2-§. So‘zning grammatik ma’nosi. Ma’lumki, so‘z lug‘aviy ma’nodan tashqari grammatik ma’noga ham ega bo‘ladi. So‘zning u yoki bu turkumga mansubligini ko‘rsatib, uning ma’lum bir grammatik shaklga egaligini ifodalaydigan ma’no grammatik ma’no deyiladi. Masalan, qalam, suv, tosh, uy so‘zlarining har biri uchun taalluqli bo‘lgan lug‘aviy ma’nodan tashqari, ular uchun umumiy bo‘lgan ma’no, ya’ni ularning ot turkumiga mansubligi, narsalik tushunchasi, bosh kelishik va birlik shakldaligi kabilar mazkur so‘zlarning grammatik ma’nosini tashkil qiladi. Demak, so‘zning lug‘aviy ma’nosi xususiy (ya’ni har bir so‘zning o‘zigagina xos bo‘lgan ma’no), grammatik ma’nosi esa umumiydir.