texnik taraqqiyotini takomillashtirish omili sifatida ishlab chiqarishning barqaror rivojlanishini ta’minlashdan iboratdir. Jumladan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 41-moddasida ta’lim sohasiga alohida to‘xtalib o‘tilgan: “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir”.
Ta’limga oid davlat siyosatining asosiy tamoyillari sifatida uning milliy g‘oyaga yo‘naltirilgani, ta’limning uzluksizligi, umumiy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining majburiyligi, o‘rta maxsus, akademik litsey yoki kasb-hunar kollejida ta’lim olishda tanlash erkinligi alohida ahamiyat kasb etadi.
Ta’lim siyosatining asosiy tamoyillari Birinchi Prezidentimiz tamonidan 12 (9+3) yillik bepul ta’lim tizimi joriy etilganligi, barcha bepul bilim olishi, 9 yillik majburiy umumiy o‘rta ta’lim 7 ta tilda: o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, turkman va tojik tillarida bo‘lib, uni tamomlagan yoshlar qiziqishlari bo‘yicha istagan o‘rta maxsus ta’lim muassasasisini tanlashlari va o‘qishlarini keyingi bosqichda davom ettirishlari mumkin. Iqtidorli yoshlar uchun umumiy ta’limdan so‘ng keyingi bosqich o‘qishlarini akademik litseylarda davom ettirishlari, bu esa yanada chuqurroq, keng ko‘lamda tahsil olishlariga imkoniyat yaratib beradi.
Mamlakatimizda bugungi kunda 9733 ta umumta’lim mussasasi, 143 ta akademik litsey, 1414 ta kasb-hunar kolleji mavjud bo‘lib, yoshlarning sifatli ta’lim olishlarida xizmat qilmoqdalar. Ularning moddiy-texnik bazasi jahon standartlariga to‘la mos kelishi, umumiy fanlar bo‘yicha nafaqat to‘liq bilimlar hajmini egallash, ayni vaqtda ushbu o‘quv yurtlaridagi zamonaviy texnika va texnologiyalarni o‘zlashtirish imkonini ham beradi. 2015-yil ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda maktablarda 4540 mingta, akademik litseylarda 108.5 mingta, kasb-hunar kollejlarda esa 1451 mingta o‘g‘il-qizlar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha taqsil olmoqdalar.
Shu bilan bir qatorda, yoshlarning kasbga bo‘lgan ehtiyojini jamiyat va iqtisodiyotning manfaatlariga moslashtirishning eng muhim mexanizmi bo‘lgan bakalavriatning milliy ta’lim tizimimiz va modelimizga kirib kelishi mazkur sohadagi islohotlar orasida alohida o‘rin tutadi. Malakali kadrlarni tayyorlash va ularni yetuk mutaxassis kadr qilib tayyorlashda oliy o‘quv yurtlarining o‘rni beqiyosdir. 2012 yil da oliy ta’lim muassasalarini soni 64 ta bo‘lib, bu ko‘rsatkich bugungi kunga kelib 68 tani tashkil etadi. Unda taqsil oladigan yoshlar soni esa 261.3 ming kishini tashkil etadi.
Yurtimizda aholining qariyb 60 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etishini hisobga oladigan bo‘lsak, ayni ularning 72 foizi maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, litsey, kollej va universitetlarda taqsil olmoqdalar. Bu esa ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning roli va ahamiyati o‘z-o‘zidan tushunarli va ravshan bo‘ladi.
Hech kimga sir emaski, ta’lim sohasi kun sayin rivojlanib bormoqda. Kechagi ilg‘or texnologiyalarni ham bugungi kunda fan tan olmaydigan darajada shahdam qadamalar bilan olg‘a bormoqda. Bu borada jahon tan olgan ta’lim maskanlarining o‘rni beqiyosdir. Bugungi kunda O‘zbekiston yoshlari ham ana shunday xorijiy universitetlarda ta’lim olayotgani ko‘zni quvontiradi. Ular egallgan bilimlar yurtning ravnaqi, kelajak poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston mustaqillikga erishgan so‘ng, ta’lim sohasini isloh qilish, yangi ta’lim maskanlarini barpo etish, xususan, xorijiy davalatlar universitetlarining filliallari yurtimizda ochilishi, bu borada qilingan ishlarning yorqin namunasi bo‘ldi desak hech ham mubolag‘a bo‘lmagan bo‘ladi. Bu oliy o‘quv yurtlarida, iqtidorli, salohiyatli, Birinchi Prezidentimiz aytganidek kuchli, aqlli, hech kimdan kam bo‘lmagan yoshlar tahsil olmoqda.
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan ko‘plab oliygohlar, dunyoning kuchli universitetlari bilan shubhasiz raqobatlasha oladi. Moddiy texnik bazasi mustahkam, xalqaro standartlarga javob bera oladigan universitetlar mavjud. Garvard, Cambridge, Oxford universitetlari, bir necha yillardan beri kuchli universitetlar ro‘yhatidan eng yuqori o‘rinlarni band qilib kelmoqda. Sababi bu universitetlar qariyb 10 asrdan beri faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lib, ular asrlar davomida erishgan yutuqlariga bizning navqiron O‘zbekistonimiz samarali olib borilayotgan islohatlar natijasida qisqa 24 yil ichida erishga muvaffaq bo‘lmoqda. Ishonchimiz komilki, O‘zbekistonning ta’lim sohasi, dunyoning manaman degan o‘quv dargohlari bilan bemalol bellasha oladigan darajaga chiqadi.
Bakalavr darajasini olgan yosh mutaxassislar o‘zlarini yo‘nalishlari bo‘yicha magistraturada o‘qishlarini davom ettirish imkoniga ega bo‘lib, aniq mutaxassislik bo‘yicha fundamental va amaliy bilimlarni yanada chuqurroq o‘rganishlari, mutaxassisligi bo‘yicha ilmiy ish qilishlari mumkin. Bugungi kunda Respublikamiz oliy o‘quv yurtlarining kamida 40 foizida magistratura yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritib kelmoqda.
Avvalo, oliy ta’lim tizimida yetuk bakalavr va magistrlarning yetishib chiqishi, ularning mehnat bozorida egallayotgan o‘rni — ta’lim va real amaliyot o‘rtasidagi aloqolarning mavjudligi mamlakatda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning besamar emasligidan dalolat beradi.
Ta’lim sifatini oshirish, unda yetishib chiqayotgan yosh mutaxassislarni tayyorlashning talablari davlat ta’lim standartlariga to‘la mos kelib, uzluksiz ravishda maxsus davlat idorasi, Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat test markazi tomonidan qat’iy nazorat qilib boriladi. Barcha ta’lim muassasalarida berilayotgan ta’lim sifati va yaratilyotgan shart-sharoitlar davlat ta’lim standartlariga javob berishi monitoringi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tamonidan muntazam olib borilib, bu borada ta’lim muassasalariga tegishli ilmiy-uslubiy, moliyaviy-texnik va tashkiliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, ta’lim tizimining ustuvor vazifalaridan biri avvalo jamiyatning yosh avlodining dunyo qarashini, ularning ijtimoiy faolligini oshirish bilan bir qatorda, malakali kadrlarga bo‘lgan talabni samarali qondirishdan iboratdir.
Yurtimizda ta’lim sohasida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlar 2012 yil 16–17 fevralda Toshkentda o‘tkazilgan «Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash — mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti» mavzusidagi xalqaro anjumanda dunyoning eng ilg‘or ta’lim tizimlari va muassasalari vakillari tomonidan chuqur e’tirof etildi. Konferensiyada O‘zbekistonning ta’lim tizimi, jumladan, qishloqlarda ham bolalar va yoshlarning barcha bosqichlarda bepul umumiy ta’limi va o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi olish joriy etilganligi xorijiy mutahassislar tomonidan yuksak baholandi. Dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan kelgan vakillar ham miliy ta’lim tizimimizni namuna sifatida tan oldi va bir qator davlatlar uchun o‘rnak bo‘la olishini ta’kidlandi. Mamlakatimizda ta’lim sohasidagi islohotlarga berilgan bunday yuksak baho, albatta, O‘zbekistonda yashovchi har bir insonni qalbida g‘urur uyg‘otadi va shu bilan birga, zimmamizga katta mas’uliyatni ham yuklaydi. Oldimizda turgan eng muhim masala — erishilgan yutuqlarni yanada mustahkamlash, yaratilgan shart-sharoitga mos ravishda ta’limning sifati, tizimning samaradorligi va «ta’lim — fan — ishlab chiqarish» zanjirining mustahkamligiga erishishdan iboratdir. (Manba: m.mfa.uz)
Bugungi kunda har qanday mamlakatning jahon bozorida raqobatbardoshligi nafaqat tabiiy resurslarning mavjudligi, balki birinchi navbatda, zamonaviy yangilanib turgan texnologiyalarni o‘zlashtirishga qodir yuksak bilimli va malakali kadrlarga bog‘liqdir. Bosh qomusimiz esa ana shu yuksak axloqli, zamonaviy bilim va ko‘nikmaga ega kadrlarni tayyorlashning huquqiy kafolati bo‘lib hisoblanadi.